Migel de Servantes (1547-1616)

Migel de Servantes (Miguel de Cervantes Saavedra) – mashhur ispan adibi. U Ispaniyaning Alkala-de-Enares shaharchasida ko‘chmanchi tabib oilasida tug‘ilgan. “Sehrgarlar meni omaddan judo qilishi mumkin, ammo ular meni jasorat va erkdan mahrum qila olishmaydi” – bu so‘zlar Servantesning jahon adabiyotida mashhur “Don Kixot” romanidan olingan bo‘lib, tom ma’noda muallifning tarjima holini anglatadi. Servantes avval Italiyada yashaydi va o‘sha yerda 1570 yili harbiy xizmatga yollanadi. 1580 yili Ispaniyaga qaytib, hayotini yangi soha – teatrda boshqatdan boshlaydi.
Servantes butun hayoti mobaynida she’r yozgan. Ammo u she’rlarini nasriy asarlari tarkibiga kiritib, qahramonlariga nisbat beradi. Faqat XX asrga kelib uning shoir sifatida o‘ziga xos ovozi borligi kashf etildi.

ISPANIYa NIDOSI

Ey, ozod, tog‘lardan yuksak osmon,
Ko‘ngilni yoritib turasan hamon,
Ispaniya yashnar mehring nuridan,
Xalqim sevar seni ko‘ngil to‘ridan.
Ammo, tingla, turgil qoshimda,
So‘ylay, nelar o‘tmish boshimdan.
Qayg‘ularim aylayin bayon,
Tingla meni, hamdard, mehribon.
Bir zamonlar baxtli edim men,
Hozir esa ahvolim yomon.

Uyimga o‘t qo‘ydi g‘animlar,
Zilziladan yorildi bag‘rim.
Ne chandiqlar qoldi tanimda.
Yovuz kuchlar tildilar sag‘rim.
Xoinlar qullikka meni sotdilar,
Goh Yunon, Karfagen o‘tga otdilar.
Bilmadim, ne uchun munchalar sazo,
Ehtimol, gunohim uchun bu jazo.
Sening hukmingmidi bu, ey, osmon,
Yo taqdirda bormi shum zamon?

Nahot begonalar hukm etar bunda,
Jabru zulm qilar kunduzu tunda.
Nahotki musaffo bo‘lmas osmonim,
Nahot yana kelmas hurlik zamoni?
Qachon esar bunda baxtim shamoli,
Bayrog‘im hilpirar ochib jamolin?
O‘ylab ko‘rsam, o‘zimda ayb bor,
O‘g‘lonlarim sevar jangu jadalni,
Urushlarda shuhrat izlaydi takror,
Ahillikni bilmas, beqaror.

Ularga begona qardoshlik ruhi,
Nizoyu janjaldan izlar shukuhin.
Falokatlar qancha kelsa ham boshga,
Birlashmas, tilagi, maqsadi boshqa.
G‘animlarga qo‘l kelar bu hol,
O‘zaro nizolar qilar bemajol.
Barbarlar gurillab kirar bemalol,
Yurtda hamjihatlik bo‘lmasa doim,
Yurtni ham, xalqni ham sevmas xudoyim.

Rus tilidan Mahkam Mahmud tarjimasi