Sharl Bodler (1821-1867)

Sharl Bodler (Charles Pierre Baudelaire) frantsuz shoiri. 1848 yilgi Frantsuz inqilobi qatnashchisi. Frantsuz simvolizmi darakchisi. 1857 yilda e’lon qilingan «Yovuzlik gullari» to‘plami burjuaziya dunyosiga, tuturuqsiz boshboshdoqlikka nafrat bilan sug‘orilgan.

O‘QUVChIGA

Gumrohlik, badnafslik, gunohu xato,
Ongimiz zabt etgan, o‘rtar tanamiz.
Vijdon azobini bitdek boqamiz,
Tilanchi qurtiga bo‘lgandek g‘izo.

Tavbamiz zaifdir, gunohlar sarkash,
To‘lovlar to‘lab biz ayblarga iqror
Va shodon nahs yo‘lga kirarkan takror
Aminmiz yuvar deb dog‘larni ko‘zyosh.

Bosh qo‘ysak yovuzlik yostig‘i uzra
Ongimiz allalar ul Hermes – Shayton,
Iroda ma’danin eritib chunon
Bug‘ga aylantirar – kimyogar usta.

Qo‘g‘irchoqdek bizni boshqarar Iblis,
Najasni ko‘rsatgay bizga u chaman.
Har kun jahannamga qarab bir qadam
Quyarmiz badbo‘y tun aro qo‘rquvsiz.

So‘lg‘in fohishaning so‘lg‘in siynasin
Tanovul etgandek yo‘qsil zinokor
Xufiyona lazzatga ko‘ngil beqaror,
Shaymiz bir noranjday siqmoqlik uchun.

Miyamizda million qurt-qumursqalar –
Iblis qavmi g‘ujg‘on o‘ynar bazm etib.
Har nafas Ajalning mavjlari yetib,
Domiga tortadi chun qasirg‘alar.

Nochor qismatimiz matosiga gar
Hali zo‘rlash, yoqish, zaharlash, xanjar
Solmagan bo‘lsa o‘z naqshini agar
Demak, jur’atimiz yetmas bir qadar.

Biroq shu shoqollar, qoplonu itlar
Maymunlar, chayonlar, quzg‘un, ilonlar
O‘rmalovchi, na’ra tortguvchi jondor –
Illatlar hayvonxonasi ichra bor. –

Bir maxluq – eng jirkanch, eng qabih, manfur
Unda bor na g‘ayrat, na shavq, shijoat,
U qobil zaminni etmoqqa g‘orat,
Dunyoni eslabon yutishga qodir. –

Bu maxluq – Zerikish! Ko‘zi to‘la mung,
Og‘zida chilimi, orzusi – sirtmoq,
O‘quvchi, senga ham tanish u mutloq,
– Ey, mendek munofiq o‘quvchi, inim!

“YoVUZLIK GULLARI”

Birinchi bo‘lim: TUShKUNLIK VA IDEAL

I. ShUKRONA

Qachonki nizomi ila Tangrining
Kelganda shoir bu fayzsiz dunyoga
Shakkok so‘zlar bilan onasi uning
Mushtumin tugib arz qildi Xudoga:

– Oh, bu kasofatni boqqandan ko‘ra,
Tug‘sam bo‘lmasmidi zaharli ilon!
La’nat o‘sha tungi oniy lazzatga
Siylagan meni shu homila bilan!

Ayollar ichidan tanlading meni,
Noshod eri undan jirkansin, debon,
Itqita bilmasman bu zumrashani
Ishqiy maktub kabi o‘tga beomon.

Meni bandi etgan nafrating yo‘llay
Qahringning la’nati asbobi uzra
Ya’ni, bu niholni shunday ezg‘ilay
Chiqara bilmasin kurtak ham sira!

Anglamay qismatga ne bitmish Qadar
Nafrati ko‘pigin yutar u purg‘am –
Jinoyatkor ona uchun hozirlar
Jahannam tubida abadiy gulxan.

O‘ksitilgan go‘dak rizqini albat
Quyosh berar, boshin silar malaklar.
Ne ichsa, tuyular unga bol, sharbat,
Ne yesa, jannatiy lazzat u topar.

Shamol-la o‘ynar u, bulut – suhbatdosh,
Kuylab Xoch yo‘liga qo‘yarkan qadam,
Ziyoratda hamroh Ruhulloh ko‘zyosh
To‘kar ko‘rib uni qushday hur, shodon.

U sevgan el unga hadik-la boqar,
Lek uni ko‘rishsa beozor, sokin,
Izlarlar, qani, kim unga tosh otar,
Sinaydilar unda vahshiyliklarin.

Tupurib, bulg‘arlar ular sepib kul –
Og‘zidagi rizqi – nonu sharobga,
U ne tutsa – toptar munofiq bu el,
Kim unga ergashsa, solar azobga.

Olamga jar solar uning xotini:
“Bo‘lsin deb u husnim asiri mudom
Ko‘hna ma’budlarning tutay kasbini,
Ulardek o‘zimga beray zeb, oro;

Mushku anbar, etu sharob etib no‘sh,
Uni tiz cho‘ktirib aylasam tutqun,
Qalbini ilohiy zavqdan etib bo‘sh,
Oshiq bu yurakni zabt etsam butkul.

Zeriksam kufrona bu ermaklardan
Nozik qo‘llarimni egniga qo‘yib,
Harpiyanikidek tirnoqlarim-la
Qalbigacha kira bilurman o‘yib.

Qushchaday ko‘ksida potirlab turgan
Qip-qizil yuragin olurman yorib.
Va nafsim itini etishchun xursand
Oldiga oturman tuproqqa qorib!”

Muhtasham Taxt ko‘kda ko‘rib ko‘zlari –
Shoir qo‘llarin ham cho‘zar ko‘k tomon,
Yovuz el yuzida g‘azab izlarin
Sof aqli yog‘dusi etadi nihon:

– “O, Tangrim, azobing uchun senga hamd,
Nopok qalbimizchun ilohiy malham,
U asli eng afzal, eng toza ne’mat,
Mardlarga valoyat etguvchi in’om!

Bilurman, Shoirga joy etding tayin –
Valiylar safidan o‘rin olgay u,
Farishtalar xayli silsilasining
Ilohiy bazmida mangu qolgay u.

Bilurman, azobing – oliy bir maqom,
Unda na yiqilish, do‘zax xavfi bor.
Tikanli gulchambar – tojim – u bilan
Bezay – to boshda toj bo‘lsin barqaror”.

Ko‘hna Palmiraning bor ganji biroq,
Yoqutu zabarjad, duru gavhari
Azob-la bezalgan bu tojga – porloq –
Tenglasha olurmu ularning bari.

Zero, u yasalgan azaliy nurning
Muqaddas o‘chog‘i yog‘dularidan,
Ki bashar ko‘zlari xira va nursiz
Bir oyna kabidir uning oldida.

Frantsuz tilidan Abduvohid Hayit tarjimasi

QOQ YaRIM TUNDA

Tamom! Xayriyat, endi yolg‘izman! Onda-sonda qaylardandir kech qaytayotgan izvoshlarning horg‘in “taqir-tuqur”ini hisobga olmaganda, atrof suv quygandek jimjit. Rohatlanib orom olish nasib qilmasa-da, bir necha soat sukunatga muyassar bo‘lsam, qaniydi… Hammasidan qutuldim! Sulloh basharalar yo‘qoldi ko‘zdan, endi ortiq azob chekmayman.
Barchasi barham topdi! Nimyorug‘lik chulg‘agan xonamga ketishim mumkin singib. Avvalambor kalitni ikki marta aylantirib, eshikni qulflayman, – go‘yo meni tashqi dunyodan ihota qilib turgan g‘ov yanayam metinlashib, tanholigimga hech kim rahna sola olmaydigan bo‘lsin degandek.
Bu qo‘rqinchli shaharda yashamoq dahshat!
Pirovardiga yetgan kunni o‘zimcha “xomcho‘t” qilaman: bir qancha yozuvchilar bilan uchrashdim, ulardan biri O‘rusiyani orol deb o‘yladi chog‘i, u yoqqa quruqlik orqali borsa bo‘ladimi deb so‘radi; bir jurnal muharriri bilan uzoq va astoydil tortishdim – u har e’tirozimga: “Bu yerda halol odamlar ishlashadi!”, deb javob qilar, aftidan, uningcha barcha tahririyatlarda g‘irt muttahamlar xizmat qiladigandek; yigirma chog‘li kishi bilan qo‘lqopsiz salomlashgan bo‘lsam, ularning o‘n beshga yaqini menga notanish edi; sharros yomg‘irdan qochib bir aktrisanikiga kirdim, u go‘zallik ilohi Veneraning libosini chizib bering deb turib oldi; bir muddat teatr direktorining ko‘nglini ovladim, u xayrlasha turib: “Basharti falonchiga uchramoqchi bo‘lsangiz, to‘g‘ri qilasiz, u asarlarini men qo‘yayotgan mualliflar ichida uslubi eng g‘aliz, eng dag‘al, va shu bilan birga eng mashhuridir; uning homiyligida ishingiz yurishib ketsa, ajabmas. Bir uchrashib ko‘ring-a, u yog‘ini bir balo qilarmiz”, – dedi; keyin umri bino bo‘lib ko‘rsatmagan uch pulga qimmat jasoratlari haqida lof urdi (kimga kerak ekan?), va so‘ng o‘zi huzurlanib sodir etgan qabihliklardan yuzsizlarcha tondi; do‘stiga arzimagan xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, qay go‘rdagi ammamning buzog‘iga jon deb tavsiyanoma yozib berdi. Eh-he, qaniydi hammasi shu bilan tugagan bo‘lsa?!
Barcha-barchasidan va hatto o‘zimdan-da domangir bo‘lib mana shu jimjitlik va yolg‘izlikka erishgan xushhol tunda yana o‘zligimga qaytmoq, qadr-qimmatimga yetmoq istayman. Kimniki suyib e’zozlagan, kimniki madh etgan bo‘lsam, menga kuch-quvvat ato qil-sin va meni bu o‘trik va fosiq dunyoning balchig‘u botqoqliklaridan olis-olislarga olib ketsin.
Ey, Xalloqi Olam, bu oqshom ilhomim kelib, purma’no, purnafas she’rlar bitishimga O‘zing madadkor bo‘lgin, qaysiki yaratilajak bu nazmlarim meni shu damgacha nafratlanib kelgan odamlardan-da yomonroq emasligimni e’tirof ettira olsinlar.

O‘ZLIKNI YO‘QOTISh

– Bu qanaqasi, azizim? Qaysi shamol uchirdi? Sizni bu yoqlarda uchrataman deb sira o‘ylamagandim. Jannatmonand bog‘larda obizamzam bilan chanqoq bosib, behishtiy taomlardan rizqlanishga odatlangan Sizdek… Darhaqiqat, tong qolasan, kishi.
– Azizim, otlar va foytunlardan o‘lguday qo‘rqishimni bilasiz. Haligina, shoshgancha xiyobonni kesib o‘tayotib, o‘lim har yoqdan birdaniga chang solishga shay turgan taloto‘p, serqatnov ko‘chadan ildam, sakrab-sakrab o‘tib ketmoqchi bo‘ldim, shu lahza boshimdagi shon-shavkatim dastorini tushirib yuborsam, deng. Yer bilan bitta bo‘ldi. Biroq uni loydan ko‘tarib olishga yuragim betlamadi. Izvoshlaru otlarning tuyoqlari ostida qolib, abjag‘im chiqqandan ko‘ra, qadr-qimmatim, g‘ururimdan mosuvo bo‘lishni ep ko‘rdim, “Yomonlik bor joyda yaxshilik ham bo‘ladi”, – dedim o‘zimga o‘zim.
– O‘zligingiz yo‘qolgani haqida e’lon qilsangiz yoki politsiyaga xabar bersangiz bo‘larmidi…
– E, yo‘q. Nimalar deyapsiz. Haqqi rost, menga bu yer juda ma’qul tushdi. Atigi siz tanidingiz meni. Dovruq, yuksak martaba deganlari o‘lgudek jonimga tekkan. Dastorimni biron pastarin, noshud shoir topib olib, peshonasiga qo‘ndirsami, rosa xursand bo‘lardim-da. Birovni baxtli qilganga ne yetsin! Boz ustiga, u sen ustidan kula oladigan kimsa bo‘lsa… Deylik, anavi Falonchi yoki Pismadonchi… Rosa ichakuzdi kulgi bo‘lardi-da. Nima dedingiz? A?

DARVESh

– Hammadan ham kimni yaxshi ko‘rasan, ey tilsim odam: otangnimi, onangnimi yoki aka-singillaringnimi?
– Mening na otam, na onam, na aka-singillarim borki, ularni yaxshi ko‘rsam.
– Balki do‘stlaringni yaxshi ko‘rarsan?
– Siz ma’nosini men umuman bilmaydigan so‘zlar haqida so‘rayotibsiz.
– Ehtimol Vataningni sevarsan?
– Vatan qaysi jug‘rofiy kenglikda joylashganligi menga qorong‘i.
– Go‘zallikni-chi?
– Men uni ilohiy va jovidon shamoyilda sevishni istar edim.
– Bo‘lmasa, hammasidan ham oltinni yaxshi ko‘rarsan?
– Siz Xudoni nechog‘lik tan olmaganingizdek, men ham oltinni shunchalik yomon ko‘raman.
– Hm, unda o‘zi nimani yaxshi ko‘rasan, g‘aroyib jahongashta?
– Menmi?.. Men… bulutlarni, huv anavi uchar bulutlarni… yaxshi ko‘raman… Qarang, hov ana… Xo‘p ajoyib bulutlar-a!..

TUShKUNLIK

Naqadar dilbar, yoqimtoy bolajonni ko‘rib jikkakkina, qoqshol kampirning dili yorishib ketdi. Sabiy barchaga zavq-shavq bag‘ishlar, hamma uning ko‘nglini olgisi kelardi: maftunkor bu bola ana shu munkillagan momo yanglig‘ mo‘rt, nozik, xuddi shu buvi misol tishsiz va sochsiz edi. Shirintoy sabiy bo‘lsa bemisl xilqatga o‘xshardi.
Xushhol, mayin tabassum qilgancha kampir bolajonga yaqinlashdi.
Mehribon, biroq sillasi qurigan momoning o‘pichlaridan go‘dak o‘zini har yon urib, butun hovlini chinqiroq yig‘isiga to‘ldirib yubordi.
Shunda kampir o‘zining zohidona kun kechirib kelayotgan xilvat go‘shasiga yo‘nalarkan: “Shartimiz ketib, partimiz qolgan biz qariyalarni hatto beg‘ubor, murg‘ak sabiylarga-da yoqadigan davrimiz ortda qopti; biz erkalatib, suymoqchi bo‘lgan kichkintoylarni ham sovuq turqimiz bilan dahshatga solamiz”, – deb o‘ziga o‘zi pichirlaganicha, unsiz yig‘lay boshladi.

NOShUKURLIK

– Qani, beri kel-chi mening yuvvosh, yoqimtoy va o‘ynoqi itginam, kel, kela qol. Parijning eng mashhur attorlaridan xarid qilgan mana bu xushbo‘y atirni bir hidlab ko‘r-chi…
Kuchuk dumini likillatganicha (bechora jonivorlarning bu harakatini ularning kulishi yoki jilmayishiga mengzayman) quloqlarini chimirib, ho‘l tumshug‘ini og‘zi ochiq atir shishasiga yaqinlashtirdi, so‘ng birdaniga nimanidir sezgandek ortiga tisarilib, xuddi yozg‘irgandek, menga qarab akillab yubordi.
– Voy, noshukur, palid-ey, shu topda atir o‘rniga najas tutganimda, sen uni maza qilib hidlab, mendan minnatdor bo‘larmiding. Bu jihatdan seni bir to‘daga, olomonga o‘xshatgim keladi, aftodahol hayotimning ey noshoyon yo‘ldoshi! Olomonga ham yoqimli atirni hidlatib bo‘lmaydi: shirin bo‘ylar ko‘plarning g‘ashiga tegadi, ularning nasibasi aslida obdon tobiga yetgan sarqitlar, vassalom.

OYINA

Ta’viya-taraqqos kishi uyga kirib olib, o‘zini ko‘zguga soldi.
– Nechun o‘zingizni ko‘zguga solasiz? Axir bedavoligingizni ko‘rib dilingiz xira tortmaydimi?
Tasqara janob savolimga javoban:
– Taqsir, 1789 yilning ustivor va jovidon tamoyillariga asosan bani odamning huquqlari musoviydir; shunday ekan, o‘zimni oynaga solishga haqqim bor deb hisoblayman; bundan zavq olish yoki olmaslik o‘zimning vijdonimga havola, – dedi.
Nafsilamrini aytadigan bo‘lsak, men, shubhasiz, haq edim, biroq qonun nuqtai nazaridan u ham yanglishmayotgandi.

OShIQ O‘QChI

U izvoshda Bulon o‘rmonidan o‘tib borayotib, tirandozlik bobida bellashayotgan kishilar safiga qo‘shilib, o‘zining nechog‘lik merganligini sinab ko‘rmoqchi, bir necha o‘q bilan VAQT otlig‘ mavhumotni mahv etmoqchiligini bildirdi. Vaqt atalmish maxluqni mahv etish har bir kishining eng g‘ayriodatiy va eng g‘ayriqonuniy mashg‘uloti emasmi, axir?! O‘qchi ayri iltifot bilan o‘zining ardoqli, jozibali, shu bilan birgalikda manfur, aslo tushunib bo‘lmaydigan rafiqasining qo‘ltig‘idan oldi, qaysiki bu ayol unga qanchadan-qancha lazzat, qanchadan-qancha azob-uqubat yetkazgan, ehtimolki, daholigining ham katta bir ulushi u tufaylidir.
O‘qlarning bir nechtasi nishonga tegmadi; hatto bittasi shiftga borib qadaldi; sohibjamol bag‘oyat iltifotli bu “mergan”ning noqobilligidan telbalarcha kulganda, u zarda bilan rafiqasi sari burildi-da: – Ho‘v anavi o‘ng tarafdagi burni tanqaygan kibr-havoli qo‘g‘irchoqni ko‘rayapsizmi? Uni siz deb tasavvur qilamiz, mening malagim, xo‘pmi? – deb bir ko‘zini sal qisgancha tepkini bosib yubordi. Qo‘g‘irchoqning boshi kiftidan uchib ketdi.
Shunda u o‘zining suyukli, maftunkor, shu bilan birgalikda jirkanch hamda muqarrar va beshafqat sohibjamoliga engashib, uning nozik qo‘llarini takalluf bilan o‘parkan: “O mening malagim, merganlik bobida erishgan zafarlarim ham siz tufaylidir. Buning uchun sizdan behad minnatdorman”, – deb qo‘ydi.

Ruschadan Ilhom Hafizov tarjimalari

MUShUK

Mushukcham yaqin kel,sapchi ko‘ksimga,
Avval yashirib qo‘y tirnoqlaringni.
Zumrad ko‘zlaringga zumga cho‘ksamda,
Tindirsam asabiy titroqlarimni.

Sekin tegib qo‘yib panjalaringga,
Qo‘llarim boshingda asta qimirlar.
Go‘yoki elektr zarralaridek
Kaftlarim ostida nedir jimirlar.

Bir ayol tushadi yana yodimga;
Uning nigohi xam chiroyli,qattik,
Sehrli boqardi,to‘la joduga,
Iforli kunlarni etardi tortiq.

Dimog‘imda qolgan o‘tkir bo‘ylari,
U tomon tortqilar hamon o‘ylarim.

TUShKUNLIK

Cho‘yan ,bosqon bo‘lib bosganda osmon,
Tushkunlik zabt etsa horg‘in jussani.
Ufq ham tundlashib ezganda yomon,
Nur ham quvolmasa qora g‘ussani.

Er-er yemas ,go‘yoki zahlagan zindon;
Vujudga qo‘rg‘oshin hislar quyulsa.
Ko‘rqushlar misoli charx urgan ishonch
Yomg‘ir to‘rlariga kelib urilsa.

Xayolni bo‘g‘moqchi bo‘lar panjara,
Qayg‘u ilonlari shoshar zafarga.
Boshimga nishlari botar xanjarday,
Miya ham ayniydi badbo‘y zaxardan.

To‘satdan qo‘ng‘iroq bonglari yangrar
Muqarrar zavoldan berganday darak.
Huddi a’zadorlar ingroqlariday
Bag‘riga singdirib yuborar falak.

Ana shu lahzada ilinj ham so‘nar
Iztirob eng so‘nggi irodam yanchar.
Azobim egilgan boshimga kelib
O‘zining qop-qora bayrog‘in sanchar.

O‘TKINChI AYoLGA

Men bir ayolni uchratdim,suronlar ichra.
Motam alomati sokin,oydin yuzida
Nazokat mujassam,viqor ko‘zida
Ko‘cha toshqinida o‘tdi yalt etib.

Tuyg‘ular mavjlandi,vujud jim qoldi.
Dudog‘i shivirlar g‘amgin ifoda,
Xayollar charx urdi masrur,poyida.
Ko‘ngil tusar edi zaxarli bolni.

Bir zum yonib o‘chdi…zulmat pardasi.
Xayotbaxsh qorachiq bag‘rimni ezdi.
Qayta uchrarmisan,o sevgi sharpasi,
Vasling umidida dunyolar kezsam?

Taqdirning ayovsiz mavhum zarbasi,
Sevgan bo‘lar edim buni sen sezding.

XAYoLOT

Og‘ir bo‘l,azobim,chida,sabr qil,
Oqshomni kutganding.Mana kech tushdi.
Zaminni qopladi mavhumlik va sir,
Kimlardir halovat kimdir dard quchdi.

Razillar topishar,ayanchli,savil,
Nafsidan qamchi yeb hirsiga uchgan.
Ishratlar ketidan qon yig‘laydi dil…
Azobim,kimsasiz yer bormi-o‘chman!?

Yuksakka ko‘z tashla;besamar kunlar
So‘rab turgandayin guyoki xunlar.
Alvon tolalar ham ko‘kni etdi tark-
Tavba malaklari kelar damodam.

Zulmatga g‘arq bo‘lar sekin asta sharq,
Kafan sudrab kelar tun ham samodan.

Dilshod Jamoliddin tarjimalari