Qozoq klassik adabiyotining asoschilaridan biri, buyuk shoir va ma’rifatparvar Abay (Ibrohim) Qo‘nonboyev (Abay Qұnanbayұlы) Qozog‘istonning Semipalatinsk uyezdiga qarashln Chingiztov rayonida chorvador oilasida tug‘ildi. Yoshlik chog‘larida madrasada o‘qidi. Keyinchalik rus maktabiga qatnab, rus tili va adabiyotini o‘rgandi. Abay, bir tomondan, Sharq adabiyotining buyuk vakillari Firdavsiy, Navoiy, Nizomiy ijodi bilan, ikkinchi tomondan, A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy, M. Ye. Saltikov-Shchedrin asarlari bilan qiziqib, o‘z bilimini oshirdi.
Abay ijodi yoshlik chog‘laridan she’r yozish va o‘lan aytishdan boshlandi. Uning juda ko‘p o‘lanlari xalq orasida mashhur.
O‘z davrining ilg‘or g‘oyali ziyolisi bo‘lgan Abay ma’rifatparvarlik harakatiga boshchilik qildi. U xalqni savodxon qilish va ruslardan o‘rnak olishga da’vat etdi.
Abay birinchi qozoq kompozitoridir. U o‘z she’rlariga xalq kuylari asosida kuy bastalagan. Abay A. S. Pushkinning «Evgeniy Onegin» asaridan parchalarni qozoq tiliga tarjima qildi.
O‘zbek tilida Abayning «O‘lanlar» (1945) va «Abay Qo‘nonboyev» degan nom ostida ayrim asarlari tarjima qilib bosilgan.
O‘LAN
O‘lan — so‘zning poshshosi, so‘z sarasi,
Qiyindan qiyiltirar er donosi,
Tilga yengil, yurakka iliq tegib,
Tep-tekis, silliq kelsin aylanasi.
Saralanmay bulg‘ansa so‘z orasi,
Bu — oqinning bilimsiz-bechorasi.
Ham oqin, ham tinglovchi ko‘pi nodon,
So‘z tanimas bul yurtning bir porasi.
So‘z boshi avval hadis, oyat bo‘lur,
Shirasi ham ma’nosi g‘oyat bo‘lur.
Payg‘ambar h-am so‘zini o‘lan qilgan;
O‘lan aytay, shoyadki ko‘nglim to‘lur.
O‘landay xutba o‘qib keksa mullo,
O‘lan aytib yig‘lagan valiyullo,
Hamma ham chamasicha o‘lan o‘qir,
O‘lan bilan yozilgan kalimullo.
O‘langa ishqimiz bor qadim choqdin,
Lekin qanday naf bo‘lar maqtanmoqdin!
Ichi zar, sirti kumush so‘z yaxshisin —
Kelishtirar kim ham bor mo‘l qozoqdin?..
So‘zni chertib so‘zlasang har kim siylar,
Maqol qo‘shib so‘zlarkan keksa biylar.
Oqinlari beaql, nodon ekan,
Bekor so‘zni teriday nuqul iylar.
Qo‘lida ham qo‘bizi, ham do‘mbira,
Hammaga maxtov o‘qir, qo‘ymas sira.
O‘lan aytib xayr tilar elni kezib,
So‘z qadrin yerga urar, bo‘lib xira.
Mol uchun so‘zni bezar, vijdon sotar,
Mol uchun bo‘yin egar, molday yotar.
Mol uchun ham aldaydi, ham avraydi,
E xudo, shu oqinlar qachon qotar?
Boylarni maxtay berib so‘z qolmabdi,
O‘lan aytib, mol yig‘ib, boy bo‘lmabdi.
O‘lanning qadri ketdi el ichida,
Qadrini ketkizganlar yo‘qolmabdi…
Keksa biydek maqolga burmagayman,
Yo oqindek xayr tilab yurmagayman.
So‘zim — o‘zga, tinglovchi, sen ham tuzal,
Behuda gapdan suhbat qurmagayman.
El chopgan botirlardan so‘ylab bersam,
Oshiqlar, ma’shuqlardan kuylab bersam,
Anchayin hangoma deb tinglardingiz,
So‘zlarning sarasini so‘ylab bersam…
Ammo aql chaqirilmagan mehmon emish,
Aqli borga bunday umr zindon emish…
Kechiring, nodonlarga tegib o‘tsam,
Bu elda to‘g‘ri aytgan yomon emish…
To‘g‘ri so‘zlik o‘lanim, o‘zing ko‘rkam!
Mayli, tatimasa ham so‘yla bardam…
Bu yurt so‘z oshig‘imas, mol oshig‘i,
Roziman, mingdan biri tushunsa ham…
O‘zi bilan yovlashgan yurtim, tingla!
O‘zi bilan dovlashgan yurtim, tingla!
Dardingga davo bo‘lsin o‘lanlarim,
Bir-birini ovlashgan yurtim, tingla!
Nahot senda qolmagan nomus va or?
Nahot nomus va insof emas darkor?
Teran o‘y, teran ilm yo‘ling ochsin,
Yolg‘on o‘lan va so‘zdan olam bezor…
1887
KO‘KLAM
Ko‘klam kelsa, qolmaydi qishning izi,
Qulp urar ko‘kalamzor yerning yuzi;
Jon kiradi borliqqa, tabiatga,
Ona yanglig‘ jilmayar kunning ko‘zi.
Kulishar, o‘lan aytar yigit-yalang,
Utovda o‘tirolmas qari-qartang;
Jon-jonivor, odamizod yayrab ketar,
Qushlarning qo‘shig‘idan havo jarang.
Qirdagi, soydagi el aralashar,
Qo‘y qo‘zilab, oyoqqa o‘ralashar,
Qish bo‘yi bir-birini ko‘rmaganlar
Quchoqlashar, o‘ynashar, hol so‘rashar.
Tuya bo‘zlar, ot kishnar, qo‘ra shov-shuv,
Kapalaklar gul izlab uchar duv-duv.
Etti rangli gilamday yashil tusda —
Suluv qizday buralib oqadi suv.
Ko‘l yoqalab uchishar o‘rdak ham g‘oz,
Uya izlab yugurar bola shovvoz;
Uchar btni egarlab ko‘lga tushsang,
Chaqmoqday tez ov olar bo‘z dovulboz.
Qanjig‘ada o‘ljasi — ovchi qaytar,
Suluv qizlar nozlanib, salom aytar.
Qush go‘shtiga mos tushar nordon qimiz,
Badaningni balqitar, jimirlatar.
Ko‘klamday kiyinishar kelinchaklar,
Chekkasida gunafsha, boychechaklar,
Qirda to‘rg‘ay sayrasa, soyda bulbul,
Gul bilan to‘lib ketar — tul etaklar.
Dehqonlar qo‘sh qo‘shadi, ekar ekin,
Hafta o‘tmay ko‘karar ekin-tikin,
Savdogarlar mol yuklab, tuya qo‘mlab,
Olis-olis yo‘llardan kelar sekin.
Olamga bezak bergan qodir mavlon,
Er — ona, quyosh — ota, nuri jahon,
Onaday emizdirar ko‘ksidan yer,
Otaday mehr to‘kar yorug‘ osmon.
Bulut o‘tsa arillab oqadi soy,
Kechasi chaman yulduz va to‘lin oy,
Ne qilsin qorong‘ida yarqyramay,
Quyosh chiqar chog‘ida holiga voy.
Quyosh — oshiq yerni ko‘p sevar emish,
Er ishqida o‘rtanib, kuyar emish,
Oshiq yigit ufqdan ko‘ringanda,
Yulduz va oy sevgini qo‘yar emish.
Oshiq — quyosh tun bo‘yi kutar emish.
Visol paytin poylab ko‘z tutar emish,
Sahardan og‘ush ochib sevganini,
Muhabbat olovida o‘rtar emish…
Qish bo‘yi yer — quyoshni izlar mushtoq,
Kuta berib sochlari bo‘larmish oq;
Ko‘klam va yoz vasliga qonib toza,
Gul ochilib, to‘lisharmish, yetmay quchoq.
Quyoshga to‘g‘ri boqqan — ko‘r bo‘ladi,
Quyosh kulsa olamga nur to‘ladi.
Ne bilay, o‘zim ko‘rdim, quyosh har kech —
Oltin chodiriga kirib dam oladi.
1890
* * *
Qozog‘im, sho‘rli yurtim, vayron yurtim!
Qorong‘uda yo‘l topmay, hayron yurtim!
Yomon bilan yaxshini farq qilolmay,
Og‘zida ham qon, ham moy, sarson yurtim!
Qarasam, ajabtovur yuzing sening,
Nechun axir, aldamchi so‘zing sening?
Donolarning hikmati pisand emas,
G‘ofil qolgan, adashgan o‘zing sening!
Tunda uyqung buzilar, kunduz – kulging,
Dardingga em bo‘ladi, moling-mulking!
Ochko‘zsan, ta’makorsan, qurumsoqsan,
Bor savlating boshingga kiygan tulking…
Biy bo‘ldi qiyqim boylar bosh-boshiga,
Dog‘ soldi, zahar soldi yurt oshiga,
Qo‘rqaman, asosi yo‘q ko‘r singari,
Elim unar buzuqlar aldashiga!..
Otalarga o‘xshamay qoldi turqing,
Yopiray, muncha ketdi, elim, xulqing!
Birlik yo‘q, baraka yo‘q, buzuldi fe’l,
Qani yiqqan davlating, boqqan yilqing?
Elat bilan – elat yov boylik uchun,
Og‘a bilan – ini yov siylik uchun,
Qozog‘im, o‘z-o‘zingni o‘ylamasang,
Badbaxt kunga qolmasmi taqdir butun?
Men netay, axir kimga umid bog‘lay?
Qo‘rqoq qullar yurtida ne baxt chog‘lay?
Bir yo‘lchi topilmasmi sarson elga,
Men izlay, men axtaray, men so‘roqlay…
Mirtemir tarjimalari
* * *
Bozorga qarab tursam, har kim borar,
Izlagani ne bo‘lsa – shu topilar.
Birov ovqat oladi, birov marjon.
Har kimga bir xil narsa bermas bozor.
Har kimning izlagan bir narsasi bor,
Chamalab oqchasiga shundan olar.
Birov uqmas bu so‘zni, birov uqar,
Bahosin fahmlamay hayron qolar.
So‘z uqar ushbu kunda kishi bormi?
Demayman: so‘zim yurtga birday yoqar.
Yozgan so‘ng yerda qolmas teshik munchoq.
Birovdan birov olib, elga tarqar.
Bir kishimas, yozganim yalpi yurt-ku,
G‘ijinmasdan, chiroqlar, uqsang yarar.
“It marjonni ne qilsin” degan so‘z bor
Dili o‘tli yigitlar bir uylanar.
* * *
Yarq etmas qaro ko‘nglim ne qilsa ham,
Osmonda oy bilan kun chaqilsa ham.
Dunyoda sira senday menga yor yo‘q,
Senga yor mendan ortiq topilsa ham.
Sho‘rlik oshiq sarg‘aysa, sog‘insa ham,
Yor ketib, to‘g‘ri so‘zdan yanglishsa ham,
Chidaydi yor hajriga rozi bo‘lib,
Masxara va xo‘rlikda topinsa ham.
* * *
Talay so‘z bundan burun ko‘p aytganman,
Tag‘in o‘ylab, ko‘p qayg‘u yeb aytganman.
Aqllilar orlanib uyalgan-chun,
O‘ylanib, tuzalarmi, deb aytganman.
Qozoqning boshqa yurtdan so‘zi uzun,
Birining biri uqmas aytgan so‘zin.
Ko‘zning yoshi, yurakning qoni bilan
Eritishga bo‘lmaydi ichki muzin.
Yurtim-ay, havolanmay, so‘zga tushun,
O‘ylan-chi sirtin qo‘yib, so‘zning ichin.
Irjanglamay tinglasang nimang ketar,
Axir, so‘zni yaratgan tinglash uchun.
Adashib anglama yo‘l topolmay,
Beriroq to‘g‘ri yo‘lga chiq qamalmay.
Na ilming bor va mehnat qilasan,
O‘tmoqdasan hatto mol ham boqolmay.
Uyg‘un tarjimasi
KUZ
Sur bulutlar qoplab olar ko‘kni butun,
Quyuq tuman bosib kelar bamisli tun.
To‘qligidan yo sovuqqa yo‘qligidan —
Uyir to‘zar, har tomonga chopar qulun.
Maysayu gul-ko‘katlar yo‘q burungiday,
Yosh-yalang ham suron solmas, har ishga shay.
Keksaygan chol-kampirdayin qovjiramish
Barglarini to‘kib bo‘lgan yantoq, quvray.
Vaqti kelib qor ko‘tarar bunda quyun,
Lekin hozir kuz chalmoqda mungli kuyin.
Bolalarin buvisiga jun yigirtib,
Yosh xotinlar yamab-yasqar o‘tov-uyin.
G‘oz, turnalar uchar ko‘kda janub sari,
Kun bir tutam, zavqu surur ko‘zdan nari.
Ovullar ham fayzi ketib, mung‘aymishdir
Eshitilmas elning o‘yin-kulgulari.
El zahridan izillaydi tanlar jovrab,
Qora sovuq yalang qirda kezar dovlab.
Ko‘mik suyak, sarqit taom tegmagandan
Uyda it ham yo‘qdir, ketgan sichqon ovlab.
Qorong‘i kuz girdobida adir-tog‘im,
Dil tundlashar qish zabtini tuygan chog‘im.
Axir, olov yonmas uyda – surur qaydan,
Ko‘rgan kuning qurib ketsin, ay qozog‘im!
QISh
Oq libosda, qurch gavdali, oq soqolli —
Sochgan zahri tirik jonga g‘ovg‘o soldi.
Ust-engili qirovda va turqi sovuq,
Qadamini g‘arch-g‘urch bosib kelib qoldi.
Nafasida — aksirigu ayoz durkun,
Keksa qudang yanglig‘ kelib qoldi birdan.
Zab bostirib kiyib olgan paxmoq bo‘rkin,
El-izg‘irin unga o‘tmas — tetik, bardam.
Naq bulutday qoshi to‘sib ikki ko‘zin,
Bosh silkisa yuragingga qutqu solar.
Nogoh bo‘ron turib do‘q-dov qilsa shu zum,
Keng dashtdagi oq qasrdek uy chayqalar.
Zavqi toshib chopib yurgan bola-baqra
Ko‘rinmaydi, yuz-qo‘lini ushuk urdi.
Qavat-qavat chopon kiysa ham molboqar,
Achchiq yelga dosh berolmay yuz o‘girdi.
Pisandmasdi yilqiga qor yog‘sa qat-qat,
Ko‘k ayozga ular qandoq qilsin toqat!
Qo‘ralarga och qashqirlar tumshuq soldi,
Hoy, chorvangni tashlab qo‘yma itga faqat!
Uyqusizlik o‘ldirmaydi, angraymagin,
Quvvat bo‘lar — kungaylarga hayda molni.
It yegancha Qo‘ndiboyu Qanay yesin,
Quvib yubor qasam urgan manov cholni.
* * *
Uyg‘otar dilda ishqni
Yaxshi qo‘shiq, yaxshi kuy.
Hayotingda qo‘shiqni
Suysang agar mencha suy.
Hasratlaring chekinar,
Unutasan dunyoni.
Yurak zavqqa chulg‘anar
Qo‘shiq tinglagan oning.
Huvillagan saxroda
Suv topgandek bo‘larsan.
Ojiz qolsang mabodo,
Kuch-qudratga to‘larsan.
Yuragingda turfa xil
Xotirotlar uyg‘onar.
Vujudingni tuyg‘ular
Daryosida to‘lg‘atar.
Goh qo‘shiq og‘ushida
Yodga tushar hasrat-g‘am.
Ko‘rinur umr shunda
Armonlarda mujassam.
Kuy mavji tebrab dardim,
Alamlarni bo‘ylayman.
Aldamchi ro‘yolarni
Tag‘in chin deb o‘ylayman.
Tug‘ilaman qaytadan —
Yuragim qo‘shiq tinglar…
Qoldimi men totmagan
Tag‘in zahar-zaqqumlar?!.
* * *
O‘lsam, umrim qordagi iz bo‘lmasmi?
O‘tkir tilim tortinchoq qiz bo‘lmasmi?
Muhabbat va hasratda yonib o‘tgan
Mening otash yuragim muz bo‘lmasmi?
Oltin deb asraganim, jez bo‘lmasmi?
Shohi deb o‘ylaganim, bo‘z bo‘lmasmi!
Hapriqqan bo‘lsa bir payt asov yurak,
Keyincha el og‘zida so‘z bo‘lmasmi?
Najotsizman men g‘amda baxtiqora,
Hasratlarim adoqsiz, topmam chora.
Bitta qalbga zarurmi shuncha yonmoq,
Qara, axir, bir jonman — dili pora.
Yuragingning tubini teran bo‘yla,
Men haqimda so‘ylasang rostin so‘yla.
Men taqir yerda o‘sdim va bir o‘zim
Mingga bilan olishdim, buni o‘yla!
Yoshlikda olg‘ir edim, o‘ydan yiroq,
Lekin ne-ne qalblarda yoqdim chiroq.
Har kimsani shod etmoq orzum edi,
Eldagi noshudlardan kuydim biroq.
Zamondan tegmadi hech erk o‘zimga,
Shundanmi dunyo tordir goh ko‘zimga.
Xor bo‘ldim o‘z yurtimda topmay qadr,
Sen, do‘stim, meni aya, boq so‘zimga!
Sirtim nur, ichdan qancha qaltiramay,
Dunyo o‘tar mendan hech hol so‘ramay.
O‘lan — naq ayol, siring yoyar elga,
Bas, so‘zim to‘xtatay, ko‘p aljiramay.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari
NASIHATLAR
O‘TTIZINChI SO‘Z
Bizda bir maqtanchoqlik degan yaramas narsa bor. Asli shu narsaning nima keragi bor o‘zi? Zotan, bu — or-nomussizlik, nodonlik, o‘ysiz-xayolsizlik hamda na botirlik va na odamgarchilikdan xabari yo‘qlikning alomatidir! Tag‘in, bezrayib turib: «E, bor xudoyo! Kimdan kim ortiq ekan shunchalik! Birovning nasibasini birov topib berarmidi hech? Kimning boshi kimning egari qoshida yuribdi… Birov mening qozonimni qaynatib beribdimi, yo men birovning qo‘liga qarab qolibmanmi?»—deb keriladi. Ba’zan esa dag‘dag‘a qilib: «Hammaga bir o‘lim!.. Voy onasini falon qilay! Bundai yurgandan ko‘ra o‘lganim ortiq! Juda nari borsa — haydab yuborar, otib yuborar! Qayerga borsam ham bir o‘lim!»—deb kekirdagini cho‘zadiganlar ko‘p-ku.
Mana, o‘zlaringiz ko‘rib yuribsizlar: hozir hech bo‘yiga qarab to‘n bichadigan, aytgan gapida qat’iy turadigan qozoq bormi dunyoda? Yo‘q, men hali o‘limga bardosh bera oladigan qozoqni ham yoki, aksincha: men o‘limga bardosh bera olmayman, deb ochiq gapiradigan qozoqni ham ko‘rganim yo‘q… Bordi-yu, aqlsiz bo‘lsa-da, shunday jur’atli qozoq topilsa, u kishini hayratga solgan bo‘lur edi! Afsuski, yo‘q. Buning o‘rniga shundaylar borki, zo‘r kelganda sichqonning inini ming tanga qilib, qochib kirarga teshik top-may qoladi. Xo‘sh, bunday kishilarni nima deb ataymiz? Ey xudo! O‘z joniga ortiqcha hotamlik qiladigan, mol-dunyoni pisand qilmaydigan bechoralarning ahvoliga qarang. «Uyalmas yuzga tol-mas jag‘ beradi»,— deb shuni aytishar ekanlar-da… Bunday kishilar ham uyatsiz, orsiz kishilarning biri-da.
O‘TTIZ BIRINChI SO‘Z
Kishi eshitgan narsasini unutmaslik uchun to‘rtta shart bor: avvalo, buning uchun zehnli bo‘lmoq kerak; ikkinchidan, bir narsani ko‘rganda yo eshitganda — unga chin yurakdan ixlos qo‘yib, fahm-farosat bilan uqib olmoqlik lozim; uchinchidan, eshitganlarini ichida bir necha marta takrorlab, ko‘ngilga jo qilmoq kerak; to‘rtinchidan, ko‘ngilga boshqa narsalarni mutlaqo keltirmaslik va kelsa ham unga zarracha e’tibor bermaslik kerak. Masalan: beg‘amlik, beparvolik, o‘yin-kulgi yoki qayg‘u-hasratga berilmaslik va boshqa narsaga ixlos qo‘ymaslik kerak. Aks hrlda, bu to‘rt nar-sa aql bilan ilmga putur yetkazadigan omillardir.
O‘TTIZ IKKINChI SO‘Z
Ilm o‘rganishni talab qilgan kishi, avvalo, uni bilishi kerak. Buning bir necha shartlari bor. Bularni bilmay turib o‘rganilgan ilm yuqmaydi.
Avvalo, o‘rganilayotgan ilm-hunarni oxir bir kun kelib biron kori-holimga yarab qolar, deb o‘rganmasdan, hayotda uni turmushga tadbiq qilish maqsadida o‘rganmoq kerak. Chunki ilmni faqat bilib qo‘yish uchungina o‘rgansang va shu bilan qanoat hosil qilsang, bunday ilmning kimga keragi bor? Kishi o‘zining bilmagan narsasini bilib o‘rgansa — bundan qanchalik huzur-halovat topishini asti qo‘yavering! Agar sen ilmga astoydil mehr qo‘yib o‘rgansang, senda, yana ko‘proq bilsam ekan, degan muhabbat paydo bo‘ladi. Shundagina sen ko‘zing ko‘rgan har bir narsani ko‘nglingga mahkam tugib, uqib oladigan bo‘lasan.
Agar bordi-yu, ko‘ngling boshqa narsada bo‘lib, o‘qib o‘rganayotgan ilmingni shunga sabab qilib ko‘rsatsang, ya’ni uni ana shu ko‘nglingdagi narsa uchungina o‘rganayotgan bo‘lsang, unda ilmga degan mehring go‘yo o‘gay onaning mehri kabi bo‘ladi. Agarda chin niyat bilan o‘rganayotgan bo‘lsang, unda ilmga degan mehring xuddi o‘z onangning mehriday iliq va samimiy bo‘ladi. Sen ilmga chindan ham ixlos qo‘ysang, u ham senga mehr qo‘yadi va sen uni tezroq qo‘lingga kiritasan. Agar sen unga chala mehr qo‘ysang, o‘rgangan il-ming ham chala-chulpa bo‘ladi.
Ikkinchidan, ilmni o‘rganganda yaxshi niyat bilan o‘rganish kerak. Ammo birov bilan bahs boylashmoq, talashishmoq uchun o‘rganish kerak emas. Bahs, avvalo, ko‘ngildagi ishonchni mustahkamlash uchun bo‘lsa — bu zarar emas, lekin haddan oshib ketsa — kishini tuzatishdan ko‘ra ham ko‘proq buzib qo‘yishi mumkin. Buning sababi: bahs qiluvchilar ko‘proq haqiqatni aniqlash uchun emas, balki bir-birlarini yengmoq uchun harakat qilishadi. Bunday bahs xusumatni kuchaytirib, odamgarchilikni yo‘qotishgacha olib boradi. Bunday holda asosiy maqsad ilm o‘rganish bo‘lmay, odamning yuzini yolg‘on so‘zga buradigan bo‘lib qoladi. Bunday maqsad faqat buzuq kishilardagina bo‘ladi. To‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan yuzta odamni adashtirgan kishi, egri yo‘ldan ketayotgan bitta notavonni to‘g‘ri yo‘lga solgan kishidan satqai ketsin! Bahs — bu ham aslida ilm o‘rganishning bir yo‘li. Biroq unga ortiqcha hirs qo‘yish yaramaydi. Chunki bahsga ortiqcha hirs qo‘yishdan mag‘rurlik, maqtanchoqlik, xusumat, yolg‘onchilik, hatto arzimagan narsadan janjal chiqarish va birovga musht ko‘tarish kabi yomon fazilatlar tug‘iladi.
Uchinchidan, agar har bir harakating tufayli haqiqatga eri-sha oladigan bo‘lsang, o‘lsang ham bu yo‘ldan qaytma, mahkam tur! Axir, o‘zing shubha qilgan narsaga o‘zgalar qanday qilib ishonch bildirsin? O‘zing hurmat qilmagan narsani o‘zgalar nega hurmat qilsin?
To‘rtinchidan, ilmni ko‘proq o‘rganish uchun odamda yana ikki narsa bo‘lishi lozim: biri — mulohaza yuritish, ikkinchisi esa — muhofaza qilishlikdir. Bu ikki xususiyatni borgan sari kuchaytira borish kerak. Bu narsa kuchaymay turib ilm o‘rganish qiyin.
Beshinchidan, shu nasihatlarning o‘n to‘qqizinchi so‘zida yozilgan aql kasali degan to‘rt narsa bor, shundan ehtiyot bo‘lish kerak. Shularning orasida beg‘amlik, beparvolik degan narsa bor, zinhor-zinhor shu narsadan ehtiyot bo‘l! Chunki bu, birinchidan — xudoning, ikkinchidan — xalqning, uchinchidan — davlatning, to‘rtinchidan — ibratning, beshinchidan — aqling, or-nomusning dushmanidir; or-nomus bo‘lgan yerda bular bo‘lmaydi.
Oltinchidan, senda ilmni, aqlni bir me’yorda saqlaydigan fe’l-atvor, xulq degan narsa bor. Sen shu narsani ehtiyot saqla! Ko‘rgan narsangga qiziqaversang: yo birovning o‘rinli, yo birovning o‘rinsiz gapiga ishonib ketsang, yoki to‘g‘ri kelgan narsalarga ko‘ngil qo‘yaversang — fe’l-atvoringning buzilib ketishi hech gap emas. Fe’l-atvoring buzilganidan keyin esa o‘qib ilm o‘rganganingdan hech foyda yo‘q. Ko‘kragingda unga o‘rin bo‘lmagandan keyin, uni qayerda saqlaysan? Aksincha, kiroyi ilming bo‘lgandan keyin, uni ehtiyot qiladigan fahm-farosating, aqli-hushing, or-nomusingni qo‘ldan bermaydigan fe’l-atvoring va g‘ayrating bo‘lsa — nur ustiga a’lo nur! Lekin bu ehtiyotkorliging, shubhasiz, aql uchun, or-nomus uchun qilingan bo‘lsin!
N. Fozilov tarjimalari