Rustaveli Shota (შოთა რუსთაველი) — gruzin shoiri. Yangi gruzin tili asoschisi. Biografiyasiga oid ma’lumotlar «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» dostoni (1712) muqaddimasida uchraydi. Shoir Gruziyada Tamara (1184—1213) va uning eri David Soslani xukmronligi davrida davlat xazinachisi bo‘lgan.
«Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» dostoni jahon adabiyoti durdonalaridan biri. Unda ijtimoiy, axloqiy masalalar adibning yuksak ideallari bilan qo‘shib talqin qilingan. Asarda qahramonlik, chin insoniy muhabbat, oliyhimmatlik, poklik ulug‘langan, zulmkorlik qoralangan. Turli xalq vakillari — Avtandil (arab), Tariel (hind) obrazlari orqali xalqlar do‘stligi madh etilgan. Neston — Darijon misolida esa ayollarga xos ajoyib insoniy fazilatlar umumlashtirilgan. Asar qahramonlari baxt va adolat tantanasi uchun kurashuvchi kishilar bo‘lib, ularda 12-asrda Gruziyada yashagan ilg‘or kishilarning eng yaxshi fazilatlari mujassamlashgan. Shoir qo‘rqoq va ikkiyuzlamachi shoxlarni qoralagan. Ammo insonparvar podsho boshchiligidagi yagona, birlashgan, kuchli davlat tuzilishini orzu qilgan.
Rustaveli jahon adabiyotida birinchi bo‘lib, savdogarlar hayotining real kartinasini chizgan va uni ideallashtirilgan saroy ritsarlari hayotiga qarama-qarshi qo‘ygan. Shaxs erkinligi, fikr va tuyg‘ular erkinligi madh etilgan. Umumbashariy g‘oyalarni birinchi o‘ringa qo‘yib, qahramonlar psixologiyasi, voqealar mohiyatini chuqur ocha bilgan. Kadimgi milliy madaniyatni, folklorning eng yaxshi an’analarini o‘zlashtirib, gruzin she’riyatini yuqori pog‘onaga ko‘targan.
Rustavelining poetik nutqi majoziyligi, hikmatlarga boyligi bilan ajralib turadi. Asari jahon xalqlari tillariga, jumladan, o‘zbek tiliga tarjima qilingan (Mirtemir, Shayxzoda hamkorlikda, 1959). Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biriga Rustaveli nomi berilgan.
YO‘LBARS TERISINI YoPINGAN PAHLAVON
DEBOChA
Sen, rabboniy qudrating-la koinotni yaratding,
Bu rango-rang yer yuzini xaloyiqqa qaratding.
Ko‘kdan engan nafasingdan barcha maxluq topdi jon,
O‘zing monand sultonlarni taxtda qilding hukmron.
Biruborim, xar maxluqqa o‘zing berding qiyofat,
O‘zing meni yarlaqagin, yo‘qolsin iblis-ofat.
Yuragimda muhabbatni umr bo‘yi saqlagin,
Gunohlarim kechir, tangrim, uzrlarim yoqlagin!
Sher sultonki, qalqon-nayza, tig‘i parron egasi,
Zulfi aqiq bonumizki, zamona malikasi,
Yozolmasam kerak ular sha’nida ta’rif-g‘azal,
Kim ularga bir tikilsa, topar go‘yo bol-asal.
Tamaraning hashamati qamashtirar ko‘zlarni,
Gulchambarday o‘rab berdim madhiyali so‘zlarni,
Aqiq ko‘zning qo‘llaridan siyoh ichdi qalamim,
Nishtar kabi yuraklarni tilsin kuyim-alamim!
Malikai Tamarani shirin kuyda kuylamoq,
Mujgonlarin, billur yuzin, la’li labin so‘ylamoq,
Oson emas madh aylamoq inju tishin va qoshin,
Ammo olmos qirralashga yarar yumshoq qo‘rg‘oshin.
Menga lozim so‘z quvvati, otashin dil va rubob,
Menga lozim farosatki, zehnim olsin undan tob.
Ulug‘laylik Tarielni, u olamning ziynati,
Oxiratlik o‘rtoq bo‘lmoq uch botirning qismati.
Tarielning motamiga ko‘taraylik biz fig‘on,
Bunday dardga duchor bo‘ldi na gadoyu na sulton.
Men-ku ismim Rustaveli, iztiroblar ko‘rdim men,
U qadimiy ertaklarni inju kabi terdim men.
Oshiq ersang porlamoqda bo‘l oftob misoli,
Qahramon bo‘l, husnu jamol o‘lchovining timsoli,
Poygalarda birinchi bo‘l, sadoqatli va botir,
Bo‘lmasa shu fazilating, kim der seni bahodir?
Baxtlilarga ko‘ringan tush, qalblar siri, oh sevgi,
Tez so‘nuvchi uchqun emas ko‘ngillarning ohangi.
Sevgi bilan zinogarlik o‘rtasida sarhad zo‘r,
So‘zimni uq: bu ikkovi bo‘lolmaydi sira jo‘r.
Muhabbatda vafokor bo‘l, pastkashlikka begona,
Ayriliqqa chidab turgin, sabr qilgin mardona;
Sen yagona ma’shuqangga muxlis bo‘lgin barqaror,
Fahshu zino, nafsoniyat nazarimda ko‘p murdor!
Qalloblarning qullug‘ini chin sevgi deb aytmaslar,
Shu bugun-shu, ertaga-u, axir u ham bezdirar.
Bu — boshvoqsiz yigitlikning bizga tanish qilig‘i!
Kimki nafsin tiyib tursa, u oshiqning ulug‘i.
Chindan sevsang, tunda yig‘lab o‘tirasan sen bedor,
Chopqir kunlar tashvishida xayolingda aziz yor.
Kuygan kishi bo‘lib yig‘la, qil xilvatda jinnilik,
Hokimlarni ko‘zga ilma, yor oldida turgin tek.
Chindan sevsang, sevgingni ham, nolangni ham yashirgin,
Shaydoliging bildirmagin, g‘iybatlardan qochirgin.
Yurak siring xaloyiqqa bo‘lmagay hech oshkora,
Quvonib tur ishq o‘tida bo‘lsang hamki dilpora.
Rustavelik qo‘shiqchiman, Malikaga nag‘mago‘y,
O‘rtanaman oshiqlarga yo‘q sehrli bir doru,
O‘lim oldi men lashkarlar hokimasin chorlayman,
Yo shifo ber, yoki mangu uyqu ber deb zorlayman.
Ming-ming kaftda jilvalangan janubning durdonasin,
Gurjistonga ko‘pdan berli ma’lum Sharq afsonasin —
Mehr qo‘yib pardozlangan misralarga tizdimki,
Malikaning lutfi birla kamaysin azob yuki.
Bir qarashin kutib ko‘zim ko‘zlaridan qamashdi,
Ishq shaydosi, darbadarman, bo‘lib qoldim men dashtiy,
Ruhga safo bermoqchiman, o‘rtansa-da badanim,
Uch sifohiy bahodirni qilg‘usiman tarannum.
Biz yozmishning in’omiga sevinaylik avvaldan,
Jang sipohga, qo‘sh dehqonga qismat ekan azaldan.
Oshiq uchun muhabbati armug‘ondir go‘zaldan,
Saqlab tursin sevgisini g‘iybatdan, badnazardan.
Nag‘masozlik donishmandlar shohligida bir o‘lka,
Ravon ohang yoqib qolar quloqlarga va dilga..
Kuychi fikri tug‘iladi sidqi dildan, bepardoz,
Siqiq so‘zlar halqasida keng fikrlar g‘oyat soz!
Olis manzil chopib kelgan arg‘umoqlar sinashta,
O‘tkir ko‘zli koptokbozlar yutar o‘yin o‘ynashda.
Qo‘shig‘ingda jon qolmasa, baytlar yotsa ko‘p xasta,
Shoir, to‘xtat misralaring chopishini birpasda.
Ilhomlari qurib qolgan shoirlarga qarab boq:
Chechanlikdan asar qolmas, vazni soxta va oqsoq—
Shundoq ekan yo jim tursin, yo koptogin bir ursin,
Undan keyin qo‘shig‘ini tavakkal deb bitirsin.
Ittifoqo chala-chulpa bir-ikki bayt aytsa-yu,
Misralarni bitta no‘noq qofiyaga juftlab u —
«Barakalla!» kutib tursa, bu da’voning asli yo‘q,
O‘jar eshak kabi hangrar: «Ana she’r, misli yo‘q!»
Ikkinchi xil shoirlar bor: san’atlari miyona,
Changalzorda pisib yurgan yosh ovchiday bachkana,
So‘zlarida na ilhom bor, na olov bor, na qanot,—
Yirtqichlardan hayiqadi, mayda qushni otsa shod.
Uchinchi xil shoir borki, goh qizlarga ishqnoma,
Goh do‘stlarga hajv yozar, goho yozar to‘yona.
Bundaylar ham chakki emas, ravshan bo‘lsa ma’nosi,
Dostonlarda bilinadi shoirlarning a’losi.
Kim iztirob tortgan bo‘lsa ilhom unga keladi,
Bunday shoir nigoriga ixlos qo‘ysin abadiy.
Ma’shuqaga bag‘ishlasin barcha xayol va esin,
Rubobini unga sozlab, sevganin «tangrim!» desin.
Kimligimni endi biling: men mahliqo bandasi,
Yo‘lbars xulqli o‘sha dilbar hayotimning egasi.
Gapdan qo‘rqmay, qo‘shig‘imni men unga bag‘ishlayman,
Dabdabasin doston qilib kuylayman, olqishlayman.
Mening mehrim malaklarning sof ishqiga o‘xshaydi,
Uni so‘zda aytib bo‘lmas, yashirindir hikmati:
Ko‘k fazoga uchmoql,ikdir oshiqlarning qismati,
Ular bilan birga uchar yerning dardi, hasrati.
Ko‘p sinashta donolar ham bu sevgiga tushunmas,
Hatto badnafs zinogarlar garang bo‘lib bir nafas,
Tolelarin qarg‘ayolmay hayronlikda, to‘satdan —
Zo‘rg‘a nafsin tiyib turib bu soflikka berar tan.
«Majnun» ila «oshiq» so‘zi arablarda bir gapdek,
Oshiq agar no‘noq bo‘lsa, xayolida ortar kek.
Osmoniy kamolotga ko‘p pokiza dil kerak,
Yo‘qsa, nafsing quli bo‘lsang, xor bo‘larsan g‘ubordak.
AVTANDILNING ARSLON BILAN YO‘LBARSNI
O‘LDIRGAN TARIELNI TOPIB OLGANI
Mashaqqatli yo‘llar yurib Avtandil ko‘p urindi,
Tog‘ bag‘rida soyalikda birdan ko‘zga chalindi —
Qora tulpor, yugani bo‘sh, o‘tlanardi u yerda,
«Tarielning izin topdim!» deb o‘yladi sarkarda.
Qalb tolpinib, shod tuyg‘ular qoplab oldi ko‘nglini,
Eski dardlar to‘solmadi xursandchilik yo‘lini.
Avvalgiday qatron o‘zga, gul o‘zgacha bo‘lgandi,
Do‘stin payqab unga qarab Avtandil tez yelgandi.
Likillagan bir qamishning tagida u yotgandi,
G‘amgin chehra murdalarning yuziday oq, qotgandi.
Yoqalari yirtilgandi, yuzlarida laxta qon,—
Bu dunyoni allaqachon tark etganday ul o‘g‘lon.
Bir yonida o‘lik yo‘lbars, bir yonida jonsiz arslon,
Bir tomonda qilich yotar, sopi, dami — bari qon,
Aqiq qora kipriklardan oqar ko‘zning chashmasi,
Olov so‘nib muzlamoqda edi uning siynasi.
Tarielning esi-hushi asta-sekin uchmoqda,
U ajalni sezayotir, sustlik uni quchmoqda.
«Tariel!» deb qichqirsa ham javob olmay Avtandil,
Otdan tushib uni darhol quchib oldi astoydil.
Artib uning ko‘z yoshlarin, ovuntirdi, siyladi,
Yonboshiga o‘tirdi-yu, mehr bilan so‘yladi:
«Uzoq daydib yursam hamki, senga qaytib keldim-ku!»
Ammo botir churq etmasdi ko‘zda, faqat g‘am, qayg‘u.
Naqlim to‘g‘ri: u g‘aribning dudoqlari yumildi,
Ko‘zlaridan yosh to‘kilib nur zulmatga ko‘mildi,
Hushga kelib Tariel ham uni quchdi mehribon,—
Xudo shohid, jahonda yo‘q shunday ikki pahlavon.
Dedi: «Bilki, men va’daga vafo qildim, albatta,
Kelishingni kutib turdim, boq shu nimjon holatda.
Lekin endi meni qo‘ygin! Umrimning muhlati oz!
Meni qurt-qush titmasin deb ko‘mgani bir qabr qaz!»
Avtandil der: «Biz maqsadga jazm qilib boramiz,
Bu dunyoning sevgisida sinov — zahmat ko‘ramiz.
Shu falakka bo‘yin egmoq odamzodga nomus-or.—
Kim o‘ziga qasd aylasa, u iblisga xizmatkor!
Donishmand bo‘l! Hikmat bilan to‘siqlarni yeng-tashla!
Er kishi mard bo‘lmog‘i shart kam yig‘la-yu, ko‘p ishla!
Balolarga, baxtsizlikka qal’aday tur ustivor,
Banda o‘zi telba bo‘lsa, dardga bo‘lar giriftor.
Donishmandlar omadlarga hikmatni ona deydi:
Sahrolarda suv qidirgan sarob ko‘rib pand yeydi?!
Sen hammani yomon ko‘rsang, nur topasan kimlardan?!
Axir o‘zin tang‘ib turmas jarohati yo‘q odam!
Kimning qalbi ishq kuyida kuymaptikan biron payt?
Muhabbatda dardu alam ko‘rmagan ham bormi, ayt?!
Bu olamning rasmi shunday, badbin bo‘lmoq ne kerak!
Gulni sevib uzguvchining qo‘lin tirnar tikanak.
Birov guldan so‘raganki: «Senda la’liy vajohat!
Shunday ekan, bandlaringda tikanlarga ne hojat?»
Gul debdiki: «Achchiq ko‘rgan bilar chuchuk qadrini.
Qiz hammabop bo‘lib qolsa, ochmas birov bahrini».
Gullash fasli tez o‘tsa-da, gulning ra’yi shu yo‘sin.
Bu hayotda jafo ko‘rmay, kim topibdi safosin!
Yomonliklar-yaxshiliklar mangu hamroh, ajralmas.
Beshafqat deb sen dunyoni qarg‘amagin! Undoqmas!
Yur men bilan birga — yo‘lga! Nasihatim tinglagin!
Vasvasalar tuzog‘iga tushgan fikring-tilaging!
Sen nafsingga bandi bo‘lma, vasvasani tez unut!
So‘zlarimda qalloblik yo‘q, yuragimdan bu o‘gut!»
Javob berib Tariel der: «Majolim yo‘q, til karaxt,
Fahmim xira! Ugutlarni qanday uqay men badbaxt!
Toleiga ko‘ngan kishi qutulolmas azobdan!
Mangu uyqu menga rohat! Ajalga muntazirman.
Men tangriga yalinaman o‘lay degan holatda:
Bu dunyoda ayrilganlar qovusholsin jannatda,
Menga shunday visol baxti bir kun bo‘lsa muyassar —
Qabrimga sen «alvido» deb tuproq tashla, birodar!
Sevganimni ko‘rmoqlikning ishtiyoqi g‘oyat zo‘r.
Biz u bilan behisht ichra qilurmiz rohat-huzur.
U yig‘lasa — yig‘lashamiz, chaqirsa —«labbay!» deyman,
Yuzlab o‘gut eshitsam-da, yuragimni tinglayman!
Bor gapimni senga aytdim. Men dunyodan bezganman,
Ruhim qo‘msar samo nurin… Umrim bitdi — sezganman.
O‘lik tana kimga kerak?! Tirik qolsam— qo‘ygin tinch.
Jussam tezroq irisa-yu, ruh yuksalsa! Shu o‘tinch!
Yana pandu nasihatlar eshitmoqqa toqat yo‘q,
O‘lim meni poylab tu,rar, kelgusida omad yo‘q!
Foniy dunyo oxir meni go‘rga eltur muhaqqaq,
Tezda gilga aylangusi sovuq tanim— bu gap haq!
Hikmat nima? Devonalar qulog‘iga pand kirmas,
Noumidlik bo‘lmasaydi tinglar edim o‘gut-va’z.
Hayotbaxsh nur yog‘may qolsa, gul so‘lib topar zavol,
Do‘stim, sening kengashingga ko‘nmog‘im amri-mahol!»
Avtandil ko‘p o‘jar turib yalindi oliy zotga:
«Bu dunyoni tashlab ketsang yetasanmi murodga?!
Qalq mardona! O‘z-o‘ziga yov bo‘lurmi oqil er!?»
Bu o‘tinchlar kor qilmadi, unamadi Tariel.
«Do‘stim, endi yolborishlar va yig‘ilar behuda,
Senga ma’qul emas ekan, baslashmayman bu yerda.
Sen o‘lmakni chamalabsan — so‘lsa gullar, ne chora?
Ammo bir gap… yig‘lamsirab boshin egdi bechora.
«Xayr dedim Arabiston diyorida dilbarga,
Gulchehrani u ellarda qo‘yib, chiqdim safarga.
Qarorim ko‘p jazmiy edi, bo‘ysunmadim shohga ham,
Sen yo‘q bo‘lsang, hech kim meni qilolmaydi shod-xurram.
Bir o‘tinchim qabul etki, yozilsin dil xumori:
Cho‘lda birga bir chopishsak, ey ruhim kaliddori!
Shunda dardim, g‘amu g‘ussam tarqab ketar bir zumda,
Undan keyin xo‘shlashamiz, ixtiyoring o‘zingda!»
O‘tinardi: «Qani birga ot chopishsak cho‘llarda!
Amin edi do‘sting g‘ami tarqar otda — egarda!»
U yalinchoq ko‘zlar bilan engashdi do‘sti tomon.
Oxir uni ko‘ndirdi-yu, dili bo‘ldi shodmon.
G‘amgin botir unab dedi: «Mayli, keltir tulporni!»
U otni tez olib kelib otlantirdi sardorni.
Ikki inoq ot qo‘yishdi, cho‘llar osha chopog‘on.
Tarielda kuch tirildi, chakaklarga to‘ldi qon.
Avtandilning har bir so‘zi rubob kabi xushnaao,
Dudoqlari marjon yanglig‘ qirmizi va musaffo.
Uning so‘zin eshitsaydi keksalar yasharguday,
Tarielning dardi tarqab yashnadi yuzi shu payt.
Og‘asining kayfiyati tuzalganin ko‘rganda
Avtandilning chehrasida tovlandi quvonch-xanda.
Chiqqan qo‘lin tabib qanday tuzatsa zahmat bilan,
Avtandil ham do‘st azmini qayradi hikmat bilan.
Xuddi qayta tirilganday botir uni tinglardi:
«Sen do‘stingdan bekitmagin eng yashirin sirlarni,
Qo‘lingdagi bilaguzuk sevganingdan yodgor,
Ayt-chi, senga bu azizmi? Javob bergin, ey sardor!»
Do‘sti dedi: «Usha qizni maqtagani so‘z yetmas!
Barcha quvonch va iztirob unga bog‘liq chambarchas.
Olamdagi barcha boylik — suvlar, yerlar, o‘rmonlar
Unga qiyos qilinganda xoru xasday tuyilar».
Avtandil der: «Sendan kutgan javobim ham xuddi shu!
Hamma gapni to‘g‘ri aytay, men emas xushomadgo‘y.
Bilaguzuk senga irim: lekin esda yo‘q Asmat,
Bunday noshud harakatni odamlar der xiyonat.
Bilagingda bilaguzuk munaqqash va jiloli,
Bu ziynatga kim qarasa, ko‘zi yashnar safoli.
Ammo Asmat kanizing-ku, bu fe’ling chakki bo‘lgan.
Singlimdir deb tutinganing shuncha tez unutilgan!
U senga ham, yoringga ham bo‘lgan sodiq dastiyor,
Olib kelgan maktublardan ko‘ngling bo‘lgan baxtiyor.
Quyosh yuzli shoh qizining sirdoshini unutding!
Yaxshilikka javob qilib, yomonlikni pesh tutding!»
Tariel der: «Achchiq so‘zing nish uradi dilimga,
Asmat chindan g‘amdosh edi menga va sevgilimga!
Men aqlimni yo‘qotgandim, endi hushni tiklayman,
Tirik qolsam uni xuddi o‘z singlimday siylayman».
Tarielning ko‘z yoshlari tinib ketdi tamoman,
Men bu ikki qahramonni tasvirlashga ojizman!
Inju tishli, gul dudoqli Tariel va Avtandil,
Ilonlarni uyasidan chiqaradi shirin til.
Avtandil der: «Men do‘st uchun jonimni ham tikaman,
Seni sobit bo‘lmoqlikka chaqiraman, aka, men!
Donolarcha ish qilmasang, donoliging befoyda,—
Boyliklardan voz kechganga sandiqlardan ne foyda?!».
Javob berdi Tarielki: «Maslahating ko‘p maqbul,—
Oqillarga ustoz ma’qul: tentaklarga noma’qul.
Ammo azob vodiysida bormi menga madadkor?
Sen ham menday ishq bandasi, so‘zim senga qilmas kor!
Mum olovga hushtor ekan, yonib erir sham bo‘lib,
Suvga solsang, sovib qolar, tunga nurday ko‘milib.
Birovlarning qayg‘usiga dardmandlar tushunar,
Sen ham tushun: mening jonim sham mumiday o‘rtanar».
TARIEL VA NESTON-DARIJONNING TO‘YI
Murodiga yetdi butkul Tariel va Darijon,
Etti iqlim farmonbardor, mamlakati shodumon,
Badbaxt kunlar unutilib, sevinchlarga bo‘ldi g‘arq.
Achchiq totmay, shirin hayot qadrin kishi qilmas farq!
Qiz va yigit jamolidan quyosh edi xijolat,
Ikkovi ham toj kiydi, deb jar solishdi nihoyat,
«Shohimizga sharaf» degan sado uchar osmonga,
Xazinalar o‘tdi tamom pahlavoni jahonga.
Avtandil va Faridunga tayyor ikki oltin taxt,
Ikkov qator o‘tirishar, olqish yog‘ar uzoq vaqt.
Tangri axir yaratmagan ularga teng qahramon,
O‘tmishlarning sarguzashtin tinglashardi bor mehmon.
Xo‘p yasangan kanizaklar, nozu ne’mat mo‘l-to‘kin,
Asr bo‘yi esdan chiqmas shohona to‘y — shod, gulgun,
Mamlakatning har yonidan keldi behad to‘yona,
Faqirlarga va shollarga berdi ehson-iona.
O‘rda ahli Avtandil va Faridunga der: «Balli,
Baxsh etdingiz bizga hayot sevinchi va tasalli!
Ne desangiz — bajarilur, siz — boshlarga soyabon».
To‘yga saf-saf odam kelur, xabar olmish har tomon.
Podshoh der: «Asmat, biz deb balo ko‘rding sen ziyod,
Yaxshiliging bu dunyoda qilmagan hech odamzod.
Senga bo‘lsin Hindistonning yettilamchi o‘lkasi,
Bizga sodiq vassal bo‘lgil, bir o‘lka xon bekasi!
Ixtiyoring o‘zingdadir — loyiq kuyov saylab ol,
Davlatimiz soyasida yillar beka bo‘lib qol».
Erni o‘pib Asmat yig‘lar: «Meni qilding baxtiyor,
Sening sodiq cho‘ring bo‘lay, to tanimda jonim bor».
Mehmonlar-la ishratdadir og‘a-ini uch o‘g‘lon,
Shodu xurram kun o‘tkazar bir kishiday uchovlon.
Shoh bag‘ishlar polvonlarga inju-gavhar, tulpor ot,
Tinatinning yodi bilan Avtandil ko‘p betoqat.
Bahodirning tashvishini payqadi tez Tariel,
Dedi: «Nega bugun g‘amgin ko‘rinasan, beri kel!
Oldin yetti qayg‘ing bordi, sakkizinchi g‘am nega?
Ayrilurmiz, lekin do‘stlik uzilmasin manguga».
Avtandil der: «Ketar bo‘ldim ona yurtga, ne chora,
Hijron og‘ir, xayrlashsam, dilim bo‘lur yuz pora,
Ammo sodiq quling kabi bo‘ysunaman, do‘sti jon,
Ohu buloq izlaganday, seni deyman har zamon».
Tariel ham Rostevonga sovg‘a qildi zarbob to‘n,
Tag‘in tortiq to‘qqiz-to‘qqiz lagan, toboq, zar-oltin.
«Hoqoningga xizmat ayla, sovg‘amni ber, bebaho».
Avtandil der: «Ayrilig‘ing mushkul kelur, ulug‘ shoh».
Tinatinga atab berur zarrin sarpo Darijon,
Hech kim bunday qimmat libos kiyganmikan, dargumon,
Olmaspora — har kim ko‘rsa, koshki menda bo‘lsa der.
Quyosh yanglig‘ yonur tunda, yorug‘ olur undan yer.
Tarieldan yiroqlashmoq Avtandilga ko‘p dushvor,
Firoq o‘ti yuraklarni kabob etar chor-nochor.
Hindular ham achchiq-achchiq yig‘lashardi jamuljam:
Avtandil der: «Hayot menga og‘u bo‘ldi ushbu dam».
Yo‘lga tushdi Avtandil va shoh Faridun do‘st-hamroh,
O‘z yurtiga qarab ketdi yo‘l so‘ngida ikki shoh.
Qayg‘ulari izsiz ketdi suvga cho‘kkan toshday zil,
O‘lkasining gullaganin ko‘rdi kelib Avtandil.
Mamlakatning sardoriga peshvoz bo‘ldi fuqaro,
Quyosh qiz ham chiqib keldi kiyib kimxob sarupo.
Taxt ustida qaror topdi — o‘rdasiga yarashuq,
Tangri bergan shonu-shavkat, saltanatning cheki yo‘q.
Uch mamlakat tepasida uch bahodir hukmron,
Bir-biridan xabar olur, bir-biriga mehribon,
G‘animlarni qilich tortib bo‘ysundirar ayovsiz,
Dushmandan yer tortib olur — yer kengayur to‘xtovsiz.
Mol-davlatga botdi barcha, go‘yo bo‘ron sepdi qor,
Etim-esir xayr oldi — dushmanlarda yo‘q mador —
Yov yurtida qo‘zichoqlar sut emishga zor bo‘ldi.
Bahodirlar o‘lkasida bo‘ri qo‘yga yor bo‘ldi.
XOTIMA
Tun chog‘ining tushlariday tugadi bu afsona.
Shohlar o‘tdi bu dunyodan. Bebaqodir zamona!
Uzoq degan muhlatlar ham aslida emas uzun,
Bu qo‘shiqni men yaratdim, rustavelik mesx o‘zim.
Gruzinlar xudovandi Dovudga quyosh — yo‘ldosh,
Bu qo‘shiqni tizganimda dargohiga qo‘ydim bosh!
Sharqu g‘arbni u fath etdi, bo‘ron kabi u yurdi,
Mute’larga dalda berib, xoinlarni sovurdi.
Men Dovudning ulug‘ligin qanday qilib kuylasam?
Uzoq ellar, maqtovlarga loyiq o‘zga, muazzam —
Shahanshohlar ta’rifida bu qissaniyozdim men,
Shoirligim faxri bilan baytlarimga tizdim men.
Dunyo o‘zi bevafodir, dunyo yo‘li jafokor.
Hayot esa mijja qoqqan muhlat qadar qisqa, tor.
Dovdiramoq nega lozim? Tole ko‘p beomondir.
Lutf aylasa, har ikkala dunyo umri osondir.
Amironga qasidasin bag‘ishladi Xoneli,
Abdulmasih shijoatin ulug‘ladi Shavteli,
Dilargetni ko‘p tarannum qilgandi Tmogveli,
Tarielni yig‘lab-yig‘lab kuyladi Rustaveli.
Maqsud Shayxzoda tarjimasi
TARIELNING NESTON-DARIJONGA YoZGAN BIRINChI MAKTUBI
Ishqqa iqror, sarviqomat yorga yozdim javob xat:
“Quyoshni deb o‘z yo‘lini o‘zgartadi Oy nahot?
Senga loyiq baxtni xudo qilsin menga inoyat,
Dardimandga najot tushday sehrlovchi bir holat”.
Dedim: “Asmat, hislarimni xatda aytish mashaqqat,
Nestonga ayt, u quyoshdir, nuridan tun bequvvat.
O‘lik edim, jon bag‘ishlab, qildi menga yor shafqat,
Doim unga navkar bo‘lay, shudir sharaf-fazilat”.
Asmat dedi: “Yor xohishi – maxfiy bo‘lsin muhabbat,
Faqat dilda saqlansin bu xilvat visol ham suhbat.
Nomim qalqon yanglig‘ etsin g‘iybat so‘zdan himoyat.
Maxfiy sevgi – ikki ko‘ngil birligiga alomat!”
Darijonning nasihati menga dono maslahat,
Jamolining shu’lasidan quyosh bo‘lur betoqat.
Go‘yo yangi tug‘ildim men, yor xohishi, xush niyat,
Yuzin ochsa, kun tutilar, kunduz bo‘lur tun – zulmat.
Asmatga men kosa to‘la gavhar tutdim shu fursat,
Olmay, dedi: “Sandiq to‘lgan, yetarlikdir zar, davlat”.
Bir jo‘n uzuk saylab oldi, dedi menga darhayrat:
“Esdalikka shuni olay, gavharga yo‘q zarurat”.
Asmat ketdi, malham oldi undan – dilda jarohat,
Bag‘ishladi qayg‘u bosgan dilga sevinch, farog‘at.
Tengdoshlarim bazmiga men keldim dilda masarrat.
Ulashtirdim in’om-ehson, tuzib ulkan ziyofat.
Mirtemir tarjimasi