Uilyam Vordsvort (1770-1850)

Uilyam Vordsvort (William Wordsworth; 7 aprel 1770, Kokermaut, Kamberlend grafligi — 23 aprel 1850, Raydal-Maunt, Kamberlend grafligi) — ingliz romantik-shoiri. Vordsvortning ilk she’riy to‘plami – “Kechki sayrlar va lirik lavhalar” 1793 yilda nashrdan chiqqan. Uning «Lirik balladalar» to‘plami mashhur.

SA’VA QO‘ShIG‘I

Eshik qoqib nihoyat bahor,
Qirg‘og‘idan toshib sho‘x anhor,
Shabnamlarga cho‘milib nahor,
Lojuvard tus olganda falak;
Quchog‘iga chorlagay chaman,
Chechaklarni hurday quchaman,
Samolarda xurram uchaman —
Qanot bog‘lab bamisli malak.

O, ayniqsa, sa’vajon, tiniq,
Taronangga intizor, intiq,
Zumrad qushim, erkatoy, tantiq,
Kuylaringning shaydosiman men.
Salom senga, do‘sti qadrdon,
Bebahosan, bebaho chunon,
Qalbim qasrin etgan charog‘on,
Taronangning adosiman men.

Bor bu dunyo o‘zi bir tomon,
Qo‘shiqlaring — kuying bir jahon,
Ey qadrdon kuychim, jonajon,
Yashay mudom asiring bo‘lib.
Sho‘x kuylaring sahar sabosi,
Hasratnishin dillar davosi,
Bulbulning-da kelgay havasi,
Gar kuylasang zavq-shavqqa to‘lib.

Sho‘x taronang ta’rifga sig‘mas,
Jamoling ham aylar meni mast,
Parvozingdan sarmastman, sarmast,
Hurriyatning jarchisi masrur.
Qanotlaring serjilo, inja,
Go‘zalmas, hey buncha gul-g‘uncha,
Kuylayver shod dunyo turguncha,
Zavqqa to‘lib bahorlarda hur.

Suygan go‘shang bog‘u rog‘ sening,
Ne bog‘u rog‘, so‘lu sog‘ sening,
Qalbing quvnoq, mudom chog‘ sening,
Yuragimning o‘tli ulfati.
Kuyla, ko‘zlar to‘lgay yoshlarga,
Zabon bitgay hatto toshlarga,
Humo mangu qo‘nib boshlarga,
Qolmas g‘amning alam, kulfati.

NAVBAHOR

Shovullaydi yam-yashil o‘rmon,
Navbahorning vasfini kuylar.
Garchi ko‘klam, bag‘rimni hamon
Ezayotir alamli o‘ylar.

Tabiatning guldek jamoli,
Parivashday qilarkan maftun,
Nechun ahli bashar ahvoli,
Mushkullashib borar kundan-kun.

Qir-adirlar atlas rang-barang,
Kamalakday serjilo gullar.
Yuraklarni sel qilar, qarang,
Sayroqi hur qumri, bulbullar.

Ko‘hna kentu ovullar obod,
Maysazorlar barra, rasida,
Dov-daraxtu jumla mavjudod,
Hur hayotga aytar qasida.

Hilpiraydi shabboda mayin,
Beg‘ubor sof, munavvar olam.
Yashnab borar har lahza sayin
Va dunyodin chekinar alam.

Bezamish gar Zamin yuzini,
Jannatmonand Haq, Parvardigor,
Nechun ahli bashar o‘zini,
Balolarga etar boz duchor?!

O‘ROQChI JUVON

Adirlikda yolg‘iz bir juvon,
Bug‘doy o‘rib kuylaydi ravon.
Qo‘shig‘iga o‘zi asira —
Halal bermang, bermangiz sira.
Toqqa tutash bepoyon dala,
Juvon qo‘shiq kuylar baralla.
Hasratini to‘kar boz kuylab,
Qo‘shiq yangrar adirlik bo‘ylab.

Saratonda bilmayin tinim,
Terga botib mehnat qilar kim.
Bezor etsa gar og‘ir ishi,
Yoqarmi hech bulbul xonishi.
Har yumushning o‘z mavridi bor,
Buzilsa gar mezon ham me’yor,
Tatimagay hattoki bol ham,
Kulfat — haddan ziyod iqbol ham.

Biroq juvon qo‘shig‘i ravon,
Xonishida qay bir sir pinhon.
Xazin nola, xazin nihoyat,
Moziydanmi so‘ylar rivoyat.
Ma’sum qalbin dod-faryodimi,
Muhabbatning achchiq yodimi.
Yo qismatdan nolishmi ekan,
Qo‘shiqdan qasd olishmi ekan?!

Kuylar juvon himoyasi yo‘q,
Qo‘shig‘ining nihoyasi yo‘q.
Yuksalgani sayin xonishi,
Taajjubki, unardi ishi.
Fikru zikrim hasrati bilan
Asir etdi bu mahzun o‘lan.
Hamdard, hamroh shu kuy-tarona,
Manzilimga bo‘ldim ravona.

LONDON. 1802 yil. MILTON

Milton, sensiz Angliya xarob,
Mudrab yotar g‘aflat ichra u.
Hoyu havas bamisli sarob,
Asir etmish barchamiz, yohu.

Sen emasmi yurtga bir zamon,
Ulug‘vorlik baxsh etgan daho.
Qaytgil yana xaroba, vayron,
Vatan bo‘lgay ulug‘, bebaho.

Otash qalbing oftobday qaynoq,
Da’vatlaring bamisli bo‘ron.
Samoday cho‘ng, bulutday oppoq,
Bag‘ri daryo, jo‘mard qahramon.

To kuylabsan shohona bayot,
Barhayotsan, mangu barhayot!

ANGLIYa. 1802 yil

Qalloblarning degani degan,
Makkorlarning chopgan omadi.
Ezgulikning g‘amini yegan —
Bironta ham jo‘mard qolmadi.

Bamisoli kuz havosiday
Turlanmasang o‘tmagay kuning.
Ulug‘vorlik moziy sasiday,
Afsus, hech bir qadri yo‘q uning.

Ayshu ishrat, o‘g‘irlik, ta’ma —
To‘rt tomonga tashlagan soya.
Haqni go‘yo unutgan hamma,
Haqni hech kim qilmas himoya.
Qayda tole hur dorilomon,
Qayda Ishonch, E’tiqod, Iymon?!

* * *

Holimdan hech olmaysan xabar,
Va’dalaring nahot unutding?!
Rahm qilmay holimga, dilbar,
Ayriliqning sharobin tutding.

Asiringman va lekin hamon,
Sendan o‘zga ko‘rinmas ko‘zga.
Tilanchiday tashnalab, inon,
Intizorman sendek yulduzga.

Ishqing bir payt aylagan sarxush,
Qalbim, ey yor, kulbaday xarob.
Vasling nahot endi shirin tush.

Nahot armon nasibam, yo rab,
Ahvolimni fahm qil, fahm,
Oshig‘ingga rahim qil, rahim.

LO‘LILAR

Erkagu ayol ham, qariyu yosh ham,
Ariday bir to‘pga bo‘lib olgan jam;
Yaylov o‘sha, davra ham o‘sha,
Nayrangbozlar qo‘sha ham qo‘sha;
Tun bo‘yi lovullar gulxanlar alvon,
To‘rt tomon qip-qizil sachraganday qon —
Chehralarda shu’la aylanar,
Alvon hatto chodir-chaylalar…
Qaylarda tentirab, qaylarda kezdim,
Sayru sayohatdan sovudim-bezdim, —
Qavmi lo‘li hamon bir joyda,
Kimga zarar, kim uchun foyda…
Sayyohday sarg‘ayib botarkan quyosh,
Ketma-ket charaqlab yulduzlar nurposh —
Azaliy safarga shaylanar,
Ohista shohlarday aylanar.
Oy ham tark aylagach yuksak taxtini,
Ko‘rgaysiz yulduzlar shiddat-shahdini.
Charaqlaydi ular basma-bas,
Lo‘lilar-chi hatto eslamas.
Bundayin betashvish turmushdan g‘arib,
Dunyo kezgan afzal tole axtarib,
Orom bilmay yulduzlar ana,
Charx urarlar, qilar tantana.
Garchi bezovta ham beorom dunyo,
Lo‘lilarga ta’na qilmasman aslo.
Insoniyat naslidan, biroq —
Sizu bizdan yiroq, xo‘p yiroq!

SONET

Vestminster ko‘prigida 1802 yil 3 sentyabrda yozilgan

Tong oqarar, go‘zal, beqiyos,
Jozibasi aylar mahliyo.
Hashamatli shohona libos
Ziynatidan yoshargay dunyo.

Alp binolar muazzam, ko‘rkam,
Sarbaland cho‘ng ibodatxona.
Misli billur tasma daryo ham,
Manzaraki, asl durdona.

Quyosh buncha balqmagan hech soz,
Sirli sahar — sohibkaromat —
Osoyishta, osuda, hamroz,

Jannatga xos fayzu tarovat.
Shahar mudrar. Yo‘lovchilar oz,
Qalbimda hur rohat, farog‘at.

Ruschadan Abdul Hamid tarjimasi.

NARGIZ GULLAR

Tog‘-u tosh va vodiy oralab go‘yo,
Men bulut singari yolg‘iz kezardim.
Va nogoh uchratdim, rostmi yo ro‘yo:
Bir to‘da tillarang nargiz shodasin.
Daraxtlar ostida, ko‘l yonbag‘rida
Mayin epkin ohangida hilpirar, o‘ynar.

Ular porlar edi yulduz misoli,
Somon Yo‘lini-da gullab yoritar.
Bu gullar tizginsiz chiroyi ila,
Bezaydi sohilni, yog‘du timsoli.
Ko‘zlarim ulardin uzolmam netay?!
Nargizlar raqsiga shaydoman, netay!

To‘lqinlar sevinchdan jo‘sh urar tinmay,
Lek bo‘lmas alardek nafis, bejirim.
Shoirki shodonlik tuymog‘i tabiiy,
Shundayin go‘zallik qarshisida jim.
Bundan ortiq baxtni tuymoq mumkinmi,
Yolg‘iz o‘zim buni kuzatdim… ko‘rdim.

Goh qolsam tanholik qa’riga cho‘mib,
O‘ychanlik qalbimni tirnasa goho,
Ko‘zimni yumaman, olaman yumib,
Nargiz gul nigorin ko‘rmoqlik uchun.
Va yurak hapqirar hayajon ichra,
Nargiz gullar bilan raqsga shoshilib.

Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjimasi

“OLAM G‘ANIMATDIR…”

Olam g‘animatdir; ertami yo kech
Tandan darmonimiz ketgay oqibat.
Bahra ololdikmi shu tabiatdan,
Yo uvol bo‘ldikmi, qoldikmi bebaxt?!
Oyga bag‘ir ochib yotar ona Yer,
Shamollar uvillar umrin to‘zg‘itib.
Uxlayotgan gulday beg‘am, beparvo
O‘tib ketamiz jim kuylardan bezib;
Hech nima qo‘zg‘atmas bizni, lek yo, Rab!
Eskirgan bid’atlar buzdi ongimiz.
Shu tobda qadrdon maysazor uzra
Uvushgan qaddimni ko‘tardim ojiz.
Dengizlar yuzida pishqirgan to‘lqin
Hayot qo‘shig‘ini kuylardi betin…

VAQT SILSILASI

Ko‘kka ko‘tarilish naqadar og‘ir,
Qoya bo‘ylab pastga yumalash oson.
Dahshatli sadolar susaymas axir,
Qo‘ng‘iroq ovozi jaranglagan on.
Qo‘ng‘iroq jaranglar, jaranglar dunyo,
Tashvishli nolasi o‘xshar firoqqa.
Haqiqat o‘lmagay; botiniy faryod
Betizgin hayotni tutar so‘roqqa.
Faqat shundan keyin ulug‘vor qoya
Tongda oqaringan yerga bo‘y egar.
Kechagi eskirgan saltanat kabi
Tojdor boshin ortiq ko‘tarmay qolar.
Sukunatni tilar muzday bir nido:
Biz vaqtga mag‘lubmiz, bo‘lurmiz fido!

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi