Shoir, tarjimon, publitsist Iso Ismoyilzoda Mustafo o‘g‘li (İsa Mustafa oğlu İsmayılzadə) 1941 yilda Gruziyaning Qorayazi (hozirgi Qardabani) tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, 1958 yilda Ozarbayjon Davlat universitetining filologiya fakultetiga kirib, uni 1963 yilda tamomlagan.
O‘rta maktabda muallim, Davlat Televideniye va radio qo‘mitasida muharrir, Ozarbayjon Entsiklopediyasi nashriyotida ilmiy muharrir, “Adabiyot va injasan’at” gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, “Ozarbayjon” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Talabalik yillari adabiy faoliyati boshlangan, ilk she’rlari 1961 yilda “Aprel chechaklari” almanaxi va “Ozarbayjon yoshlari” gazetasida bosilgan. Bir qancha to‘plamlar va dostonlar muallifi. She’rlari va dostonlari xorijiy tillarga tarjima qilingan.
“NOZIM HIKMAT” KEMASI
Kunlarning bir kunida
Nozim kemaga do‘ndi.
Dunyo dengizlarida
“Nozim Hikmat” ko‘rindi.
Tushdi ulkan ko‘prikdek
Shaharlar orasiga,
Ko‘rfazlar orasiga,
Oqshomlar orasiga.
Hasratdan chinqirib ul
To‘lqinlarni yora-yora
Bir qo‘lini bu sohilga,
Bir qo‘lini u sohilga uzatdi.
Quchoqlashdi sohillar,
Quchoqlashdi ko‘rfazlar.
Dengizlarga langar soldi,
Yuraklarga langar soldi…
* * *
Dengiz ko‘zli shoir Nozim
Sevinchidan, shodligidan
Hushtak chalib uzun-uzun,
Qichqirardi uzun-uzun.
Horg‘in-tog‘in yuragini,
Yuragida pusib yotgan
Mash’um, qora o‘limini
Jangga chaqira-chaqira
U ketardi o‘limga…
…Ummonlarga xabar yetdi:
Suzar dunyo suvlarida
“Nozim Hikmat” kemasi.
Dengizlarga xabar yetdi,
Ko‘rfazlarga xabar yetdi:
Suzar dunyo suvlarida
“Nozim Hikmat” kemasi.
“Sochlarining oqlarida,
Yuragining ohlarida”
Asrab kelgan mamlakatda
Jirtak chaldi qay bir nokas.
Suzib o‘tdi Marmaradan,
Suzdi Qora dengizlarda.
Ko‘rfazlarga langar soldi,
Shuhratidan, otidan
Dir-dir titroqqa tushgan
Shubhalarga, gumonlarga langar soldi.
O‘zi hasrat cheka-cheka
Bir kemaga aylandi,
Nomi keldi bu yerga.
Bir xo‘rsindi Qora dengiz,
Bir xo‘rsindi Marmara…
Yo‘llar,
yillar buncha uzun…
Ko‘zing oydin, Istanbul,
Ko‘zing oydin, Trabzon!
Ko‘rfazlaring g‘arq bo‘lsin
Ol yosh ila, Turkiya!
Nega hayron-lol turibsan,
Gul-chechak-la, tabassum-la
Chiq, qarshila, Turkiya!
Kelur, kema o‘g‘ling kelur,
Ajib visol payti kelur.
Ko‘zing oydin, og‘ushingga
Sening o‘g‘ling qaytib kelur.
Usmon Qo‘chqor tarjimasi