Aginaldu Fonseka (1922-2014)

Aginaldu Britu Fonseka (Aguinaldo Brito Fonseca; 20 sentyabr 1922, Mindelu, San Visente oroli — 24 yanvar 2014) — Kabo-Verde shoiri. Portugal tilida ijod qilgan. 1945 yili mamlakatidagi iqtisodiy qiyinchiliklar sabab Lissabonga ko‘chib kelgan. Ilk she’rlari XX asrning 40-yillarida chop etilgan. 1951 yili ilk to‘plami “Gorizont chizig‘i” nomi bilan nashr etilgan.

MEHNAT TAQSIMOTI

Dunyomizni bino qilmoqni
O‘ylab qo‘ydik sen va men.
Tosh va suv tashiding sen, ohak qording,
Men narida turdim, ishingni ko‘rib:
— Chiroyli bino bo‘ladi!..
Men kirdim,
Sinchiklab kuzatdim barin,
Xursand bo‘lib jilmayib qo‘ydim:
— Yaxshi bino bo‘ladi!..
Sen lom bilan qurding, bel bilan qurding,
Sen ochding atrofda hamma yo‘llarni,
Chetlariga daraxtlar ekding,
Qo‘ling chaqa bo‘ldi bu ogir pshda,
Oyog‘ing qonadi, yorilib ketdi…
Men u choqda, bilsang, mashina minib
Sen ko‘rgan yo‘llardan g‘izillab o‘tdim,
Sen ekkan daraxtning yedim mevasin:
— Naqadar yaxshi-yu, naqadar go‘zal!
Er chopding va yerga urug‘ sochding sen,
Manglay tering bilan sug‘ording uni.
Hosilni ko‘rganda qoyil qoldim men:
— To‘qlik!
Sen ketmonni qo‘yib bir daqiqaga
Peshonangdan teringni artding,
Ish haqingni ko‘rib qichqirding:
— Ochlik!
Sen va men dunyomizni qurmoqchi edik…
Biroq mehnat tamom bo‘lganda
Eshikni tars yopib kirib ketdim men,
Ostona ortida qolib ketding sen.

UMIDIMNING UZOQ YO‘LIDA

Yuzginamni shamolga tirab,
Umidimning uzoq yo‘lida
Ketmoqdaman… Qadamim kabi
Tepar qaynoq yuragim.
Ketmoqdaman quruq qo‘l bilan,
Ketmoqdaman quruq lab bilan
Umidimning uzoq yo‘lida
Bor-yo‘g‘imni yo‘qotib, ne ko‘rinsa yig‘ib.
Kunlar, oylar va yillarimni
Sochib ketdim, ayamadim hech
Umidimning uzoq yo‘lida.
Kulib qarar menga ko‘pchilik:
— Baxtsiz yigit, qayga borasan?
Jilmayishing doim ne uchun?
Uzoqlarda seni ne kutar?
To‘kilar, to‘kilar yaproqlar…
Uvillar yovvoyi shamollar
sahroyi kengliklarda…
Men yo‘ldaman, yo‘ldaman hamon…
Dukullar, dukullar, dukullar
Mening qaynoq yurakkinam
Umidimning uzoq yo‘lida!

Miraziz A’zam tarjimalari