Turar Qo‘jamberdiyev (Turar Kojomberdiyev) 1941 yili Kalinin tumanining Saribuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. Qirg‘iz davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1966). “Qirg‘iziston pioneri” gazetasida adabiy xodim, “Qirg‘iziston” nashriyotida muharrir, Qirg‘iziston Madaniyat vazirligida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Ilk she’ri 1959 yili “Muallimlar gazetasi”da chop etilgan. “Qizil olma” va “Tonggi simfoniya” she’riy to‘plamlari uchun Qig‘iziston Lenin komsomoli mukofotiga sazovor bo‘lgan. She’rlari rus, qozoq, belorus, moldavan, ozarbayjon, litva, latish, o‘zbek, tatar, xakas, frantsuz, ingliz tillariga tarjima qilingan.
QULFLAR
Eshiklarning bordir temir, po‘lat qulfi,
Ming bora tort qimirlab qo‘ymas zulfi…
Ularni sotib olar do‘konlardan boz
Shoshgancha shahar halqi qishloq xalqi.
Qanaqasi kerak senga? Turgay tayin,
Yangilari keladi har hafta sayin.
Xo‘v kungi bog‘-bog‘ qulflar sotilibdi,
Bo‘libdi eshiklarga chin xo‘jayin…
Qulf bor har bir eshik, har javonda,
Qulfsiz narsa uchrar onda-sonda.
Yanglishmam shoda kalit jiringlasa
Ko‘cha-ko‘yda yurishgan har bir jonda.
Zamonamiz qanot bog‘lab olg‘a yelur,
Bugun ovul shaharga bo‘y tenglay olur.
Yo‘qolib odamlarda ishonchsizlik,
Eshiklarga qulf solmas kunlar kelur.
Biz o‘shanda uy-joyni qulfda tutmay,
Mayli, tursa u-bu narsa uncha botmay.
Uy ichini keng ochamiz keng dunyoga,
Ba’zilarni tirqishlardan mo‘ralatmay.
Unda shubha kira olmas oramizga,
Uy o‘xshaydi ko‘ksi ochiq dalamizga.
Zamondosh, biz ko‘rmasak o‘sha kunni,
Uni ko‘rish nasib etar bolamizga.
Unutamiz qulflarning barcha turin,
Kalitlar tesholmaydi cho‘ntak tubin.
Unday kun asta-sekin, so‘zsiz kelar,
Biroq bu ish bo‘lmas erta yoki bugun.
Yillar o‘tar, qancha-qancha oylar botib,
Kimdir birov yo‘lakda bora yotib
Bir joydan zang bosgan qulf topsa,
Bu nima deb tang qolar boshi qotib…
Ochiladi nurga tashna uy mebeli,
Kengchilikka yengiladi nokas dili.
Ertakni hayotida ko‘rur inson,
Yo‘qoladi qulflarning barcha xili!..
QIZIL GUL
Qizil gul, qiz yuziday qizil taram,
Yoningda shoir turar senga qaram…
O‘ylabman ko‘z tushganda kapalak deb,
Barglaring misli qanot uchishga ep.
O‘ylabman uchadi deb qanotingni,
Singdirding but ko‘zimga san’atingni,
Qizil gul, uchishingga ishonmadim,
Qo‘l bilan g‘unchalaring kishanladim.
Uchishni unutdingmi qo‘nib olib,
Sen yengding hislarimga to‘lib olib…
Etigim bosib qilar edi timtiq,
Qo‘limda qalam emas, bo‘lsa miltiq!..
Usmon Temur tarjimalari
ChARChAGAN EL
Shamol bugun, axir, qayga borgani yo‘q,
Bir hilpirab o‘ynab keldi, armoni yo‘q.
Va entikib yaproqlarga yotib qoldi,
Shu o‘rnidan jilmoqqa ham darmoni yo‘q.
Quyun kabi yana qayga borgani yo‘q,
Bir quturib o‘ynab keldi, armoni yo‘q.
Keng dalaga yotib oldi to‘rt oyoqlab,
Bir qo‘zg‘alib qo‘ymoqqada darmoni yo‘q.
Ko‘p izlanib qayga yana borgani yo‘q,
Qiziq kunlar o‘tkazdiku, armoni yo‘q,
Qilt etmasdan uxlab qoldi yastangancha,
Bir qimirlab qo‘ymoqqada darmoni yo‘q.
SUYGAN ShAHRIM
Bir so‘rayin, so‘ramoqqa haqqim bo‘lsa,
Baxtiyorlik doim senga oqin bo‘lsa.
Faqat meni kechirgil, ey suygan shahrim,
Qishloqlarim sendan biroz yaqin bo‘lsa.
Ko‘rkamliging bu ko‘nglimni ko‘taradi,
Jilvalari kun nurida aks ettirar.
Qachon, seni qancha ko‘rsam, shuncha yaxshi,
Lekin qishloq meni ko‘proq sog‘intirar.
Qishlog‘imni sog‘intirib borgandanmi,
Oz bo‘lsada undan mehr ko‘rgandanmi?
O‘shal tomon bo‘lar doim xayollarim,
Oydekkina bolaligim qolgandanmi?!
Meni kechir, suygan shahrim, iltimosim,
Kelbatingni ko‘rgandaku, quvonaman.
Qishloq tomon ketsam deyman, senda yursam,
Men negadir quchog‘ingda begonaman…
Qirg‘iz tilidan Shahriyor tarjimaci