Moris Karem (Maurice Carême) Vavrada, mo‘jaz Brabanta shaharchasida mehnatkash oilasida dunyoga keldi. Otasi bo‘yoqchilik, onasi sotuvchilik qilib, amallab ro‘zg‘or tebratsalar-da, o‘g‘li Morisning ilmli bo‘lishini istashdi. U maktabni tugatdi. Bryuseldagi ishchilar shaharchasida o‘qituvchilik qildi. Yoshligidan o‘g‘liga qalam oldi–diliga she’r ishqi tushdi.
1972 yili Parijda «Shoirlar qiroli» unvoniga sazovor bo‘ldi. Shoirning Bryuseldagi uy muzeyida mavjud kitoblar faqat muzey boyligi bo‘lib qolmadi, aksincha, jahon adabiyotida o‘zining muhim o‘rnini egallab, dunyo xalqlarining tilidan tiliga ko‘chib, hamon baland ruhda yangramoqda.
YoLG‘IZLIK
Suhbatlashmas sen bilan hech kim,
Javob bermas savolingga-jim.
Na kuylash bor, na sas, na iddo,
Biron tildan ko‘chmas iltijo.
Yolg‘iz eding. Butunlay. Yurak
Tubida yarq, etdi zo‘r istak.
Dub barglari duv-duv to‘kildi,
Daraxt bilan so‘zlashging keldi.
Yo hayqirsang bor ovoz bilan,
Aks-sadosi qaytsa… Soz bilan
Aytilmagan qo‘shiq qolmasa,
Qayg‘u-hasrat joning olmasa.
Tiz cho‘ksangu, ibodat qilsang,
Bag‘ringni keng dunyo deb bilsang,
Anglasang ham barisi-bekor,
Nimanidir kutsang intizor.
ShIMOL DENGIZI
Dengiz o‘sha-o‘sha, qarshimda
Qumtepalar, o‘sha shamollar…
Yashayotir kunduz arshida
Deraza va stol, xayollar…
Qushlar uchar, yashil qirg‘oqqa
Bosh uradi mayin to‘lqinlar.
Qalqib-qalqib turar oyoqqa
Yurakdagi o‘lmas epkinlar.
Bolalikning zavqi betakror,
Quyoshdan ham erta uyg‘onib
O‘yin boshlar, yelar bolalar
Qumtepalar qurar quvonib.
Elas-elas shovqin tovushi,
Stol. Yana qo‘llarimda ish.
Oddiy, sodda so‘zlar qovushib,
Kuylasaydi ko‘nglimdagi ishq.
Ko‘rinadi yaqin va yiroq,
Xayollarim kemaga yetdi.
Kemadagi tillarang mayoq
Quyosh bilan to‘qnashib ketdi.
BOLALIK DUNYoSI
Ko‘k qush mening bilan uchmas osmonda,
Mushuk ham etigim olib yurmaydi.
Kulrang bo‘ri qalin quyuq o‘rmonda
Meni uchratmaydi, suhbat qurmaydi.
Sehrli chirog‘in bermas Olouddin,
Menda yo‘q narsaning kechdim baridan.
Javohir o‘lkasin izlamadim, chin
So‘zim shu, so‘zlayman yillar qa’ridan.
Bolalikning quvnoq olami najib,
Shamol bilan esgan o‘yin, ertaklar.
Men bilan yashaydi, naqadar ajib!
Go‘dakka aylandim, hayrat erkalar.
Bu sevinch yo‘lining yo‘qday adog‘i,
Hayotni jon qadar suydim yoniqib.
Qaniydi, shu tubsiz daryo qirg‘og‘è,
Ichsaydi ishqimdan qonib, qoniqib.
SEHRLI KUZGU
Donishmand sehrgar yaratdi bir kun
Ko‘ngil aks etguvchi sehrli ko‘zgu.
Qirollikda ko‘plab kazo-kazolar
Yuragida vahm, ko‘zda yo‘q uyqu.
Yashirdilar uni bo‘m-bo‘sh saroyga,
Qarovsiz, tashlandiq qasrga besas.
Bir kun kelib qoldi bo‘ri, oynaga
Ko‘zi tushdi, ko‘rdi u-vahshiy emas.
Kunlardan bir kuni qirol o‘zini
Atay shu ko‘zguda ko‘rmoqchi bo‘ldi.
Ko‘rindi-bir hamla bilan dunyoni
Yutguday yirtqich qush, g‘azabga to‘ldi.
Chil –chil sindirildi ko‘zgu shu onda,
Sehrgarni o‘lim kutdi beshafqat.
Hozir saroydagi barcha oynalar
Qalb emas, ko‘rsatar yuz-ko‘zni faqat.
QIROLNING QAYTIShI
Boshda temir qalpoq,
Yog‘och qo‘ltiq tayoq,
Qirol uyga qaytdi urushdan xurram.
Chang yutib askarlar
Qo‘shiqlar aytarlar,
Ularga jo‘rovoz oqsoq qirol ham.
Liboslari ko‘rkli,
Baxmal, ipak, erkli
Qirolicha kutar minorada tik.
Ro‘molcha epkini,
Qo‘shin to‘lqini,
Kuylab yuboradi malika tetik.
Oyoqyalang, juldur,
Qalpoqda gul, dovdir
Olomon avji raqs etar maydonda.
U kuylar basma-bas,
Ki, jim ham turolmas,
Bundayin kunlarda, bundayin onda.
Nog‘oralar avjli,
Bayroqlar mavjli,
Urushdan vatanga qaytar shahanshoh.
Urushda yengildi,
Oyoqdan ayrildi,
Lek o‘zida yo‘q shod-tirik qaytdi shoh.
QIZChA VA O‘G‘IL BOLA
-O‘g‘il bola bo‘lsaydim,-
Qizcha qizishib derdi.-
Afrikaga bir sakrab,
Yugurib yetar edim.
-Men qizaloq bo‘lsaydim,-
Bola qizishib derdi.-
Ninaga ip o‘tkazib,
Dunyoni tizar edim.
Ulg‘ayishdi, vaqt yetib,
Endi ular er-xotin.
Endi faqat pul haqda
Bahs boylashar kunu tun.
BOY ODAM
Janob, sizga yana ne deyin?
O‘qigansiz juda ko‘p kitob.
Lek Shekspir haqda bahs tayin
Yarashmayroq turibdi shu tob.
Doim bandsiz. Yil ortidan yil
Kelar, bitta tashvishingiz bor:
Daromadni barakali qil,
Boylik o‘sib turmog‘i kerak.
Dasturxonda turfa taom jam.
Oshpazingiz-parijlik, baland
Uyingizning jihozi ko‘rkam,
Xizmatchingiz-mallasoch shotland.
Ajoyibdir mevali chorbog‘,
Kezinadi tovlanib pati
Rangin qushlar, gulga to‘la bog‘,
Ko‘rib deysiz, bu-er jannati.
Siz bilmagan sirlar ham bormi,
Janob, nechun dilingiz og‘rir?
Suvday oqqan umr bekormi,
Ne yetishmas? Savollar og‘ir.
ISTAKLAR
Yurmoqni istadi-
Bog‘landi yo‘llar.
Olmoqni istadi-
Qayrildi qo‘llar.
So‘zlamoq istadi-
Yonib ketdi so‘z.
Bo‘zlamoq istadi-
Oqib tushdi ko‘z.
Sevmoqni istadi-
Qatl etildi ishq.
Qanday yashash mumkin?-
So‘rar Isodan.
Yo‘q sado, yo‘q taskin
Mixlangan xudodan.
G‘ARIBLAR
Keldi qora qismat,
Manglayda yoziq:
Na tovuq, na-da ot,
Na hovli, na qoziq.
Shunda butoqlardan
Yana yer bag‘irlab,
Tikladilar vatan,
Omon-omon terlab.
Uy-joysiz qoldirib,
O‘ldira olmagach,
Ochlikdan toldirib,
G‘ajishmoqchi g‘arch.
Choy, suvdan mosuvo,
Nondan yo‘q urvoq.
Qoldi faqat samo,
Va saxiy tuproq.
Shunda nasibasi-
Mevali o‘rmon.
Kashtan jozibasi,
Qo‘ziqorin xirmon.
Bostirmay qo‘yishdi
Qishloqqa qadam.
Bor yo‘lni o‘yishdi,
Yopishdi, na g‘am!
Buyruq haddan oshdi-
O‘rmondan quvishgach,
G‘ariblar tilashdi-
Osmon, bag‘ring och…
HAVORIYLAR
Matfey dedi: «Sizdan yashirolmayman,
Javob bera qolsin yaxshisi Ioan».
«Lukaga uchrashing,-so‘z qotdi Ioan,
Luka-donish. Javob topar begumon».
«Eng avvalo, Markka eting murojaat,-
dedi Luka.–Echim topgusi albat.
Bilsangiz, men uchun ushbu muammo
Xitoy xati kabi qorong‘u savdo.»
Mark ham kuttirmasdan, o‘tkazmay fursat,
Matfeyga borishni berdi maslahat.
Tongda uydan chiqib ketgan odamlar
Goh u, goh bu havoriyga borarlar.
Ular chaqa olmas, ochmas og‘zini,
Eru ko‘k qomusin asil mag‘zini.
BEBAHRALIK
Baridan bebahra-
Na non bor, na sharob.
Baridan bebahra,
Lek jilmayar, yo rab.
Bilar, muhtojlik hokim,
Umrbod ayrilmaydi.
Ammo yuzdan tabassum
Bir nafas toyrilmaydi.
Og‘ir, hayoti og‘ir,
Bo‘lsa hamki, baribir
O‘zini yiqitmasdan
U yashay oldi, qarang,
Kuni o‘tsa-da arang,
Dilini og‘ritmasdan.
BIR HOVUCh
Stol, uning ustida
Olma, yonida pichoq.
Ularning yonida-non.
Non, olma, pichog‘i bor
Stolning qarshisida
Bitta odam turibdi…
Shunday ham, deylik, mayli:
“Hammasi-siyqa gaplar”-
Aytarsiz, ammo
Bu odam-musavvir.
U aks ettira oldi-
Stol, uning ustida
Non, olma va pichoq.
Ularni ushlab turgan
Bir hovuch osmonni ham.
QUROL
Qurol sotib oldi o‘ziga,
Bu – shunchaki ermakka faqat.
Qurol sotib oldi o‘ziga,
Va g‘ilofda saqladi ko‘p vaqt.
Sotib olgan bo‘lsang qurolni,
Nedur qilmoq kerakdir albat.
Sotib olgan bo‘lsang qurolni,
Avval jilddan chiqarmoqlik shart.
Mana, g‘ilof olib tashlandi,
Eshitsaydi o‘q ovozini.
Mana, g‘ilof olib tashlandi,
Ko‘rsa ko‘kda o‘q parvozini.
Bekorga o‘q otmoq ne darkor,
Ki, bor ekan jonjotu qushlar?
Bekorga o‘q otmoq ne darkor?
O‘rdak otging kelganga o‘xshar.
Qurol sotib oldi o‘ziga,
Bu shunchaki ermak deb bildi.
Qurol sotib oldi o‘ziga,
Qush otildi, yirtqich otildi.
Va kunlarning birida oxir
Odamni ham otdi, baribir…
QAShShOQ
Olislarda qolgan uylarni ko‘rmas,
Eshitmas odamlar tovushin, faqat
O‘zidan o‘zga-la suhbat ham qurmas,
Undan ayrilmaydi yolg‘izlik, g‘urbat.
Xaltasini yerga qo‘yib, aftidan,-
Chorig‘ini yechdi, uvishdi oyoq.
Bu baland, bu moviy osmon ostida
Og‘rinib, o‘grilib yotdi va charchoq
Qo‘llarini qo‘ydi ko‘ksiga besas
Bolalikda kabi. Ko‘zini yumdi.
O‘zi ham bilmasdi-qayta uyg‘onmas,
Titradi-yu, mangu uyquga cho‘mdi.
Uni topishganda labida kulgu,
Ilk bor yayraganday umrida. Hayrat
Ichida qolganday. Abadiy uyqu
Tortiq etgan edi unga chin jannat.
QARI TEREZA
Hech kim sezmay qoldi-yolg‘iz, begina,
Jimgina yashadi, o‘ldi jimgina.
Stolning yonida bergan ekan jon,
Qora non ushog‘i, bo‘shabdi qanddon.
Qaynatgich tubida qahva quyqasi
Qoraygan, qotigan, chiqqan siyqasi.
Bufetni bezagan bo‘m-bo‘sh shamdonga
Suyangan surat bor, tikilib tongga.
O‘lgan qiziniki. Eshik ortida
Chirigan kartoshka sasir aftidan…
Kecha qabristonda ko‘mishdi uni,
Topilmadi tuproq toshlar yaqini.
Hayotligida kam gapirar erdi,
O‘limdan gap ketsa, qismat-haq, derdi.
Hech kimga aytmasdan ketdi bir so‘zni-
Nahot so‘nggi dam ham ayadi bizni…
DEYDILARKI
Derlar, Iso Masih payg‘ambar
So‘zi bilan ishi bir erdi.
Ha, ha, so‘zu amal birligi!
Afsus, qisqa umr kechirdi.
Derlar, Iso tirilganini
Ko‘rib Foma hayratda qoldi.
Ha, u ko‘rdi! Va lekin, afsus,
Nom-nishonsiz o‘zi yo‘qoldi.
Derlar, Lazar o‘lganidan so‘ng
Hazrat bo‘lib qayta tirildi.
Ha, u yana ko‘z ochdi. Biroq
Ko‘p o‘tmasdan o‘lim haq keldi.
Derlar, uning ortidan qancha
Avliyolar zab ibrat bo‘ldi.
Va ularning bashoratlari
Quruq so‘zdan iborat bo‘ldi.
Derlar, ishonmoqlik lozimdir
Alar aytgan har bitta so‘zga.
Ammo tarix o‘zgacha ta’rif,
Xulosalar beradi bizga:
So‘zlar chindan juda ko‘p erdi,
Shunchalik ko‘p, aqlga sig‘mas.
Bashoratlar birontasi ham
Kambag‘alga qayishgan emas.
YoLG‘IZLIK
Yonida bir juft tozi iti,
Qo‘shog‘iz ov miltig‘i qo‘lda.
Sanqib yurmoq emas odati
Kuni bo‘yi o‘rmonda, yo‘lda.
Qoldirmasdan kontsert ko‘radi,
Chalishga bor fortepyanosi.
Yoz kunlari orom beradi,
Ummonlarning salqin havosi.
Xullas, unga kulib boqqan baxt:
Bolaligi kechdi dilovar.
Umr bo‘yi e’tibor, hurmat,
Merosxo‘rlik jozibasi bor.
Faqat… Yo‘lida uchrasa nogoh
Ikki kaptar kabi ikki dil
O‘zi bilmay tortar edi oh,
Uzoqlarga olar edi yo‘l.
Bu iztirob sirli va hazin,
Yuragiga o‘tkazsa hukm,
Hayotining sarxush va shirin
Damlari ham azobga mahkum…
Oygul Suyundiqova tarjimasi
BUG‘U
Men chorlaganim yo‘g‘-u,
Eshikdan keldi bug‘u.
Ishonmadim ko‘zimga,
Salom berdi o‘zimga.
Nogoh stul, karavot,
To‘ldi yashil yaproqqa.
Qaydandir keldi qushlar,
Xona to‘ldi sayroqqa.
Gullar bufet novdasi,
Stol – to‘nka bo‘pqoldi.
Olmaxon qandilda shod,
Bug‘u o‘tirib oldi.
Menga boqdi hayratda,
Do‘st bo‘lmog‘imiz tayin.
Lekin ertak – ertak-da!
Unga ishonish qiyin.
QUVONCh
Quvonch o‘tar ko‘chadan,
Hamma boqar darchadan.
Quvonch tutib falakni,
Ko‘tardi kamalakni.
Bo‘rini quvdi quyon,
Archa shoxida marjon.
Hey, hammani uyg‘oting,
Quvonch ta’mini toting.
Shodon barcha-barchalar,
Nurga to‘ldi darchalar.
KO‘RDINGMI?
Ko‘rdingmi uchar tuya,
Qanoti qorakuya.
Ko‘rdingmi shu lahzada,
Qoplon ketar hassada.
Ko‘rdingmi dumi gajjak,
Yo‘lbars chaladi g‘ijjak.
Kenguru qo‘shiq kuylar,
Hamma hayratda tinglar.
Begemot sal xafaroq,
Shlyapasi quroq-quroq.
Ko‘rdingmi, to‘tiqush g‘ash,
O‘yin tushar aralash.
Ko‘rmagansan… Xo‘sh, nima?
Meni ham ko‘rgan, dema!
Ruschadan Nurulloh Oston tarjimasi