Ahmad Javod (1892-1937)

Ahmad Javod (Əhməd Cavad) Ozarboyjonning atoqli shoirlaridan. Ganja yaqinidagi Sayfali qishlog‘ida, ziyoli oilada tug‘ilgan. Arab, fors, rus tillarini o‘rgangan. Madrasani bitirgach, Istanbulga ketadi. 1912 yilda Bolqon urushida, Qafqaz ko‘ngillilari qo‘shini safida Trakya jabhasida janglarda qatnashadi. Keyin Ganjaga qaytadi, Botumida o‘qituvchilik qiladi.
U jasur, kurashchan ijodkordir. U Ozarboyjon istiqloliga faqat she’rlari bilangina emas, balki shaxsan fidokorligi bilan ham xizmat ko‘rsatgan. U turk o‘rdusi safida 1918 yilda Bokuga keladi, Ganjada milliy Ozarboyjon Jumhuriyati qurilishida qatnashadi. 1920 yil Ozarboyjon sho‘rolar tomonidan istilo etilgach, uning og‘ir kunlari boshlanadi. Qamalib chiqadi. Pedagogika institutini bitiradi, Adabiyotchilar jamiyatiga raislik, “Inqilob va madaniyat” jurnalida mas’ul mudirlik qiladi. Oliy o‘quv yurtlarida ishladi. 1936 yilda Turkiya matbuotida she’rlari bosilgani sababli ishdan quviladi, 1937 yilda “aksil inqilobchi va panturkist” sifatida ayblanib, stalinizm jallodlari tarafidan otib o‘lokdirilgan. 1955 yilda ayblarning soxta ekanligi isbotlangan va oqlangan.
Shoirning quyidagi kitoblari bosilgan: “Qo‘shma” (1916), “Dolg‘a” (1919, Boku), “She’rlar” (1958, Boku), “O‘kirarding”, “Qoradengiz” (1991, Izmir), “Salom Turkning bayrog‘iga” (1992, Izmir).

TONAR BO‘LSAM

Agar sendan tonar bo‘lsam nasibim ohu zor o‘lsin,
Bahorim qishga aylansin, chechaksiz bir diyor o‘lsin.
Chamanzorim, bog‘im-bog‘cham to‘kilsin, bari xor o‘lsin,
Mozorim o‘t olib yonsin, bu ishim oshkor o‘lsin.

Qo‘y-ey bulbul, tiney dovul, ki xohish istirohatdur,
Bu yerlarda ilinjim yo‘q, yupanchim bir sayohatdur.
O‘lim, evoh, bir ne’matdir, u bir shonli saodatdir,
Agar bevaqt o‘lar ersam raqibim baxtiyor o‘lsin.

Falakdan intiqom istar jo‘shib ruhimda bo‘ronlar,
Na insofni, na vijdonni bilar, yo rab, bu insonlar.
Yoz, ey Vurg‘un, yana jo‘shsin bugun olamda to‘fonlar,
Yiqilsin mehvari olam, u tubdan tor-mor o‘lsin.

JAYRON

Erdan oyoqlaring qush kabi uzib,
Yoy kabi sollanib, o‘q kabi suzib,
Yana o‘z suruving bir safga tizib
Bosh olib ketursan qayona, jayron?

Azaldan bog‘lanib so‘ngsiz cho‘llarga
Izmingni topshirding bizning qo‘llarga.
Bu qora ko‘zlaring tushdi tillarga,
Tishlaring o‘xshaydi marjona, jayron.

Bir masal qolgandir ota-bobodan,
Ucharda turoj, — der, — qocharda jayron!
Yolg‘iz men emasman husningga hayron,
Shuhrating yoyilmish jahona, jayron.

Hayratga g‘arq bo‘lgan yuragim bilan
Oh, yana o‘taman Mug‘on cho‘lidan.
Yonida bolasi, ko‘lmak suvidan
Ichadir egilib bir ona jayron.

Qaraki, dasht yeli ming hunar qurar,
O‘t-u o‘lanlarni yulqib uchirar.
Bir joyga to‘planib hamjihat turar
Uchrasa quyun-u bo‘rona jayron.

O‘n qadam narida ko‘p hushyor taka
Turadir, yuragi xo‘p taka-puka,
Ko‘ringan sharpami yo bir tahlika?
Tinchini oldirmish gumona jayron.

Ovchi, insofga kel, tushma izidan,
Ayirma bizni cho‘llar qizidan.
Bir parcha uzmagil yuragimizdan —
Yana bo‘yalmasin, qo‘yxona jayron,
Juda yarashibdi Mug‘ona jayron.

OZARBOYJON

Ko‘p oshganman bu tog‘lardan,
Turna ko‘zli buloqlardan,
Tinglaganman uzoqlardan
Sokir Oraz ishvakorni,
Sinaganman do‘st-u yorni.

El biladi: san manimsan,
Yurtim, uyim, maskanimsan,
Ya’ni Ona Vatanimsan.
Ayrilarmi ko‘ngildan jon,
Ozarboyjon.

Men bir go‘dak, sensan ona,
Senga bog‘liq borim yana.
Qaysi diyor, qay tomona
Uchsam hamki, o‘yim sensan,
Yurtim, kunim, uyim sensan.

Agar ketsam sendan yiroq,
Boshga tushar achchiq firoq,
Hasratingda soch bo‘lur oq.
Bo‘g‘ar oylar, yillar mani,
Koyimasin ellar mani.

Tog‘laringning boshi qordir,
Oq bulutlar ko‘rk, viqordir,
Buyuk bir o‘tmishing bordir.
Sanoq yetmas yoshing sening,
Nelar ko‘rmish boshing sening.

Tushding badbaxt asrlarga,
Og‘ir-og‘ir fasllarga.
Nasllardan nasllarga
O‘tgan bir shuhrating bordir,
O‘g‘il qizing baxtiyordir.

Tikilganda qir-bo‘zlarga,
Nurli, serzavq kunduzlarga,
Qora xolli oq yuzlarga
Ko‘ngil she’rga to‘lar toza,
Yosharaman yoza-yoza.

Bir yoningda bahri Xazar,
Yashilbosh suqsurlar suzar,
Xayol qurg‘ur zumda kezar
Goh Eldorni, goh Muhonni,
Umr qisqa, manzil uzoq.

Tutash tog‘lar, zap daralar,
Ko‘ngil yozar manzaralar —
Jayron qochar, uloq nelar.
Ko‘pdir yaylov, bog‘ing sening,
Biyday qir, o‘tlog‘ing sening.

O‘tib tog‘dan, bog‘-bo‘stondan,
Astradan, Lankarondan,
Afrikadan, Hindistondan
Bizga mehmon bo‘lar qushlar,
G‘amdan ozod tunar qushlar.

Bu yerlarda pishsa limon
Mayishadi shoxi har yon.
Tog‘inda qor boqma qachon…
Xabarchidir go‘yo qishdan,
Metin qo‘rg‘on yaralishdan.

Lankaronning guli xol-xol
Yurtimning qizlari misol.
Choydan quygil, sohibjamol…
Yotlarga ochmas dilini,
Onamning suqsur kelini.

Boshoq tugar — ertangi non,
Paxtamizdir xirmon-xirmon,
Uzum shira yig‘ib chandon
Intiq inson yo‘llariga,
Kuch bo‘lay, deb qo‘llariga.

Qozoxda min bedov otga,
U yetkazmas hatto botga.
Chopsin qora terga bota…
Dovonlarning beliga qalq,
Kavkaz tog‘dan Ko‘kko‘lga boq.

Ey, ozod kun, ozod inson,
Bahorni quch, bahorga qon.
Paloslarni yozgil chaqqon
Keksa chinor ko‘lkasiga,
Olqish quyosh o‘lkasiga!

Ko‘ngil kezar Qorabog‘da,
Goh bu tog‘da, goh u tog‘da.
Oqshom palla, eh, uzokdan
Havolanar Xonning sasi,
Qorabog‘ning shikastasi.

Aziz Vatan, ma’ning teran,
Go‘zallarning beshigisan.
Baxshi kuylar faxr bilan:
Sen quyoshning kuyug‘isan,
She’r-u san’at o‘chog‘isan.

O‘lmas ko‘ngil, o‘lmas asar
Nizomiylar, Fuzuliylar.
Qo‘ling qalam, ko‘ksing daftar,
Aytgil dilda nimangki bor,
Aytilgan so‘z bo‘lar yodgor.

Endi bizning Bokuga boq,
Sohilida ming bir chiroq.
Burg‘ulari hayqiroq
Shovqin solib bo‘z, cho‘llarga.
Nur ulashar tog‘, qirlarga.

Sarin shamol esar birdak,
Sohillarda kerar ko‘krak
Bizning Boku — bizning yurak!
Hyp, yog‘duda qudrat, so‘zi,
Saharlarning hulkar ko‘zi!

Bir zamonlar, aziz vatan,
Ol bayroqli bir sahardan
Ilhom olding, tug‘ildim man.
Yashnar tuproq, yayrar inson,
Keksa sharqning qopqasisan!

Sensan, Vatan yorug‘ yuzim,
Tingla manim yurak so‘zim.
Qardoshlikda baxt yulduzing.
Gullay bergil dorilamon
Ozarboyjon, Ozarboyjon.

Razzoq Abdurashid tarjimasi

OZARBAYJON BAYROG‘I

Turkiston yellari o‘pib ol yuzing,
So‘ylaydir dardini sanga, bayrog‘im.
Uch rangli aksingni quzg‘un dengizi
Armug‘on etsin har tongga, bayrog‘im.

Borarkan Turonga, chiqding qarshimga,
Ko‘lkang – davlat qushi, qo‘ndi boshimga,
Izn ber, ko‘zdagi qaynoq yoshimga,
Dardin aytsin qona-qona bayrog‘im.

Ranglaring – Qayixon, qiyot tug‘idan,
Qadim elxonlardan, muslim begidan;
Elxonlar avlodi, din tiragidan
Keltirding kuch, sevinch yana, bayrog‘im.

Ko‘nglimda to‘fonlar, bosay ilgari,
O‘ngimda – muqaddas otalar yeri,–
Tangrining yulduzi, u go‘zal pari
Sig‘inmish qo‘yningda oyga, bayrog‘im.

ShE’RIM

She’rim – siniq turk cholg‘usi, yangratib soz tillarini
Yayrab-sayrab kezmoq istar ko‘ngil Turon ellarini.
Men bir Turon yo‘lchisiman, qo‘limdadir nurli mayoq,
She’rim, mayoq bo‘lib porla! Burgut ruhim, qalq, qanot qoq!

Har ne avval xudodandir, har bir turkning yozug‘i bor,
Yurtsevar va millatsevar ko‘ngillarni bosmas g‘ubor.
Turon shunday bir muqaddas Ka’badirki, har bir toshi
Qarshisida egilgaydir har bir turkning mag‘rur boshi.

KELMA

Bu tog‘lar – meniki, yangi kun kun ko‘rdi,
Yoqar seni ohim, ey tuman, kelma!
Inonma falakka, burmishdir yuzin,
Endi u yuz burmas har zamon, kelma!

Yomg‘irsiz bulut, hey! Hey, qora ko‘lka!
Alishtirmam gulni u sovuq do‘lga,
Suyuklik shu yurtim, shu charchoq o‘lka,
Boqar yot ko‘zlarga ko‘p yomon, kelma!

Ko‘ngillar bir dengiz, jo‘shdirma uni,
Jo‘shqin ko‘ngillarning to‘fondir so‘ngi,
Sen, ey, shimol yeli, anglagil shuni,–
Amringga bo‘ysunmas bu to‘fon, kelma!

 Ozarbayjon tilidan Tohir Qahhor tarjimasi