Mikoyil Mushfiq (1908-1939)

Asli ismi Mirzo Abdul qodir o‘g‘li Ismoilzoda bo‘lgan Mushfiq (Mikayıl Müşfiq) Boku shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Otasi she’rlar yozgan. Mushfiq bir yarim oyligida onasidan, olti yasharligida otasidan yetim qoladi. Hayot mashaqqatlarini kichikligidan tortadi. Buvisi Qizhayit bibidan ertak, qo‘shiq va bayotlar eshitib, kichikligidan she’r yozishni mashq qila boshlaydi.
O‘rta maktabni bitirgach, universitetga kiradi va uni 1931 yilda tamomlaydi. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi, ayni vaqtda matbuotda faol qatnashadi. Shoir vatanparvarlik, mardlik, muhabbat tuyg‘ularini mahorat bilan tarannum etdi.
“Ullar”, “Kun tovushlari”, “Janglar”, “Shangul, Shungul, Mangul”, “Sharshara” singari 11 kitobi, jahon klassik adabiyoti namunalaridan besh jildlik tarjimalari nashr qilingan. Shoir 1939 yil 12 martda fojiali halok bo‘lgan.

KIYIK

Behosdan sakrama qoya toshlarda,
Toshlar oyog‘ingni ezar, kiyigim!
Kel, seni ko‘zlarim ustida tutay,
Etma oshig‘ingdan xazar, kiyigim!

Nozlanib-nozlanib qiyo boqqanda,
Ma’suma ko‘nglimni o‘tga yoqqanda,
U ko‘z chashmasidan nurlar oqqanda
Qaynar buloqlarga o‘xshar kiyigim!

Yulduzlar husningdan aylaydi so‘roq,
Badnazar ko‘zlardan bo‘l, erkam, ogoh,
Ko‘ksimda sayr ayla, ketma ko‘p yiroq,
Hijron tog‘larini kezar kiyigim!

Shuhrat tarjimasi

IShQIM

Otayu onasiz Ofeliya kabi
Sochlari parishon bir qizdir ishqim.
Qalbimning bulutli samolarida
Titragan bir g‘arib yulduzdir ishqim.

Eh oshkor bo‘laroq bu ona yerdan,
Buyuk tangri kabi tushib nazardan,
Chehrasi kulmagan xarobalardan
G‘amliroq, bo‘mbo‘shroq, baxtsizdir ishqim.

Hayotga boqmagay telbasar kabi,
Har bir hodisadan bexabar kabi,
Yot ellarda qolgan yetimlar kabi
Boshi balolidir, yolg‘izdir ishqim.
1929 yil

YaShA KO‘NGIL

Oh, bu uzun ishqim yo‘li
Etarmi hech boshga, ko‘ngil?!
Mo‘ljal oldim, kamon tortdim,
Tegdi o‘qim toshga, ko‘ngil!

Olov tushdi bulutiga,
Duchor bo‘lding ishq o‘tiga,
Qolding hijron umidiga,
Ayo singan shisha ko‘ngil!

Tarlonsan, yerga qo‘nmaysan,
Bu tuproqda quvonmaysan,
Men to‘ngdimu, sen to‘ngmaysan,
Yasha ko‘ngil, yasha ko‘ngil!

OQIM

Baland tog‘ning moviy ko‘zidan balqib —
Quyilgan ul sevinch yoshlari misol —
Oqarkansan, dilim qinidan chiqib,
Vujudim uchgaydir go‘yoki shamol.

Ey buyuk oqim, ey pokiza yurak,
Yo‘qmi oramizda bir ko‘ngil bog‘i?
Sasingga sasdosh bir bastakor kerak,
Ey quvvat bulog‘i, ey nur bulog‘i!

Sen ham shalolasan tab’i o‘yimda.
Yuraklar, aqllar, ruhlar sharqirar,
Sening qo‘shig‘ingda, o‘lmas kuyingda.

Fikrlar tuprog‘i, hislar tuprog‘i,
Obihayoting-la chechaklar ochar,
Ey havas bulog‘i, qo‘shiq bulog‘i!
1937 yil

BIR QUYoShU, BIR NIGOH

Hammayoqda sovuq, qoru qahraton,
Chillaning joni ham kelmish bo‘g‘ziga.
Kechki izg‘irinu shomgi bu bo‘ron
Tushmish naql bo‘lib xalqning og‘ziga.

Borliq sokin, borliq go‘yo lol,
Va lekin yaqindir fasli guliston.
Yashil manzaralar xuddi bir xayol,
Halitdan o‘ngimda bo‘lur namoyon.

Qorga tegib subhiy Kuyoshning qo‘li,
Sharqirarkan so‘lim suvlarning yo‘li,
Har yondan bahorga yog‘di olqishlar.

Sen ham o‘t nigoh-la menga boqqan on
Erib dilda hijron, bu qish, gulandom,
Senga quchoq-quchoq gul etar in’om.
1936-1937 yillar

G‘ulom Ismoilov tarjimalari

YaShA, KO‘NGIL!

Oh, bu uzun savdo yo‘li
Qachon tushdi boshga, ko‘ngil?!
Nishon oldim, kamon otdim,
Tegdi o‘qim toshga, ko‘ngil!

Bir o‘t tushdi bulutina,
Yondi ko‘ngil ishq o‘tina,
Qolding hijron umidina,
Ayt, netarsan, shisha ko‘ngil?

Tarlonsan, ko‘kdan enmassan,
Bu tuproqda sevinmassan.
Men ko‘naram, sen ko‘nmassan,
Yasha, ko‘ngil, yasha, ko‘ngil!

SENING KULIShLARING

Qarshimda nozlanib yana kulursan,
Bilsang kulgularing nimaga o‘xshar?
Men desam ortiqdur, o‘zing bilursan –
Lola yaprog‘ida shabnamga o‘xshar.

Sening kulgularing bir epkin kabi
Esarkan,orzumda gullar ochilur.
Kulsa dudoqlaring – yulduzlar kabi
Ruhimga bir sarin nurlar sochilur.

So‘yla, go‘zallarning dudoqlarinda
Bu yangroq kulgular pinhon tushmidur?
Sening har qahqahang – oy qanorindan
Kechgan bulutmidur,uchgan qushmidur?

Sening kulgularing yoz saharindan
Hissimga, fikrimga go‘yo rang olur.
Kulgin! Shoirlaring kulishlaringdan
O‘lishni bilmagan bir ohang olur.

Sen kular ekansan bu shod kunimda,
Qarshimda ochilur, jonlanur bahor.
Ba’zan tushlarimda, ba’zan o‘ngimda
Chaqmoqlarim chaqar, toshadi anhor.

Jahonkim, so‘lmagan bir bog‘cha-bog‘dur,
Bunda ravo erur kulgudan o‘lmak!
Bechoradir, kimki qaroqaboqdur,
Naqadar yarashar insonga kulmak!

IShQIM

Onasiz, otasiz Ofeliya kabi
Sochlari parishon bir qizdir ishqim.
Qalbimning bulutli samolarinda
Titragan bir g‘arib yulduzdir ishqim.

Bir mehr kutgancha ul shan ko‘zlardan,
Buyuk Tangri kabi tushib nazardan,
Chehrasi dildagi xarobalardan
Yana g‘amli, yana hissizdir ishqim.

Hayotga boqmagan darbadar kabi,
Har bir hodisadan bexabar kabi,
Yot ellarda qolgan yetimlar kabi
Boshida ming savdo, tengsizdir ishqim.

Ozarbayjonchadan Xurshid Davron tabdil etgan

YaNA U BOG‘ BO‘LARDI

Yana u bog‘ bo‘lardi, yana yig‘inibroq siz u boqqa ko‘chardingiz.
Biz ham tilagimizcha falakdan kam olardik,
Sizga qo‘shni bo‘lardik.
Yana u bog‘ bo‘lardi, seni tez-tez ko‘rardim,
Qalamga so‘z berardim.
Har kuni bir yangi nag‘ma, har kun bir yangi ilhom,
Yozardim sahar oqshom.
Orzuga boq sevgilim, qanotingdan injami?
So‘yla, yuraging jomi?
Yana u bog‘ bo‘lardi, yana sizga kelardik,
Tanishardik, kulardik.
Hurkak boqishlaring, ruhimni tindirarding,
Mani sevintirarding.
Qiziq suhbat ochardik, ruhing ehtiyojidan,
Qarindoshing, opangdan.
Chekinibroq ko‘p zamon suhbatingni ayarding,
Man bilan alisharding.
Yana bir yurardi, qalbimiz qizil-qizil,
Sen, ey asmar Tamizli.
Bu yoz bir boshqa yozdir, bu yoz yanada xushdir,
Voh u qalbaki, bo‘shdir.
Har ufqda bir havas, har tarafda bir umid,
insonlar yana mas’ud.
Tuyg‘ular yana inja, fikrlar yana zarrin,
Yuraklar yana sarrin.
Insonlarning viqori, talabi yana yuksak,
Yo‘limizda tosh, kessak,
Ta’mirlangan bir ozda. Ellarning kayfi sozdir,
Bu yoz, bir boshqa yozdir!
Yana bir bog‘ bo‘lardi, yana u qumli sohil,
Suvlar otardi dil-dil.
Soching kabi tovlanib quyoshda tovlanardim,
Tolib ilhom olardim.
Etagingni havasda quchoqlarkan dolg‘alar,
Qalbimda qasirg‘alar,
Po‘rtanalar ko‘chardi, qizg‘onch, rashk uyg‘otardi,
Mani hirsim bo‘g‘ardi.
Yulib olardim sani, dolg‘alarning qo‘lidan,
Va quchardim belingdan.
Hayolimiz uzaydi savdo dengizlarida,
Quvonchlar uzorida.
Ilhomimning yelkani, zarrin soching bo‘lardi,
Suvlar hirsim olardi.
Bu na go‘zal she’rdir, bu na go‘zal manzara,
Keling boqing Xazara.
Chiqaylik Buzovnaga kichik qiyaliklarga,
Sayra dilim bir qara. .
Kechalar sayr etarkan, yulduzlar lola kabi,
Ishqlar jola kabi.
Hayratlarga botarkan, atrofga qara-qara,
Eng yaqin bir odam-la.
Na go‘zaldir tinglamoq suvlarning nag‘masini,
Tabiatning sasini!
Na go‘zaldir bo‘lishmoq, usti yoy fasillarni,
Bu sarrin sohillarni!
Na go‘zaldir saharlar bizning buyuk ruhimiz,
Oshib-toshgan tuyg‘umiz.
Shakindagi gullarga, boqarkan lazzat olmoq,
Bu moviy she’rga solmoq.
Dolg‘alar kabi qalqmoq, dolg‘alar kabi yengmoq,
Ba’zan hurkib chekinmoq.
Har dolg‘a bir kishnagan oppoq yolli ot kabi,
Bizning bu hayot kabi!
Yana u bog‘ bo‘lardi savdolar o‘lkasida,
U sovuq ko‘lkasida.
Injiq qumlar ustida yana qo‘yib boshni-boshga,
Yoyni burardik boshga.
Kunlarimiz o‘tardi qizg‘in farahlar kabi,
To‘la qadahlar kabi.
Yaproqlar orasidan uzatilgan qo‘lini,
Qanot kabi qo‘lini.
Kechalar tarar edi sochlaringni ey, go‘zal!
San go‘zalmi, oy go‘zal?
Qo‘llaringda qo‘llarim, ko‘zlaringda ko‘zlarim…
To‘kilardi so‘zlarim,
Ko‘nglingning qulog‘idan bir qizil tana kabi,
Quyosh dugona kabi.
Bu yoz do‘stlarim bir oz baxtiyor bo‘lajaklar,
Jon-jigar bo‘lajaklar.
Bir ozda uzoqlarga ochajaklar yelkanni,
Ruh yangi, rohat yangi…
Chiqadilar falak ham quchoq ochar,
Bulutlarning shovqini.
Uchadilar sabohga, uchadilar ertaga,
Efir bo‘shliqlariga.
Vaqtida bir ko‘lkadek hur yashamoq istagan,
Bu inson o‘g‘li bilsang.
Ozodlik o‘lkasida yana shod bo‘lajakdir,
Dunyo dod olajakdir.
Yana u bog‘ bo‘lardi, yana yig‘ingancha so‘z,
U boqqa ko‘chardingiz.
Biz ham murodimizga yetib ham olardik,
Sizga qo‘shni bo‘lardik.
Yana u bog‘ bo‘lardi, sani tez-tez ko‘rardim.
Qalamga so‘z berardim.
Har kuni yangi nag‘ma, har kun bir yangi ilhom,
Yozardim sahar-oqshom.
Orzuga boq sevgilim, qanotingdan injami?
So‘yla, yuraging jomi?

RASSOM

Rassom, sevgilimning rasmini kel chiz,
Sevgilim go‘zaldir, sen ham go‘zal chiz.
Nozidan azobda, nozi azal chiz,
Qo‘y uning nozini man o‘zim chizay.

Chiz uning qoradan-qora qoshini,
Chiz,rassom chiz uning inja belini,
Ko‘ziga boqolmay, ushla qo‘lini,
Jon olar ko‘zini men o‘zim chizay.

Chiz Tangri bergani go‘zal qulini,
Chiz to‘rt tarafini,o‘ngu-so‘lini,
Chiz uning kechirgan hayot yo‘lini,
Qo‘y oyoq izini men o‘zim chizay…

Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi