Aleksandr Tvardovskiy (1910-1971)

Tvardovskiy Aleksandr Trifonovich [1910.8(21).6, Smolensk viloyati Pochinkov tumani — 1971.18.12, Moskva viloyati] — rus shoiri va jamoat arbobi. Moskva tarix, falsafa va adabiyot institutini tugatgan (1939). SSSR Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi kotibi (1950—54, 1959—71). «Novыy mir» jurnali bosh muharriri (1950—54; 1958— 70). Yevropa yozuvchilari jamiyatining vitse-prezidenti (1963—68).
«Muqaddima» (1933) dostoni va «Kolxoz raisi kundaligi» (1932) qissasida qishloq qayotidagi o‘zgarishlar aks etgan. «Muraviya mamlakati» dostoni (1936) g‘oyaviy-badiiy jihatdan Tvardovskiy ijodida muhim o‘rin egallagan. 2-jahon urushi yillarida Tvardovskiy front gazetalarida ishlagan. (1941—45). «Vasiliy Tyorkin» (1941—45), «Yo‘l chetidagi uy» (1946), «Yiroqyiroklarda» (1953—60), «Shu yillar lirikasidan» (1967) va boshqa rus she’riyatida katta voqea hisoblangan.
Tvardovskiy rus adabiyotining, rus yozuvchilari ijodining muhim muammolariga bag‘ishlangan adabiytanqidiy asarlar ham yaratgan («Vasiliy Tyorkin» ыanday yozildi?», 1951—56; «Adabiyot haqida maqolalar va mulohazalar», 1961; «Blok haqida», 1955; «Pushkin haqida so‘z», 1962; «Bunin to‘g‘risida», 1965 va b.). Ayrim asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan («Front she’rlari», 1941, «Vasiliy Tyorkin», 1962 va b.). O‘zbekiston hayotidan she’rlar, maqolalar yozgan.


SO‘Z HAQIDA SO‘Z

Yonsa qalbda zo‘r bir ehtiros,
Tug‘yon qilsa shodlik yo alam,
Taajjubkim, tuyg‘ularga mos —
So‘z topolmay qoladi odam.

So‘z ko‘p — inson kurash, mexnatin
Bayoniga yetar ifoda.
So‘z yo‘qotgay ammo qimmatin
Takror bo‘lsa haddan ziyoda.

So‘zlar borkim, yo‘llarda charoq,
Shular bilan yorug‘ hayoting.
Bilki, ular qadrin tushirmoq
Jinoyatga, xiyonatga teng.

Shu bois ham, ey ona diyor,
O‘tinaman, ma’zur tut meni,
Garchi dilda so‘zlarim bisyor,
Maqtamadim bari-la seni.

Sen so‘z emas, mehnat bilan shan, —
Shu sababdan men ham doimo
Balandparvoz so‘zdan qo‘rqaman,
Nopoklikdan qo‘rqqanday go‘yo.

Quruq manman emas, har qalay
Bir shoirman o‘zimdan ogoh.
Madhing bo‘lsa har qancha qilay,
Lekin faqat bo‘lmayin maddoh.

Senga boqar mehr ila bashar,
Shuhratingdan hayratda olam.
Yaltiroq so‘z uyatga qo‘yar
Tiriklaru o‘liklarni ham.

Ular ko‘z-ko‘z qilib zohirin,
Muzdek borib tegar yurakka.
Ertak yanglig‘ hayot tasvirin
Aylantirar yolg‘on cho‘pchakka.

So‘z — bu mening oshi halolim,
So‘z men uchun nonday muqaddas.
Shuning uchun bas, deyman doim,
Kutlug‘ so‘zni isrof qilmoq bas.

So‘z-ku axir aqllarga toj,
Yuraklarga otash — so‘z, axir.
Olam aro bo‘lmasin toroj
Javohirlar ichra javohir.

Sochmang yerga nuqrani qumdek,
Sovurmanglar uni havoda.
So‘z ham xuddi haqiqiy so‘mdek
Yursin faqat oltin bahoda.

ShE’RIM

Barcha orzu muyassar bo‘lib,
Etsam deyman bir niyatga ham.
Men she’rimni uy-joylik qilib,
Ro‘yhatlardan o‘tkazib qo‘ysam.

Qidirganning bo‘lsa ko‘ngli to‘q,
Demasalar — chiqib daf’atan:
— Tanimaymiz, bunaqa zot yo‘q,
So‘rab ko‘ring boshqa ko‘chadan.

Bo‘lsa deyman u barchaga yor,
Barcha javob bersa barobar:
— Bo‘lmasam-chi, taniymiz, u bor,
Ha, shu yerlik, bizga birodar.

Chollar desa, — ko‘pdan bilganmiz,
Yaqin do‘stmiz, ko‘hna qadrdon,
Biz u bilan jangda bo‘lganmiz,
Berlingacha bordik yonma-yon.

Bolalar ham uni eshitib
Yugurishib kelsalar edi.
— Ha, taniymiz, hatto yod etib
Aytishamiz, — desalar edi.

E’zoz bilan demasman, biroq
Mehr bilan ochsalar bag‘ir:
— Ha, shu yerda. Bo‘lganda qandoq,
Usiz yashab bo‘lurmi, axir!

Shunda qolmas edi armonim,
To‘q bo‘lardi ko‘nglim, albatta.
Ishonch bilan shunda o‘zim ham
Borman derdim elda ro‘yxatda.

SEN VA MEN

Sen kech turding, lanjsan, senga
Olam zimiston.
Men tong bilan turdim, menga
Borlik nurafshon.

Sen uyquga to‘ymagansan,
Tajang, g‘azabnok.
Men shodonman, ko‘nglim ravshan,
Jismu dilim pok.

Kuch bo‘lsin deb tongni qildim
Men ko‘ksimga jo.
Mana kemam — ish stolim,
Men darra guyo.

Senga olam go‘zalligi
Tamom begona.
Senga oshno tushkunligu
G‘ashlik yagona.

Sening uchun yomon hamma,
Hatto o‘zing ham.
Deysan, xoh yoz, xohi yozma,
O‘tar bu olam.

Qayon boqsang faqat tanglik
Ko‘radi ko‘zing.
Sen kimdursan? Ming attangki,
Sen — mening o‘zim.

Sening barcha fe’l-atvoring
Menda bo‘lmish jam.
Hayriyatki, butun borim —
Senmas hali ham,

Men — sen bilan men emasman,
Ichaman qasam.
Men — menman, to seni o‘zdan
Olib tashlasam.

TIRIKLIK HAQIDA

Qiziqmasman shuhratga ortiq,
Davlatga ham qilmasman xavas.
Faqat tonggi alvon shafaqdan
Bir bo‘lagi menga bo‘lsa, bas.

Bolalikning ilk xotirasi,
Bug‘doy ungan zamin nafasi,
May yomg‘iri yuvgan qayinzor —
Bir bo‘lagi men uchun darkor.

Ufqqacha mavjlanib yotgan —
Ko‘k dengizning sokin bo‘ylari.
O‘tli davron, o‘tli yoshlikning
O‘tli qo‘shiq, o‘tli kuylari.

Toledan ham, falokatdan ham
Bir bo‘lagi men uchun bo‘lsin.
Toki nima his qilsa odam
Yuragimga kelib qo‘yilsin.

Olamda ne dard bor, quvonch bor
Barchasini ko‘rsin o‘z ko‘zim.
To so‘nggi dam aytayin, halol
Aravamni tortganman o‘zim.

Erkin Vohidov tarjimasi

AYoVSIZ XOTIRA

Saraton taftini purkaydi havo,
Nafasni qaytarar dimiqqan o‘rmon.
Anqir qovjiragan o‘tloqlar aro
Turfa xil ang‘izlar isi – qadrdon.

Pastlikda mudragan soy oqar vazmin,
Butazorlar uzra sukut ko‘lkasi:
Eshitilib qolar kakkuning hazin,
Bahorni daraklab kuylagan sasi.

Javzo otashiga yo‘g‘rilgan damlar –
Mening bolalikdan sevgan faslim bu.
Chiqqanga o‘xshayman xuddi ilk sahar
Yaylovga mollarni haydab beuyqu.

Bari xotiramda to‘kis namoyon:
Baxmal adirlarda shudring kechganim;
Cho‘pon bolalarga farog‘atli on –
Subhidam, choshgohlar yodimda manim.

Oftob ham yodimda – yelkadan obdan
Qizdirib, uyquga eltardi biram.
Yodimda, mollarni soy tomon quvgan
Xira so‘nalarning g‘o‘ng‘illashi ham.

Olis bolalikning suyuk ermagi –
Xarsangga cho‘kkalab biron ovloqda
Kaltak yo‘nar edik, o‘sha damdagi
Surx novda islari hanuz dimog‘da.

Garchi bolaligim ushbu kun yiroq,
Ko‘rinar u tonggi shabnam ichra jo.
Bu shan xotiralar vaslidan biroq
Bahra ololmaydi yuragim aslo.

Bo‘lak bir xotirot o‘ziga tobe –
Qilib olgan mening hissim daf’atan.
Tag‘in handaqlarning maxsus niqobi –
O‘t-o‘lan singari is tarar yovshan.

Olis bolalikdan tuyganimdek, ha,
Dilim orziqtirar uning dorishi.
Lekin o‘pqonlarning otash dudiga
Bu is keyinchalik ketdi qorishib.

Qorishdi safarlar to‘zoni, kuli,
Askar yelkasining qat-qat sho‘ri boz.
Ayni qirq birinchi yilning iyuli –
Urush dahshatidan hansiragan yoz!

Janglar girdibodi zo‘rayib kunda
Lojuvard osmonni etganda qora.
Bolalik, yoshlikdan ayrildim shunda
Men o‘z hayotimda ikkinchi bora.

Kechmoqda mehnat-la andarmon umrim,
Hayot laziz menga, yashab tolmayman.
Ilgarigi teran zavq bilan lekin
Dala-adirlarga boqa olmayman.

Ko‘nglim allanechuk ginasi borday,
Oshno so‘qmoqlarga talpinmas sira.
Qayoqqa qaramay, qayoqqa bormay,
Iskanjaga olar zolim xotira.

Uning azoblari, zaqqumi to‘la
G‘alayon bag‘rimda bilmas aslo tin.
Toki qaytmas kulfat bo‘lib, bir yo‘la
Yo‘qolmagunicha dunyodan qirg‘in!

1951

ONA VA O‘G‘IL

Ona ko‘zida
Teran bir tuyg‘u.
Nima istasin
O‘g‘li uchun u?

Baxt tilasinmi –
Baxtiyor har on.
Yo sog‘liq so‘rsin –
U yosh, navqiron.

Yo‘qlab tursinmi
Tug‘ilgan joyin, –
U harbiy, axir,
Vaqti ziq doim.

Unutmasinmi
Onasin faqat, –
Axir, Qutbdan
Turib yozdi xat.

Shamollama deb
Qilsinmi qayg‘u –
Shundoq ham issiq
Kiyinadi u.

Yoki yor tanlab
Bersin o‘g‘liga, –
O‘zi topgaydir,
G‘am cheksin nega.

Ona ko‘zida
Teran bir sukut.
O‘g‘lin fe’lida
Hamma narsa but.

Parvoz haqida
Bekordir so‘zi.
Qanday uchmoqni
Biladi o‘zi.

Osonroq ishni
Ko‘rsinmi ravo, –
Chayir o‘g‘liga
Yo‘qdir muammo.

Uchgan u, uchar
Undan nariga.
Qiyin bo‘lsa gar
Chidar bariga.

Ammoki yovga
Duch kelgani choq,
O‘z jonini u
Topshirmas shundoq.

Ona-ku, axir,
Bilmasmi shuni…
Boqar o‘g‘liga
Chiqmayin uni.

1937

* * *

Men qahramon o‘sgan hovlida bo‘ldim,
Hozir unda yashar keksa onaxon.
Va yana yigitcha – ikkinchi o‘g‘il,
G‘amnok volidaga quvvat va darmon.

Bosilmagan uning ko‘nglida faryod,
Ko‘z yoshini to‘kib olar pinhona, –
Fursat topildimi – o‘qiydi bot-bot
Jimit qog‘ozdagi so‘zlarni ona.

Ul «qora xat»dagi har bitta imlo
Yuragin qatiga vobasta bo‘lgan.
O‘ltirar borliqni unutib go‘yo,
Mudom ro‘molchasin tushirmay qo‘ldan.

Shu qo‘llar silagan murg‘ak o‘g‘ilni,
Boshqa hech kimsaga ishonmay taqir.
Kulfatli safarga kuzatar kuni
To‘ymayin quchgan ham shu qo‘llar, axir.

Bir kun dovrug‘ yoydi o‘g‘lin ta’rifi,
Soldi jasorati qalblarga titroq.
Qishlog‘ida uning ism-sharifi
Qadrdon emasdi ko‘plarga biroq.

Chunki yosh edi-da, ishongan kim ham
Uning shundoq щuhrat qozonishiga.
Lekin onasi-chi? Onasi dildan
Bunga ishonardi, ishonardi, ha.

Olovning bag‘ridan qo‘rqmasdi chandon,
Yuksak edi, axir, unda nomus-or…
Burchakda turardi u chalgan garmon,
Sevgan kitoblari – javonda qator.

Kenjasiga boqar volida purg‘am:
Qo‘lidan ne kelar, ojizdir butkul.
Tirishar o‘yinda, o‘qishda u ham
Jasur akasiga o‘xshashga nuqul.

1970

IKKI SATR

Qaydnomam bor edi daftar qatida –
Ikki satr – jangchi yigit haqida;
Bevaqt uzilgandi yoshgina joni,
Finlar urushining edi qurboni.

Bamisli charchagan boladek holsiz
Yotardi muz uzra jasadi yolg‘iz.
Qorga qorishgandi shinelin bari,

Qalpog‘i uchgandi o‘zidan nari.
Yiqilmagan edi yigitcha chog‘i,
Faqat bosgan edi qayg‘uning tog‘i,
Yuragida ajib armonning dog‘i…

Jang payti yodimga tushar ushbu hol –
Bovar qilolmayin mudom aqlim lol:
Beshafqat qismatni o‘zda qilib jo –
Yalang‘och muz uzra uzangan tanho.

U yosh jangchi emas, edim men o‘zim,
Qirovga ko‘milib qotgandi ko‘zim.
Go‘yo shu urushda yosh bola bo‘lib,
Yotar edim jonsiz, paymonam to‘lib.

1943

* * *

Yalangoyoq bolakay – yupun,
Elkasida kichkina to‘rva –
Toliqib, u tamaddi uchun
To‘xtagandi kattakon yo‘lda.

Qotgan non va bir juft kartoshka
To‘ldirmaydi nahot qursoqni, –

Kattalarga o‘xshab kafti-la
Avaylardi har bir ushoqni.

Mashinalar uchun bir ermak –
Ko‘tararlar to‘zon tepaga.
To‘xtab o‘tar yo‘lovchi erkak:
– O‘g‘lim, yetim bo‘lsang kerag-a?

Rangi-ro‘yi za’faron, xira,
Rahming qo‘zg‘ar, ehtimol, shundan.
O‘tgan-ketgan erinmas sira
So‘ramoqni bu haqda undan.

Lekin u tik boqar, chizmas yer
Va sinovchan qarar, kuzatib.
– Xo‘sh, yetimcha, – deyishing-la der.
– Tamakidan bo‘lsa, uzating.

1943

* * *

Xuddi tuygan kabi g‘amni ichida,
Urush solmay hali yurakka dog‘lar –
Qirq birinchi yilning boshlanishida
Mislsiz ayozdan qaqshadi bog‘lar.

Zamin uzra ko‘klam ayni mavj urgan —
Damlar tuysang hamki ajib farahni,
Ko‘rmoq dardli edi qaqqayib turgan,
Qayta barg yozmagan dovu daraxtni.

Kenglikka ko‘z tashlash og‘riqli, malol,
Garchi tiniq ko‘kda quyosh charaqlar,
Qishning panjasida topgandi zavol
Qotalari durkun, ko‘rkam daraxtlar.

Kulfatli, g‘amzada yillar ham o‘tdi,
Dov-daraxt kuch topib ko‘kladi yana.
Har yonda gul-chechak. Urush ham bitdi.
Faqat sening yig‘ing tinmaydi, ona.

1945

* * *

Bizdan yiroq, bizga yot yoqlar –
Jilg‘a o‘ygan dala-qirlarda
Bosh ko‘tara boshlar giyohlar,
Bahor hidi anqir yerlarda.

Chopar suvlar qirg‘oq talashib,
Quvonchlari bilmas sira chek
Va bo‘y tarar chechaklar ajib,
Xuddi bizning yurtlardagidek.

Borliq seni aylaydi sarhush,
Allanechuk farah tuyar dil.
Go‘yo yo‘qdek dunyoda urush,
Go‘yo yo‘qdek masofayu yil.

– Nahot! – deysan, yurakda kinlar,
Olislarga singib sen izsiz, –
Qaridilar bizsiz xotinlar,
Ulg‘aydilar farzandlar bizsiz?..

1945

* * *

Ushbu iqrorimda bari mujassam:
Garchi so‘zim mudom qalbim tubida,
Marhum va tiriklar haqda hammadan
Ko‘proq haqiqatni men bilaman, ha.

Lekin men bu so‘zni hech kimga zinhor
Ishona olmayman. Va uni hatto
Ulug‘ Tolstoy ham aytmog‘i dushvor,
Mayli, sanasin u o‘zini xudo.

Men oddiy odamman. So‘zimga har choq
Javob bermoqlikka tayyordirman, chin.
Qalbim tubidagi gaplarni biroq
Aytmoqni istayman emin va erkin.

1958

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi