Ivan Chapovski (1936)

Ivan Chapovski makedon shoiri, romannavis va publitsist. 1936 yili Vodenskoda tug‘ilgan. Skope davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Ilk kitobi 1963 yili nashr etilgan.

YuRT SARHADI

Bobom yosh chog‘ida g‘ayrati jo‘shib,
Topmoq bo‘ldi yurtin bo‘yiga mezon.
Yo‘l bosdi dengizga qadar o‘n besh kun,
Tepalikka chiqib tikildi har yon.
Ufq – bepoyon.

So‘ngra yurt enini o‘lchamoq bo‘ldi,
Onalar qo‘shig‘in tinglab bosdi yo‘l.
Tepalikka chiqib boqdi-yu, biroq –
Hayrat ichra qotib qoldi ul:
Hali yo‘l yiroq.

Endi tog‘ tomonga tashladi qadam,
O‘qdonu miltig‘in qo‘liga oldi.
Necha bor almashdi o‘qdon, miltiq ham,
Ammo yurt sarhadi qayoqda qoldi?
Oxiri toldi.

Yiqildi Vatanin tuprog‘in quchib,
Yuragu miltig‘i zanglab beomon.
Dedi: yana bir kun bo‘lganda kuchim,
Makedoniyaga topardim mezon.
Shu bo‘ldi armon!

Nosir Muhammad tarjimasi