Avang Abdulloh (Awang Abdullah) – malayziyalik shoir. U 1953 yilda tug‘ilgan. Malay tilida ijod qiladi. Shu paytgacha 30 dan ortiq she’riy kitobi (har biri 3-4 martadan) malay va ingliz tillarida nashr etilgan.
ONAM AYTAR EDI — I
Bu — tulpor.
Ko‘rincha odamlar uni minib yuradilar.
Ammo gohida
Odamlarni ham ot qilib minishadi, bolam.
Shuning uchun,
Derdi yana onam,
Ko‘pgina odamlar
Hayvonday yashashadi.
ONAM AYTAR EDI — II
Bu — sichqon.
Odamlar yomon ko‘radilar uni:
Sichqon hammasini “yaxshilash”ga harakat qilib,
Hamma yaxshi narsani rasvo qiladi.
Ammo, derdi yana onam,
Aksariyat odamlar,
Sichqonga o‘xshaydi.
Ular — safsatabozlar
Va siyosatbozlar.
Ular hayotimizni “yaxshilash” bahonasida,
Odamday yashashga qo‘ymaydilar.
ONAM AYTAR EDI — III
Bu — quyon.
U hammadan ustomon.
Ammo, derdi yana onam,
U o‘ta kekkaygan.
Toshbaqa bilan yugurish musobaqasida,
Baribir undan zo‘rman, o‘tib ketaman-ku,
Biroz dam olay, deb
Yo‘lda uxlab qolgan,
Yutqazgan.
Ayrim odamlar ham unga o‘xshaydilar —
Ko‘p gapiradilar-u, amal qilmaydilar.
Yurayotirlar, ammo uyqudadirlar.
ONAM AYTAR EDI — VI
Bu — bo‘ri.
U oqshomlari ovga chiqadi,
Topib qiyratadi qo‘ylarni.
Ammo, derdi yana onam,
Bizning oramizda ham
Bo‘ridan-da och odamlar bor,
Tunda
Yovuzlikni o‘ylab yotarlar.
Bo‘ridan xavflidir —
Bo‘ri terisini yopingan odam.
ONAM AYTAR EDI — V
Bu — parvona.
U yorug‘likka,
Nurga talpinar,
Raqs tushar olov yelida.
Ammo, derdi yana onam,
Qishloqdan chiqqan yigitlar,
Shahar tomon otilar ekan,
Hayotini yoqadi unda,
Olovga mahliyo bo‘lgan kapalak,
Parvona singari,
Haqqoniy yo‘llarini topa olmaslar.
ONAM AYTAR EDI — VI
Bu — daryo.
Unda suv oqadi.
Daryoni pichoqda bo‘lmaydi kesib.
Ikki tomonida
Tikka qirg‘oqlar,
Odat va an’analardan bunyod bo‘lgan qirg‘oqlar.
Ammo, derdi yana onam,
Bu yerda bir daraxt o‘sadi,
Ildizlari
Mangulikka tutashgan.
ONAM AYTAR EDI — VII
Bu — dengiz.
Uning to‘lqinlari asovdir.
Bu to‘lqinlarda
O‘tar baliqchining butun hayoti.
Ammo, derdi yana onam,
Dekabrda
Moviy dengiz
Qop-qorayadi,
Ba’zi joylari qizaradi —
Baliqchining qayig‘ini
Shiddatli to‘lqinlar
Parchalagani haqida xabar keladi.
ONAM AYTAR EDI — VIII
Bu – tovuq.
Tug‘adi bor-yo‘g‘i bitta tuxum,
Shovqini butun qishloqni bosadi.
Ammo, derdi yana onam,
Odamlar gohida
Tovuq avval bo‘lganmi yo tuxum,
Deb bahslashadilar.
Ular bo‘lmag‘ur bir bahs sabab
Qon to‘kishga tayyordir.
Ko‘plari ko‘rdirlar, tovuq singari:
Kelajaklarini tuman qoplagan,
Ko‘zlariga chaplangan dunyo ranglari.
ONAM AYTAR EDI — IX
Bu – olov.
Qip-qizil,
Juda ham issiq.
U yomon kuydirar.
U — dushman,
Ammo u — do‘st ham.
Ammo, derdi yana onam,
Biz o‘rganishimiz shart
Ichimizdagi olovni
O‘chirishni.
Sabrli odam —
Dunyoning eng buyuk ne’mati.
ONAM AYTAR EDI — X
Bu — tog‘.
Uning cho‘qqisiga intilar hamma.
Ammo, derdi yana onam,
Yuqoriga chiqayotgan odam,
Oyog‘i ostidagilarni tepkilar,
Bosib chiqar tepaga.
Tepaga chiqib olgach,
Pastga qaramay qo‘yadi.
Bir kuni qulaydi,
Sinadi
Qoqilib
O‘zining kibriga,
Jaholatiga.
Karim Bahriyev tarjimalari