Mishigiyn Sedendorj (1932-1982)

Mishigiyn Sedendorj – mo‘g‘ulistonlik shoir.

MEN VA SENGA NE KERAK?

Burgutga osmon kerak,
Yam-yashil o‘tloq — otga,
Bo‘z yerga suv-jon kerak,
Do‘st kerak odamzotga.
Men va senga ne kerak?

Ko‘z bo‘lsa tiyrak bo‘lsa,
Tuyg‘ular ziyrak bo‘lsa,
Yana odam ko‘ksida
Mehrli yurak bo‘lsa,
Men va senga ne kerak?

Qishda ham bo‘lsa yolqin,
Bahorda — mo‘l-ko‘l gullar,
Yozda — suv, soya-salqin,
Kuzda — charog‘on kunlar,
Men va senga ne kerak?

Har ishki, jur’at bilan,
Keksalik — hurmat bilan,
Yoshlik — ilmga pesha,
Ishq-chi? Kerak hamisha!
Men va senga ne kerak?

Yulduzga — mangu yonmoq,
Ishga — g‘ayrat, mardona.
Zaminga — daryo va tog‘,
Farzandga — ota-ona.
Men va senga ne kerak?

Dardga kerakdir malham,
Baxtsizga esa hamdam.
Cho‘loq izlaydi tirgak,
Xotira so‘rar yurak.
Men va senga ne kerak?

Orzularga — ijobat,
Satrlarga — saxiylik,
Marhumga zarur hurmat,
Tiriklarga — boqiylik.
Men va senga ne kerak?

Uchqurga matonat yor,
Mehr izlaydi bemor.
Toyilmay desang yo‘lda,
Tishli poyafzal darkor.
Men va senga ne kerak?

Liboslarga — ko‘rkamlik,
Samoga — sof salobat.
Ko‘ngilga — xotirjamlik,
Dengizlarga — halovat.
Men va senga ne kerak?

Janubga quyosh bo‘lsin,
Jangga zarur mard yurak.
Senga men kerak, do‘stim,
Men esa senga kerak.

Muhammad Rahmon tarjimasi