Fridrix Nitsshe (1844-1900)

Fridrix Nitsshe (Friedrich Wilhelm Nietzsche, 1844.15.10, Rekken, Lyuttsen yaqinida, Saksoniya — 1900.25.8, Veymar) — nemis faylasufi, hayot falsafasi namoyandasi. 10 yoshidan she’rlar yoza boshlagan. Bonn va Leyptsig shaharlarida ta’lim olgan (1864—68). Bazel universitetining professori (1869—78).
Asosiy asarlari: «Tarixning qayot uchun foydasi va zarari to‘g‘risida» (1874), «Shopengauer murabbiy sifatida» (1874), «Rixard Vagner Bayretda» (1875—76), «Erkin tafakkur sohiblari uchun qo‘llanma» (1876—78), «Tong yallig‘i» (1881), «Quvnoq bilim» (1882), «Yovuz donishmandlik: hikmatlar va dono so‘zlar» (1882—85), «Axloqning mohiyati» (1887).

DIALOG

A. — Hasta bo‘lganmidim? Sog‘ayamanmi?
Kim bu boshimdan ming o‘rgilayotgan?
Axir barchasini qanday unutdim?

B. — Endi ishonaman sog‘ayganingga —
Inson unutdimi, demak, sog‘ayar…

* * *

Barmoqlar uchida yugurmoq go‘zal
Axir to‘rt oyoqlab sudralmoqlikdan.
Qulf teshigidan o‘tmoq ma’quldir
Ochiq eshiklarda bosh egmoqlikdan.

* * *

Qizg‘onmasdan qarar u,
hurmat qilasan sen ham,
Izzat-ikromdan emas,
rozisan har nega chog‘i.
Uzoqni yaqin qilgan
basir ko‘zlari bordir,
Biroq seni ko‘rmas u,
olislarda nigohi…

* * *

Tanlovning huquqi bo‘lsa hur, erkin,
Men qayta tanlayin,
barin olib tan.
Istagim shuldirki: meng bir joy ber,
bir joy –
behisht davrozasi oldidan…

* * *

Menga xush kelmagan
hech ruhi torlar,
tor ruhlarning
nuragan hujrasiga
na yaxshilik sig‘adi axir,
nada yomonlik…

* * *

Shamollar taladi umring yarmini,
Vaqt o‘tar.
Taassuf iskanjasida,
boshqa iloj yo‘qdir, chaynaysan o‘tni,
va qolgani ro‘yo,
ne qilasan, ayt?
Shamollar taladi umrning yarmini,
ichingda gunohlar urchidi ming-ming.
Har yerga qaraysan o‘zingdan boshqa –
axir shusiz ham
sababi ayondir har ayriliqning.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi