Nodirbek Alimbekov (Nadыrbek Alыmbekov) 1944 yili Talas tumanining Kozuchak ovulida tug‘ilgan. Toshkent tekstil institutini tamomlagan (1967).
25 dan ortiq kitoblari chop etilgan. She’rlari rus, ingliz, fors, qozoq, o‘zbek, turk, tojik, uyg‘ur, gruzin, ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.
“Iymondan dilim tozarar” kitobida hadislar ma’nosini tushuntirgan (2004), “Muqaddas Qur’on ma’nolari” kitobida Qur’oni karim ma’nolarini she’riy uslubda bayon qilgan (2008).
UY TAShVIShI
Yog‘och kerak, temir kerak, tosh kerak,
Mablag‘ zarur, farosatu bosh kerak.
Belni bog‘lab loyga tushgan paytingda,
Oqibatli do‘stlaru qurdosh kerak.
Ming bir tashvish – oziq-ovqat, non kerak,
Qassobga yog‘, echkiga-chi jon kerak.
Qurgan hujrang ulkan Vatan timsoli,
Senga quvvat, ustiga imon kerak.
Uying bitgach, demakkim ro‘zg‘or kerak,
Osh tortasan, nomus kerak, or kerak.
Beshik uzra quvnab alla aytguvchi
Sadoqatli, mehribon dildor kerak.
ORIYaT
O‘g‘il deysan, qiz boladan yaxshimi?
Qiz buyummas qirq yilqiga sotguday.
Qaliniga sog‘in sigir, qo‘y olib,
Qaymoq bilan moyga botib yotguday.
Shirin-shakar qizlarim ko‘p, yoronlar,
Buyog‘idan badavlatman, bardam men.
Qizdan yaqin mehribon yo‘q otaga,
Baxtiyorman kecha – kunduz, har dam men.
TOShKENTIM
O‘qib, bilim olgani
Toshkent sari otlandim.
Ishim kelib o‘ngidan,
Shodlandim, qanotlandim.
Markaziy Osiyoning
Zo‘r tayanchi – bosh shahrim.
Qo‘yningda topdim kamol,
Omon bo‘lgin, Shosh shahrim.
Dosh qozonda osh tayyor,
Non yurtisan azali.
Ixlos bilan o‘qiyman
Mir Alisher g‘azalin.
Chorak asir, ajabo,
Toshkent sari chopaman.
Ustozlarni ko‘rganda,
Dildan taskin topaman!
Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimasi