Xose Marti (1853-1895)

Xose Marti (José Julián Martí y Pérez) 1853 yil 28 yanvarda Gavanada tug‘ilgan. Kuba adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan shoir, publitsist, faylasuf, siyosatchi va jamoat arbobi bo‘lgan. Kuba milliy qahramoni sifatida e’zolanadi. “Ismaelilo” (1882), “Erkin she’rlar” (XIX asrning 80-yillari), “Sodda she’r­lar” (1891), “Surgun gullari” (1913) she’riy to‘plamlari e’lon qilingan. Shoirning romantizmdan realizmgacha bo‘lgan tadrijni bosib o‘tgan ijodi Kuba she’riyatida muhim yangilanishlarni boshlab berdi. 1952 yilda Xose Marti tavalludining 100 yilligi jahon miqyosida keng nishonlangan.

QAHRAMONLAR

Marmar saflar kirdi mening tushimga,
Haykal qahramonlar saqlardi sukut.
Ular huzurida kelib hushimga
Go‘yo suhbat qurdim, so‘radim o‘git.
Tosh saflar yonidan o‘tdim viqor-la,
Har bir tosh haykalning o‘pib qo‘lini,
Tosh lablar shivirin men e’tibor-la
Tinglab kezdim saflar o‘ngu so‘lini.
Tosh soqollar silkindilar ohista,
Tosh ko‘zlardan yoshlar oqib tushdilar.
Va tosh qo‘llar asabiy yopishdilar
Tosh qilichlar dastasiga bir pasda.
Haykallar dastini jimgina tutib,
Suhbat qurdim tunda o‘zni unutib.
Tosh saflar yonidan viqor-la o‘tib
Yig‘ladim nafasim ichimga yutib.
Ming bir xayol qanotida uchaman,
Qahramonlar tosh haykalin quchaman.
Deyman: “So‘zla, savlat to‘kkan navkarim,
Tosh sovutda nega jimsan, nega jim?
Eshitdim, avloding ko‘p ichar ekan,
Begonalar zahar qo‘shgan qadahdan.
Sharobmas, o‘z qonin xo‘p ichar ekan,
Yo‘qsizlik urug‘i jo‘shgan qadahdan.
O‘z tillarin unutib o‘z elida,
So‘zlarmishlar xo‘jayinlar tilida.
Tag‘in qonga belab dasturxonini,
Er emishlar vijdonsizlik nonini.
Qonli stol uzra ko‘kragin kerib,
Bekor safsataga vaqtini berib,
So‘ndirishar emish qalb qo‘rin endi.
Aytib ber-chi, menga, marmar navkarim,
Egniga tosh sovut kiygan sarkorim,
Qahramonim, balki oloving so‘ndi!”
Lekin men bag‘rimga bosgan qahramon
Bir urdi-yu yerga ag‘dardi shu on.
Nayzasin bo‘g‘zimga qadadi birdan
Tushunolmay garang edim bu sirdan.
Manglaydagi sovuq terlarin artib,
Tosh haykallar saflandilar batartib.
Qahramonlar otlanishib jang sari —
Hujumga tashlandi birdayin bari!

* * *

Zolimmi? Sen zolim haqida gapir,
Dilingda neki bor — barin to‘kib sol.
Sharmanda qil uni, uzib-uzib ol,
Qullik anduhlarin gapir birma-bir.

Yolg‘onmi? Sen yolg‘on haqida so‘zla,
U bildirmay kelib yoqadan olar.
Odamzod boshiga ming kulfat solar,
Sen zolimu yolg‘on haqida so‘zla.

Ayolmi? Nikohda bo‘lgan chog‘da ham,
Zahar-zaqqum yutib o‘lsang, o‘l, mayli.
Dog‘ tushmasin senga ayol tufayli,
Ayolni yomonlab, bo‘lma muttaham!

* * *

Kumush tusli bulutning tund bag‘rini,
Qizg‘in nurlar birdan parchalab so‘kdi.
Qullar ortgan kema ochib sag‘rini
Tutqun zanjilarni sohilga to‘kdi.

Xurmolar bukildi. Uvladi shamol,
Butalar shoxini qayirib soldi.
Begona bir yurtga tongda bemajol
Qullarning saflari o‘rmalab qoldi.

Kulbalar eshigin yulqiydi bo‘ron,
Tomlarni uchirar ko‘kka paydarpay.
Qul — ona boradi qo‘lida nolon
Go‘dagi yig‘laydi chirqirab tinmay.

Tumanda qizargan doira nishon —
Oftob qum sohildan izlaydi chora.
Daraxtning shoxida qo‘lida kishan
Osilib yotibdi yosh qul bechora.

Yo‘q, buni bolakay unuta olmas,
Yuragi qon qaqshar, ko‘zlarida nam.
Qullar hayoti-chun olgum deb qasos,
Jasad tepasida ichadi qasam.

IKKI VATAN

Menda ikki Vatan bor:
Biri Kuba, biri tun
Yoki ikkov bus-butun.
Ko‘k yuzida serviqor
Oftob chiqib taxtiga,
Kulsa yerning baxtiga,
G‘amgin beva misoli —
To‘rga o‘ralib olib,
Qo‘lda tutib chinnigul
Ro‘paramda paydo ul —
Bo‘lib qolar daf’atan
Kuba — muqaddas vatan.
Qaltiragan qo‘ldagi
Chinnigul menga tanish.
Ko‘ksim bo‘m-bo‘shdir mening —
Yuragimning o‘rni bo‘sh.
Hayotdan ketish payti
Etib keldi menga ham.
Endi “Xayr-xo‘sh” aytib
Jo‘nab qolish ayni dam.
Bu ish uchun tun yaxshi,
Yorug‘ berar halaqit.
So‘zamol kishilarning
Maqtovi boshdan soqit.
Birdan koinot biroq,
Bo‘lib go‘yoki bayroq,
Kurashga chorlar meni.
Shafaq qizarib shu choq,
Olov bo‘lib lovullar,
Uy torlik qilib qolar.
Tarang ko‘krak qafasim,
Qisiladi nafasim.

Jonsarakman ham diltang,
Derazam ochilar lang.
Qontalash chinnigulni
Xuddi soqovday uzib
Bulutday ko‘kni to‘sib
Mening oldimdan beva —
O‘tib bormoqda Kuba!

* * *

Tikka boqib o‘lim ko‘ziga
Tushundim jon berganni kecha.
Hamma dardni davolar ekan,
Yaxshiligu sevgining kuchi.

Mayli, zulmat quduq tubiday,
Mayli, o‘chib ketsa ham izing.
Yaxshilik qil, bilgin, albatta,
Halovatdan yorishar yuzing.

MEHRIBON PEDRO

Qadrdonim Pedro, mendan xafasan,
Mensimay odobu odatlar kuchin,
Sochimni o‘stirib yurganim uchun.
Sen bekorchi Shimol makriga uchib
Kunlarni betayin o‘tkazmoqdasan,
Mast-alast jazmanlar belini quchib
Qimorda goh yutib, yutqazmoqdasan.

Beparvo qadahga qadah ulaysan,
Lekin gulob emas qadahlaringda,
Qaynar qo‘llaringdan oqqan terli qon.
Men esa yolg‘izman — qayg‘uli, tamkin,
Kechki nonushtam ham qotgan burda non.
Meni qiynamoqda o‘sha o‘y hamon:

Odamlarni qanday qutqarish mumkin?
Qanday ozod etmoq mumkin qullikdan?
Seni sharmandali bekorchilikdan
Qanday qilib xalos etsa bo‘larkin?
Ochiq aytib qo‘yay, mehribon Pedro,
Hozir cho‘ntagimda yo‘q bir miri ham.
O‘sgan soch-soqolim oldirish uchun
Biror sartaroshga to‘layin desam.

* * *

Sofdil bir odamman, vatanim xoki,
Palmalar o‘suvchi osoyishta yer.
Men o‘lib ketmoqni istamam toki,
Qalbimning qa’ridan tug‘ilmasa she’r.

Har yerdan kelaman hislarga to‘lib,
Har qanday o‘lkaga men yo‘l olaman.
San’atda yashayman men san’at bo‘lib,
Cho‘qqi uzra cho‘qqi bo‘lib qolaman.

Men noyob gullarning, o‘t-giyohlarning
Nomini bilaman juda ham ko‘plab.
Bilaman g‘urur-la chekkan ohlarning
Nobud bo‘lganini zahardan ho‘plab.

Tunda tong otguncha zulmat qo‘ynida,
Ustimga quyildi yomg‘ir rishtasi.
Nurdan marjon taqar oppoq bo‘yniga
Toza go‘zallikning sof farishtasi.

Men ko‘rdim ul go‘zal nozaninlarda
Nurafshon qanotlar o‘sib chiqqanin.
Men ko‘rdim: ularni chang-to‘zonlardan
Uchgan kapalaklar to‘sib chiqqanin.

Men erkakni ko‘rdim, ko‘ksida xanjar
Sanchilgan holatda yashardi, yo rab.
Lekin biror marta solmadi u jar,
Kim uni shu ko‘yga solganin, ingrab.

Faqat ikki marta meni bukdi g‘am,
Ikki bor qolganman ko‘zimni yoshlab,
Mening bag‘rim tig‘lab o‘lganda otam
Hamda ketganingda sen meni tashlab.

Titrab-qaqshaganman hayotda bir bor,
Bu yuz bergan edi gullagan bog‘da.
Yovuz qovog‘ari chirillatib zor,
Qizchamning yuzini chaqqani chog‘da.

Umrimda bir marta quvondim cheksiz,
Omadim chopganday bag‘rimni tig‘lab,
Menga mash’um o‘lim hukmini shaksiz —
E’lon qilganida zindonbon yig‘lab.

Er uzra, suv uzra yelmoqda nafas,
Shamoldek bizga ham qilar u ta’sir.
Va lekin aslida bu nafas emas,
Bu mening o‘g‘limdir — uyg‘onar hozir.

Derlar, rangdor toshda musaffolikni,
Izlab topa bilish, baholash muhim,
Xuddi shu boisdan sodiq do‘stlikni
Muhabbatdan ustun bilaman muqim.

Mening ko‘rganim bor: o‘q tekkan burgut
Samoviy kenglikda ketar yo‘qolib.
Kavaklarda o‘lib bo‘ladi unut
Qora ilon zahrin o‘ziga solib.

Men bilaman, rosti, bu keng koinot
Kuchdan toliqqan chog‘ qurir bo‘zarib.
Sukut saqlar ekan qilgancha toqat
Buloq qaynab chiqar yerdan ko‘z yorib.

Netay ko‘kragimda men yillar osha,
Og‘riqdan yashirib o‘rtayman qalbim,
Xalqning o‘z farzandi xalqqa qul yashab,
Oxir-oqibatda o‘layotir jim.

Ne tong, hammasi zo‘r, hammasi yaxshi,
Musiqa jarangdor, barchada ong bor.
Bari javohirday — jilvalar naqshi,
Ko‘mir bo‘lsa bas-da, ziyo na darkor.

Motamsaro to‘da menga xo‘p tanish,
Ehtirom-la ko‘mar g‘ofil bandani.
Butun yer yuzida qiyindir topish —
Shirin yemish bo‘lar tuproqda tani.

Xayol surayapman, men sukut saqlab,
Istamam olishni qofiyaboz nom.
Mayli, men doktorlik unvonin yoqlab —
Sichqonga yem bo‘lsin chang bosgan diplom.

* * *

Men oddiy bir o‘lim topsaydim deyman,
Xuddi daladagi maysa, o‘t, yaproq.
Tepamda sham emas, yonsa yulduzlar,
Qabrim bo‘lar mening qaro yer, tuproq.

Mayli, sotqinlarni to‘sishsin nurdan,
Qorong‘i gumbazlar, zax tosh ostiga.
Halol yashab o‘tdim — menga mukofot
Oftob nuri tushsa qabrim ustiga.

* * *

Sezayapman: ayni paytidir,
So‘zlab beray, dil to‘la qayg‘u,
Gvatemala qizi haqida —
Muhabbatdan o‘lib ketdi u!

Jasmin guli, nilufarlardan
Manglayiga chambarlar terdik.
Tobutini qabrga qo‘yib
Yosh jasadni tuproqqa berdik.

… Bir vaqtlar sevgandi yonib,
Sabot bilan yorni kutdi u.
Yigit bo‘lsa qaytdi uylanib,
Muhabbatdan o‘lib ketdi u!

Qo‘shnilari dardu alamda,
Tobutini ko‘tarib boshga,
Yosh jasadni qayg‘u va g‘amda
Eltdi ko‘zlar to‘lgancha yoshga.

… Keldi! — degan qanotli xabar
Unga hayot ato etdi-ku!
U uylanib qaytdi, alhazar,
Muhabbatdan o‘lib ketdi u!

Vidolashib, labimni muzday
Manglayiga bosdim titrab jon.
Uni juda unutish qiyin
Unutolmam uni hech qachon.

U daryoga cho‘kdi… U yerdan
Oqsoch keldi ko‘tarib yohu!
Shamollashdan o‘ldi deyishdi,
Muhabbatdan o‘lib ketdi u!

Sag‘anaga qo‘yildi tobut
Asta silab turfa gullarin.
To‘yib-to‘yib yig‘lab oldim men
O‘pib uning jajji qo‘llarin.

So‘ng ketdilar meni yetaklab
O, dilimda alamli tuyg‘u…
Mahbubamni uchratmadim hech,
Muhabbatdan o‘lib ketdi u!

* * *

Po‘rtanaga ko‘zing tushsa agarda
Bilki o‘sha mening she’rim, yuksalgan.
Yuksalsa-da osmon qadar avj parda
Mayingina kuyga o‘xshar tor chalgan.

Mening she’rim o‘xshab ketar xanjarga,
Dastasini tutgan qo‘lda gullaydi.
Favvoradir, she’rim aylanib zarga
Shaffof tomchilari shan shovullaydi.

U poyandoz maysa erur yam-yashil,
U bosqondir chaqnar o‘t na’rasidan.
She’rimni o‘q tekkan bir kiyik deb bil,
Himoya izlab yurar tog‘ darasida.

Har bir satri jasoratga tasalli,
Soddagina, samimiydir she’rlarim.
Po‘latdan quyilgan qilichdir, balli,
Yuragim qonidir, manglay terlarim.

Fayzi Shohismoil tarjimasi.

* * *

Norgil o‘smish sokit havodan
Bahra olgan oqko‘ngil odam
Bergum hayot hikmatiga tan
Dil tubidan she’r otilgan dam.

Qayda bo‘lsam, yetib kelgayman,
Hisday yetgum bo‘lsa qaysi burj,
San’atga san’atlik qilgayman,
Cho‘qqilarda cho‘qqidirman qurch.

Men bilarman ko‘p noyob xilqat –
Gullar bilan o‘tlarning nomin.
Bilarman ko‘p kibrli kulfat,
Zaharni ham – hayotga zomin.

Tirqishi yo‘q tunda tepadan
Yomg‘ir bo‘lib quyar betinim
Bir ilohiy go‘zallikka sha’n
Pok nurlar sof shu’lasi sim-sim.

Ko‘rdim: bo‘ldi nurafshon qanot –
Sohibasi, u, go‘zal xotin.
Ko‘rdim: balchiq va changdan bot-bot
Kapalaklar uchib chiqdi, chin.

Ko‘rdim: xanjar sanchdi – o‘tmay zum –
O‘z ko‘ksiga, o‘shanda, bir er
Kim bu holga soldi – tishlab mum –
Na ingranar, na biror so‘z der.

Badar ketgan jonlarni, sazo –
Bermay, ko‘rdim ikki marta men:
Sho‘rlik otam qilganda qazo
Va meni tark etganingda sen.

Bir gal titroq bosdi, tizimdan –
Mador ketdi; bog‘dan sal nari –
Erda chaqdi – jimit qizimdan
O‘ch olgandek – battol bolari.

Faqat bir bor bo‘ldim shod-xandon,
Engil nafas oldim bezaqqum,
Aytganida yig‘lab zindonbon
Etilganim o‘limga mahkum.

Eru suvda sezdim bir nafas
Tegib o‘tdi u misli shamol.
Lekin ruhi ravonim bu sas –
Mening o‘g‘lim uyg‘onar alhol.

Chaqnoq toshlar qadri – bilmas kim –
Tozaligi – shuni izla, top.
Shu-chun sodiq do‘stlikni etdim
Muhabbatdan ortiqroq tavof.

Ko‘rdim burgut o‘q yegan onni:
Ko‘tarildi samolarga u.
Kavak ichra qora ilonni
O‘ldirdi o‘z hunari – og‘u.

Bildim, iyagiga kaft tirab,
Horg‘in olam olganida tin,
Moviy jimlik aro jildirab,
Yangi buloq ko‘z ochar sekin.

Ostonamga kelib-yiqilib,
Mildir-mildir so‘ngan yulduzga,
Shavq ichida, men irim qilib,
Qo‘l tegizdim – surtay deb ko‘zga.

Necha yilki, ko‘ksimni teshar
Bir dard qalbim ezgancha pinhon:
Qul-xalq o‘g‘li xalq bilan yashar,
U deb berar hech taf tortmay jon.

Bari go‘zal, bari barqaror,
Biri boshqasiga masallig‘.
Bari, go‘yo, olmos – qirrador,
Ko‘mir bo‘lsa, so‘ng bo‘lar yallig‘.

Ne tentakni tumonat odam
Hurmat bilan dafn etishar.
Bu dunyoda barchasidan ham
Sarxil meva mozorda pishar.

Hammasini bilsam, ne emish,
Qofiyaboz bo‘lmay deb men – jim.
Sichqonlarga siylovu yemish
Chang bosgan doktorlik diplomim.

* * *

“G‘am” deysizmi? “G‘amga botdi” deb kim –
Aytdi meni? Shu so‘z jo‘yali, o‘ng:
Nur, alanga, g‘alabalardan so‘ng
Kelar mening qayg‘u chekar vaqtim.

Bir kulfat bor: teran dengizdan ham,
Asrlarki, u ezgani ezgan,
Bu – insonning qulligi, – biz bezgan –
Olamda yo‘q undan dahshatli g‘am!

Tog‘lar bor – shart cho‘qqisiga sabot –
Ila chiqmoq; singib tanamizga,
Shundan keyin uqqaymiz, dil, bizga –
O‘limni kim aylagan mukofot!

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi