Antonio Machado (1875-1939)

Taniqli ispan shoiri va dramaturgi Antonio Machado (Antonio Machado Ruiz) 1875 yilning 26 iyulida Ispaniyaning Sevilya shahrida tavallud topgan, Madridda ta’lim olgan. 1893 yilda ilk nasriy asarlarini e’lon qila boshlagan, dastlabki she’rlari esa 1901 yilda nashr qilingan. 1903 yilda Verlen va Dario ijodidan ilhomlanib, “Yolg‘izliklar” nomli she’riy to‘plamini e’lon qilgan. Machado she’riyati xalq qo‘shiqchilik an’analari bilan chambarchas bog‘liqligi bilan safdoshlarinikidan ajralib turadi. A.Machado ko‘p yillar davomida frantsuz tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. 1927 yilda Qirollik Akademiyasiga saylangan. Asarlari: “Yolg‘izliklar” (1903), “Yolg‘izliklar. Galereyalar. Boshqa she’r¬lar” (1907), “Kastilya dalalari” (1912), “Yangi qo‘shiqlar” (1924), “Alvargonsales yeri” (1933), “Xuan de Mayrena. Apokrifik professorning hikmatlari, hazillari, qayd va xotiralari” (1936), “Urush” (1937), “Alvargonsales yeri va Yuqori Duero qo‘shiqlari”(1938). Shoir 1939 yilning 22 fevralida vafot etgan.

* * *Antonio Machado. Un poeta exiliado_trz.ai
Yorug‘ oqshom edi yozning qo‘ynida,
Yorug‘ oqshom edi g‘amgin va mudroq
Favvora kuylardi. Bog‘ devoridan
Pechak mo‘ralardi chang bosgan oppoq.

Kalit g‘ichirladi ko‘cha eshikda
Va sekin ochildi berib achchiq sas.
Mog‘or bosgan og‘ir, temir darvoza
Kecha sukunatin tebratdi birpas.

Yolg‘iz xiyobonda jildirab oqib
Meni chorlar edi to‘rtliklar o‘qib
Oppoq marmar uzra go‘zal favvora
Sokin kuy chalardi u o‘ychan boqib.

Favvora kuylardi: so‘ylagin, inim,
Yodingga solarmi qo‘shig‘im manim
O‘tmish yillarining orzularini?

Dedim: Eslolmayman o‘tmish sirlarin,
Juda qadimiydir sening she’rlaring.

Xuddi o‘sha oqshom bugungidek lol
O‘zgarmas kuyini chalardi zilol.
“Yodingdami, inim?… mirtalar* uzun
Jo‘shqin navolarning to‘sardi yuzin,

Shoxlarda osilgan meva rangi ol
Topmasin deb qaynoq taftidan zavol.
Eslaysanmi, inim?” — so‘rardi mudom.
Sokin yoz qo‘ynida osuda oqshom.

— Bilmam nedan so‘zlar quvnoq she’rlaring
Menga begonadir sening sirlaring.

Bilaman sening ham zilol chashmangda
Olovrang mevalar suzgan sho‘x-shodon.
O‘tmish yozning sokin shomidek eski
Qalbimni o‘rtagan ul dog‘i hijron.

Bilaman, ohangdor ko‘zgungda qolgan
Yillar olib ketgan muhabbat aksin.
So‘yla, favvora, to baxtli onlardan
Qalbim orom topsin va topsin taskin.

— Baxtli onni so‘rab qilmagin ermak,
Bilganim qayg‘uga limmo-lim ertak.

Yorug‘ oqshom edi o‘shal kezlar ham
Men tomon yo‘l olding tushgancha ruhing.
Chashmamga lab bosib simirding suvdan
Zora yuvilsa deb dildan anduhing.

O‘tli dudoqlaring ayladi oshkor
Qalbingni ne yoqar, qo‘nglingda ne bor.

— Mudroq xiyobonning boqiy kuychisi,
Endi bir umrga deyman alvido.
Mungli qo‘shiqlaring tinglamam boshqa
Garchiki yurakdan otilgan nido.

Kalit g‘ichirladi ko‘cha eshikda
Va sekin ochildi berib achchiq sas.
Mog‘or bosgan og‘ir, temir darvoza
Kecha sukunatin tebratdi birpas.

* Mirta — doimiy yashil bo‘lib turadigan oq paxmoq gulli o‘simlik

* * *

Turunj daraxti shoxlarin yozib
Chashma uzra turar surgancha xayol.
Billurdek tovlangan buloq suvida
Tillarang mevalar yaltirar xiyol.

Bu ko‘klam kechasi. Tiniq va salqin.
Aprel shabbodasi yeladi epkin.
Men esa turibman hovlida yolg‘iz
O‘tmish armonidan axtarib bir iz.

Xotirani so‘rab chashmadan mudroq,
Bir sharpani izlab oppoq devorda,
Qarayman, ko‘rinib qolar deb nogoh.
Izlayman bir ilinj bormi deb yordan.

Bu oqshom havoda sezilar achchiq
Dilni kuydurguvchi nafasi hijron.
Qaysiki yurakka buyuradi: kut!
Ruhga esa deydi: sira! Hech qachon!

Men seni eslayman quvnoq, tiniq shom,
Chechaklar unmagan ko‘klam-xomush qiz.
Menga taqdim etding nafasin rayhon
Va onam tuvakda o‘stirgan yalpiz.

Qachonlardir, balki ko‘p yillar avval,
Ey chashma, sezgansan bilagim kuchin.
Hozir yuragingning tubida yotgan
Tilla mevalarni olmoqlik uchun.

Ispanchadan Hilola Ro‘ziyeva tarjimasi