Samad Vurg‘un (taxallusi; asl ism-sharifi Samad Yusuf o‘g‘li Vekilov – Səməd Vurğun) (1906.12.5, Yuxari Salaxli qishlog‘i — 1956.27.5, Boku) — ozarbayjon shoiri, dramaturg va jamoat arbobi. Ozarbayjon xalq shoiri (1955), Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1943). Ozarbayjon Fanlar akademiyasi akademigi. (1945).
Ijodi 1924 yildan boshlangan. Samad Vurg‘un ijodining dastlabki davrida ozarbayjon she’riyatiga kirib kelayotgan formalizm ko‘rinishlariga qarshi kurashgan. «Shoirning qasami» (1930), «Fonar» (1932) she’riy to‘plamlari, «26» (1935), «Basti» (1937), «Toliston» (1938) va «Mug‘an» (1940) dostonlarida 30-yillardagi mehnat va kurash romantikasi o‘z ifodasini topgan. Samad Vurg‘unning shu davrdagi ijodida «Voqif» she’riy dramasi (1937) alohida ahamiyatga ega bo‘lib, unda 18-asrda yashagan ozarbayjon shoiri Voqifning mashaqqatli hayoti va ijodiy faoliyati katta mahorat bilan tasvirlangan.
«Farhod va Shirin» dramasi (1941) Nizomiyning «Xusrav va Shirin» dostoni asosida yozilgan. U «Xanlar» (1939) she’riy dramasi, «Ona so‘zi» (1941), «Oygun» (1951), «Negr so‘zlaydi» (1948) dostonlari hamda «Yondirilgan kitoblar» (1947) she’riy turkumi muallifi.
Insonparvarlik, vatanparvarlik va baynalmilallik Samad Vurg‘un ijodining g‘oyaviy asoslarini tashkil etadi. Samad Vurg‘un ozarbayjon she’riyatida zamonaviy til va uslubning shakllanishiga katta hissa qo‘shgan. Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Sh. Rustavelli, A. S. Pushkin, T. Shevchenko, M. Gorkiy asarlarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. Uning bir qancha she’r va dostonlari o‘zbek tilida nashr etilgan.
OZARBAYJON
Ko‘p o‘tganman bu tog‘lardan,
Turna ko‘zli buloqlardan,
Eshitganman uzoqlardan
Jimjit oqqan Orazlarni,
Sinaganman do‘stu yorni…
El bilarki, sen manimsan,
Yurtim, elim, maskanimsan,
Onam – tug‘ma Vatanimsan!
Ayrilarmi ko‘ngil jondan,
Ozarbayjon, Ozarbayjon!
Men o‘g‘lingman, sen bir ona,
O‘g‘lingmanki, men parvona,
Olis-yaqin, har tomona –
Ko‘p uchsam-da oshyonimsan,
Elim, kunim, makonimsan.
Yo‘lim sendan yiroq tushsa,
O‘rtamizga firoq tushsa,
Ajabmas sochga oq tushsa,
Bo‘g‘ar oylar, yillar meni,
Ayb etmasin ellar meni.
Tog‘laringning boshi qordir,
Qoplagan oq bulutlardir,
Buyuk bir o‘tmishing bordir,
Ming-mingdadir sening yoshing,
Nelarni ko‘rmadi boshing!
Tushding sen yovuz tillarga,
Yomon oy, yomon yillarga,
Nasllardan-nasllarga
O‘tgan bir shuhrating bordir,
O‘g‘il-qizlar baxtiyordir…
Qarayman keng andizlarga,
Shahlo ko‘zli qunduzlarga,
Qora xolli oq yuzlarga –
Ko‘ngil istar: yozsin g‘azal,
Yasharaman yozsam har gal…
Bir yoningda Xazar yotar.
Yashilbosh suxsurlar yuzar,
Xayolim aylanar, kezar –
Mug‘on, Eldor… Ozar yurti…
Manzil uzoq – umr-chi, yarti!
Qator tog‘lar, keng daralar,
Ko‘ngil ochar manzaralar,
Jayron sakrar, poda ma’rar,
Qancha ko‘p o‘tlog‘ing sening,
Chamaning, yaylog‘ing sening!
O‘ting tog‘u gulistondan,
Astradan, Lankarondan,
Afrikadan, Hindistondan
Bizga mehmon bo‘lar qushlar,
Zulmdan ozod, ko‘ngli xushlar…
Butog‘ini yozib har yon,
Sap-sarg‘ayib pishar limon.
Tog‘larda oq qor har qachon,
Tog‘larimiz po‘lat qo‘rg‘oni,
O‘ta olmas yovuz dushman.
Lankarondir bir guliston,
Qizlarimiz ko‘rkam, xandon.
Choyni quyib uzat, jonon –
O‘zgaga ochmas dilini,
Onamning dilbar kelini!
Zar boshoqlar nonu cho‘rak,
Oq paxtamiz chechak-chechak,
Uzumzorda sharbat chak-chak –
Saxarlarda ye bearmon,
Belingga ham bo‘lur darmon.
Qazaxda min saman otga,
Yollariga yota-yota.
Ot ko‘pikka bota-bota
Keng yaylovlar 6eliga chiq!
Kavkaz tog‘, Ko‘k ko‘liga chiq!
Ey ozod kun, ozod inson,
To‘yguncha ich bu bahordan.
Bizning guldor sholchalardan
Yoz, chinorning ko‘lkasiga!
Olqish quyosh o‘lkasiga,
Ko‘nglim o‘tar Qorabog‘dan,
Goh u tog‘dan, goh bu tog‘dan,
Oqshom payti ko‘p uzoqdan –
Ko‘kka uchsin baxt ovozi,
Qorabog‘ning jarang sozi.
Yurt! Ming yillar qo‘shig‘isan,
Go‘zallarning beshigisan,
Baxshilarning ma’shug‘isan,
O‘zing quyosh quchog‘isan,
She’ru san’at o‘chog‘isan!
O‘lmas ko‘ngil, o‘lmas asar,
Nizomiylar, Fuzuliylar,
Qo‘ling qalam, siynang daftar
Aytgil, dilda nimang bordir,
Aytilgan so‘z yodigordir.
Qani, bizning Bokuga boq!
Sohillarda nurli chiroq,
Gudoklari hayqiraroq –
Na’ra solar bo‘z cho‘llarga,
Nur sochar daryo, ko‘llarga.
Nozlanadi yel esarak,
Sohillarda kering ko‘krak.
Bizning Boku – bizning yurak,
Yorug‘liqda qudrat so‘zi,
Saharlarning hulkar ko‘zi.
Go‘zal Vatan! U kunki san
Ol bayroqli yorug‘ tongdan
Ilhom olding… Tug‘ildim man,
Kular tuproq, kular inson,
Keksa Sharqqa darvozasan.
ONA HAYKALI
Marmar obidalar, quyma haykallar
Bezakdir har ulug‘, kichik shaharga.
Oh, xayolchan boshlar, ijodkor qo‘llar!
Siz qanot bog‘laysiz tushunchalarga…
O‘ylab boq: toshlardan, bo‘z qoyalardan
Surat yaratadi bir haykaltarosh,
Go‘yo nafas olar tirik bir inson,
Yashaydi yuz minglab asrga sirdosh.
Bo‘ronlar, to‘fonlar o‘tar boshidan,
Necha yuz qish, necha ming bahor,
Parcha g‘isht qo‘zg‘almas negiz toshidan,
Porlar manglayida o‘lmas iftixor.
Yashaydi san’atkor, yashaydi san’at —
Nasldan-nasllarga beradi salom.
Oh, ona tabiat, ona tabiat!
Eng buyuk avloding insondir mudom!
Mirtemir tarjimasi
* * *
Agar sendan tonar bo‘lsam nasibim ohu zor o‘lsin,
Bahorim qishga aylansin, chechaksiz bir diyor o‘lsin.
Chamanzorim, bog‘im-bog‘cham to‘kilsin, bori xor o‘lsin,
Mazorim o‘t olib yonsin, bu ishqim oshkor o‘lsin.
Qo‘y ey bulbul! Tin, ey dovul, ki xohish istirohatdir,
Bu yerlarda ilinjim yo‘q, yupanchim bir sayohatdir.
O‘lim, eyvoh, bu ne’matdir, bu bir shonli saodatdir,
Agar bevaqt o‘lar ersam, raqibim baxtiyor o‘lsin.
Falakdan intiqom istar jo‘shib ruhimda bo‘ronlar,
Na insofni, na vijdonni bilar, yo rab, bu insonlar.
Yoz, ey Vurg‘un, yana jo‘shsin bugun olamda to‘fonlar,
Yiqilsin mehvari olam, u tubdan toru mor o‘lsin!..
O‘YLAR
Goh-gohida ovchi ko‘nglim tog‘lardan oshib,
Olis ketib, uzoq-uzoq yo‘llar kezadi.
Sokin o‘tgan kunim bilan u vidolashib,
Na’ra tortib, suron solib cho‘llar kezadi.
Bir qushchaning uchishidan, bilsangiz agar,
Nelar tuyar bu shoirning sayyor yuragi?
Insof bilan aytilganda, bir jonli asar –
Yashil o‘rmon, ko‘m-ko‘k dala, ohu hurkagi…
Lochin uchar uyasidan shiddatli, tezkor,
Ko‘hna tog‘lar kiftin ko‘kka tirab turadi.
Kim yashamas o‘z qalbining azmiga hamkor,
Kim olamning o‘sishiga befarq yuradi?
Bu dunyoning xaritasi bir rangda emas,
Azal boshdan har suvratning o‘z jilvasi bor.
Keksa eman yuz yil yashab, charchadim demas,
Yiqilsa ham ildizi-la qular shiddatkor.
U o‘lmaydi, o‘larmi hech olamda viqor?
Zamon o‘tar, nihol o‘sar, bitar qasrlar.
Bir qo‘lida yoz quyoshi, birida bahor,
Qancha bayram qarshilaydi bizning nasllar.
Gohi ochib quchog‘imni, bir shamolsimon,
Karvon bo‘lib eldan-elga ko‘chgim keladi.
Yuragimda bir dunyoning kuchi begumon,
Dengizlardan, ummonlardan kechgim keladi.
Qoya misol to‘lqinlarning metin saflari
Shiddat bilan ko‘kragimga sola boshlar chang.
Engarmidi irodamni to‘lqin daflari,
Kim istamas qilishni, eh, po‘rtana-la jang?!
Gohi palla, sokin oqqan ariq yonida,
O‘yga tolib, dardlashaman bu yurak bilan.
Orzularim misli daryo oqar qonimda,
Kimning qalbi urmas axir ming tilak bilan?!
Istardimki, olis yo‘lda suvga zor turgan
Bir kimsaning qarshisida buloq bo‘lolsam;
Bir maslakli do‘stlarimning dunyoda ko‘rgan
Tashvishiga, quvonchiga o‘rtoq bo‘lolsam…
Istardimki, qanotini yozganda hijron
Qovushtirsam ayri tushgan do‘st qo‘llarini.
Sog‘inishgan sevishganlar ko‘rishgan zamon,
She’rga solsam bu visolning shan yo‘llarini.
Bir chumchuqning uyasini uchirsa shamol,
Tumshug‘imda xas-cho‘p yig‘ib in qurib bersam.
Chag‘alarga hadya etsam durkunlik, kamol
Va uchirma qilish uchun shoxlarga tersam…
Istardimki, duch kelganim u yetim go‘dak
Ota desin, ham yayrasin meni ko‘rganda.
Kim istamas yiqilganga bo‘luvni tirgak,
Kim quvonmas birov ko‘mak berib turganda?..
Ko‘z oldimdan dunyo o‘tar varaqma-varaq,
Men orzular olamiga sho‘ng‘ib keturman.
Ziyoratgoh eshigida turgandek bu chog‘,
Miltiq tutgan askar kabi sukut eturman.
Goho esa, Yer ostida qo‘limda chiroq,
Shaxtalarda cho‘kich urib, ma’dan qazurman.
Sochi oppoq hakamlarga aylanib men goh,
Vatanimning yovlariga o‘lim yozurman.
Burg‘u qurib, neft chiqargan qahramonlarning
Boltasidek qoyalarni urib yorgim bor.
Er ostiga Yer ustidan mard insonlarning
Olqishini, salomini tashib borgim bor.
Soch yoyganda dalalarga bahor quyoshi,
Er yumshatib, urug‘ tanlab, sepsam deyman don.
Qari ho‘kiz holdan toysa, aylansa boshi,
Tortsam, deyman o‘zim shunda omochni chaqqon.
Shudgorlarni yuvish uchun otlanganda sel,
To‘siq bo‘lib, shiddatini kesa olsaydim;
Saratonda olov purkab yonganida cho‘l,
Navbahorning nasimidek esa olsaydim…
Istardimki, kelajakka bo‘lib bir yodgor,
Na shuhratim, na haykalim, na otim qolsin.
Kurashlarda zafar topgan mard qahramonlar
Sirasida asarlarim, avlodim qolsin.
Deydilarki, sovir emish bir kuni oftob,
O‘ylaguncha u zavolni, yetguncha u dam,
Bu dunyoga necha ming yil kelarkin shitob,
Cho‘zsam edi kurash bilan umrni men ham.
O‘z qo‘limda inju misol ipga tizardim
Oylarini, yillarini abadiyatning.
Samovotda quyosh bilan birga kezardim,
Er yuzida bo‘lar edim ko‘rki xilqatning.
Istardimki, qutlug‘ kunlar cho‘lda, chamanda
Yuraklarga ohang solgan nay bo‘la olsam;
Men o‘zimni bu dunyoda, dunyoni menda
Idrok etib, ma’no to‘la may bo‘la olsam…
Bir orzuning mevasidir har kichik asar,
O‘ylanaman, tilga kelur qalbimdan bir sas,
Deydi: shoir, juda soz-ku bu shirin o‘ylar,
Lekin Borliq bir yurakka, afsuski, sig‘mas.
Ozarbayjon tilidan Razzoq Abdurashid tarjimasi
AYTIShUV
1955 yil xalq shoiri Samad Vurg‘un
bilan Oshiq Shamshirning aytishuvi
Oshiq Shamshir, Dili bog‘ni kezganda,
Kaklikli dashtlardan xabar ol mani.
Jayron bulog‘ingdan qizlar ichganda,
Soz tutib, so‘z qo‘shib yodga sol mani.
OShIQ ShAMShIR:
Qo‘chqorni qulatar aziz boshing bor,
Bizni el taniydi, ko‘cha bog‘ sani.
Yonar yo‘limizda san’at chirog‘ing,
Bilurmiz she’ringda bir mayoq sani.
SAMAD VURG‘UN:
Yo‘l yurib, mo‘l yurib, sas sol tog‘larga,
Go‘zallar o‘yladi to‘y-yaylovlarda,
Manim bu dardima keng o‘tloqlarda,
Siynama o‘q otdi bu malak mani.
OShIQ ShAMShIR:
Azaldan boshingdan jam bo‘lib kamol,
Sani o‘g‘lim deya sevar el mahtal,
Ozod o‘lkamizda ham kulib zamon,
Ko‘nglimiz istayur bir saboq sani.
SAMAD VURG‘UN:
O, jayron boqishli boqdi uzoqdan,
Jonimni o‘tlarga yoqdi uzoqdan,
Yuz yilda tovlanib, o‘tsa u yoqdan,
Unutmas olamda ahli xol mani.
OShIQ ShAMShIR:
San komil sharafsan, ko‘z istagisan,
Fahmu farosatning o‘z istagisan.
Buyuk san’atkorsan, so‘z istagisan,
Daryosan, orzular- ming buloq sani.
SAMAD VURG‘UN:
Kelmisham, kezmoqqa sizning bog‘lara,
Boqdi bu kenglikka, to‘yguncha bari,
Shoirning bu yerga tushdi ko‘zlari,
Go‘zal qarshiladi xush iqbol mani.
OShIQ ShAMShIR:
Kunba-kun gul ochur Voqifning bog‘i,
Bu ko‘p shoirlarning ona tuprog‘i,
Samodin maskani, she’rlar o‘chog‘i,
Kamola yetirib o, qozoq sani.
SAMAD VURG‘UN:
Baxt mani bu yerga qo‘noq ayladi,
Ketarman, yomondir ayriliq dardi.
Dema, Samad Vurg‘un kelar-ketarda,
Unutmas bu lahza, bu mahal mani.
OShIQ ShAMShIR:
Sharshirla asrasin qoldi, o, yodgor,
Unutmas na qadar, jonida san bor,
Sandan dars olmoqqa diyorma-diyor,
Kezarman elimda shamchiroq sani.
XOVARGA
Shirin so‘z aytarim, injima mendan,
Yor-yordan ayrilmas, bulbul chamandan.
Demagin, oq tushdi, sochimga shu dam,
Yurak aldamaydi, yuragim sensan.
Men qul bo‘lmaydirman, shuhratga, otga,
Sansiz yasholmasman big-ming bo‘lsa-da,
Maning bu dunyoda malagim sansan.
Ko‘ngil hech to‘yarmi sendek go‘zaldan,
Sen bo‘lding qismatim hukmi azaldan.
Sog‘ bo‘lsin xayirlik, ishi nazardan,
Muqaddas amalim, tilagim sensan.
Yusufni, Voqifni ko‘rdim bor bo‘lsin!
Oybaniz hammadan baxtiyor bo‘lsin!
Yuz yilda Vurg‘unga Xovar bor bo‘lsin!
Eng aziz sirdoshim, yordamchim sensan!
Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi