Qanibek Junushev (1941)

Qanibek Junushev (Kanыbek Junushov) 1941 yil 11 noyabrda Qirg‘izistonning Qo‘chqor tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi institutining agronomlik fakultetini tamomlagan. Ilk she’riy to‘plami “Bo‘yoqchi” nomi bilan 1964 yili chop etilgan. Qirg‘iziston bolalar adabiyotining yetuk namoyondalaridan biri.

FAQAT

Shoir akam qishloqni
Kechga qadar oralab,
Go‘sht yeb, qimiz sipqorib,
Qovun uzdi saralab.
Mehmon bo‘lgach u rosa,
Qildi shunday xulosa:

– O‘zgarish zo‘r, hammaning
O‘sibdi ko‘z qarashi.
Ajabki, o‘zgarmabdi
Qo‘y, echkining ma’rashi.

HALQA

G‘ozlar soyga yo‘l olishdi
Bog‘ ko‘chadan g‘ot-g‘otlab.
Traktorchi kutib turdi,
Motor ishlar pot-potlab.

Tutun g‘ozlar bo‘yniga
Halqa bo‘lib osilar.
Ular bundan quvnashib,
Soy tarafga shoshilar.

BITPILDIQ

Tinim bilmas bedana,
Bilgan gapi: – Bitpildiq.
Yalqovlarni it qildik,
Bitpildiq! Bitpildiq!

Yotib olib chalqancha,
O‘ylanaman qaytadan.
Ishimizda yo‘q tayin,
Xo‘sh, nima deb aytaman.

Avjga chiqar bedana:
Yalqovlarni it qildik!
Bitpildiq! Bitpildiq!

NIMA QILSIN?..

Ayiq bilan Yumronqoziq
Kuch sinashdi – olishdi.
Yumronboy chiqdi g‘olib,
Unga qarsak chalishdi.

G‘irromni maqtar g‘irrom,
Oq kigizda ko‘tarib.
Ayiq sho‘rlik xijolat,
Nari ketdi yo‘talib.

O‘ChAShSA…

Lof

Alamzada ekanligi
Yurishidan payqalib,
Shoxdor Qo‘ng‘iz kelardi
Nari-beri chayqalib.
Uni ko‘rgan Olabuqa
Dabdurustdan o‘kirdi.
Qo‘ng‘iz-chi, pisand qilmay,
Toshga chiqib o‘tirdi.
Uyon-buyon qarar Buqa,
Ahvoli juda tarang.
Shoxdor Qo‘ng‘iz zug‘umidan
Qutildi qochib arang.

TUXUMINI YeGANDA

Onajonim tovuqlarga
Don sochib qo‘y deganda,
– Mening ishim emas, – debman.
Qarang, g‘o‘rlik ekan-da.
Izza bo‘ldim uch kun o‘tmay,
O‘sha chipor tovuqning
Quymog‘ini yeganda…

DUMI “O” OLAPAR

Bir tovuqni Olapar
Quvib chiqdi “yov” bilib,
Hurar edi tinmasdan
Quyrug‘ini “O” qilib.

G‘oz der: – Salga akillab,
Buncha chopar zovullab.
Esi bor it aslida
Zarur paytda vovullar.

– Yoqtirmayman, – der o‘rdak
Serg‘alva bu puchuqni.
Dumi “O”ga o‘xshagan,
O‘pkasi yo‘q kuchukni.

QAYIQ

Ko‘l bag‘rida g‘oz, o‘rdak
Qanot kerar hayiqmay.
G‘ozlar aro bir kalish
Suzib yurar qayiqday.

Yirtiq kalish qaydandir
Qo‘lga tushib qolibdi.
Uni bo‘lsa jo‘jalar
Qayiq qilib olibdi.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari