Shoir va publitsist Sarxonli Siyovush Ali o‘g‘li (Səyavuş Sərxanlı) 1942 yil Ozarbayjonning Shamkir rayoni Sarxon qishlog‘ida tug‘ilgan. Universitetni bitirib, “Yulduz” jurnalida, Ozarbayjon Yozuvchilar birligida ishlagan. Moskvadagi Maksim Gorkiy nomli jahon adabiyoti institutining ikki yillik oliy maktabida o‘qib 1981 yilda tugatgan.
Bokuda o‘nlab she’riy kitoblari chop etilgan. 1971 yildan Ozarbayjon Yozuvchilar birligi, Ozarbayjon jurnalistlar uyushmalari a’zosi.
U Abdulla Oripovning “Bir juft qora ko‘z” nomli poema va she’rlar to‘plamini tarjima qilib, Bokuda chop ettirgan. Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni” romani uning tarjimasida bosilgan. Ozarbayjon “Qizil qalam” mukofoti laureti Xalqaro mukofotlar sohibi bo‘lgan.
GO‘ZALLIK QONUNI
Malika Ahmedovaga
Bir ari g‘unchaga parvona edi,
Op-oydin, musaffo may saharida.
Uni azizlagan g‘uncha ustida,
Quyoshning qayg‘uli shafaqlariydi.
G‘unchaning ko‘zidan yosh to‘kilardi,
Ari botib borar o‘z kafaniga.
Gullar quvnar edi, gullar kulardi,
Arilar kelardi uning dafniga.
Har kun bir afsona yaratar hayot,
Sahari boshqadir, boshqadir oqshom.
Go‘zallik deyishdan to‘ymagan qanot,
Tomosha yaratdi g‘amli tomosha.
Tuproqqa g‘arq bo‘lar gullarning boshi,
Ko‘rdim chechaklarning gul ranggi so‘lar.
Tushgan barg edimi yoki ko‘z yoshi,
Yig‘lagan kim edi, ne edi mubham?..
Bari yuragimni bosib boradi,
Yashab o‘lmoqlikning birdir qonuni.
G‘unchaning ustida ari yonadi,
Go‘zallik deb berar ekan jonini!..
Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi