Marfug‘a Aytxo‘ja (Marfug‘a G‘aliqыzы Aytxoja) G‘arbiy Xitoyning Shinjon o‘lkasidagi G‘ulja shahrida dunyoga kelgan. Qozoq tilida o‘rta maktabni, qizlar gimnaziyasini bitirib, so‘ng ikki yil mobaynida shu gimnaziyada muallimlik qilgan. 1958 yil ota yurti – Qozog‘istonga qaytib kelib, “Qozoq adabiyoti”, “Qozog‘iston muallimi” gazetalarida xizmat qilgan. 1962 yilda ilk she’riy to‘plami – “Bolquroq” nashr etilgan. Shu yillarda Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
Uning “Qoyadagi yozuv” (1968), “Oqquvim mening” (1971), “Qorako‘z oyim” (1973), “Ko‘zimning qorasi” (1975), “Oq beshigim” (1980), “Parda” (1981), “Qiron yetgan” (1985) singari she’riy kitoblari o‘quvchilar e’tiborini qozongan.
Marfug‘a Aytxo‘ja – XX asr qozoq she’riyatiga olovli satrlari ila hissa qo‘sha olgan shoira sanaladi. Uning xalqona ohanglardagi, milliy tuyg‘ularga boy she’rlari ayollar orasida juda mashhur.
U Abay nomidagi Qozog‘iston Davlat mukofoti sovrindori.
* * *
Yot qal’alar qalb ochmasin qancha sanga,
Etmagay hech tuqqan yering, tosh qo‘rangga.
Olis ketib qolganingda sog‘inch o‘ti,
O‘rtamasmi yuragingni har bir damda?
Umr yo‘ling o‘z kulbangdan boshlanmasmi,
Uni qo‘msab ko‘zing endi yoshlanmasmi!
Axir, shunda eshitgansan ilk marta sen,
Dunyodagi “alla” degan shirin sasni.
Qancha kezma o‘zga yerlar gulbog‘ini,
Qo‘msagaysan tuqqan yering tuprog‘ini.
OVULGA BORGANDA
Hamon bunda soylar tiniq, tinch oqar,
Cho‘qqilardan tong mo‘ralab zar sochar.
Jamlanmishdir ovul bo‘lib bu joyda
Bir-biriga hazilkash, sho‘x ovsinlar.
Hammasi ham kuyunchagu nozi chin,
Or-nomusli, yuragida yo‘qdir kin.
Parvonadir yangam o‘choqboshida
Barra go‘shtga qo‘sha solib qazisin.
O‘rtadadir hamon hazil, so‘z, o‘yin,
Kuzataman odamlarning rang-ro‘yin.
Qora saba* ostonada lim-limdir,
Oshirar u oddiy kulba obro‘yin.
Barin qalbga juda yaqin olasan,
Yuragingga shirin o‘ylar solasan.
Kechagi bir jimitgina qizchaning
Bo‘y yetganin sezmayin ham qolasan.
Cho‘g‘ axtarib endi qaytmas damlardan,
Beixtiyor ko‘zlaringni namlarsan.
Ko‘rib sendan keyin o‘sgan yoshlarni,
O‘zingning ham ulg‘ayganing anglarsan.
_____________
* Saba —qimiz solish uchun ot terisidan qilingan ulkan mesh.
UMR SO‘QMOG‘I
Umr degan emasdir otliq kishi,
To‘lib yotar har qayda g‘am-tashvishi.
Jilmaysa goh xush ko‘klam qizdek mayin,
Achchiq qahrin sochar goh qattiq qishi.
Gohi jonga tirnog‘in botiradi.
Goh oldingda allalab o‘tiradi.
Har maqomi oqartib boshda sochim,
Sinovlarga otmoqni xush ko‘radi.
Borar umrim so‘qmog‘i baland-pastdan,
G‘udranadi g‘animlar alam-qasddan.
Yiqilganga yo‘yarlar sal surinsam,
Mening asli kimligim anglamasdan.
* * *
Qizil guldek tovlanarman qoshingda,
Qo‘shiq bo‘lib qolarman men esingda.
Seni sevgan qalbimga dog‘ tushirsam,
Tuqqan elim, kechirma!
Armonim ne, bir koringga yarasam,
Armonim ne, menga kulib qarasang.
Armonim ne, to‘lqin urgan sochimni
Ko‘klamingning yellari-la tarasang.
Sen buyurgin, jabhalarga men boray,
Ummonlardan duru gavhar axtaray.
Bilmaganim bu umrda ko‘p hali.
Ne sababdan kibrlanay, maqtanay!
Qizil guldek tovlanarman qoshingda,
Qo‘shiq bo‘lib qolarman men esingda.
Seni sevgan qalbimga dog‘ tushirsam,
Tuqqan elim, kechirma!
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari