Kakimbek Saliqov (Kәkіmbek Salыqov) Ko‘kchatov viloyatidagi Volodar tumanida dunyoga kelgan. 1953 yili Moskvadagi Rangli metallar institutini bitirgan. Bolalikdan she’rlar mashq qila boshlagan. 60-yillardan buyon matbuotda asarlari chop etiladi.
Uning “Sir” (1970), “Jez kiyik” (1973), “Nurli ayyom” (1976), “Shudringli kunlar” (1981), “Tafakkur siri” (1980), “Chin yurakdan” (1981) nomli she’riy majmualari nashr etilgan.
Shoir hukumatning bir qator orden va nishonlari bilan taqdirlangan.
ShAFQAT HAMShIRASI
Noxos
mohir mergan
otgan o‘q misol
Xastalik
tig‘ urdi
naq yuragimga.
Itday azob chekdim,
bechora, behol,
Ajal quloq soldi
pok tilagimga –
O‘lmadim…
Ammoki, og‘riq,
jongir dard,
Nochorlik dam-badam so‘rdi
qonimni.
Hamshira
boshimga egildi
bir payt,
Shirin so‘zlar aytdi,
tinchitdi meni…
Yana
dil uyimga
qaytdi orzular,
Qaytdi
Ishq,
Umidlar,
E’tiqod,
Imon.
Manglayim silagan
u taftli qo‘llar,
Ochig‘ini aytsam,
do‘stlarim,
hamon
Ko‘nglimni ilitib turibdi
muqim.
Kechami,
Kunduzmi,
Etmay imdodga,
Malhamga zoriqib,
dard cheksa ruhim,
O‘sha hamshirani
olarman yodga…
Inson bor,
xastalik
ba’zan berar pand,
Ammo hammavaqt ham,
qaltis fursatda,
Hamshiralar yo‘qlab,
xuddi jigarband,
Dardimizga
davo topar,
albatta…
Yana
dard kunjida
qolsa jismu jon,
Kechami,
Kunduzmi,
Etmay imdodga,
Yorim eslaganday,
men u mahzun on,
Shafqat hamshirasin
olaman yodga.
Tohir Qahhor tarjimasi.
DILIM TITRAB KETAR…
Ko‘nglimga yaqindir kuzak damlari,
Uning bag‘ri to‘la shukuq va ash’or,
Unda mujassamdir tarovat bari,
Unda saxovatning nashidasi bor.
Havolari sarin — toliqmas yurak.
O‘tgan kunlarimga yasayman yakun.
Uchib kelayotgan qushlarga qarab,
Qo‘shiqlarim ato etaman mamnun.
Kuzning ruxsoriga axtarib tashbeh,
Satrlar bitaman serjilva, teran.
Uzilgan barglarga ko‘zim tushsa lek,
Dilim titrab ketar bexosdan, birdan…
KO‘PRIKLAR
Ayriliq. G‘ussalar. Tashvish-g‘am.
Va lekin toabad,
Muqarrar
Yo‘llar bog‘langandir ko‘priklar bilan,
Ko‘prik-la bog‘liqdir yuraklar.
Ko‘priklar qurdik biz ko‘rkam, muqtasham,
Tutashtirib ne-ne sohil-sarhadni.
Bizlar mamlakatlar aro mustahkam
Ishonch ko‘priklarin o‘rnatdik.
Yil sayin ko‘rk ochib borar ona yer,
Naslimiz loyiqdir hamdu sanoga.
Ularning tolei butun, naqd bo‘lur,
Ko‘prik qurajaklar ular samoga.
Ufqlarda otash lovillab u kez,
Ko‘rgan-bilganimiz bo‘lganda kulfat.
Portlatib ketgandik ko‘priklarni biz,
Lekin ular tag‘in tikladilar qad.
Qunduzlar qorayib,
Kechalar milt-milt
Chorlaydilar ular do‘stdek vafodor.
Faqat yuraklarning orasidagi
Ko‘priklarni qayta tiklamoq dushvor.
* * *
Bahor epkinlari esdilar erta,
Lekin erimasdan yaltirar muzlar.
Ajabsinib boqar qayinlar menga,
Ajabsinganidek ovulda qizlar…
“Uylandi! Yor topdi olis shahardan!” –
Uni ta’na bilan etarlar mulzam.
Mening ko‘nglim o‘sar bu gap-so‘zlardan,
Ajab, eslarkan u meni hali ham.
* * *
O‘z bahorim etgay sarafroz,
Har yon yo‘lim burmasman hargiz.
Boshlansa-da umrimizda yoz,
Endigina qirqtsan oshdik biz.
O‘tar ekan yillar qo‘ynidan,
Yuz tutmaymiz biz yo‘qlik sari,
Zero bu kun ona bo‘lishgan
Senga sinfdosh qizlarning bari.
O‘zgalarning bahoriga men
Soya solmam, o‘zni tutib yosh.
Men har qachon o‘z avlodimning
Taqdiriga qolgum taqdirdosh.
OQ TURNALAR
O‘xshab bamisoli sadaf marjonga,
Jimirlab ko‘rinar ko‘kda turnalar,
Ular singib borar moviy osmonga,
Ular olislarga yo‘l olar.
Balki u ko‘ringan turnalar emas,
Eshilgan arqog‘dir nilufarlardan?
Balki ular ovul qizlari — qushmas,
Oqarib, olislab borarlar bu dam?
Xayrlashar ular dasht bilan g‘amgin,
Garchi o‘zlarini tutarlar quvnoq.
Ularning sha’n, yorqin parvozini jim
Kuzatar bezovta yuragim shu choq.
* * *
Kuyiday qaytgan qushlarning
Munglimi mening bu kuyim,
Yuragim tuyub xumorlik
O‘ylanib goh-goh… qolgum jim.
To‘kilsa yangroq kuy bilan
Til bitib, so‘ylab hislaring.
Ko‘z oldimga mening ushbu dam
Kelar bolalik kezlarim.
Bildirar goho sha’n tovush
Armonli, mungli tilakni.
Oppoq qanotin qoqtsi qush
Uyg‘otib o‘ychan yurakni.
Muhabbat, umid, hayajon
To‘kilsa uyg‘un, topishib,
Ojizlik, kurash va isyon
Jonimda kezgay olishib.
Malomat, hasrat va o‘kinch
O‘zini chetga olmasin.
Oqqushim, uchsang baland uch,
Armoning ichda qolmasin.
Do‘mbiram, yangra bezavol,
Ikkovimiz olis ketarmiz.
Bir kuni horib, ehtimol
Manzilimizga yetarmiz.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari