Karlos Fransisko Changmarin (1922-2012)

Karlos Fransisko Changmarin (Carlos Francisco Chang Marín) – shoir, hikoyanavis, rassom va bastakor. She’rlarida sun’iy ohanjamalik o‘rnida soddalikni, soxta dabdabayu balandparvozlik o‘rnida samimiyatni ko‘rasiz. “Fig‘on” (1948), “Moddiy she’r­lar” (1956), “Panama qo‘shiqlari” (1963) va boshqa she’riy kitoblari chop etilgan. Bir necha milliy mukofotlar sovrindori. She’rlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilindi.

QON-QARDOSh QO‘LLAR

Shoirlar
sizlarga duolar yo‘llar,
sha’ningizga
shirin kalomlar bo‘lg‘ay.
Qora qurumlarga
belangan qo‘llar,
barchangizga
qizg‘in salomlar bo‘lg‘ay.

Elimu loy,
qatron qorishib ketgan
bu qo‘llar
sal dag‘al kelar, albatta.
Maishatmas,
zahmat akashak etgan,
qotsa,
qotgan ular qora mehnatda.

Yaratish zavqida
yonarkan ular,
xirmonlar ko‘tarar,
tog‘ni horitar,
turli dastgohlarda
charxlanganicha,
mash’alalar yoqib,
tunni yoritar,

Vatanga mevayu
don yetkazarlar,
igna teshigidan
ip o‘tkazarlar,
ko‘priklar ko‘tarar,
yotqizar yo‘llar,
kema ham,
qilich ham yasar bu qo‘llar.

Yolg‘izoyoq so‘qmoq,
yo koshonalar,
yurtning masjidiyu
minorlariga,
ibodatxonalar,
ko‘shklar tomiga,
mayxonalar hamda takyaxonalar,
qator korxonalar devorlariga,
bu qo‘llardan goh ter,
goho qon tomgan.

Bobomning qo‘llari
erga qorishib,
goh qavarib,
goho qadoqlar bog‘lab,
g‘alla yetishtirib
sizu biz uchun,
cho‘l o‘rnida
bunyod aylagay bog‘lar.

Quruqshagan,
g‘adir-budur barmoqlar
adoqsiz azobdan
gohida chalg‘ib,
turli tadbirlaru
tantanalarda
birorta soz
chertsa bo‘lardi, balki?!

Biror soz
torlarin chertmasalar-da,
mushaklari bo‘rtgan
og‘ir bilak va
mushtumga aylangan
o‘n nafar barmoq
elini yetkazar har ne tilakka.

O‘nta mardi maydon
o‘g‘londek ular,
jinoyat devorin yiqita olar,
nochor bir kimsani
qay qasamxo‘rdan
qorong‘u kechada qutqarib qolar.

Qalampirmunchoq
yo atirgul ekkan
onamning qo‘llari
azizdir yerga.
Ular bolalari uchun
non topmoq ilinjida
mudom botadi terga.

Kim bilsin,
ehtimol, qaysi oqpadar
istehzo aralash ustidan kular,
har holda,
sahardan yarim tun qadar,
tinim neligini bilmaydi ular.

Non hidin taratib
volidam qo‘li,
ulkan mehr ila
boshim silardi,
gujum daraxtining
butoqlariday
ajin qoplar, biroq
bir kun ularni.

Sabru bardosh uchun
yaralgan qo‘llar
asl fidokordir,
asl qahramon.
Ularni
har qancha e’zozlasak kam,
axir,
shular bois ko‘ksimiz osmon.

Qo‘liga tayanar
ishchiyu baqqol,
bog‘bonu dehqonlar,
kosibu kulol.

Zabardast bu qo‘llar
har ishga qodir,
bu qo‘llar chevardir,
mohirdir, nodir.

Ular yerni kovlab,
tariq socharlar,
o‘yib tog‘u toshni,
ariq ocharlar,
tap tortmay po‘rtana,
to‘lqinlaridan,
duru marjon terar
dengiz qa’ridan.

Aziz zamondoshlar,
mushtga tugilgan,
bolg‘a
yo cho‘qmorni yodga solguvchi
qo‘llaringizni
biz sharaflagaymiz.
Chunki
bunday qo‘llar kurashmoq uchun,
zaminda adolat o‘rnatmoq uchun,
ijod qilmoq uchun yaratilgandir.

Keng xalq ommasining
metin qo‘llari
zanjir,
kishanlardan qutular erkan,
Osiyo,
Afrika,
Evropa hamda
olis Amerika qit’asida ham,
janubu shimolda,
butun olamda
zulmu istibdodga
bergaydir barham.

Turfa gullar aro,
boshoqlar aro
go‘zal ohanglarning
jaranggosida,
baxtu saodatning
xush sadosida
salomga uzansin
mehribon qo‘llar.

Ezgulik yo‘lida
erlar birlashsin,
suluvlar esa
gul bilan sirlashsin.
Ko‘kni quchsin
tinchlik kabutarlari,
ko‘llarni qoplasin nilufarlari.

Millatlar
hurriyat bongini ursin,
yangrasin boychechak qo‘ng‘iroqlari.
Bu qo‘llarda
mudom hilpirab tursin
birdamlik,
ozodlik,
erk bayroqlari!!!

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi