Taniqli shoir va adabiyotshunos olim Qosim Qosimzoda Xonsuvor o‘g‘li (Qasım Qasımzadə) Kubadlidagi Xo‘jamsaxli qishlog‘ida tug‘ilgan. Bokuda universitetni bitirgach, adabiy-ijtimoiy gazeta va jurnallarda, Adabiyot institutida ishlagan, “Adabiyot va injasan’at” gazetasining Bosh muharriri bo‘lgan.
She’riy va ilmiy asarlari bilan zamonaviy adabiyotning rivojiga o‘ziga xos ulush qo‘shgan. Xususan, adabiyotshunoslikka oid ilmiy asarlari uchun unga Ozarboyjon Davlat mukofoti berilgan (1984).
Uning “Bizning tog‘lar” (1955), “Yurak to‘lqinlari” (1959), “So‘nggi ko‘rishuv” (1960), “Binafsha yaprog‘i” (1965), “Bordim, ko‘rdim, o‘yladim” (1971), “Inson ming yil yashardi” (1973), “O‘tma nomard ko‘prigindan” (1975), “Tog‘lar, meni qo‘yvoring” (1978), “Toshni kesgan so‘z” (1981), “Sendan ayrilarman” (1985) kabi she’riy va ilmiy kitoblari bosilgan.
ONAM EKAN-DA
Umrning past-baland yo‘lidan o‘tdim,
Yaxshiyu yomonni ko‘rib, fikr etdim,
Uylandim, joylandim, tashvishga botdim,
Bolalikning toti onam ekan-da.
Nodonga, dushmanga bo‘lib yuzma-yuz,
Oh, sanchib yuragim, tang qolganim kez,
Bir ovoz kuch berar: “Bolam, biz bormiz!”
Dilimning quvvvati onam ekan-da.
Qancha onalarga onam onadir,
“Olam bir yona-yu u bir yonadir”,
U yozgan dasturxon shakarxonadir,
Hayotning lazzati onam ekan-da.
Kelinning, kuyovning bilar o‘rnini,
Bolaning bolasin chekar dardini,
Erkalab avaylar bari-barini,
Yaxshilar qismati onam ekan-da.
Gaz uncha isitmas yotog‘imizni,
Sovuq qish junjitar quchog‘imizni;
Necha bor eshitdim — o‘chog‘imizning
O‘ti, harorati onam ekan-da.
Umrning qor fasli oqartdi boshim,
Meni ota deydir singlim, qardoshim,
Qiyin payt titrayman, yetmas bardoshim,
Ota shon-shavkati onam ekan-da.
1973
INSON MING YIL YaShARDI
Okeanlar, dengizlar inson uchun yaralmish.
Qirlaru dala-tuzlar inson uchun yaralmish.
Chaqmoq chaqqan onlarda yuzi ochilib, kulgan
Tumanli tog‘, qoyadan tomchi-tomchi to‘kilgan
Bol buloq,
Yashil o‘tloq
Inson uchun yaralgan.
Mevazor shu qishloqlar –
Ne’mat to‘la bo‘xchalar,
Qirg‘ovulli ovloqlar,
Bulbulli bog‘-bog‘chalar,
Shalolali tepalar,
Yayloqdagi kapalar,
Cho‘qqidagi qor, chechak,
Ufqdagi ming bezak,
Osmondagi ming naqsh
Inson uchun yaralmish.
Inson ming yil yashardi
Bu ne’matlar ichinda!..
Yuz yoshda yoshlikning ilk havasi-la jo‘shardi,
Besh yuzida qush uchmas yuksak tog‘dan oshardi,
Sakkiz yuzga yetganda, yuragi o‘ynamasdi,
Kasallik qiynamasdi,
Na-da aqli shoshardi,
Inson ming yil yashardi –
Qilichini tuyg‘ular solmasaydi ustiga,
Hasrat, yovlik, ayriliq tushmasaydi qasdiga.
Ilk muhabbat javobsiz qolganida,
Butoq-butoq orzular so‘lganida,
Har bir kuning aylanib qaychiga, bil,
Kesar yoshlik, umringdan yuz yil, yuz yil.
Yana qoni jo‘shardi,
Tog‘ soyidek jo‘shardi,
Inson ming yil yashardi –
Bosmasaydi boshini turmushning dard-qayg‘usi,
Ota-ona motami, nomardning kin, qasosi.
Bola dog‘i tog‘ bo‘lib,
Bukmasaydi belini,
Kesmasaydi umrining
Qancha-qancha yilini.
Etimlarning haqqi, mulki talansa,
Bechoralar ta’nalarga belansa,
Olimlardan kulsa avom, qo‘lansa,
Haqiqatdan yolg‘on ustun kelganda,
Sanchib-sanchib og‘rir yurak, teshilar,
Ovqatimga har kun og‘u qo‘shilar…
Yot qo‘shinlar yurtimni toptaganda, ezganda,
“Ersiz keldi! Qoch, shu yerlik!” deya kulib, kezganda,
Shon-shavkatli bu xalqim bulanganda bo‘htonga,
Chidamay g‘azabiga, zolimga, zo‘ravonga
Otmasaydi o‘zini,
Qora kuniga ko‘nib,
Yumsa edi ko‘zini,
Chaqmasaydi boshida chaqmoq bo‘lib yurt dardi,
O‘n asrni, ming yilni o‘z ko‘zi-la ko‘rardi –
Inson ming yashardi.
Qay kimsalar shon-sharafin otganda,
Kasb, g‘ururni mansab uchun sotganda,
Yuzin burib, ters boqqanda millatga,
Tosh-tuproq ham tushganida g‘urbatga,
Shahar-qishloq kezib, o‘tib tog‘-toshdan,
Yurtdosh ish, non tilanganda yurtdoshdan,
Ne dahshat!
Jon uzilar betinch jangda… ne vahshat…
Qo‘shnisi yotib qolsa,
Uyidan chiqmasaydi,
Do‘stning og‘ir kunida qayrilib boqmasaydi,
Mazlumu muhtojlarning yetmasaydi dodiga,
Chopmasaydi har olis jafokash faryodiga,
Yaxshilikning zavqidan bo‘lsa edi bexabar,
Yomonlarga ko‘ksini qalqon etmasa agar,
Badantarbiya mashqin qilsa edi butun kun,
Bilmasaydi kelganin bu dunyoga ne uchun –
Yuz yillarni tashvishsiz yashab o‘tardi oson,
Qarg‘aday go‘ng titgancha yashab o‘tardi inson.
Yaxshiyamki, umrimiz ming yilga cho‘zilmaydir –
Yaxshiki, odam, dunyo unchalar buzilmaydir.
Ozarbayjon tilidan Tohir Qahhor tarjimasi