Kim Jixa (1941)

Kim Jixa (김지하) (Haqiqiy ismi Kim Yon’il; 4 fevral 1941, Mokpxo, Cholla-Namdo provintsiyasi) — koreys shoiri, dramaturg. She’rlari ingliz, yapon va boshqa tillarga tarjima qilingan. “Sariq yer” (1970), “Xalq ovozi” (1974) kabi she’riy to‘plamlar muallifi. Bir qator milliy mukofotlar sovrindori, Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilari birlashmasi va boshqa nufuzli tashkilotlar a’zosi.

JANUBIY YeR

1

Ehtimol, Yendanli bandargohida
Topajakman o‘limimni nihoyat.
Chaqirtosh uyilgan qirg‘oq tomondan
Urilgan shamolning zahriga bo‘kib.
Silkingan yelkanlar titrog‘ida yo
Dengizning yugurgan mavjlari uzra
Men o‘z o‘limimni topurman balki.
Girdob yelkasida chirpirab o‘ldi
Shu bugun o‘ldi u ismsiz asir,
U menmi, qaylarda qoldi o‘limim.
Jonsarak kog‘ozning shildirashida
Kaftim chizig‘ida topurman balki.

Dengiz ufqlari ortida g‘arib
Zahmatkash quyoshning yiqilgan yeri,
Baxshishga uzangan bu janubiy yer.
Tinglayman kimningdir g‘arg‘arasini
So‘ng yo‘lga chorlagan vahiymidir bu.
Balki bu mendurman, mening jonimdir.

Qorong‘u Yendanli bandargohida
Men o‘z o‘limimni topurman aniq.
Balki u jimgina biqinib olgan
Sukunatning qora qo‘yniga kirib
Mashaqqat kunjida u o‘ldi oxir,
Ismsiz, nishonsiz, o‘limsiz tutqun.
Bu ne hol?! Aqlimdan ayrilib turdim,
To‘lqinlar ustida ko‘rindi nogoh
Kimningdir qo‘llari, sermandi qaqshab,
Yolbordi, chorladi bu qo‘llar go‘yo
Forig‘ etmoq uchun so‘nggi shubhamdan,
Siltanib, olislab ko‘zdin yo‘qoldi.

2

Bu baland tog‘larga tashlayman nazar,
Oq qordan bosh uzra popoqlari bor.
Daf’atan tanamda qaynaydi qonim.
Bambukzor tarafga qarayman ilkis,
Yam-yashil libosda tovlanadi u,
Yana o‘z-o‘zidan tugiladi musht.

Hozir bu tog‘larning etaklarida
Bu yashil bambukzor qo‘ynida hozir
Begunoh insonlar qoni to‘kilar.

Singib ketgan ko‘zyoshlarning achchig‘i
Menga tuyiladi, bu yer o‘ralmish
G‘azabning, nafratning o‘rtiklariga.

Yastangan vodiylar, tog‘lar to‘lqini
Muz qotgan, mangulik uyquga tolgan.

Bu yerda har neki olgan burkanib
G‘azabning, nafratning qora bag‘riga
Ko‘zimga ko‘rinar, go‘yo bu yerda,
Bu yerda viqorli qoyalar uzra
Sira bosh egmagan, bo‘ysunmaganlar
Hilpiratar oq da’vat bayroqlarin.
Isyonkor oq ko‘ylaklilar ko‘zida
Ko‘ldan uchgan Vatan yodi yonmoqda.

Bizning tomlarimiz ostiga ko‘pdan
Ochlik va qashshoqlik o‘troq joylandi.

Dehqonning mahrida yolg‘iz o‘roqdir
Ko‘zyosh-la yuvilgan uning tig‘lari.

Chorasiz, yashirin so‘qmoqlar bilan
Tog‘-toshlarga ko‘chib ketdi dehqonlar.

«Biz yana qaytamiz, albat qaytamiz»,
Jaranglar ularning vido so‘zlari
Jaranglar go‘yoki muzlagan irmoq
Ostidan keladir tirik bir ovoz.

Bu baland tog‘larga tashlayman nazar
Oq qordan boshida popoqlari bor.
Daf’atan tanamda qaynaydi qonim.
Bambukzor tarafga qarayman ilkis.
Yam-yashil libosda tovlanadi u,
Yana o‘z-o‘zidan tugiladi musht.

Muzlagan tog‘larning to‘lqini yana
Ashaddiy nafratdan uyg‘onur axir.
Omonsiz hapriqar, o‘kirib guvlar
Mening sog‘inchlarga to‘lgan yuragim.

3

I

Osmonu falakning kosasi to‘lgan
Yomg‘irli, chaqmoqli sur bulutlarga,
Yiroqqa quvlaydi uvillab bo‘ron.
Sham-qoldiqda yig‘ilgan nimjon pilik,
Kalta oqshom o‘chayotgan olov qoshida.
Tinglayman yomg‘irning tilsiz shovqunin.

Oqargan sochlarin yoyib parishon
Sariq dengiz o‘zi ingrab yotibdi.

Isinar ko‘ksimda bir tutam olov.
Orom topgan kabi halokatidan,
To‘lqinlar girdobida singrab sinadi.
Kuchayar yana-da to‘lqinlar, menga
Kelib urilganin ko‘rib turibman
Qorong‘u girdobning iskanjasida.

O‘chib-yonayotgan olov ko‘ksimda
Isinar. Aqldan ozdirar meni.
Loyshuvoq to‘rtdevor burjida, tunda
Oqarib ko‘rinar bir kafan go‘yo.
O‘zim go‘yo quyuq qondan iborat.
Qadim Sariq dengiz tanasi uzra
Sharohatman ochilib yotgan. Balki
Shundayin o‘zimga so‘qmoq ocharman
Tong chog‘i o‘lim-la o‘limni ko‘mib
Ketarman. Titragan sariq alanga
Hali ko‘ksim aro o‘chmasdan turib.

II

Tunda keltirilgan kishining bo‘g‘iq
Hikoyasin tinglar tinib olomon.
(Tongda kishan solib olib ketarlar)
Qonni mast qilardi uning so‘zlari,
Goh inoq bahorning yashnashi misol
Tutilmas zirvaning shag‘irlashidek
Goh ruhni sizlatar xuddi bong kabi
O‘t olib chaqnardi ko‘zlari uning,
Misoli guldirak uning ovozi:
— Hayvon qatorida sanalmas inson!

Shu bois yig‘laydi vaqt taloshida
Rangi o‘chib ketgan shu paxsa qo‘rg‘on,
Yig‘laydi shu yuksak dovon, yig‘laydi
Daydib olislarga borayotgan yo‘l,
Cho‘qqilarda yum-yum yig‘lar na’matak
Teran harorati bilan eritib
Yig‘laydi eski qor. Tomchilar unib,
Ko‘zyoshdek parpirar tongotar yanglig‘.
Yana kuchga to‘lar uning ovozi,
Shiddat-la jaranglar bong kabi mag‘rur,
Haybatli girdobning to‘lqinlaridek
Qoyani yitguvchi isyonkor zarba:
— Hayvon qatorida sanalmas inson!

O, girdob, doimo tinsiz, qoyaband
Bu o‘lik uyqular saltanatini
Uyg‘otguvchi sensan, o, zirva sening
To‘lqinlaring shovqin solib guldirar:
— Hayvon qatorida sanalmas inson!

III

Aql bovar qilmas, ne balolik kun,
Ne qaro kun tushdi mening boshimga.
Bu kirli dunyoning dardi, g‘avg‘osi
Soldimi ko‘ngilga anglanmas tuyg‘u.

Xas-xashak buluti osmonni tutdi,
To‘sib qo‘ydi yorug‘likning ko‘zlarin
Dunyoning ishlari o‘tar birma-bir,
Rangin oinada ko‘rinar aniq.

Yohu, bir-biridan dahshat suvratlar,
Potirlar tovuqning uzilgan boshi.
Qon-ko‘lmak ichinda loshi potirlar.

Bolakayning shaffof peshonasida
Bo‘rtgan ko‘k tomirlar. Ochlikdan shishgan.

Aql bovar qilmas, har neki chala,
Nahot hech narsani tuzatib bo‘lmas.
Bu ochun muz qatlam ichinda nechun?
Muzlarning ustidan borurman uryon.

Ko‘zlarim qorayib ketguncha siqar
Uysizlik, yolg‘izlik panjasi meni,
Aql bovar qilmas, kim uchun axir,
Ne uchun bu mening chekkan azobim.

Simyog‘ochga osdi bo‘m-bo‘sh to‘rvasin,
Bolakay shu zahot muzladi, qotdi.
Ne uchun, shu yupun, shu ozg‘in vujud
Mening boshim uzra yiqildi tog‘dek.

Rauf Parfi tarjimasi

YaNGI BAHOR

Dalada gul so‘lganin ko‘rib,
Anglayman ko‘k qayinni yaxshi ko‘rishim.
Qayin sevgisi bilan uyg‘onar
dala guliga xos sevgi…

KUCh MARKAZI

Bahorda
payqadim
gul novdasin titrashin.

Er ostidan
otilib
ko‘tarilar shiddat bilan
markaz kuchi.
Gul ochilib,
yoyiladi har tomon:
ozor chekadi,
titraydi.
Titrayman men ham.

Ertaga
yo‘l olaman qishloqqa.
Yo‘l olarkan
yangicha tus olaman – gullayman.

QO‘ShNIGA MEHR

Chekka bir joyda turaman,
Chekka bir joyda.
Imkoni yo‘q u yerga borishning,
Borsa kelmas tor ko‘cha…
Qush bo‘lib uchsammikan,
Baliqqa aylansammi yo?
Yo bir shamol,
Yo bulut,
Yo xayolga do‘nsammi?
Hali inson qadami yetmagan chekka bir joyda,
Turibman yolg‘iz va chorlamoqdaman,
Chorlamoqdaman…
Nimadir ruhimda asta,
Ochilmoqdadir.
Bu dengiz,
Bu osmon kabi,
Qora toshda porlamoqdadir.
Birozgina iliq tuyg‘u,
Nozikkina bu uchqun –
Qo‘shniga bo‘lgan mehr.

Rus tilidan Shermurod Subhon tarjimasi