Anna Andreevna Axmatova (haqiqiy familiyasi – Gorenko) 1889 yil 11 iyunda Odessada tavallud topdi. U ona tomonidan tatar xoni Axmat xonga borib taqaladi (taxallusi shundan). Otasi – flotda mexanik-muhandis bo‘lib, ba’zan jurnalistika bilan ham shug‘ullanardi. Annani bolalik chog‘idayoq Sarskoye Seloga keltirishadi va u yerda bo‘lajak shoira o‘n olti yoshigacha yashaydi. Anna o‘zining ilk she’rini o‘n bir yoshida yozgan.
Shoiraning birinchi she’riy to‘plami “Oqshom” nomi bilan 1912 yilda chop etilib, muvaffaqiyat qozonadi. 1914 yilda uning ikkinchi – “Tasbih” to‘plami e’lon qilinadi va u bu to‘plami bilan butun Rossiya bo‘ylab shuhrat qozonadi. Shoiraning iste’dodini o‘z vaqtida payqagan V.V.Mayakovskiy unga shunday baho beradi: “Anna Axmatova she’rlari yaxlitligi bilan e’tiborga molikdir, ular har qanday tanqidga dosh bera oladi, har qanday tazyiqda darz ketmaydi”.
A.Axmatovaning Oktyabr to‘ntarishidan keyingi yozgan she’rlarida zamonaviy mavzularga, muhim voqealarga o‘z munosabatini bildirgan ohanglarni ilg‘ashimiz mumkin. Shoira inqilobni qabul qila olmaydi, ayni chog‘da Vatanni ham tashlab ketolmaydi.
1921 yili inqilob dushmani sifatida uning eri (N.S.Gumilyov)ni otishga hukm qilishadi. 1935 yilda o‘g‘lini qamoqqa olishadi. Shoira 17 oyni qamoqxona navbatlarida o‘tkazadi. Boshiga tushgan mislsiz uqubat va iztiroblarni u «Marsiya» poemasida yorqin ifoda etgan.
Urushdan keyingi yillarda Anna Axmatova yana bir zarbaga duchor bo‘ladi: uni Yozuvchilar uyushmasi a’zoligidan o‘chirishadi. Lekin uning ijodi to‘xtab qolmaydi. Ayni chog‘da jahonning mashhur shoirlari ijodidan tarjimalar qiladi.60-yillarda uning «Qo‘g‘a» va «Ettinchi kitob» to‘plamlari dunyo yuzini ko‘radi. 22 yil davomida yozgan «Qahramonsiz doston» poemasi yakunlanadi.
A.Axmatova Ikkinchi jahon urushi davrida Toshkentga ko‘chib kelganligi va u yerda ikki yarim yil yashaganligi ko‘pchilikka ma’lum. Uning bu davrda ushbu zaminga bag‘ishlab yaratgan she’rlarida Sharq nafasi gupurib turadi va ular shu jihati bilan o‘ziga maftun qiladi.
Shoira umrining oxirida Italiyaning Etna-Taormina (1964) nomli adabiy mukofotiga va Oksford universitetining faxriy doktori (1965) unvoniga sazovor bo‘ladi.
1966 yil 5 martda Anna Axmatova Moskvada hayotdan ko‘z yumadi.
O‘z davrida ko‘plab muxlislari qalbida chuqur iz qoldirgan shoira ijodi bugungi kunda ham sevib mutolaa qilinmoqda.
MARDLIK
Biz bilamiz tarozuga qo‘yilmish nima,
Bu kunning ham mazmuni ayon.
Mardlik chog‘i mard tuyg‘ular toshdi siynadan,
Mardlik bizni tark etmas bir on.
Dahshat emas, nochor bir o‘q keltirsa o‘lim,
Ko‘zimizga ko‘rinmas uy-joy.
Lekin seni saqlaymiz, rus tili, bir zum –
Unutmaymiz, bu so‘z ulug‘, boy.
Gard yuqtirmay erkin, go‘zal, seni eltamiz,
So‘ylar senda nabiralar, asoratdan biz,
Qutqarurmiz seni adabiy!
Oybek tarjimasi
* * *
Yurtni yov qahriga tashlab ketganlar
Bo‘lolmas hech zamon hamrohim menim.
Mahliyo etolmas madhu nayranglar,
Ularga bermasman bitta ham she’rim.
Lekin misli tutqun, misoli xasta,
Hamisha ayanchli menga quvg‘in jon.
Musofir, yo‘llaring qora zulmatda
Hech vaqt shirin bo‘lmas yot qo‘l bergan non.
Bu yerda, yong‘inlar achchiq dudida
Qolgan yoshligimiz etarkan qurbon,
El boshiga tushgan ko‘rgiliklardan
O‘zimizni olib qochmadik bir on.
Bilamiz, kelajak qilar sarhisob,
Qimmatin topadi o‘tgan har soat.
Lek bizday ko‘z yoshsiz, oddiy va kibor
Odamlar bo‘lmagan jahonda hech vaqt…
* * *
Mana, bir amallab bo‘ldik ajirim
Va o‘chirdik o‘zi so‘ngan olovni.
Endi bilmak darkor, abad raqibim,
Chindan sevmakni ham axir birovni.
Men erkin, har narsa men uchun ermak –
Tunda uchib kirib yupatar ilhom.
Tongda qulog‘imni batang etarak
Shuhrat shaqildoqday qilmoq bo‘lar rom.
Ne kor meni o‘ylash, rahm va shafqat,
Ketayotib ortga tashlamoq nazar.
Qora yellar menga baxsh etar toqat,
Va xazonrezgilik dilim quvnatar.
Hijronni o‘zimga bilaman tuhfa,
Unutmoqni buyuk huzur, muruvvat…
Lekin ayt, bundayin do‘zaxvor o‘tga
O‘zgani tashlashga qilmassan jur’at?..
Zulfiya tarjimasi
MUHABBAT
Kulcha bo‘lgan ilonday yuho,
Yuragingni avrab qoladi.
Kaptar bo‘lib kun bo‘yi goho,
Derazangda sayrab qoladi.
Qirov ichra ba’zan yarqirab,
Mudroq sambit uzra ko‘rinar.
Sehr bilan qo‘lingdan ushlab,
Tinching buzmoq bo‘lib urinar.
Unga odat yum-yum yig‘lamoq,
Zerikkan tor kuyiga monand.
Dahshatlidir uni anglamoq,
Tabassum-la aqling etsa band.
1911
* * *
Bog‘lanmagan yurak yurakka,
Istasang ket, ketaver tashlab.
Baxt loyiqdir, loyiq istakka,
Erkinlikka bo‘lsak gar talab.
Yig‘lamayman, yo‘q shikoyatim,
Kulib boqmas menga baxt, iqbol.
O‘pma meni, juda charchadim,
Ajal kelib o‘par, ehtimol.
Kechdi kunlar zoriqib, kutib,
Oppoq qishning oq qori bilan.
Nimang bilan ortiqsan bu kun
Men tanlagan, sevgan yorimdan?
1911
* * *
Eshik qiya ochiq ekan,
Jo‘ka isi xush yoqar…
Stol uzra unutilgan
Qamchi va qo‘lqop yotar.
Sap-sarig‘dir chiroq nuri,
Sharpalar seziladi.
Nechun ketding sen sho‘rlik?
Oh, bag‘rim eziladi…
Ertaga tong musaffo
Va quvonchli bo‘lajak.
Hayot go‘zal mutlaqo,
Dono bo‘lgin sen, yurak.
Charchabsan-ku shu tobda,
G‘oyat sekin urasan…
O‘qigandim kitobda,
O‘lmas emish yuraklar.
1911
* * *
Uzumlarning islari mayin,
Qitiqlaydi mast etib har dam.
Ovozlaring bo‘g‘iq, notayin,
Rahming kelmas hech kimsaga ham.
Mevalarda o‘rgimchak ipi,
Tok zanglari ingichka juda.
Oq bulutlar suzar muz kabi
Moviy daryo tiniq suvida.
Ko‘kda quyosh yonadi yal-yal,
To‘lqinlarga pichirla borib.
Javob berar senga, ehtimol,
Balki o‘par bag‘riga olib.
1912
* * *
Dafn et meni, dafn et, shamol!
Kelmadilar qarindoshlarim…
Oqshom chog‘i tepamda xushhol
Va jimjit yer nafasi hokim.
Men ham sendek erkin va xurram
Yashamoqni juda istardim.
Ko‘rgin, shamol, sovuqdir murdam,
Qovushtirmas qo‘limni hech kim.
Yashir qora jarohatimga
Qora oqshom choyshabin yopib.
Buyur moviy tuman zotiga,
Janozamni o‘qisin yonib.
Engilgina, yakkayu yolg‘iz
Ketar bo‘lsam so‘nggi uyquga,
Qamishlarni shildirat tig‘iz,
Bahor kuyin joylab tuyg‘uga.
1909
* * *
Suv ichmaymiz biz bir kosada
Va ichmaymiz shirin sharob ham.
O‘pishmaymiz ertalab — tongda,
Derazadan boqmaymiz oqshom.
Senda quyosh, menda oy husni,
His etamiz lekin bir hisni.
Ajralmas yor mening bilan-ku,
Sen bilandir rafiqang quvnoq.
Menga ayon ko‘zingda qo‘rquv,
Sen aybdor dard cheksang goh-goh.
Qisqa visol bizlarga yotdir,
Istagimiz jimjit hayotdir.
She’rlarimda ovozing, sasing,
She’rlaringda mening nafasim,
Bir gulxan bor, o‘chirolmasdir
Faromushlik va qo‘rqinch nafsi.
Bilsang edi men uchun hozir
Dudoqlaring ko‘p sevimlidir.
1913
BEDORLIK
Mov mushuklar miyovlar zor-zor,
Uzoqlarda qadam saslari.
Allalovchi so‘zlaring bedor —
Etar meni uch oydan nari.
Sen men bilan, tamom, bedorlik!
Menga tanish qiyofang hatto.
Nima go‘zal-yomon bedorlik,
Seni men sust kuyladimmi yo?
Oq pardalar deraza uzra,
Moviy rangda yarim qorong‘u…
Olis xabar yupanchmi bizga?
Nechun sen-la yo‘q menda qayg‘u?
1912
* * *
Aleksandr Blokka
Bo‘lgan edim shoirga mehmon.
Qoq tush payti. Yakshanba kuni.
Keng xonasi edi sokinroq,
Tashqarida qaqshatg‘ich sovuq.
Qizg‘ich baron tutun ustida
Qizg‘ich quyosh edi hukmron…
U mezbonday kamgapu yorqin
Boqar edi mening ko‘zimga!
Mezbon ko‘zi shunday ediki,
Har kim eslab qolmog‘i darkor;
Menga esa ehtiyot kerak,
U ko‘zlarga boqmasam deyman.
Yakshanba kun, tutunlik peshin,
Neva bo‘yi uzra yuksalgan.
Baland, kulrang o‘sha uydagi
Suhbatlar xo‘b esda qolajak.
1914, yanvar
IBODAT
Menga bergin xastalik dardin,
Ber bedorlik va isitmani.
Bolamni ol, do‘stimni olgin,
Olgin butun iste’dodimni.
Shunday deyman ibodatda men,
Rossiyani qoplagan qora
Bulutlarning oppoq bo‘lmog‘in
Sendan so‘rab, tangrim, bir karra.
1915
* * *
Yashirincha do‘stlik bog‘iga,
Qora ko‘zlik yosh burgutday
Qadam qo‘ydim, go‘yo kuzdagi
Gulzor aro kirgan singari.
Unda so‘nggi atirgullar,
Ko‘kda esa tovlanardi oy,
Quyuq kulrang bulutlar uzra…
1917
* * *
Derazaga tutmading parda,
To‘ppa-to‘g‘ri xonaga qara.
Xursandlikdan labimda xanda,
Chunki bundan ketmassan sira.
Qonunsiz deb atay qol meni,
Minib olib g‘azab otiga.
Bedorliging edim men sening,
O‘rtoq etib sog‘inch zotiga.
1916
* * *
Mana sohil, shimoliy dengiz,
Bizning sharaf, anduh sarhadi.
Bilmadim baxt yo g‘amdan cheksiz
Yosh to‘kasan, nedir sababi?
Endilikda kerakmas menga
Asirlaru qullar uyumi.
Faqat mag‘rur jonajonim-la
Teng bo‘laman nonu uyimni.
1922
OY TIKKADA
1
Xafahol uxlamoq,
Sevilib uyg‘onmoq,
Qizg‘aldoqni qip-qizil ko‘rmoq.
Qandaydir kuch-quvvat
Kirgandir ushbu kun
Yop-yorug‘ nur bo‘lib
Qo‘yningga, zulumot!
Mang‘allik tor hovli,
Tutuning achchiqdir,
Terakday uzundir…
Shahrizoda
Kelmoqda bog‘dan…
Sharq shundoq huzurdir!
2
Leningrad maydonlaridan,
Yo farahli degrez yo‘lidan
Sen yubording salqin havodan,
Teraklar-la bezab yo‘llarni
Osiyoning ziyosi bilan
Qopladingmi qayg‘ularimni?
3
Hamma narsa qaytar shu asno:
Qizg‘in kecha, dil orziqishi
(Uyqusirar go‘yo Osiyo),
Halimaning bulbul xonishi,
Nargislarning gullar ochishi,
Qarilarning duo-olqishi
Shivirlaydi ushbu yurt aro.
4
Xotirda kashtaning naqshlariday
Har nima bilguvchi lab tabassumi,
Do‘ppaygan qabrlar boqishlariday
Anorlar ko‘milgan kech kuz mavsumi.
5
Kutilmoqda uchinchi bahor
Yurtdan yiroqda.
Uchinchimi? Nazarimda u
So‘nggi bahordir.
Unutmasman biroq hech qachon,
O‘la-o‘lguncha,
Daraxtlarning ostidan oqqan
Ariqlarning shildir-shildirin.
Shaftolilar gulladi qiyg‘os,
Binafshalar ochildi xushbo‘y.
Musofir deb meni bu yerda
Aytmoq uchun kim og‘iz ochar?!
6
Etti yuz yil bo‘lmadim bunda,
O‘zgarmabdi hech narsa ammo.
O‘z mehrini sochmoqda kunda
Yuksaklardan ul qodir Xudo.
O‘sha-o‘sha yulduzlar, suvlar,
O‘sha-o‘sha osmon gumbazi.
O‘sha-o‘sha shamol g‘uvillar,
O‘sha-o‘sha ona allasi.
Osiyoday uyim mustahkam,
Xavotirda ochmasman og‘iz…
Kelajakman senga yana ham,
To‘lib turgin pokiza hovuz.
7
OYNING KO‘RINIShI
Qimmatbaho turfa toshlardan,
Xira tortgan oynalar osha
Kutilmagan chog‘da shoshgancha
Tantanavor o‘zga yarasha.
Bamisoli “Oy sonatasi”
Suzib chiqdi kuy, qo‘shiq sasi.
8
Emakxona kabidir xona,
Derazadan boqar oymoma.
Bizlar ichib sharob va qahva,
Musiqadan mastmiz g‘oyatda.
Devor uzra gullamish novda,
Ko‘ngil o‘tkir lazzatni tuymish.
Tarorlanmas bu lazzat yana.
Jonli gullar, o‘rtada kishmish,
Vatan bermish bizga boshpana.
1942-1944. Toshkent.
* * *
Xastalanib yotibman uyda,
Xastadirman balki so‘nggi bor.
Xiyobonda tani oq juda,
Oq teraklar turar serviqor.
G‘oyat baland ulardan biri,
Buyuklikda go‘yo shoh qadar.
Shaldirashib yeldan shoxlari,
Derazani siypalab turar.
Talpinadi quyoshga ruhim,
Yakson etib marhum uyqusin.
1944 yil yanvar, Toshkent.
* * *
Chorjo‘yning bir tilim qovuni misol
Boqar oy oynadan, havo g‘oyat dim.
Eshik zich yopilgan, chirmoviqdan jim
Sehrlangan uydan bo‘lsang hayron, lol,
Sopol piyolada muzdakkina suv,
Qorday oppoq sochiq, yonib turar sham,
Parvona to‘dasin chorlab dam-badam,
Sukunat so‘zlarim eshitmas zinhor,
Bir soya dumalab berkinar tezkor,
Men esam cho‘chimay, qo‘rqmayman zinhor…
To‘riga o‘radi meni yolg‘izlik.
Bekaning mushugin ko‘zi bigizdek,
Yordamga kelmaydi ko‘zguda aksim.
Men shirin uxlayman. Xayrli oqshom.
1944. Toshkent.
* * *
Qoplon ko‘zi ko‘zing, Osiyo,
Ko‘rar menda allanimani.
G‘ashga tegib sukunat aro
Yaratilgan g‘oyatda og‘ir
Termizdagi jaziramani.
Go‘yo barcha xotira, og‘riq
Erib yotgan lavaday oqar.
Go‘yo mening ko‘z yoshim oqib,
O‘zga kaftni to‘ldirib yotar.
1945
TOShKENT GULLAMOQDA
Nazdimda kimningdir qudrati ila
To‘satdan yorishib qoldi bu shahar.
Har bitta hovliga xayolot ila
Oppoq nur kirganday bo‘ldi sarbasar.
Nurlarki, nafasi so‘zlardan a’lo,
Yarashiq bu nurlar moviy va qizg‘in.
Osmondan taralib kelib avvalo,
Ariqlar tubiga yetmoqda lekin.
Yodimda abadiy saqlanajakdir,
Charog‘on xonadon shod qiy-chuvlari.
Qorasoch kokildor yosh onalarning
Qo‘lida kichkina baranchuklari.
1944
YoZGI BOG‘
Panjara devori betakror butkul,
Ajoyib bu bog‘da orzum atirgul.
Eslar meni bog‘da turfa haykallar,
Navqiron yoshligim eslashar ular.
Iforli sukunat, azim jo‘kalar
Orasi yelkanlar bo‘lib tuyular.
Oqqush avvalgiday suzadi sekin,
Quvonib suv uzra ko‘rgandan aksin.
O‘lim uyqusida dong qotib yotar
Dushmanlar va do‘stlar, do‘stu dushmanlar.
Ziyorat oqimi bo‘lmaydi ado,
Tosh guldon tomondan eshikkacha to.
U yerda pichirlar oq kechalarim,
Kimningdir ishqidan so‘zlashib jim-jim.
Har tomon tovlanar sadaflar yanglig‘,
Lekin nur manbai yashirin yallig‘.
1959
* * *
Achchiq qismat ila qo‘rqitma hech ham,
Qo‘rqitma kelar deb bir kun zoriqish.
Bugun bizning bayram, birinchi bayram,
Bayram nomi erur firoq — ajralish.
Tongni qarshilamoq etmasa nasib,
Boshimiz ustida oy sochmasa nur,
Zarari yo‘q erur, senga munosib
Sovg‘alar tayyorlab qo‘ydim bahuzur:
Sovg‘alar — suvdagi aksimdir mening,
Sovg‘alar — kuzdagi namchil havodir,
Havoki, bahorda topmasak uni…
Sen meni eslagin bo‘lmay xavotir,
Birinchi qorgacha eslagin meni.
1959
TO‘RTLIKLAR
She’rlarimga
Qirg‘oq yo‘ldan boshlab har qachon,
Tunda uchgan yulduz misoli,
Bo‘lib doim dog‘ ila yolg‘on,
Bo‘lmadingiz yupanch timsoli.
* * *
Aylan yana chakalak ichin,
Unda bulbul sayrar doimo.
Xonishlari asaldan shirin,
Shirin mening rashkimdan hatto.
* * *
Suzib keldi oqqushday sharaf,
Oltinsimon tutunlararo.
Lekin ishqim, holimga yarab,
Bo‘lolmadik hech bir muddao.
* * *
O‘z ahvolim keltirmas g‘ashim,
Biroq ko‘rmoq istamam sira,
Baxtsizlikning oltin tamg‘asin
O‘zgalarning peshonasida.
1962
* * *
Hech bir narsa menga kerakmas,
Bir jonajon hamroh soyamdir.
Shamol esar bog‘dan har nafas,
Oyoq ostim zinali qabr.
1964
Aziz Abdurazzoq tarjimasi
* * *
Dafn aylang meni, shamollar,
Netay, kelmas yaqinlar sasi!
Boshim uzra sarson namozgar,
Va osuda zamin nafasi.
Men ham sizday yurar edim hur ,
Tashna edim yashashga nechog‘.
Endi bo‘lsa tanam muz erur,
Kim ham tortsin ustimga tuproq.
Kechki zulmat choyshabi bilan
Yoping qaro jarohatlarim.
Boshim uzra zangori tuman,
Ayting, qilsin tilovatlarim.
So‘nggi uyqu yolg‘izginamni,
Osoyishta quchsin, desangiz .
Ko‘klamlarni, ko‘klamginamni
Qamish bo‘lib kuylay bering siz .
1909
* * *
O‘sha ovoz , o‘sha nigoh,
Soya o‘sha oq-sarg‘ishdir.
Bir yil avval bo‘lsa qandoq,
O‘sha holda qolmishdir.
Oq devorga tushgan yog‘du
O‘sha-o‘sha ming taram.
Nilufarning hidlariyu
Sening oddiy so‘zing ham.
1909
* * *
Zanjirbandmas yurak yurakka,
Ketar bo‘lsang, senda ixtiyor.
Kimki noil erkin yurmakka,
Ulkan baxtga bo‘lar ekan yor.
Yig‘lamasman, nolimasman ham,
Nechun baxtga umid tutayin ?!
Qo‘y , o‘pmagil, charchagan tanam
O‘lim kelib o‘pmog‘i tayin.
Azoblarim baham ko‘rdi qish,
Hijronlaring ketmay boshimdan.
Nima bois, nimalar bois
Sen yaxshisan yostiqdoshimdan
1911
* * *
Qorong‘i bostirma shiyponi issik,
Ko‘zlarim kulsa-da ,ko‘ksim to‘la yosh.
Do‘stim: ”Nafasingni qilgil- der- issiq ,
Bizlar ham omadga bo‘lgaymiz yo‘ldosh.»
Koshki do‘stginamga ishonsam shu on …
Ko‘zi ojiz uning, kambag‘al ,ma’lul.
Uzun, diqqinafas yo‘llarni mudom
O‘z qadamila o‘lchab kelar ul .
Birdan jaranglaydi nihol tovushi —
Baxtsizlar tovushi jaranglar mungli:
“Oh ,bo‘m-bo‘sh xurjunlar, ko‘rinmas tushim ,
Erta rizqi esa –ochlik ,yupunlik!”
1911
* * *
Quyosh chiqar munis damda
Muhabbatni kuylayman.
Cho‘kka tushib tomorqamda,
Sho‘raga suv quygayman .
Otqilayman, yulib ilkis,
Gunohkorman oldida.
Oyoqyalang, ana bir qiz
Yig‘lar chetan yonida.
Kulfat sasi –faryod, qadar
Qalbim ezar, yaralar.
Iliq hidin yoyar badtar
O‘lib yotgan sho‘ralar .
Non o‘rniga tosh armug‘on ,
Shudir achchiq tavoze.
Boshim uzra faqat osmon,
Ko‘ksimda yor ovozi.
1911
* * *
Bekorchilik eltdi bu tamon,
Qayda o‘tsa baribir ziq kun.
Tepalikda mudrar tegirmon,
Bunda yillab jim turmoq mumkin.
Qovjiragan gulpechak uzra
Asalari suzadi mayin.
Suv parisin turibman izlab,
Uning esa o‘lgani tayin.
Sayoz tortib, toraygan ko‘lmak
Qo‘ng‘ir tusli po‘panakka joy.
Yaltiraydi titragan terak,
Boshi uzra yengilgina oy.
Hamma narsa ohorli go‘yo,
Nam hid sochar teraklar bu choq.
Sukutdaman. Sukunat aro
Shayman yana bo‘lmoqqa tuproq.
1911
Gulchehra Nurillayeva tarjimasi
QO‘ShIQ
Quyosh ko‘kka chiqar damda
Muhabbatni kuylayman,
Men cho‘kkalab tomorqamda
Sho‘ralarni yulgayman.
Yulib-yulib chetga otgum –
Kechir yomon bo‘ldi-da,
Ko‘rdim: yig‘lar oyoqyalang
Qizcha chetan oldida.
Qo‘rqitadi faryod slogan
Bu jarangdor g‘am sasi.
Dimog‘imda o‘layotgan
Sho‘ralarning tunj isi.
Tosh tutarlar,non so‘rasam,
Tilading, debs en o‘zing.
Boshim uzra faqat osmon,
Dilda esa ovozing.
HIJRON
Yo‘lim og‘ir – qop-qora kecha
Zulumoti qurshagan uni.
Kechagina men oshiqlarcha
Yalingandim: Unutma meni.
Bugun esa faqat shamollar
Cho‘ponlarning qichqiriq-dodi,
Oq chashmalar uzra tebrangan
Qarag‘aylar qatori qoldi.
QO‘YKO‘Z QIROL
Chorasiz dard, senga-da iqbol!
O‘ldi kecha tun qo‘yko‘z qirol.
Kuz oqshomi dim va ol edi.
Erim uyga qaytganda dedi:
Bilasanmi,yuz berdi ovda,
Yotgan ekan eman oldida.
Sho‘rlik qirolicha! Yosh qoldi,
Bir kechada sochi oqardi.
Trubkasin so‘ng olib beun
Chiqib ketdi ishlamoq uchun:
Hozir qizim uyg‘otib,kuyib
Qo‘yko‘ziga boqarman to‘yib.
Sasi kelar chorbog‘dan tolning:
Bu dunyodan ketdi qiroling.
SAYR
Jig‘am tegar izvosh shiftiga,
Boqdim uning ko‘zga hurkak.
Dard chekardi,ammo shifoga
Ne tilashin bilmasdi yurak.
Shom tinch edi,bulutli osmon
Ostida g‘am quchgandi uni
Va siyoh-la ko‘hna al’bomda
Chizilgandek Bulon o‘rmoni.
Benzin isi,nastarin isi,
Rohat dilga edi begona:
Qo‘llarini qimirlatmasdan
Tizzamga u tegindi yana.
* * *
Na asroru na iztirob, g‘am
Va na qismat bitgan ixtiyor-
O‘xshar edi so‘ngsiz va mubham
Kurashga bu visol, bu diydor.
Men tongdanoq boqib yo‘lingga,
Tashrifingni poylardim… Biroq,
Bu bukilgan ikki qo‘limga
Sanchilardi sezilmay titroq.
Va qurshagan barmoqlar ila
Ezg‘ilardim dasturxon uchin.
Men tuygandim o‘sha choqdayoq
Tor ekanin zamin biz uchun.
1914
Bilmayman: sen tirikmi, o‘lgan-
Men zamindan seni izlaymi?
Va yo oydin g‘am ila shomda
Xazon bo‘lgan dil, deb bo‘zlaymi?
Bari senga: dil nolalari
Va uyqusiz tunlar yomg‘iri;
She’rlarimning oq galalari,
Ko‘zlarimning moviy yong‘ini.
Hatto meni azobga solgan,
Sevib, keyin unutgan odam-
Menga buncha aziz bo‘lmagan,
Meni buncha sog‘intirmagan.
1915
* * *
Oqshom nuri yoyiq va za’far,
Savr salqini xush yoqar tanga.
Sen kechikding, ammo bu lahza
Shodmon quchoq ochaman senga.
Kel, yaqinroq yonimga o‘tir,
Termil quvnoq ko‘zlaring bilan:
Mana, bu ko‘k daftar to‘ladir
Bolalikning so‘zlari bilan.
Kechir, dilni berdim g‘amlarga,
Quyoshgayam boqdim men dilxun.
Kechir, kechir, juda ko‘plarga
Sen deb quchoq ochganim uchun.
1915
* * *
Quduq tubidagi oq toshdek besas
Ko‘ksimda yotibdi xotiram manim.
Uni unutmayman, unutgim kelmas,
U mening quvonchim, u mening g‘amim.
Kimdakim yaqinroq kelar-da, keyin
Ko‘zimga boqarkan, ko‘radi uni.
Bu g‘amgin qissamni tinglagan sayin
Hasratim qoplagay uning ko‘ksini.
Yaratgan dillarda qolsin deya g‘am,
O‘ldirolmay odam tafakkurini,
Ularni buyumga aylantirgan dam
Mening xotiramga aylanding sen ham.
1916
* * *
Yurtini dushmanga tashlab ketaroq
Qochgan kimsalar-la birga ketmasman.
Ular olqishiga tutmasman quloq,
Ularga bermasman qo‘shig‘imni man.
Ey, qochoq, men senga achinaman, bas,
Sen qulday noiloj, bemorday abgor,
Ey, darbadar, borar yo‘ling ko‘rinmas,
Yot yurtning nonida yovshan isi bor.
Bunda-chi, yong‘inlar dudini yutib,
Yoshlik yillarini aylab biz qurbon;
Yurakni shafqatsiz zarbaga tutib
Yashadik, panaga qochmadik, inon.
Bilamiz: kelajak bahosi tayin,
Oqlanar har lahza, oqlanar damlar
Va lekin dunyoda yo‘qdir bizdayin
Mag‘rur, iztirobli, xoksor odamlar.
1922
* * *
Ko‘mir ila men belgi bitdim
Chap ko‘ksimga – o‘q uchun nishon.
Uchsin dedim qush – dil hasratim
Bo‘m-bo‘sh kecha zulmati tomon.
Jonim! Qo‘ling qilt etmas hatto,
Ko‘ksim darddan bir abad bo‘shar.
Uchar qushim – dildagi vido,
Shoxga qo‘nib, nag‘malar boshlar,
Toki qalbi xotirjam ul jon
Qushni tinglab ochsin ko‘ksini:
“Sasi tanish, so‘zlari pinhon”
Deb yashirsin yoshli ko‘zini.
* * *
Jimib qoldi to‘satdan uy ham,
So‘nggi bargin qizg‘aldoq sochdi.
Qotib qoldim mudrab va alam
Shomlariga men quchoq ochdim.
Darvozalar tambalangan zich,
Shom qoradir, yellar tinch, ochiq,
Qayda quvonch, qaylarda ?kinch,
Qaylardasan, mehribon oshiq?
Topilmadi ul sirli uzuk,
Necha kunlar kutdim, ketmadim.
Dilbar va yosh asira qizdek
Qo‘shiq o‘ldi ko‘ksimda manim.
“YoNDIRILGAN DAFTAR” TURKUMIDAN
Hamma ketdi, hech kim qaytib kelmadi,
Faqat sen takrorlab ishqiy tilakni,
So‘nggi muhabbatim, ortga qayrilding,
Ko‘rmoq bo‘lib qonga botgan falakni.
Uying la’natlangan, ishing toptalgan,
So‘lg‘in navo yangrar sen bitgan she’rdan.
Badbaxt taqdiringning qarshisida man
Turibman ko‘zimni uzolmay yerdan.
Ilohiy so‘z emas, yangraydi vola,
Muqaddas, pok so‘zlar ataldi mal’un –
O‘ttiz yettinchi yil farroshlari-la
Qonli yo‘lkalarni yuvmog‘im uchun.
Meni ayirdilar yolg‘iz o‘g‘limdan,
Bandi do‘stlarimga berdilar azob.
Ogoh bo‘ldilar har yurgan yo‘limdan,
Har bitta so‘zimni yetkazdi kazzob.
Har joyda nomimni qaro bitdilar,
Soqov bo‘l, dedilar, kar bo‘l, dedilar.
Och qolsam bo‘htonu ig‘vo tutdilar,
Chanqasam suvimni zahar etdilar.
Va so‘nggi nuqtaga yetganda yo‘lim,
Dedilar: “Yashayver, ey baxtiqaro!”
Endi kezurman men – shaharlik dali,
O‘lim nafasi bor maydonlar aro.
Xurshid Davron tarjimasi
* * *
Quyosh tafti so‘nib borar yurakda.
Dala za’faron.
Ilk qorga chulg‘anib yellar esmakda,
Qorayar osmon.
Soylardagi suvlar urmaydi to‘lqin –
Muz qotgan bu chog‘.
Qushlar chuvvos solmas, horg‘in olar tin
Yaydoq, bo‘m-bo‘sh bog‘.
Tollar yupun-yalang – to‘lib angizga
Yo‘lga qarar zor.
Ehtimol, yaxshidir chindan ham – sizga
Bo‘lmaganim yor.
Quyosh tafti so‘nib borar yurakda.
Bu ne? Nechuk ish?
Balki, yetib kelar shu kechada, ha,
Qahrin sochib qish.
MUHABBAT
Goh ilondek qoshingda unsiz,
Qilar senga sehru jodular.
Goh derazang yonida kunduz
Oq kabutar bo‘lib “g‘uv-g‘uv”lar.
Goh shabnamda jilolanar shan,
Goh gul o‘ynar o‘ychan, shikasta…
Xullas, seni orom bag‘ridan
G‘amlar sari yetaklar asta.
Nay sasidan bo‘lib goh zada,
Ho‘ngrab qolar chiroyli, shoyon.
Biroq uni yot bir jilvada
Tanib qolmoq qo‘rqqulik, yomon.
* * *
Guldan chambar taqqan qizaloq,
Nay chaluvchi cho‘pon bola ham,
O‘rmondagi kesishgan so‘qmoq
Va chiroqlar – oqshom tushgan dam, –
Bari yodda. Ko‘zim oldida,
Yuragimda asrayman barin!
Faqat u yo‘q mening qalbimda,
Xayolimdan faqat u nari.
Billur orzu darz ketdi, sindi,
Isinayin, olov bering, oh!
Vujud titrar… Qoshimga endi
Qaytmagay u – xush-xandon iloh.
* * *
Eshik yarim ochilgan,
Jo‘ka bo‘y tarar shu tob…
Stolda unutilgan
Xipchin hamda oq qo‘lqop.
Chiroqning nuri g‘amgin…
Yog‘dusi uning xira,
Nega sen ketib qolding,
Tushunmadim men sira…
Ertaga biram harir,
Yorqin tong otar, beshak.
Hayot, axir, go‘zaldir,
Tentaklik qilma, yurak.
Ha, sen yomon charchading,
Hasratim sanchdi tikan…
Bilasanmi – o‘quvdim,
Qalblar hech o‘lmas ekan.
* * *
Kunlaringga g‘am-kadar qo‘nsa,
Tutib turmam, ketgin, keta qol.
Kimki agar erkin qush bo‘lsa,
Kutar uni, albat, baxt-iqbol.
Yig‘lamasman kechib o‘zimdan,
Mahkumdirman yolg‘iz o‘tgali.
O‘pma meni so‘lg‘in yuzimdan, –
O‘lim kelar meni o‘pgali.
Ezdi dilni mubhamlik, firoq
Va qish bo‘yi zerikdik qordan.
Aytgin, aytgin, nimang yaxshiroq
Mening ko‘nglim tusagan yordan?
* * *
Kiyib olmish yaydoq bog‘,
Muzdan libos – yarqiroq.
Mendan ketgan chekar oh,
Ortga yo‘l yo‘qdir biroq.
O‘chgan quyosh otashi –
Darchadek bo‘m-bo‘sh, giryon;
Kimning qiyofadoshi
Bosh suqqan, menga ayon.
Bir mung aro dil yonar,
Ozurda yurak muzlar.
Yax ostida tovlanar
Kechagi qaro izlar.
Ufqlarga tushar ko‘lka –
Mudhish bir g‘am nafasi.
Va qotib qolar ko‘kda
Kechikkan turna sasi.
* * *
Dilgirlikdan bezib ketdi jon,
Yuragimga har lahza og‘u.
Tepalikda turar tegirmon,
Yillab balki sukut saqlar u.
Daydi ari izlab yurar bol
Chechaklarni oralab – so‘lgan.
Chorlayman suv parisin alhol,
Ammoki suv parisi o‘lgan.
Suv o‘tlarin tutib chohida
Qurib yotar ko‘l ham, hoynahoy.
Oq qayinning yaydoq shoxida
Yaltillaydi yangi chiqqan oy.
Hamma narsa ajib va rangin,
Teraklarda mayin iltijo!
To‘kib dildan hasratlar changin,
Tuproq bo‘lgim kelayotir, o!
OQ TUNDA
Eshikni qulflamadim,
Yoqmadim shamni esa.
Horganman, lekin, bilgin –
Ko‘z yummasman bu kecha.
Ko‘rgayman – nurlanar tun
Archazor ufqlar bo‘ylab.
Saslarga quloq tutgum
Senikimi deb o‘ylab.
Lek bo‘ldim motamsaro,
Ko‘rding menga g‘amni ep.
Ishongan edim-ku, o,
Seni qaytib kelar deb.
* * *
Qalb yo‘g‘rilib shan xayollarga,
Ko‘rmasdim gap-so‘zing adog‘in.
Erta kuzak gavjum tollarga
Yoygan edi sariq bayrog‘in.
Murtad yurtda kezdik sargardon,
Pushaymondan endi dillar xun.
Gangisak ham chorasiz, hayron,
Jilmaymoqchi bo‘lamiz nechun?
Yuz burgandik odmi qismatdan,
Ne yozuq bu – bo‘ldik munglig‘, xor…
Men g‘am aro tashlab ketmasman
Dalli, darvesh do‘stimni zinhor.
* * *
Moviy uzumzorlar bo‘yi iforli…
Dilni sarxush qilar olis-olislar.
Sening ovozingda tuymadim zorni,
Endi menga yotdir achinish hislar.
Miskin ruh ajib bir surur tuyadi…
Chayir novdalarda mevalar sara.
Ko‘kdagi bulutlar parcha muz kabi
Zangori daryoda suzarlar, qara.
Quyosh charaqlaydi, nur sochar yorqin,
To‘lqinlarga aytgin darding bo‘lsa gar.
Balki bergay ular senga bir taskin,
Balki yuz-ko‘zingni silab o‘parlar.
* * *
Sevging so‘ramam, bas, dilimdan – bu ahd,
Uni o‘zga qo‘llar quchmishdir mahkam…
Ishongil, men sening yoringga hech vaqt
Yo‘llamasman rashkim to‘la xatlar ham.
Biroq aytar so‘zim shudir, quloq sol:
Undan she’rlarim sen qizg‘anma taqir,
Suratlarimni ham taqdim eta qol –
Oshiqlar mard bo‘lar odatda, axir!
Ma’shuqalarga-chi, uningdek go‘l, g‘o‘r –
Mutlaq g‘oliblikka erishsalar, bas;
Yulduzlar ularga bermas otash-qo‘r,
Ilk kunlar safosin ular hech tuymas…
Oddiy, jo‘n baxtingga bo‘lib andarmon
Sen yashar ekansan, topgan kabi ganj,
Daf’atan shuur-la anglagung ayon,
Hammasi ayanchli, hammasi jirkanch, –
Kelma sen tantana kechamga manim
U chog‘ tanimasman seni mutlaqo.
Nimada ham senga ko‘mak berayin,
Xalos etolmayman baxtdan men aslo.
* * *
Ko‘zlarim beizn javdirar har bor
Ne qilay, bir titroq yoqar ichimni –
Tilga olishganda qoshimda takror
Ko‘rkam va jarangdor qisqa ismni.
Dala so‘qmog‘idan boraman yolg‘iz,
G‘o‘lalar taxlami bir yonda qat-qat.
Bunda xush epkinlar kezar tizginsiz,
Bahoriy sho‘xliklar qilishib faqat.
Orziqqan yuragim eshitar shu on
Olis-olislardan bir tansiq mujda.
Bilaman: u – tirik, yurar u shodmon,
G‘amlarni yengishni biladi juda.
* * *
Shamol, meni dafn qil, shamol!
Xeshlarimdan yo‘q dil umidi,
Qo‘nmoqdadir shom shafag‘i ol,
Taralmoqda namchil yer hidi.
Bir payt men ham edim sen yanglig‘,
Yashar edim xush-xandon, erkin.
Endi esa murdaman sovuq,
Yuzlarimni silamas hech kim.
Qanoting bos bu majruh tanga,
O‘ra uni tunga zimziyo.
Hamda aytgin harir tumanga,
Bosh ustimda o‘qisin duo.
Toinki men – bir sho‘rlik oson
Mangulikka ko‘z yumayin jim.
Shamol, shamol, kuyla sen shoyon
Bahor vasfin, bahorim manim.
* * *
Bizlar sho‘x-shaddotmiz, qavmmiz xurram,
Junbushga tushsak gar, jo‘shar qiyomat.
Devorda – qush, gullar surati purg‘am,
Moviy osmonlarni qo‘msarlar faqat.
Uzun trubkangni tutasan sen,
Ko‘tarilar undan tutun kiroyi.
Men ham kalta etak ko‘ylagim kiydim,
Bo‘lay deb yanada ko‘hli, chiroyli.
Darchalar taqa-taq, g‘uborlar ingan,
Tashqarida nahot ayoz yoki qor?
Atrofga termilar ko‘zlaring zimdan,
Mushuknikidan-da hurkak, ehtiyotkor.
O, yurak nedandir ozurda, behud,
So‘nggi soniyami – boqqan jilvagar?
Muqom qilayotgan anovi vujud
Do‘zaxga tushgaydir shaksiz, muqarrar.
* * *
Entikardim men yolg‘iz damda
O‘ylab xumor ko‘zlaringizni.
Endi esa uzlat xonamda
Alam bilan eslayman sizni.
Siz Nevaning u qirg‘og‘ida
Yot qo‘llarga asirsiz, hamdard.
Mening mashhur zamondoshim, ha,
Bari sodir bo‘ldi pirovard –
Siz aytgandek – sevgingni o‘ldir,
Degandingiz, urgandek xanjar.
Mana, bu kun paymonam to‘ldi,
Lekin qonda ishq ortar battar.
Agarda men so‘nsam, tugasam,
She’rlarimni kim yozgay sizga?
Kim baxsh etgay betakror jarang
Aytilmagan har bitta so‘zga?
* * *
Biz bitta kosadan hech vaqt ichmaymiz
Na suvni va na-da sharobni gulgun.
Tonglar uyg‘onmaymiz bir yostiqda biz,
Birga entikmaymiz cho‘kkanida tun.
Sen nafas olasan kundan, men – oydan,
Lekin tirikmiz biz bir sevgi bilan.
Mehrli do‘st menga doim girgitton,
Sening hamdamingdir har vaqt munis yor.
Ko‘zlaring hadigi men uchun ayon,
Chekkan ohlarimga sensan sababkor.
Biz shoshmaymiz bot-bot visolga hech vaqt,
Sha’nimiz asramoq biz uchun qismat.
She’rlarimga sening ilhoming yordir,
Sening she’rlaringda – men talpingan baxt.
Ularda shundayin bir olov borki,
O‘chira olgaydir na qo‘rquv, na vaqt.
Bilsayding qanchalar sog‘inganim, o,
Seni uzoqdan bir ko‘rmoqni hatto!
* * *
Daryoda muz qarsillar nogoh,
Osmon go‘yo nedandir zada.
Azoblaysan nega meni, oh,
Bilolmayman – aybim nimada.
Sochaverma qahringni harchand,
Kerak bo‘lsa – o‘ldir, mendan kech.
Istamaysan sen mendan farzand,
Yoqmas senga she’rlarim ham hech.
Mahv et, mayli, menga berma erk!
Limmo-limdir ko‘nglim sabrga.
Senga umrim berdim, g‘ussam lek
O‘zim bilan ketgay qabrga.
* * *
O, xasta holimni so‘rab keldingmi,
Mening tortinchog‘im, beozorginam…
Garchi yotar edim majolsiz, mungli,
Kelmasang-da sendan yo‘q edi ginam.
Qo‘lingda gulchambar – omonat, odmi,
Meni tugadi deb o‘ylovdingmi yo?
Dalli jilmayishing ko‘p og‘ir botdi –
Unda mehrmidi yoki istehzo?
O‘lim vahmi endi men-chun hech, bekor!
Qolsang qoshimda gar tag‘in biror dam,
So‘ragum xudodan ajru istig‘for –
Senga va yana sen sevganlarga ham.
* * *
Shunday kunlar bo‘lar bahor oldidan:
Qalin qor ostida entikar o‘tloq,
Yalang‘och novdalar qo‘shiq kuylar shan,
Epkinlar esadi iliq va yumshoq,
Vujuding tuyular qushdayin yengil,
Boqasan uyingga ajib hayratda,
Eskigan qo‘shiqqa to‘ysa hamki dil,
Kuylaysan yangidek uni bu paytda.
* * *
Ko‘z yumar ekanman, munavvar qalbim
Mangulik o‘yiga yana bo‘lar g‘arq…
Ko‘hna kitoblardan bitiklar qadim,
To‘sdek qaro zulmat aro urib charx –
Kelib ro‘paramga, mayliga, g‘addor
Dahshatlar shevasin etingiz talqin,
Faqat xotiramga tegmang siz zinhor,
So‘nggi nafasgacha qolsin u yorqin.
Toinki azoblar silsilasida
Sen menga tuyulma yot siymo bo‘lib;
Mayli, qiynoq ortsin yana yuz hissa,
Tursang bas qoshimda sen masrur, kulib.
O‘lim o‘z og‘usin so‘nggi soniya
Bosgaydir labimga bamisli malham.
Shundan so‘ng odamlar kelib, qabrga
Ko‘mgaylar vujudim, ovozimni ham.
* * *
Ishqning xotirasi bunchalar achchiq!
Kuylayman – zahrini yutib men tun-kun,
Boshqalarga esa – bu olov tansiq,
Bedor kechalarda isinmoq uchun.
Zerikkan qalblarga u bergay safo,
Meni tortar faqat hasrat komiga…
Tangrim, shu sabab men kuyladimmi, o,
Shu sabab tushdimmi sevgi domiga!
Tutqaz qo‘llarimga shundayin og‘u –
Aylasin, mayliga, meni soqov-gung
Hamda doston bo‘lgan qismatimni u
Yo‘qlikka g‘arq etsin, qoldirmay bir mung.
* * *
Shonu shuhrat o‘tkinchi shaksiz,
Havasmidi bu tuyg‘u menga…
Yashamadim benavo, yolg‘iz,
Men baxt berdim jazmanlarimga.
Biri mudom yashar omonda,
Yuragida muhabbat sasi…
Bugungi kun katta maydonda
Ko‘rkam haykal erur boshqasi.
* * *
Haqiqiy sevgini hech narsa bilan
Yanglishtirib bo‘lmas, bilmas u ta’ma.
Sen to‘nim mo‘ynasin tuzatarkansan,
Qilasan ko‘ksimni sovuqdan pana.
So‘ng deysan hayajon tuymayin taqir,
Ilk sevgi haqida chiroyli so‘zlar.
Sezib turibman-ku nigohing, axir,
Bir och yutoqish-la nimani ko‘zlar!
* * *
So‘nggi bor uchrashgan edik o‘shanda,
Neva bo‘yi har gal edi so‘lim, shan…
Bu kech ko‘pirardi daryo o‘zanda,
Shahar xavotirda edi toshqindan.
U yoz haqida so‘zlab, dedi so‘ng,
Shoirlik bu – ayol ishimas sira.
Shunda razm solgancha shoh qasriga cho‘ng,
Yuksak Petropavlovsk qal’asiga-da! –
Tuydim, birdan o‘zga tus oldi havo,
Boshim aylantirdi uning xush isi.
Va ato etildi menga shu asno
Barcha telba qo‘shiqlarim so‘nggisi.
* * *
Bisyordir sevilgan qalbda karashma!
O‘kinchli yurakning najoti uzlat.
Naq ko‘zim o‘ngida beorom chashma
Zamharir ostida bormoqda muzlab.
Beyupanch ruhimga farah berar o‘y:
Alamnok vujudim sovugay bir kun.
U chog‘ xatlarimni mening asrab qo‘y,
Biz haqda avlodlar hukm etsin uchun, –
Toki ular sendan tuysinlar faxr,
Dono, jasur bo‘lib ko‘ringin u chog‘;
Sening tarjimai holingda, axir,
Bo‘lishi mumkinmi kemtik yoxud dog‘?
O, naqadar totli tiriklik jomi,
O, naqadar chigal ishqning rishtasi!..
Mayli, qachonlardir mening ham nomim
O‘qishsin darslikdan kelajak nasl.
Bu g‘amli qissani anglashsin teran,
O‘tli ishq jazmiga qolsinlar qoyil…
Sevgingni qizg‘angan eding sen mendan,
Achchiq shon-shuhratga et endi noil.
* * *
Yana qish – chang‘ilar kumush qor uzra
Mayin g‘ichirlar.
Oydin kengliklarni burkab nufuzga,
Oqarar qirlar.
Olislarda milt-milt chiroqlar bu dam
Sukutga cho‘mar.
So‘qmoqlar, butazor, hatto soyni ham
Oppoq qor ko‘mar.
Suv parisi makon tutgan majnuntol,
Yo‘ldan qocha qol.
Zog‘lar to‘p-to‘p… Endi ularga xushhol
Bag‘ring ocha qol.
Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
ENG QADIMIY SIRLAR
1
Poyimda tanti kuz! Ajib nahorni
Atay zoriqtirib olib kelishdi.
Ortga qayta olmas o‘n besh bahorni
Erdan ko‘tarolmay armonim jo‘shdi.
Men unga shu qadar zoriqib boqdim,
Borlig‘im qamradi ardoqli xotir.
Kuzning qalamida olovli oqdi
Hech kimga aytilmas eng qadimiy sir.
2
Quyoshli xotirlar so‘nayotir jim,
Maysalar sarg‘ish.
Qor-qirovli kunlar ushlaydi qo‘lim,
Go‘yo sovuq tush.
To‘lib-toshib oqqan suvlar qaydadir,
Muzlik bepoyon.
Mo‘jizalar qaytmas, dardlarim og‘ir
O‘ylar beomon.
Daraxtlarning boshi osmonda, shamol
Kuylaydi so‘lim.
Umr yo‘ldoshingiz emasman, malol
Kelmasin, jonim…
Quyoshli xotirlar so‘lmoqda, nechun
Zim-ziyo, olam?
O, balki!.. Kelishga ulgurar bu tun
Ayozli qish ham.
3
Soz chaladi bola, soz chalar,
Qizcha guldan o‘rar gulchambar.
Ikki yo‘l bor kesishgan dilbar
O‘rmon qadar, dalalar qadar.
Yodga tushar olis muhabbat,
Qayta yonmas olov va hayrat.
Yoshlik o‘tdi, so‘ndi harorat,
Faqat o‘chay demas xotirot.
Isinay shu o‘tda bir pas
Izn bering, sovuq yedim…O!..
Tilasam ham, kutsam ham kelmas
Ovozlari qanotli xudo.
4
Sen meni dafn et, dafn et, shamol,
Kelishmadi hatto eng yaqinlarim.
Boshim uzra kezar besas, bemalol
Sargardon shom ila zamin unlari.
Men ham edim sendek armonim yo‘q, hur,
Faqat juda-juda keldi yashagim.
Muzlab borayapman, muzlayapman, ko‘r,
Hech kimsiz, hech nesiz ketmoqdaman jim.
Ko‘ksimdagi tubsiz yarani bekit,
Shomning nim qorong‘u nafasi bilan.
Moviy tumanlarga yetkaz, amr et,
Tilovat qilishsin ruh sasi bilan.
Yolg‘izlikda yengil tortsin bu jonim,
Bir kuni so‘nggi yo‘l bo‘lsa chin yorim,
Ulug‘vor giyohlar birla betinim
Shovullab chorlasin qaytmas bahorim…
5. SO‘NGGI QADAH SO‘ZI
Ichadurman vayron bo‘lgan uy,
Zaharxanda hayotim uchun.
Ikkimiz ham yolg‘izmiz-ku, qo‘y,
Sening uchun ichgayman bu tun.
Meni sotgan labdagi ro‘yo,
Ko‘zlardagi o‘lik qahr uchun.
Beshafqat va bo‘m-bo‘sh bu dunyo,
Xudo darig‘ tutgan mehr uchun.
6
Bu yerni tanladim aytayin ishon,
Qayerda zerikmoq-baribir menga!
Baland tepalikda mudrar tegirmon,
Yillar tilsiz, sukut saqlarlar bunda.
Ohista suzadi qovjirab qolgan
Zarpechak ustida asalarilar.
Hovuz yonidaman, xayolim olgan
Suv parisi bevaqt jon berdi, derlar.
Zanglagan balchiqlar qalinlashadi,
Sayozlashib borar shunday keng hovuz.
Terak uchlariga yaqinlashadi
Nozikkina hilol yerdan uzmay ko‘z.
Borliq yangilanar, yana ko‘z ochar,
Mirza teraklardan namxush hid anqir.
Sukutdaman. Sukunatim jon sochar
Yana sening bo‘lmoq uchun, ona yer.
7. OSIYo
Osiyo, qadaldim qaroqlaringga,
Ichimga kirganday ko‘rindi iching.
Sukunatning o‘lmas quchoqlariga
Sochildi o‘ylarim havasli, qizg‘in.
Termiz saratoni kabi yolqinli
Xotiralar oqdi idroklarimda.
Karvonlari og‘ir, qadimiy jonli,
Parchalangan vulqon irmoqlariday.
Ko‘ksimdan otilgan bo‘zlarimni jim
O‘zgalar kaftida ichganday bo‘ldim.
8. GULLAYoTGAN TOShKENT
Aytib bo‘lmas kuchning azmi, amri-la
Shahar birdaniga nurlanib ketdi
Har bitta hovliga sevinch, sabr ila
Eng oppoq, eng yengil xayollar yetdi.
Yurakda bir ajib nafasli ohang,
Uyg‘ondi bu olam xushsurat, dilbar.
Anhorlar tubida osmon jilvarang,
Tuyg‘ular to‘liqdi, dilda yo‘q kadar.
Xotiralar o‘chmas, tiniq yonarlar
Olis yulduzlardan tong chog‘i hayrat.
Sochlari tun kabi tolim onalar
Qo‘llarida gullay boshlaydi hayot.
Oygul Suyundiqova tarjimasi
* * *
Sig‘inaman darcha nuriga, –
Go‘yo rangpar nazokatdir ul.
Tongdan g‘arqman sukut siriga,
Yurak esa chilparchin butkul.
Men jo‘mrakka qarayman: obdon
Ko‘kish tusga kirmish sarig‘ mis.
Jilvalanar unda nur hamon,
Har boqishda uyg‘onar bir his.
Garchi oddiy, shunchaki u nur
Tun sukuti qo‘ynida, ammo
Bo‘m-bo‘sh go‘sham aro u – surur,
Ruhim uchun go‘yoki bayram
Va shirin bir tasallo.
1910
* * *
Yarim ochiq eshikdan
Jo‘kilar bo‘y ufurar.
Qo‘lqoping xivchin bilan
Stol ustida turar.
Shitirlaydi nimadir,
Chiroq – sarg‘ish doira.
Nega sen ketding, axir,
Tushunolmayman sira…
Ertaga tong otajak,
Sochib quvonch, oltin hal.
Oqil bo‘lsang-chi, yurak,
Boq, hayot qanday go‘zal!
Ayt, ne uchun bu “chim-chim”,
Har urishing bo‘g‘iq uh…
Bilasanmi, o‘quvdim
O‘lmaydi sira deb ruh.
1911
* * *
Payvand emas yurakka yurak,
Istasang – ket, yo‘lingni bersin.
Kulib boqar baxt-iqbol, beshak,
Kim yo‘lini tanlasa erkin.
Arz qilmasman yosh to‘kib hech vaqt,
Baxtli bo‘lmoq nasibam emas.
O‘pma meni, bu horg‘in, karaxt –
G‘amdiydani o‘lim o‘par, bas.
Cheksiz azob kunlarin bir-bir
Yashab o‘tdim men qishi bilan.
Biroq nechun, sen nechun, axir,
Ayt, yaxshisan tanlaganimdan?
1911
QO‘ShIQ
Kun chiqar payti yolg‘iz
Ishqni qo‘shiq qilaman,
Tomorqada cho‘kib tiz,
Sho‘ralarni yulaman.
Olib otaman so‘ngra –
Uvoli menga, netay?
Ana, bir qizcha ho‘ngrar
Chetanga bosib manglay.
Falokatning chinqiriq
Sasidan titrar o‘yim.
Tobora anqir iliq
O‘lik sho‘raning bo‘yi.
Bo‘lgay yovuz mukofot
Non o‘rniga chaqir tosh.
Boshimda gung samovot,
Faqat ovozing yo‘ldosh.
1911
* * *
Men shunchaki bu yerga keldim,
Farqsiz – qayda zerikmoq bu kun!
Do‘ngda mudrar yeltegirmon jim.
Yillab bunda jim qolmoq mumkin.
Qovjiragan pechakdan ilinj –
Mayin qanot qoqar bolari;
Suv parisin chorlayman, ko‘l – tinch,
Bilamanki, o‘lgan u pari.
Baqasalla, o‘t xurujidan
Keng ko‘l sayoz – na ko‘rk, na chiroy.
Tog‘terakning titroq uchida
Yalt etadi yengil to‘lin oy.
Bari yangi tuyular bu choq,
Teraklarda namchil hid turg‘un.
Men jim. Jimman. Jimman, ey tuproq,
Yana senga aylanmoq uchun.
1911
* * *
Qorbo‘rondan, ayozdan kelib,
Isinmoqlik gulxanda ne baxt.
Biroq kimdir sekin egilib,
Yuragimni oldi o‘sha vaqt.
Yangi yilning bazmi zap quvnoq,
Xush yoqadi gullar atiri.
Eshitilmas ko‘ksimda, biroq,
Ninachining endi pitiri.
Tanib qoldim o‘g‘rini, yo-hu! –
Uni menga fosh qildi ko‘zi.
Eng yomoni shuki, tezda u
O‘ljasini qaytarar o‘zi.
1914
* * *
Qani endi, “chastushka”lar aytsam men sho‘x-shan,
Sen jo‘r bo‘lsang sal xirildoq garmoning bilan!
Sulipoya ortiga so‘ng o‘tsak quchishib
Va sochbog‘im o‘sha kuni yo‘qolsa tushib .
Qani endi, o‘g‘ilchangni allalab har kun
Men tutqazsam bir so‘lkavoy senga xarj uchun.
Yo‘qlov kuni mozorboshdan vaqtliroq qaytsam,
Egam bergan yorug‘ kunga shukrona aytsam.
1914
* * *
Aziz yo‘lchim, olissan bugun,
Gaplashyapman sen bilan lekin.
Shamlarini yoqqancha gardun
G‘arb yolqinin kuzatdi sekin.
Aziz yo‘lchim, sen o‘ngga tezroq
Qarat yorug‘ yuzingni, zero:
Unda yashar ayyor, badqovoq
Hukmdorim mening ajdarho.
Uning g‘ori erkka tosh to‘siq,
Na shafqat bor va na qonun bor.
Aytmasin deb meni hech qo‘shiq,
Qamchin bilan do‘q qilar devor
Va qanotli maxluq quturib,
Shukronaga meni o‘rgatar:
Kulmasin der qahqaha urib,
Bo‘lsin deya sipo-yu kamtar.
Aziz yo‘lchim, elt yo‘llar osha
So‘zlarimni olis shaharga, –
Men kimni deb yashasam, o‘sha
Tinglab turib botsin g‘amlarga.
1921
SERGEY YeSENIN XOTIRASIGA
Odamlar ketadi hayotdan bir kun
Tinchgina, og‘riqsiz tugatib yo‘lin.
Lekin Rossiyaning shoiri uchun
Nasibmas bunaqa nuroniy o‘lim:
Qanotli qalb uchsa falakka tomon
Ko‘pincha qo‘rg‘oshin solgan yo‘lakdan,
Goh bo‘g‘iq xirildoq nafas nogahon
Hayotni chiqarib tashlar yurakdan.
1925
* * *
Nega suvga qo‘shdingiz zahar
Va nonimni qordingiz loyga?
Nega so‘nggi erkimni battar
Berkitdingiz eng iflos joyga?
Bu – xorlanib do‘stlar o‘lganda
Qilmaganim uchunmi bayram?
Yoki qolib sho‘rbaxt Vatanda
Dard chekkanim uchunmi hamdam?
Jallod bilan kundani kutib
Yashar ekan shoirlar har choq;
Bizga qismat yig‘lab, sham tutib
Gunohkorlik jubbasin kiymoq.
1935
* * *
Tag‘in yonginamda bari namoyon:
Lohaslik, qizigan tunning mavjlari
(Osiyo alahlar – tushi saraton),
Bulbul Halimaning tengsiz avjlari,
Behisht nargislarin xandon boqishi…
Va ko‘zlar ilg‘amas g‘oyib olqishi
El kabi shivirlar o‘lkada shodon.
Toshkent,
1943
* * *
Hilol Chorjo‘y qovunining tilimi monand
Derazamga qo‘nganida, dimiqqanda tun,
Osmon zangor yaproq kabi o‘z sehriga band –
Etib uyni, yashirganda qo‘yniga butun,
Sopol kosa muzdek suvdan junjikkan palla,
Bolalikda yonganidek qo‘msab parvona –
Tunni quvib porlaganda shamim mardona,
Sukut qah-qah urganida tinglamay so‘zim –
Nogoh nedir o‘rlab chiqib, yo‘qolur shu zum
Rembrandtning ruhi hokim qora burchakdan,
Ammo bundan na dil cho‘chir, na titraydi tan…
Qora mushuk yuz yillarning ko‘zidek boqar,
Tanholikning tutqunida yuragim balqar,
Yordam bermas, oynadagi aksim ham turg‘un.
Shiringina uxlagayman, xayrli tun, tun.
Toshkent,
1944
GULLAYoTGAN TOShKENT
Misli qudrati-la oliy farmonning
To‘satdan shaharga quyildi nurlar –
Xayoliy sharpadek har xonadonning
Qonu o‘pkasiga singidi ular.
Ularning nafasi so‘zu imodan
Aniqroq, ba’zisi mahkum birpasda
Zangori olovdek yongan samodan
Ariqlar tubiga cho‘kmoqqa asta.
* * *
Mangu olqish nuriga shoyon
Ul seryulduz aziz go‘shani
Va qirqkokil juvonlar shodon
Allalagan chaqaloqlarni
Unutmagayman.
1944
* * *
“Va buyurdi deb menga kimdir:
Qani gapir! Neki borini…”
Leon Felipe
Eshitgaydir qachondir har kim,
Odamlardan qolmagay pinhon:
Qamoqlarda chiridi o‘g‘lim,
Qamchilardan ilhom bo‘ldi qon.
Kimlar ketdi, kim bor, kim kelar –
Men hammadan ko‘ra aybdor…
Menga yotmoq baxtdek tuyular
Jinnixona katida bedor.
ONA TUPROQ
Bizdek o‘jar va bizdek xoksor,
Yig‘i bilmas xalq yo‘q dunyoda.
1922
Muqaddas tumordek ko‘krakda asrab,
Unga she’r bitmaymiz ko‘tarib qiy-chuv,
Alamli tushlarga bo‘lmas u sabab,
Yo jannat bog‘idek tuyulmaydi u.
Uni ko‘nglimizda qilmaymiz aslo
Oldi-sotdi uchun qimmatbaho mol.
Uni unutamiz eslashni hatto
Bag‘rida goh bemor, goh baxtsiz, behol.
Ha, u kovushdagi loydir biz uchun,
Ha, u tishimizda g‘ichirlagan chang.
Biz ezib-toptaymiz, qilamiz kukun
Hech bir gunohi yo‘q shu xokni, qarang.
Unga aylanamiz, lekin, bir kuni,
Shu sabab meniki deymiz biz uni.
1961
Rus tilidan Abdulla Sher tarjimasi
* * *
Jiddiy boqma hamma narsaga,
Chekmay desang bir kun nadomat.
Ko‘ngil qadrin bilmas kimsaga
Dilni ochmoq kerakmas albat.
Kim uchundir epizodsan, bas —
Oddiy chiziq dayri fanoda.
Yo‘q, yo‘q, hushni olar ufqmas,
Sen zarrasan yorug‘ dunyoda.
Nolsan — hechlik, yo‘qlik timsoli
Kim uchundir, olmagaysan tan.
Zirqirashdan bo‘lolsa xoli
Qalbing, qah-kah urgung daf’atan.
Jilmayasan qarab, ko‘zguda
Malak turar, surgancha xayol.
Ko‘z yoshing art, boshingni ko‘tar,
Go‘zallikning o‘zisan, ayol!
* * *
Yigirma birinchi, dushanba tuni.
Poytaxt chizgilari — xira osmonda,
Qandaydir bekorchi aytdi bir kuni
Muhabbat bor, deya yorug‘ jahonda.
Soddalik sabab yo sog‘inganidan
Odamlar ishondi — shundoq yashashar:
Visolni kutishar, cho‘chib hijrondan,
Ishqiy qo‘shiqlarni hamon kuylashar.
Sirni ochadi-yu birovlar, lekin
Lom-mim deyisholmas, sukutda bari.
Bunga tasodifan duch keluvdim men,
Go‘yo xastadekman o‘shandan beri.
* * *
Tirikmisan, yorug‘ olamda
Bormi seni izlashdan ma’no?
Oqshom chog‘i eslab, alamdan
Yorqin olov tarataymi yo?
Sen uchundir kunduz duosi,
Yondirguvchi bedorlik — bari.
She’rlarimning oppoq galasi,
Ko‘zlarimning moviy gulxani.
Hech kim menga aziz bo‘lmagan,
Baxsh etmagan bunchalar alam,
Hatto, o‘sha — meni aldagan,
Erkalab, so‘ng voz kechgan odam.
* * *
Yoqimlidir gulxan tegrasi —
Izg‘irin va shamoldan keyin,
Unda dilni asrolmadim men,
O‘g‘irlashdi uni, chamasi.
Davom etar yangi yil, namxush
Atirgullar poyasi ham bot.
Yuragimda bermaydi tovush
Ninachilar, silkishib qanot.
Oh, o‘g‘rini aniqlash oson,
Ko‘zlaridan olgayman tanib.
Qo‘rqamanki, kelar men tomon,
O‘ljasini qaytib bergani.
* * *
Bog‘lanmagan ko‘ngil ko‘ngilga,
Ketavergin, istasang agar.
Kim shahd bilan chiqarkan yo‘lga,
Shaksiz, uni kutadi baxtlar.
Nolimayman, to‘kmasman ashkim,
Taqdirimga bitilmagan baxt.
Bo‘sa olma, taslim bo‘lsa kim —
Uni ajal o‘padi shu vaqt.
Hazin kun-la tashlashib qadam
Qish kunlari o‘tarkan oppoq.
Men tanlagan o‘sha odamdan
Oh, nahotki bo‘lsang yaxshiroq?
* * *
Shom nurlari sarg‘ish hamda keng,
Yoqimlidir aprel salqini.
Garchi ko‘p yil kechikib kelding,
Ko‘rganimdan mamnunman seni.
Kel, yonimga o‘tir yaqinroq,
Ko‘zlarimga qaragin kulib.
Manavi ko‘k daftar ichra, boq —
Ilk she’rlarim turar jam bo‘lib.
Kechir, edim haddin dilpora,
Quyosh meni quvontirdi kam.
O‘xshatibman seni ko‘p bora
O‘zgalarga, o‘t gunohimdan.
* * *
Shunday bo‘lar bahor oldidan:
Qor ostida o‘tloq olar tin.
Pichirlashar daraxtlar shodon,
Iliq shamol ravon va mayin.
Engil sezib taningni, ruhni,
Uying ajib ko‘rinar bu on.
Jonga tekkan eski qo‘shiqni
Yana boshdan aytasan shodon.
* * *
Ketdim sokin bog‘ing, oppoq uyingdan,
Toki umring yorug‘, kimsasiz bo‘lsin.
Men shunday yozdimki madxing, ko‘yingda —
Ayol zoti yoza olmas bundayin.
Jannatingda meni etajaksan yod,
Ko‘zlar quvonchi deb qiluvding bunyod.
Bisotimda esa kamyob bir mato,
Sevging va mehringni sotyapman hatto.
* * *
Sanagancha bo‘m-bo‘sh kunlarni
Yolg‘izdirman, topilmas hamroz.
Oh, qaydasiz, ozod do‘stlarim,
Oqqushlarim, beringlar ovoz.
Chorlamasman qo‘shiqlar kuylab,
Ko‘z yosh bilan qaytarmam ortga.
Lekin tunda, qayg‘uli o‘ylar,
Duolar-la olaman yodga.
Bo‘lib ajal o‘qiga nishon
Qulab tushdi nogoh biringiz.
Biri meni o‘pgani zamon
Qarg‘a bo‘lib ko‘z ochdi, essiz…
Lek yilda bir bo‘ladi sodir,
Qalin muzlar erigani dam,
Ekaterina bog‘idan dilgir
Pok suvlarga boqaman men ham.
Va eshitgum: tarar suv yuzin
Keng qanotlar moviy dur socha.
Buzib mangu zulmat tuzugin
Kim qabrimga ochdi daricha?
* * *
Jilmayishni tamom unutdim —
Sovuq yelda muzladi labim.
Abas bo‘ldi bitta umidim,
So‘ng bittaga ortdi qo‘shig‘im.
Shu qo‘shig‘im bergum noiloj,
Mayli bo‘lsin masxara, kulgi.
Chunki dilga botmoqda yomon
Muhabbatning uzoq jimligi.
* * *
Toshdek og‘ir va metin bir so‘z
Qulab tushdi tirik bag‘rimga.
Sezgan edim — na hojat afsus?
Ishonaman axir sabrimga!
Bugun ko‘pdir yumushim: zotan
Xotiramni etgayman barbod.
Toki toshga aylansin diydam
Va qaytadan boshlayin hayot.
Yo‘qsa… Bu yoz shitirlab chunon
Tashqarida boshlab qolar to‘y.
Menga esa tanishdir mudom —
Yop-yorug‘ kun, huvillagan uy.
22 iyun. 1939.
Favvorali uy.
* * *
Orzudan yuz burib, horib o‘ylardan
Qishga zorman — hamma bo‘lganday bezor.
“Yomg‘ir tinadi” deb beruvding va’da,
U esa quymoqda sharros va takror…
Xonam oynasidan boqib faromush
Ko‘rganim ro‘yomi, haqiqat bu on?
Qachondir aytganding: “Hayot — misli tush”,
Uyg‘onib ketdim, lek tirikman hamon.
Ertangi kun esa rol berar o‘zga,
Telbavor jaranglar kulgularim ham.
“Sevgi — azob” devding tik boqib ko‘zga,
Xatodir so‘zlaring. Sevgi — jahannam.
Gulnoz Mo‘minova tarjimasi
* * *
Dedi: — Nechun bugun yo‘q tobing,
Va qo‘limni siqdi bildirmay.
Dedim: — Chunki qismat sharobin
No‘sh ayladim tomchi qoldirmay…
Chiqdi, ketdi — qanday unutay —
O‘girgancha mendan yuzini..
Eshikkacha to‘siqni sezmay
Men yugurdim, bilmay o‘zimni.
Faryod urdim: — Oh, hazil edi!
Sen ketsang, men o‘laman,axir!
Qayrilarkan beomon dedi:
— Shamollaysan, ichkariga kir!..
* * *
Uzoqlarda o‘lsam va unga
Juda ham kech yetsa bu xabar,
U titramas, achinmaydi ham,
Kulib qo‘yar beg‘am, bekadar.
So‘ng eslaydi: Neva bo‘ylari..
Qorga cho‘mgan osmonu zamin…
Va eslaydi: “Seni bir umr
Asrayman!” deb ichgan qasamin.
* * *
Bog‘lanmadi yurak-yurakka,
Istasang ket, qo‘y meni yakka.
Etish mumkin har bir tilakka,
Bog‘lamasa kim o‘z yo‘lini.
Yig‘lamasman, navo qilmasman,
Yo‘q, baxtingga da’vo qilmasman.
O‘pma meni, charchadim, bas, man,
O‘lim kelar o‘pgani meni!..
Yashab o‘tdim g‘amboda, dilxun
Uzun qishlar oqshomi beun.
Nima uchun, oh, nima uchun,
Ortiq ko‘rdim hammadan Seni?!
* * *
Berkitmadim eshikni bu kech,
Yondirmadim shamchiroqni ham.
Sen bilmaysan, qanchalar toldim,
So‘ramayman va lekin malham —
Sen bilmaysan tungi shafaqda
Qanday so‘nar eng so‘nggi shu’la.
Mustag‘riqlar tovushin “Sen” deb,
Yugurganim yo‘lga bir yo‘la…
Yo‘q bilmaysan, makruh bu hayot
Yo‘qotmishin muhr etar yodga.
O, men qanday ishonar edim,
Qaytasan deb bir kuni ortga!..
* * *
Sen endi vazminu aftoda, ezgin,
Orzu va shuhratdan mangu yiroqsan.
Lekin men uchun sen, tuzalmas sevgim,
Shuncha yaqin, shuncha qorong‘uroqsan!
Mayga yukingansan.
Tunlaring nopok —
Eslolmaysan nelar ko‘rganing xobda.
Lekin ma’yus, ma’sum ko‘zingdan ayon:
Taskin topolmassan sharobi nobdan!
Men yurakka tezroq so‘rayman ajal,
Sudralgan umrimga qazoning tinchin.
G‘arb shamoli menga keltirar har gal,
Sening malomating, sening o‘tinching…
Qayta olamanmi yoningga nahot?!
Bo‘z osmon yopingan vatanda tanho
Men seni kuylayman va aylayman yod,
Sen meni eslashga urinma ammo!
Shunday kunlar o‘tar, g‘am esa ortar,
Men qanday sen uchun so‘rayman karam?!
O, rost aytding, mening sevgim shundayki:
Iloj topolmassan o‘ldirmoqqa ham.
Zebo Mirzo tarjimasi
* * *
Buncha o‘zgaruvchan mening qismatim,
Yo kimdir bormi bu o‘yin ortida?
Qani o‘sha qishlar? Yotib uxladim,
Ertalabki soat oltida.
Yangicha, xotirjam va g‘azab bilan
Yashayman yovvoyi qirg‘oqlar bo‘ylab.
Yoqimli so‘zlar yo‘q. Na bordir bayram,
Endi aytolmayman ochib lab.
Bayram bo‘lishiga ishonchim yo‘qroq,
Balki ta’siridir yam-yashil cho‘lning.
Quyosh yalab o‘tgan bu silliq qirg‘oq,
Go‘yo iliq to‘lqini yo‘lning.
Baxtga intizorman. Chiqmas charchog‘im,
Shundayin sokinman — qolgan umrimda.
Hech qachon ta’rifga sig‘magan titroq,
Orzular bor edi tasavvurimda.
* * *
Topolmadim yuragingga yo‘l,
Gar ketmoqchi bo‘lsang, ketaver.
Oldindan baxt tayyorlangan, mo‘l,
Kim bu yo‘lda bog‘lay olsa bel.
Yig‘lamayman, qilmagayman arz,
Baxtli bo‘lish menga noravo.
Charchaganni o‘pmagin bu tarz –
O‘lim o‘par meni beparvo.
O‘tib ketdi eng azobli kun,
Go‘zal, oppoq qish bilan birga.
Nima uchun, oh, nima uchun –
Sevgilimdan yaxshisan, nega?
* * *
Mana, yana bir o‘zim qoldim,
Sanash uchun bo‘m-bo‘sh kunlarim.
O, ozod ruh do‘stlarim mening,
O, o‘zimning oppoq qushlarim.
Chaqirmayman sizni qo‘shiqda,
Qaytarmayman ko‘z yoshlar bilan.
Ammo tungi g‘amgin musiqa –
Ibodatda unutolmayman.
Etib olib o‘q bilan o‘lim,
Orangizdan yiqitar kimni?
Qoraquzg‘un uzatib qo‘lin,
So‘ngra o‘pa boshlaydi meni.
Bir bor bo‘lar faqat bir yilda,
Faqat eriganda qalin muz.
Ekaterinaning bog‘ida –
Toza suvga to‘lganda hovuz.
Eshityapman qanot tovshini,
Moviy gumbaz ustidan ravon.
Bilmam, ochdi kim derazani
Tobutlarning zulmati tomon.
* * *
Sen doim sirlisan va o‘zgaruvchan,
Itoat qilyapman senga kun sayin.
O, do‘stim, sevgingda yo‘qdir shafqat ham,
Sinoving qahrli olovday mayin.
Taqiqlab qo‘ygansan kuylash, kulishni,
Ibodat qilishni avval etding ma’n.
Sendan ayrilmasam bo‘ldi ishqilib,
Qolgani baribir! Nima bo‘lsa ham.
Er bilan osmonga begona bo‘ldim,
Endi kuylashni ham jonim etar rad.
Go‘yo sen do‘zax yo jannatda, do‘stim,
Olib qo‘yding ozod qalbimni faqat.
* * *
Yuborib o‘tirma kabutarlaring,
Yoza ko‘rma hecham xavotirli xat.
Yuzimga yelpima martning shamolin,
Kecha kechda ko‘rdim yam-yashil jannat.
Tana va qalbimga quyildi sokin,
Chodir ostidagi terakdan faqat.
Ko‘raman shaharni xuddi shu yerdan,
Saroy yonidagi do‘kon, yerto‘la.
Muztepada Xitoy ko‘prigi sari,
Uch soatdan buyon kutasan – sovuq.
Lek ketib bo‘lmaydi eshik oldidan,
Hayratga soladi yangi yulduzlar.
Sakrayman olmaxon bo‘lib daraxtda,
Yugurib yuraman sichqonday cho‘chib.
Chaqirgim keladi seni oqqush deb,
Qo‘rqinchli bo‘lmaslik uchun kuyovga.
Moviy qor aylanar boshimda uchib,
Kutib turish shartmi o‘lgan kelinni?
* * *
Yigirma birinchi. Oqshom. Dushanba,
Zulmatda tovlanib ko‘rinar poytaxt.
Sevgi borligini aytdi olamda –
Qaysidir bekorchi, qaysi aqli past.
Dangasalikdanmi, yo zerikishdan,
Hamma osongina unga ishondi.
Hamma qo‘shiq aytdi sevgidan, ishqdan,
Tongda – ayriliqdan qo‘rqib uyg‘ondi.
Va lekin ochildi sirning barisi,
Uyquday elitdi sokinlik har dam.
Tasodif urilib ketdim. Va men ham
Xuddi shu kasalga chalingandayman.
* * *
Ko‘rishdik o‘shanda takror. So‘nggi bor –
Qirg‘oqda avval ham uchrashgan joyda.
Nevada suv jo‘shqin oqar beg‘ubor,
Va yana toshqindan qo‘rquv hammada.
Gaplashdik yoz haqda. Va shunday dedi:
Shoirlik ayolga — yarashmagan ish.
Qanday eslab qoldim men baland uyni,
Va Petropavlovning sinchlari tanish.
Hattoki, bizniki emas-ku havo,
Naqadar mo‘jiza – Tangri sovg‘asi.
Shu onda berildi menga bebaho,
Telba qo‘shiqlarning so‘nggisi.
* * *
Mening soyam qoldi sog‘inib bedor,
Hali ham yashar u ko‘m-ko‘k xonada.
Shahardan mehmonlar kelar beqaror,
Sirlangan idishlar qolmas panada.
Uncha xotirjamlik emas uyda ham,
Qancha olov yoqsin, uy qop-qorong‘u.
Shundan zerikadi uy bekasi ham,
Shundan er vinoga qo‘ygandir ruju.
Eshitilar devor ortidan ovoz,
Men suhbat quraman mehmon bilan soz.
Xosiyat Rustamova tarjimasi
KAKKU
Kakku kabi tutqundirman
Men bu soat ichinda,
O‘rmondagi qushlar ozod,
Men itoat ichinda.
Toblashadi, sayragayman:
Kuk-ku, kuk-ku, kuk-ku, kuk-ku…
Amrin bajo aylagayman:
Kuk-ku, kuk-ku, kuk-ku, kuk-ku…
Boshga tushgan bu qismatdan
Bo‘ldim ado men benavo,
Bu kunimni dushmanga ham
Ko‘rmagayman aslo ravo.
* * *
Kulmay qo‘ydim, dilda yo‘q quvonch,
Bu ayozda qovushmaydi lab,
Kamayadi yana bir ishonch,
Ko‘payadi bitta ashula.
Endi achchiq kulgi, beomon
Haqoratga loyiq bu qo‘shiq,
Menga azob beradi yomon
Yuragimda sir saqlagan ishq.
* * *
O‘q otasan zimdan pinhona
Yuragimni olib nishonga,
Sog‘inchimni – qushimni yana
Quvmoq uchun tun-zimistonga.
Titramaydi qo‘ling, azizim.
Mening sabrim tugar nihoyat.
Dildan uchur sog‘inchim – qushim,
Shoxga qo‘nib kuylaydi bayot.
Eshitilar unga bu xonish,
Ochar derazaning ko‘zini.
Deydi: “Juda tanish bu tovush,
Tushunmadim ammo so‘zini”–
So‘ng yumadi ko‘zini.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi