Ilg‘or Fahmiy (İlqar Fəhmi) – shoir, nosir, dramaturg va ssenariynavis. 1975 yilda Bokuning Zira qishlog‘ida tug‘ilgan. 1992-1996 yillarda Boku davlat universitetining huquq fakultetida tahsil olgan bo‘lsa, keyinchalik Belorus davlat iqtisod universitetini tamomlagan.
2002 yilda “Eng so‘nggi poyezd” (“Itlar”) pesasi Jannat Salimova tomonidan sahnalashtirilgan. “O‘limning gali” (2009, rejissyor Fikrat Aliyev), “Aktrisa” (2010, rejissyor Rovshan Aliyev), “Darvesh kundaligi” (2011-2012, rejissyor Eldar Quliyev), “Oxirgi bekat” (2013-2014, rejissyor Fikrat Aliyev) va boshqa ssenariylari asosida filmlar tasvirga olinib, Ozarboyjon Madaniyat va turizm vazirligi taklifiga ko‘ra oynayi jahonda efirga uzatilgan.
2003 yilda Ozarboyjon Yoshlar, san’at va turizm vazirligining “Yilning eng yaxshi yosh shoiri”, 2007 yilda “Rasul Rizo”, 2011 yilda esa “Boku o‘tmishidan kollaj” asari uchun “Humoy” mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Hozirda Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasining ijodiy masalalar bo‘yicha kotibi vazifasida faoliyat olib bormoqda.
“Senli so‘zim keldi senga”, “O‘lim go‘zalmi yoki sen?”, “Yana g‘azallar” kabi bir qator she’riy kitoblari, “Ilk suiqasd”, “Qarg‘aning ini”, “Soyadagi aqrab”, “Akvarium”, “Boku o‘tmishidan kollaj” romanlari va “Sendan nigoronman”, “Karmen”, “Mayguli” dostonlari chop qilingan.
U QIZNING…
Sochlari bir zulfi-parishon edi,
Jumla-jahon zulfiga qurbon edi,
U qizning…
Endi, go‘zal sochlarin har tolasin qor tutar,
Sifatin go‘yo qora rangi mag‘lub, oq yutar.
Ko‘zlari bir nargizi-fatton edi,
Kiprigi go‘yo o‘tkir paykon edi,
U qizning…
Endi, ortiq porlamas ko‘zlari yulduz kabi,
Kiprigi uzra ko‘zin yoshi qotar muz kabi.
Boshdan-oyoq sarvi-xiromon edi,
Qomatiga sarv lolu hayron edi,
U qizning…
Endi, bukibdir belin achchiq hayot, ko‘r, qancha,
Go‘yo tortgan bir umr g‘am yukin yashirgancha.
Lablari bir g‘unchayi-handon edi,
Bo‘sasi ko‘p dardlarga darmon edi,
U qizning…
Endi, g‘amdan erta-kech lablarini cho‘g‘ etar,
Oh, bu qanchalik qayg‘u, qo‘l lablarni yo‘q etar.
Nutqi shirin bir shakkariston edi,
Har so‘zi ma’no toshgan ummon edi.
U qizning…
Endi, shikoyat to‘la so‘zlar to‘lmish nutqiga,
Tong qadar “oh” aylamoq odati bo‘lmish yana.
Oshig‘i bir yangi g‘azalxon edi,
Chekkani mudom g‘amu hijron edi,
U qizning…
Oshig‘in endi qalam tutmoqqa yo‘q toqati,
Naylasin oshiq, shunday yozilmish yo‘l-qismati…
* * *
Menki zulmat kechalarda tugab-bitmish kabiman,
O‘z yonimdan-da ko‘zim ko‘rmay o‘tmish kabiman.
Qancha yara qilsang hamki sira og‘rig‘i yo‘qdir,
Yaramni boshqa bo‘saga shundoq tutmish kabiman.
Muzdir yuraging dema, menda yurakdan yo‘q asar,
Uni bir qaynoq xiyonatda eritmish kabiman.
Nafasimdan ortiq avvalgi o‘tni axtarma,
Boqmagin yoningdaman, ammo shunday ketmish kabiman.
Abadiy bir navo, yo‘q, men ham sening umringda,
G‘amgin bir qo‘shiq edimki endi bitmish kabiman.
Yaralganingdan beri chorlamishdim seni men,
Undan avval senga dunyoni tor etmish kabiman.
So‘ylama dardingni Fahmiy, bilarman har neni men,
Aytmasimdan shunday chorla eshitmish kabiman.
KO‘XNA ROMANTIKAGA ELEGIYa
Endi baxtning lazzati yo‘q, toti yo‘q,
Ortiq shan-shuhrati yo‘qdir, oti yo‘q,
Endi baxtning sal-pal tafti bor xolos,
Asrab saqlamasang, hech.
“Go‘zal” ishqning so‘ngi yo‘q, avvali yo‘q,
Har taraf shu’la sochgan mash’ali yo‘q,
Go‘zal ishqning sorig‘ tutuni bor xolos,
Unga ham yig‘lamasang, hech.
“Ko‘xna yor”ning ortiq ul maydoni yo‘q,
Qator-qator tizilgan qurboni yo‘q,
Ko‘xna yorning telba oshig‘i bor xolos,
Ko‘ksini dog‘lamasang, hech.
Sensiz umrin ortiq g‘amgin sasi yo‘q,
Ko‘kka yetar bir hazin nag‘masi yo‘q,
Sensiz umrin xirgoyisi bor xolos,
Qulog‘ini bog‘lamasang, hech.
Falakning endi qadim qudrati yo‘q,
Olamga larza solgan dahshati yo‘q,
Falaqning eski, singan charhi bor xolos,
Orada bir yog‘lamasang, hech.
Fahmiyning qolmishi yo‘q, o‘lmishi yo‘q,
Ruhi samolarda, bunda ishi yo‘q,
Fahmiyning yerda jismi bor xolos
Ustini tuproqlamasang, hech.
* * *
To‘kilar senli soatlar u umrdan, bu umrdan,
Egilib ko‘tarar yo‘qdir uni yerdan, buni yerdan.
Uyimga dard kirar har kun, u boshidan, bu boshidan,
Ko‘zimga soya solarsan, u qoshidan, bu qoshidan.
Manzilingni so‘radim u yog‘ishdan, bu yog‘ishdan,
Sochlaring iforin oldim u bolishdan, bu bolishdan.
Suzilar sel kabi yoshlar u ko‘zingdan, bu ko‘zingdan,
Seni hijron o‘par har kech u yuzingdan, bu yuzingdan.
Bezganman sensiz hayotim u maloldan, bu maloldan,
Zarra-zarra yig‘dim seni u ayoldan, bu ayoldan.
To‘kilar senli soatlar u umrdan, bu umrdan,
Egilib ko‘tarar yo‘qdir uni yerdan, buni yerdan.
MUZHAYKAL
Meni injitmoq osondir, meni yupatmoq oson,
Meni ishontirmoq oson, meni aldamoq oson,
Meni asramoq osondir, meni yo‘qotmoq oson,
Men-la bo‘lmoq naqadar qiyin…
Meni muzlatmoq osondir, meni isitmoq oson,
Meni parchalash osondir, meni yig‘dirmoq oson,
Meni ko‘rsatmoq osondir, meni yashirmoq oson,
Menga yetmoq naqadar qiyin…
Menga zulm etmoq osondir, meni rahm etmoq oson,
Meni irg‘itmoq osondir, meni topdirmoq oson,
Meni tark etmoq osondir, meni keltirmoq oson,
Meni sevmoq na qadar qiyin…
* * *
Turgandim sohilda tanho, bir dengiz bor, hamda men,
Ko‘zdan yo‘qoldi bu dunyo, bir dengiz bor, hamda men.
Qachondir birga edik, sevgilim, men va dengiz
Endi afsus yo‘q diloro, bir dengiz bor, hamda men.
Jumla oshiq umidin uzdi seni ko‘rmoqdan,
Ko‘z tikkan yo‘lingga niso, bir dengiz bor, hamda men.
Oqshom keldi, hamma yotdi, hasratdan uxlolmagan
Ko‘rmagan hech zamon ro‘yo bir dengiz bor, hamda men.
Ko‘plar ko‘rajak seni o‘z ishqin e’lon aylashib,
Qolgan ishqing bilan ammo bir dengiz bor, hamda men.
Bir payt Majnun edi telba, maskani sahro,
Endi yo‘q Majnun, na sahro, bir dengiz bor, hamda men.
Fahmiy, g‘amning uchburchagin qismati bor ruhimda,
Qaragin, bir g‘amgin xulyo, bir dengiz bor, hamda men.
* * *
Unut meni, o‘ksinma,
axir ketdim yoningdan.
Asar ham qolmasin, bas,
bu sevgining totidan.
Unut meni saharlar,
qizil tong otganida.
Derazaning qoshida
shohlar uh tortganida.
Unut meni guno‘rta,
shamol kunni egganda,
Divanda yolg‘iz qolib
kitob varaqlaganda.
Unut meni har oqshom,
dilga dard g‘amlaganda,
Mehribon ering uchun,
qora choy damlaganda.
Unut meni o‘tgan kun ham,
unut meni bugun ham.
Unut meni, men unutdim —
Sahar… Guno‘rta… Oqshom…
* * *
Menki o‘z she’rimga soldim g‘amni misrama-misra,
G‘am endi she’rimda kezar olamni misrama-misra.
Dardimni bildi tabibim, menga ash’or o‘qidi,
Go‘yo surtdi yaramga malhamni misrama-misra.
Qalam ila yig‘arman yozmoq-chun oq qog‘ozga
Gul yonoqlardan tomgan shabnamni misrama-misra.
Samo to‘ridan malagim, seni vasf qilmoq ila
Yiqitdim qalbda to‘lgan motamni misrama-misra.
Yozilar daftari-ishqqa yuragim qoni ila
Umrimning sensiz o‘tgan har dami misrama-misra.
Sevmisham bir gulni men, borlig‘i inja g‘azal,
Nozin bayt-bayt aylaydi, jom-jamni misrama-misra.
Balki Havvo ham u payt Fahmiy kabi shoir edi,
Yo‘ldan chiqargan ohista Odamni misrama-misra.
* * *
Qachonki g‘amli bo‘lsam, hikmat so‘yla men uchun,
Nafas kabi siqilsam, hikmat so‘yla men uchun.
Yolg‘on shirin zaharmish, meni hamisha alda,
Haqiqatni parchala, hikmat so‘yla men uchun.
Bu kunlarni lahzaga o‘chirib ot yodingdan,
Unutgan ayolimdan hikmat so‘yla men uchun.
Dengiz-dengiz gunohdan xalos bahonasi-la,
Malaklarning sasi-la hikmat so‘yla men uchun.
Hayot — tumandek quyuq, botib-yotib bitmabdir,
O‘lim-da bir hikmatdir, hikmat so‘yla men uchun.
Ajal ro‘yosi keldi, bu yoshni art ko‘zimdan,
Ohista o‘p yuzimdan, hikmat so‘yla men uchun.
Baloga asir Fahmiy, xalos uchun kelgin sen,
O‘tir yonimda har dam, hikmat so‘yla men uchun.
* * *
Ko‘zgudagi o‘zingsan, kulma, malagim kulma,
Aksing toshlashmish nega, bilma, malagim bilma.
Bir zarrasiga ishqning ayrilmoq ila yetdik,
Kechdir, yonimga ortiq, kelma, malagim kelma.
Ko‘zyoshlar u kunlardan chehrangda qolgan izdir,
Ko‘r, u qanchalik ojiz, tilma, malagim tilma.
So‘nggi dami umrning qo‘pmoqdadir soatdan,
Ajal ham kelmish ammo, o‘lma, malagim o‘lma.
Faqat Sening bo‘lsin, qo‘y, ruhingda Uni yarat,
Fahmiydan o‘zgasini bilma, malagim bilma.
* * *
Inson emasman, endi buni anglamisham men,
Ishq otlig‘ bulutdan to‘kilgan bir yog‘ishman men,
Telba yog‘ishman men.
Yog‘dirsa ham nopok yerga meni qora bulutlar,
Qalbimdagi shaffofligimni saqlamisham men,
Chunki yog‘ishman men.
Har kun chertarman derazasin ul suyuklimning,
Boshqa manzilim yo‘q, unga dardim so‘zlamisham men,
Betil yog‘ishman men.
Isbot qila olmasam-da sevgimni hech vaqt,
Mumkin emas ishq o‘tiga olishmisham men,
Chunki yog‘ishman men.
Yor uyiga ketar yo‘lni daryolarga yo‘naltirdim,
Shukrki, ag‘yorning yo‘lin bog‘lamisham men,
Qizg‘anch yog‘ishman men.
Yog‘sam hamki yerga, ko‘klarga qaytar meni, Yo Rab,
Tuproqlarga berma necha qorishmisham men,
Chunki yog‘ishman men.
Fahmiy, muhabbatim bo‘la olmaski, tugasin,
Ishq otlig‘ bulutdan to‘kilgan bir yog‘ishman man,
Bitmas yog‘ishman men.
* * *
Oq tumandek tushingga koshki, kelolsaydim kechalar,
G‘amgin ruhing qaylarni kezdi, bilolsaydim kechalar.
Har sahar saboh nasimila tug‘ilmoqchun kosh,
Bosh qo‘yib ko‘ksingga ohista o‘lolsaydim kechalar.
Bo‘linib ming yerga, har zarramni bir yulduz etib,
Boshing uzra samolarda tuzilolsaydim kechalar.
Yig‘lab, faryod urib kunduzlar g‘arib bulutdee sensiz,
Termulib ko‘zyoshimga senla kulolsaydim kechalar.
Sen qorong‘ulikda oy ostida sayr qilganingda men ham,
Ruhingga oy ziyosila suzilolsaydim kechalar.
Qabrim uzra lablaringning izlarini o‘pmoq uchun,
Ollohimdan ham xabarsiz tirilolsaydim kechalar.
Fahmiyning ko‘nglida faqat bitta orzu qolmish, tushun,
Oq tumandek tushingga koshki, kelolsaydim kechalar.
* * *
Oqshomlar ko‘kda seni ko‘p kezib axtardi tushim,
Zulmatning ko‘ksini oq ishqi ila yordi tushim.
Kelmaydirsan tushimga ko‘p zamondir, ehtimol,
Husningning behad bo‘lgan nuri uchun tordir tushim.
Goh bulutli ko‘k bo‘lar, goh dalli, tufonli dengiz,
Gohida g‘am atri kelar lolali gulzordir tushim.
Yig‘lab yolvorarman har kech, rahmi kelibmi
Seni bir onga ehtimol menga qaytardi tushim.
Ko‘zimga ancha payt bo‘ldi, ko‘rinmaydi, uyalar,
Topa olmaydi seni, qarshimda gunohkordir tushim.
Senki, ketding, u zamondan tushim yo‘q bo‘ldi,
Ayriliq go‘yo quyoshdir, erishan qordir tushim.
Qaysi kunlarki, ko‘rardi tushida G‘ahmiy seni,
Qancha masrur zamonlardir, hali bordir tushim.
YoZ EKSPRESSIYaLARI
Ehtiyot bo‘l, tasodifan tushma Ayol ko‘zlariga,
Ki ayol ko‘zlarining kafasi tubsiz nam bo‘lur.
Shunday qafasdirki bu, qochmoqqa yo‘q qatra umid,
Eshigi bir necha qat, devorlari mahkam bo‘lur.
Shunday kafasdirki bu, derazasidan yosh oqar,
Mahbusga bergani faqat dard ila g‘am bo‘lur.
Shunday qafasdirei bu, zulmati bitmas umrbod,
Nurining umri esa bir nafas, bir dam bo‘lur.
Shunday qafasdirki bu, oqni ajratmas qoradan,
Tafti jon olguvchiyu, sovug‘i malham bo‘lur.
Shunday qafasdirki bu, tanhosan, yig‘lagaysan,
Ammo bir inson kelsa — qon to‘kilur, motam bo‘lur.
Shunday qafasdiki bu, tasviriga yo‘qdir so‘z,
Bunga tushgan inson ulg‘ayib so‘ngra bir Odam bo‘lur.
Ozarboyjon tilidan Rahmat Bobojon o‘girmasi