Ali Karim (Əli Kərim) 1931 yil 22 martda Ko‘kchoy shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirgach, Ozarboyjon Davlat injasan’at institutining teatrshunoslik fakultetida uch yil tahsil olgan (1949—1951). So‘ngra Moskvadagi M. Gorkiy nomli adabiyot institutiga o‘qishga yuborilgan va uni imtiyozli diplom bilan tugatgan (1951 — 1955).
Ish faoliyatini “Ozarboyjon” jurnalida adabiy xodim sifatida boshlagan. Umrining oxiriga qadar shu jurnalning she’riyat bo‘limini boshqargan. Badiiy ijodini 1948 yilda “Ozarboyjon pioneri” gazetasida chop etilgan “Yangi muallim” she’ri bilan boshlagan. Shundan boshlab matbuotda uning asarlari muntazam chop etilgan.
1957 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan yoshlar va talabalarning VI umumjahon festivalida “Ilk simfoniya” poemasi mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1969 yil 30 iyunda Bokuda vafot etgan, Ko‘kchoyda dafn etilgan.
IKKI SEVGI
Go‘zal qiz, sen sof suvsan,
Ikki qalb orzusisan.
Men-ku seni sevaman
Tashnalikdan o‘t olib, cho‘g‘ kabi yonib yotgan
Dudoq suv sevgan kabi.
U esa seni sevar
Bemalol bardosh qurib:
— Kabobdan so‘ng muzday suv bo‘lsaydi, — degan kabi.
Go‘zal qiz, sen qo‘shiqsan,
Yurtimga yarashiqsan.
Men-ku seni sevaman
Ignaning uchi qadar,
Shu’laga hasrat qolgan
Ko‘z nurni sevgan kabi.
U esa seni sevar
Bir to‘yning ko‘z olguvchi
Chiroqlar shu’lasida
Huzurni sevgan kabi.
So‘yla, yuksalsin sasing,
Siqilmasin nafasing.
Men-ku seni sevaman
Bokudan, Toshkasandan
Kelgan bir sado kabi,
Sas kabi,
Qudrat kabi.
U esa seni sevar,
O‘zingga sir emaski,
Bir xona kunjidagi
g‘amgin sukunat kabi.
Bu — men, bu — u, bu — sensan,
Xo‘sh, o‘zing nima dersan
Bu ikki muhabbatga?
Ammo obdon o‘ylabon
So‘ng javob bergil puxta.
Mening boshqa gapim yo‘q…
Nuqta, nuqta va nuqta…
BOKU ShAMOLI
Tinmay bu diyorni kez demagayman,
Yaproqni yulqila, uz demagayman.
Ba’zan nafas rostla, tingin suv kabi,
Dolg‘a-dolg‘a bo‘lib kirgil qo‘ynimga.
To‘qinma yuzimga bundoq asabiy,
Aylanib-o‘rgilib chirmash bo‘ynimga.
Kelgin, ko‘nglimdagi so‘zni eshitgin,
Sen ey, sovuq shamol, dilovar epkin.
Uyqudek tuyulsa senga bu hayot,
Meni kurashlarning og‘ushiga ot.
Dolg‘alar sapchirkan ko‘kka shiddatkor,
Mening-da qalbimni g‘aflat tark etsin.
To‘lqinlar meni ham, bir o‘tinchim bor,
O‘zin ogushida oliblar ketsin.
Qani, bor shiddat-la esgin, ey shamol,
Sochlarim yulqila, kuragimdan bos!
Senga javobim shu, menga quloq os,
Kelgil, kurashaylik halolma-halol!
To‘fon sol, uchirgil tosh-toqqa meni,
Quyma g‘aflat ichra yotmoqqa meni.
Ey Boku shamoli, esaver mag‘rur,
Sindir derazamni, eshigimni ur!..
MENING UMRIM
Umr tanholikda abas ketardi
Agar bo‘lmasaydi go‘zal insonlar.
Manimdir ularning sevinchi, dardi,
Menga o‘zim qadar aziz ul jonlar.
Ba’zan rost kelurman o‘zimga o‘zim,
Tushganda qaygadir guzorim mening.
Ming bir balolarni ko‘rdi bu ko‘zim,
Bir emas, ko‘p erur mozorim mening.
Tuproqning ostida qiynaydi sog‘inch,
Tuproqning ustida men baxtiyorman.
Kengliklar yurakka soladi sevinch,
Har yerda men borman, har yerda borman.
Deymanki: “Buncha tez olamdan o‘tdi?”,
Qabrimga gul qo‘ydim — ozor yetmasin.
“Hayot-ku unga gam bodasin tutdi,
Orzusi tuproqda qolib ketmasin”.
Ko‘zlarim ichidan o‘tmoqda olam,
Hayotning arshiga tug‘ilajakman.
Agarda ko‘k qulab, yer yorilsa ham,
O‘lmasman, ming qayta tug‘ilajakman.
Usmon Qo‘chqor tarjimasi