Bolosh Ozaro‘g‘li (1921-2011)

Abizoda Bolosh Alloh Bahish o‘g‘li (Balaş Azəroğlu) Ozarboyjon xalq shoiri. 1938 yilda oilasi bilan Janubiy Ozarboyjon(Eron)ning Ardabil shahriga ko‘chib ketadi. U yerda fors boshlang‘ich maktabida tahsil oladi.
Milliy ozodlik harakatiga (1941) qo‘shiladi. Eron xalq partiyasiga (1942) kirdi. “Ozarboyjon antifashist jamiyati” Ardabil viloyati bo‘limiga rais (1943) bo‘ldi. “Shoirlar majlisi”ning Ardabil bo‘limini (1943—1945) boshqardi.
Ilk she’riy kitoblari Tabrizda (1943—1945) nashr etildi. Bir qancha gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatdi, turli adabiy va ilmiy lavozimlarda ishladi. Xilma xil unvonlar va mukofotlar sohibi Bolosh Ozaro‘g‘lining asarlari turli tillarga tarjima qilingan.

INQILOB ShOIRIMAN

Men na shohman, na sulton, na bezakman, na ziynat,
Na afsona, na malak, na saroy, na saltanat,
Na o‘tgan asrlarni yodga olib yig‘layman,
Na umrimni g‘azalga, masnaviyga bog‘layman.
Na davrim hokimini pul uchun madh etaman,
Na jallodlar qoshida jonni deb past ketaman.
Na paymona, na soqi, na sarob shoiriman,
Ozodlikning jarchisi — inqilob shoiriman.

Men egilib hokimning qo‘llarini o‘pmadim,
She’rimni gullar kabi oyoqlarga sepmadim.
Na ojiz bir bandaman, na sotilgan bir qulman,
Na saroy maddohiman dargohlardan quvilgan.
Men ellarning o‘g‘liman, ellar o‘stirgan meni,
She’rim xalqdan olgandir bu ilhom, falsafani.
Men na sham, na parvona, na rubob shoiriman,
Ozodlikning jarchisi — inqilob shoiriman.

Mening ko‘ngil daftarim o‘xshaydi gulistonga,
Unda joy berilmagan qorli qishga, to‘fonga.
Bahoriy ifor bordir har she’rimda, so‘zimda,
Bahor hasrati bilan yashayapman o‘zimda!
Qo‘l ochib samolardan tilamadim ozodlik,
Mening suyanganlarim ulardan ancha ortiq.
O‘lkalar orzu qilgan ofitob shoiriman,
Ozodlikning jarchisi — inqilob shoiriman.

ORZU

Ba’zan o‘z-o‘zimcha o‘ylar ekanman,
Xayollar qalbimni olar qalbimdan,
Shunda deyman: Men ham askar bo‘lsaydim.

Qaniydi umrimning shu yosh chog‘ida,
Otash o‘lkasining keng quchog‘ida
Cheksiz sahrolarga rahbar bo‘lsaydim.

Tursaydim sarhadda qo‘limda miltiq,
Zulmatni yoritgan bir mayoq kabi,
Asrlar-la ko‘rishgan qorli tog‘ kabi.

O‘psaydi siynamni yellar har sahar,
Tushsaydi ustimga gulgun shafaqlar,
Quyoshning rangidan olsaydim ming rang.

Qorong‘i kechaning qora qalbiga
Lochin boqishlari oqib o‘tsaydi,
Quyoshning rangidan olsaydim ming rang.

Burgutli tog‘larning cho‘qqisida man
Bir posbon singari turganda ba’zan,
Bo‘ron shiddatiga ko‘krak kersaydim.

Menga taqdirini topshirsa gar el,
Uni ko‘zim kabi qo‘riqlayman bil.
Kerakmas na nishon, na shon, na jalol.

Agar ishonmasang o‘quvchim bunga —
Bo‘z shinel kiyguvchi Ozaro‘g‘liga
Menga orzu bo‘lsin, senga bir xayol.

MEN HAM BIR ASKAR KABI

Shoirga qog‘ozu qalam beringlar,
She’rlarim saflansin bir lashkar kabi.
Yana misralarim tizilsin safga,
Janglar maydonida safarbar kabi.

Quyosh, oy qiziydi o‘chog‘imizdan,
Sharqqa yorug‘ tushar yarog‘imizdan.
Kecha tulki misol qabog‘imizdan
Qochganlar qaytadi yana shar kabi.

Xayoli boshqadir noshi yog‘iyning,
Ko‘rinsa sarhaddan boshi yog‘iyning,
Qolmas tosh ustida toshi yog‘iyning,
Elim qurollangan bir nafar kabi.

Egilmoq yarashmas bizning millatga,
Yurak ham ko‘nmaydi har “muhabbat”ga,
Bu tez — deganlari “husnu niyat”ga,
Hamma nafratlanar shum xabar kabi.

Ko‘zingni tikkaning olov yurtidir,
Ko‘rganing bu tog‘lar, qirlar o‘rdudir,
Kechasi, kunduzi posbonlikdadir,
Har el qahramoni bir askar kabi.

Arslon yalinarmi qo‘rqoq tulkiga?
Quyosh sig‘inarmi qora ko‘lkaga?
Saodat maskani bizning o‘lkaga.
Kelsangiz o‘lasiz o‘lganlar kabi.

Fayzi Shohismoil tarjimasi