Li San Xva (이상화) – atoqli koreys shoiri. O‘rta maktabni tugatib, Yaponiyada ikki yil davomida frantsuz tili va adabiyotini o‘rganadi. Vataniga qaytgach, romantizm tarafdorlari bo‘lgan “Oq oqim” (“Pekcho”) adabiy uyushmasiga a’zo bo‘ladi. 1923–1930 yillar orasida e’lon qilgan she’rlarining bosh g‘oyasi tenglik va erkinlik hisoblanadi. Shoirning “O‘g‘irlangan dalalarga bahor qaytarmikan” she’ri yapon mustamlakachilariga qarshi eng yaxshi she’rlar sirasiga kiradi.
TORTIB OLINGAN DALALARDA BAHOR
Bahor qaytdi tortib olingan dalalarga ham —
Begona yerlarga endi men uchun.
Quyosh shu’lalarin mavjidan shodon
Sholizorda — tekis farqdek ochilgan
So‘qmoqdan bormoqdaman, xuddi tushimda.
Osmon sukut ichra, sukutda dala,
O‘zimcha kelmadim bu yerlarga men.
Kimdir chorladi-ku, bahor, senmasmi?
Ezildi yuragim, aylangiz javob.
Shamol shivirlaydi quloqlarimga,
“To‘xtamagin”, deya libosim etaklari shitirlar.
Sevinchi toshgan qizaloq kabi,
To‘rg‘aylar meni ko‘rib quvnayotirlar.
Bir kechada bo‘yi cho‘zilib qolgan
Arpa dalasining arshiga chiqib,
Yarim tun boshlangan sharros yomg‘ir-la
Quyuq sochlarini yuvibsan uning,
Bundan hatto men ham tuydim yengillik.
Suv qaytar dalalardan,
Mangu o‘ynoq suvlar, qaqroq dalalarni quchib,
Alla aytib, aylanib-o‘rgilarlar.
Qo‘shiqlarin kuylab bo‘lib,
Xayrlasharlar dalalar bilan,
Elkalarin o‘ynatib, bir-birlari-la
Raqsga tushgancha.
Tepamda kapalakdek bo‘lib girgitton,
Ko‘p shoshirmang, “toji xo‘roz” gullariga
Ehtiromim ulashib olay.
Yuragim orziqar, qachonlardir bu yerlarni
Ter to‘kib o‘toq qilgan, yuzlari kunjut moyi
Surilgandek yaltirab ketgan odamlarni ko‘rmoqqa.
Mening qo‘limga omoch bering,
Kuraklarim og‘riq sezgunga qadar
His etayin yerni, uning yumshoq tuprog‘in,
Hechqisi yo‘q, xiyla terlasam.
Daryo sohiliga tushgan go‘dakdek
Tin olmay, to‘xtamay, mangu yugurasan, ruhim,
Ajab, nelar izlaysan sen, yo‘l olgung qayga?
Maysalar isiga chulg‘anib butkul,
Butun kun, butun tun oqsoqlagancha
Yashil g‘ussa moviy tabassum ila
Qovushgan ufq sari ketgum odimlab.
Biroq dalamdan ayrilib – men endi
Bahordan ham ayrilib qoldim, shekilli.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.
ShOIRGA
Payti kelar, yangi dunyo yaratib,
Birgina satring ila uyg‘otasan barchani.
Shoir, hayoting mazmuni shundaki,
Sen Dunyodan o‘tgach-da
Unutmasin insonlar.
Sening ovozing
qurg‘oqchilikda yer sug‘orilganda
ariq bo‘yidagi ko‘k baqaning tovushidek,
Bor bo‘lsin mudom.
Mayli, ushbu dunyo tufayli
jon va tan ayri yashagan,
musiqa asboblari yangrasin faqat,
Shoir, hayoting mazmuni shundaki,
Naqadar qiyin bo‘lmasin, sen o‘z ishingni davom ettirding.
Quyosh botib, cho‘kkanda yer uzra qorong‘ulik,
So‘nganmi hech yaratish ishtiyoqing?
Shoir, shuhrating shundaki sening,
Bola ruhi tark etmas seni,
muhim to‘siqlarni yenggan.
Kechami yoki kunduz,
She’rlar katta odimlar-la ildamlagan dam,
mayli, senga nasib etsin
o‘layotib yorug‘lik tomon uchgan
g‘aroyib kapalakni ko‘rish.
QUYI QIShLOQDA KEChGAN BIR KEChA
Deraza yorig‘idan
oqib kirar qalbimga
moychiroqning xira yog‘dusi.
Eslatgancha cholning
quyoshni sog‘ingan nursiz ko‘zlarin.
Bu yerda o‘zga narsa yo‘q,
Yo‘q o‘zga bisot.
Ey, mening qalbim!
Sen inson kabisan,
Quyoshga zor inson kabisan.
Shu dam devorsiz,
Kimsasiz, bo‘m-bo‘sh hovliga kiraman.
Otilib chiqar shunda
yurakdan nola.
Rus tilidan Shermurod Subhon tarjimasi