Gyunter Grass (Günter Wilhelm Grass; 1927.16.10, Polsha, Dantsig (Gdansk) – 2015.13.4, Lyubek, Germaniya) — nemis yozuvchisi.
1956 yilda «Uchar tovuqlarning afzalligi» she’riy to‘plami nashr etilgan. «Tunuka nog‘ora» (1959) romani mashhur. Unda nemis xalqining yaqin va olis tarixi, insoniyat oldidagi aybi va uni anglash haqida so‘z boradi. Gyunter bu romanini «Mushuk-sichqon» (1961) qissasi, «It yillari» (1963) romani bilan qo‘shib, 1974 yilda «Dantsig trilogiyasi» umumiy nomi ostida nashr ettirgan.
«Narkoz bilan etni o‘ldirish» (1969) romani avlodlar munosabati haqida. «Qalqonbaliq» (1977) romanida ayollar emansipatsiyasi borasidagi o‘z qarashlarini bayon qilgan. «Moda kalamush» (1986) romanida kuchayib borayotgan yadro urushi xavfiga munosabat bildirgan. «Bepoyon dala» (1995) romanida Germaniyaning qo‘shilishi mavzusi qalamga olingan.
Nobel mukofoti laureati (1999).
* * *
Men nega jim turibman,
nega bu qadar uzoq sukut saqlayman,
axir bu ayon-ku va ko‘pdan mashq qilinmoqda,
bu o‘yin-rejalarda biz oqibat,
agar yashab qolsak ham,
qandaydir
unsiz qavslarga aylanamiz?
Bu o‘zi-o‘ziga havola etilgan
dastlabki zarbani berish huquqidir,
bu zarba
qandaydir bezori zabt etgan
va ommaviy quvonishga majburlanayotgan
eron xalqini
er yuzidan o‘chirishga qaratilgandir,
go‘yo bu xalq
atom bombasiga ega emish.
Ammo nega men o‘zimga
boshqa yana bir mamlakatni tilga olishni
man etaman,
axir bu mamlakat ko‘p yillardan beri zimdan,
kundan-kunga kuchayib borayotgan
hech kim nazorat qilmaydigan,
chunki hech kimni nazorat etishga qo‘ymaydigan
yadro salohiyatiga ega-ku?
Faktlar borasida ommaviy sukut saqlashni,
mening gungligim ham bu sukutga asirdir,
men og‘ir, zalvorli yolg‘on
va, sukutga rioya etilmasa,
jazo bilan qo‘rqituvchi cheklov
sifatida qabul etaman,
chunki “antisemitizm” yorlig‘i tayyor.
Ammo endi,
kundan-kunga
hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmas
o‘z jinoyatlari jazolayotgan
va bu jinoyat uchun mudom
qimtinib “aybni yuvish” niqobi ostida
mening mamlakatimdan
mutlaqo manfaat ilinjida
Isroilga
navbatdagi suvosti kemasi
jo‘natilmoqda,
bu kemaning maqsadi
hammani halok etadigan raketalarni
hali bitta ham atom bombasi borligi isbotlanmagan
tomonga yo‘naltiradilar, –
men aytish zarur bo‘lgan gapni aytayotirman.
Nega men shu kungacha sukut saqladim?
Chunki menga tuzatib bo‘lmas noqisligim –
kelib chiqishim bilan iskanjaga olingan hissim,
men bog‘liq bo‘lgan va bog‘liq bo‘lishni istagan
Isroil mamlakatini
bu fakt qarshisiga qo‘yishni man etadi, deb bilardim.
Nega unda endi gapiryapman,
qarib qolganman, so‘ngi siyohlarim ila yozaman:
“Isroil degan atomli davlat
shundoq ham nozik olamni xavf ostiga qo‘yadi “?
Chunki, ehtimol, buni aytish
ertaga juda kech bo‘lar,
bugun aytish kerak;
yana shuning uchunki, biz – olmonlar,
busiz ham bosim ostida qolgan millat, –
jinoyatni eksport qilayotganlar bo‘lishimiz mumkin,
bu jinoyatni oldindan ko‘rish oson,
bu qotillikda bizning ishtirokimizni
keyin hech qanday tavba-tazarro‘
oqlay olmaydi.
Yana tan olishim kerak: men boshqa jim turolmayman,
G‘arbning yuzsizligidan charchadim,
va yana,
umid borki,
balkim, yana ko‘plab odamlar
sukut saqlashni to‘xtatarlar,
va ayon xavfning sababkori bo‘lganlarni
zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirarlar
va shuni talab qilarlarki,
xalqaro idoralarning
mustaqil
va doimiy nazorati
isroilliklarning atom salohiyati
va eronliklarning atom stantsiyalari ustidan
o‘rnatilar,
ikki mamlakatning hukumatlari bunga yo‘l berarlar.
Xuddi shundoq
hammaga yordam berish mumkin,
isroilliklarga va falastinliklarga ham,
buning ustiga,
mintaqadagi
telbalik zabt etgan
tirband va g‘azabnok yashayotgan
barcha xalqlarga,
va, nihoyat barchamizga –
faqat shunday madad bermoq mumkin.
Ruschadan Karim Bahriyev tarjimasi