Jabroilzoda Voqif Isib o‘g‘li – Voqif Bayotli O‘dar (Vaqif Bayatlı Odər) 1949 yilda Jabroyil tumanining Buyuk Marjonli qishlog‘ida tug‘ilgan. Ozarbayjon Inshoot muhandislari institutida tahsil olgan. 1980 yilgacha Bokuda o‘z ixtisosi bo‘yicha, ya’ni muhandis bo‘lib ishladi. Keyin matbuot sohasiga ishga o‘tdi.
“Yulduz” jurnalida bo‘lim mudiri (1981 — 1990), “Hazar” almanaxining Bosh muharriri bo‘ldi (1989— 1992). Ozarbayjon teleradiokompaniyasining chet ellarga eshitgirishlar studiyasining direktori vazifasida ishladi (1992). Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining boshqaruv hay’atiga saylanib, yoshlar bilan ishlash sohasiga rahbarlik qildi (1991).
Uning she’riy asarlari Kutaisida she’riyat festivalida Vladimir Mayakovskiy mukofotiga, Ozarbayjon Matbuot fondining Mirza Jalil mukofotiga loyiq ko‘rilgan (1993). “Tanho yulduz ostida” (1982), “Unutilajak butun savdolar” (1986) “Seni savmak ozdir” (1990), “Eng kulgili o‘lik”, “Yum-yumaloq bir ishq ila” kabi kitoblarning muallifidir.
BU JONIM YeR YuZIDA
Bu jonim yer yuzida,
Ajin-ajin yuzlari-la,
To‘rli-to‘rli ko‘zlari-la,
Oq-oq tolalari-la
Mashina yo‘llarida
Buvilar yetim.
Bu jonim yer yuzida,
Oh, yana kimlar yetim?
Asrdan bosh olib ketgan,
Bir tiklanib, birda botgan
O‘tmishidan ham uzilgan
Bokusiz Tabriz yetim.
Bu jonim yer yuzida,
Eh, yana kimlar yetim?
Oriq siynalari-la,
Qiyshiq oyoqlari-la,
Paxmoq
Betaroq sochlari-la
Shahar-shahar qishloq qizlari yetim.
Bu jonim yer yuzida,
Voh, yana kimlar yetim?
Qora tuflisi bilan,
Oppoq libosi bilan,
Porloq bo‘yinbog‘i-la,
Binafsha tarog‘i-la
Sevgan qizin qaytargan
Jabroilning o‘g‘li yetim.
Onam ham yer yuzida,
Jonim ham yer yuzida,
Voh, yana kimlar yetim?
HAR KIM SEVGANIGA YeTMAS DUNYoDA
Har ishqning ham so‘ngi baxt bo‘la olmas,
Har kim sevganiga yetmas dunyoda,
Soylar axtargani dengizga oqmas,
Bulutlar suzgani tuproqqa yog‘mas,
Shamollar kezgani yaproqqa esmas.
Har kimga bir xil baxt kelavermaydi
G‘aribning kimsasi bo‘lmas yonida.
Karamni visolga bir tugma qo‘ymas.
Har kas sevganiga yetmas dunyoda.
O‘limlar ham adashar sevgilar kabi,
Har kas o‘z ahdiga yetmas dunyoda.
Har narsaning so‘ngi yarimcha qolur,
Daraxt o‘limi-la o‘lar insonlar,
Inson o‘limi-la o‘lar daraxtlar.
Faqat, faqatgina…
Yulduz o‘limi-la o‘lmas insonlar,
Har kasning yulduzi aldaydi uni.
Hamma qaraydigan bir qora tom bor,
Har sahar yangitdan so‘nib qarama.
Oldin yulduz bor edi,
Yulduz bo‘lar so‘ng ham.
Har kas sevganiga yetmas dunyoda,
Har sevgining so‘ngi baxt bo‘lavermas.
SAS
Meni bir go‘zal sas aldaydi faqat,
Menga bir sarxush sas anglatar faqat,
Bu dunyoda anglashilmas har nimaki bor.
Qani bir qo‘shiq ayt, kuyla, go‘zalim,
To‘xtasin daryolar, ochilsin devor.
Alda, anglat menga yoniq sasing-la,
Bu dunyoda anglashilmas har nimaki bor.
Talaba kabiman yana, go‘zalim,
Cho‘ntagimda faqat tanga, chaqam bor.
G‘am chekma, har holda bu qorli kunda
Senga bir dasta gul olmoqqa yetar.
Menday bir odamni tiz cho‘ktirishga
Na Go‘ro‘g‘li kerak, na-da payg‘ambar.
Ey sevikli go‘zal, g‘amgin bir qo‘shiq
Bir og‘iz jumlangning o‘zi kifoya:
“Voqif Jabroilzoda, qo‘lingni ko‘tar!”
Miraziz A’zam tarjimasi
TOG‘LARNING U TOMONIDA
O jonim yigitlar,
Ko‘zim arslonlar,
Dor og‘ochiga osilganlar
Cho‘zila-cho‘zila
Oyoq barmoqlarning uchidan
Ildiz otdilar tuproqqa.
O‘g‘illar
Dor og‘ochidan cho‘zilganda tuproqqa
Tumanli tog‘larning u tomonida
Norasta bolalar kuch yig‘ardilar
Hovlidagi qora toshlarni surib.
Bolalar ham kuch yig‘ib
Ildiz otdilar tuproqqa.
O‘g‘illar
Daraxt butoqlaridek
Yon-yonga yoyilganda
Tumanli tog‘larning u tomonida
Oppoq-oppoq kelin – teraklar
G‘amli-g‘amli boqardilar onalarga.
Ozarbayjon tilidan Usmon Qo‘chqor tarjimasi
TOG‘LARDAN HAM KUChLI
Tog‘lardan ham kuchli
bir narsa bor bu dunyoda.
Balki, u dev kuchidirki,
bir soy yulduzlariga qorishib,
oqib ketar suvlarda.
Nima bor, nima bor bu dunyoda:
bir chumchuq bolasining
bir tom ustidagi
osmonidan yuksak?
Tog‘lardan ham kuchli
bir narsa bor bu dunyoda.
Balki, u chumchuq bolasining
bo‘lajak dev kuchidirki,
sir yashil yafrog‘ kabi
og‘ziga olar
suv o‘tli bu dengizni.
IKKI BAXT DARAXTI YoNMA-YoN
Suv parilari
chiqib qoyalar ustiga,
g‘amgin qo‘shiqlar kuylab-kuylab,
o‘lgan to‘lqinlarni uyg‘otardilar.
Uyg‘otmoq!
Uyg‘otmoq!
Qo‘l urib tog‘ni,
toshni uyg‘otmoq,
toshdagi insonni uyg‘otmoq,
bulutdan yomg‘irni,
yomg‘irdan sevgini uyg‘otmoq,
bir gul bargi ostida yotgan
bir malakni uyg‘otmoq.
Bir yo‘l boshida
ikki baxt daraxti yonma-yon,
bir sevgi dardidan
ikki baxt daraxti orasidan
sevib o‘lganlar –
shakar lablar
yuz bergan tuproqni uyg‘otmoq…
Uyg‘otmoq!
Uyg‘otmoq!
Bulutdan yomg‘irni,
yomg‘irdan sevgini…
FALAKNING HAM YuZI KULSIN
Nelar, nelar sevdi Ahmadni,
ayrilig‘lar sevdi Ahmadni…
Nelar, nelar sevdi Ahmadni,
dardi kadar sevdi Ahmadni…
Nelar, nelar sevdi Ahmadni?!
Hammani bildirgan Tangri,
yig‘latib, kuldirgan Tangri,
Ahmadga ham tashladi nazar.
Ko‘z berdi, ko‘ngul berdi,
Ahmad g‘amdan qutuldi,
oqar suv parivashi –
bir go‘zalga tutildi.
Anor guli, anor chechagi–
bir go‘zalga tutildi,
darddan g‘amdan qutuldi.
O‘t tushdi yuragiga,
tiliga keldi qo‘shiq.
Yuzi kuldi, ko‘zi kuldi,
so‘zlaganda duduq-duduq
sasi kuldi,
yurganida mayda-mayda
bo‘yi kuldi.
Chehrasida kulgu o‘ynar Ahmadning…
Suvlar to‘lib arig‘iga
falakning ham yuzi kulsin,
suvi kulsin arig‘ining
charxpalakni aylantirib.
Tangri bilar, bu olamda
biror kimsa g‘ami, dardi
teng kelmaydi Ahmadga.
Bir go‘zalni sevdi, sevdi –
haddan oshdi g‘ami, dardi.
Tangri bilar bu olamda
u go‘zal qiz sevilgandek
sevilmaydi hech bir go‘zal…
* * *
Qo‘shnining to‘yida,
to‘rt hovli narida
o‘ynagan bola,
bir gul yaprog‘i ostida,
gul yaprog‘i shaklida
yozilar peshona yozuvi.
Qo‘shnining to‘yida
to‘rt hovli narida
o‘ynagan bola,
chiq yaproq ostidan
oy senga boqar…
Yomg‘irga chayilgan samo peshtoqi…
Qo‘lingni qo‘yib peshonangga
ko‘kka tikilding,
ko‘k yuzida qoramoy hidi
anqirdi hali.
Gunohkorlar yuz tutib,
ont ichgancha yo‘q,
oy senga boqar…
Yomg‘irdan so‘nggi
ko‘kka mengzalgan –
qo‘shnining to‘yida,
to‘rt hovli narida
o‘ynagan bola.
O‘LGANDAN SO‘NG BOShLANAR ShOIRLAR UMRI
Pablo Nerudaga
Nima bo‘ldi, nogahon,
Mixail Yurevich?
Qabr – miltiq stvoliday tor!
O‘ylardingizki, axir,
hammaning Xudosi bor!
Tiz cho‘king,
janob Martinov!
Tiz cho‘king,
falakning zulmi ko‘p,
Xudoning marhamati.
Tiz cho‘king,
bir shoir so‘ndi,
olovga tushgan yog‘ochday qorishib,
tepada Xudo bor,
tepada osmon.
Tiz cho‘king
ko‘zlar qaboqda,
siynada o‘lim,
peshonaga yozug‘li qora kunga ham,
bozordagi piyozning qiymatiga ham
bir bahona kerak,
kerak bir bois.
Oting shoirlarni!
Bariga,
bariga shoirlar sabab:
kimning g‘ussasi bor,
kimning ohi bor,
dunyoning naqadar qora tonggi bor,
bir bahona kerak,
kerak bir bois.
Janob Martinovlar!
Oting shoirlarni!
So‘ngra, tiz cho‘king!
G‘irot kishanlangan, Go‘ro‘g‘li dorda,
sartaroshlar foytunda kezar.
Bunda yig‘laganlar kuladi go‘rda,
go‘rda yig‘laganlar qayerda kular?
Oting shoirlarni!
Oting quloqlarga o‘rnashmasdan
toza ovozlarni,
Sof qonlarni oting!
Oting she’riyatni,
Lorkani,
Nerudani.
Qabristonlar o‘likka hasrat,
jinnixonalar jinniga hasrat.
Oting shoirlarni!
Shoirlar o‘larlar yoz yomg‘iridan,
xotin qarg‘ishidan,
qiz boqishidan,
charxi kajraftorning nobopligidan
gunohli,
gunohsiz shoirlar o‘lar.
Oting shoirlarni!
Lekin, tavba oqshomi,
mayitdan qolgan kafan egnida,
qo‘rqa-pisa
Pushkinning jarohatin o‘pmoqqa
yugursin Dantes.
So‘ngra,
yo‘l bering,
yo‘l bering, janob Martinovga,
yiqilgan Lermontovni quchoqlamoqqa.
Ozar tilidan Ikrom Otamurod tarjimasi