Jahonga mashhur frantsuz shoiri Jak Prever (Jacques Prévert) 1900 yil 4 fevralda Frantsiyaning Nyoyi-syur-Sen shaxrida tug‘ilgan. Uning «Oilaviy xotiralar yoki qo‘riqlovchi Farishta» (1930) va «Frantsiyada, Parijda kallalar tushligini tasvirlashga urinish» (1931) ilk yirik dostonlarida syurrealizm ta’siri namoyon bo‘lgan. «Tuproqqa sanchilgan nayzapichoq» (1936), «Votsealar» (1937), «So‘zlar» (1946), | «Ertaklar» (1947), «Tomosha» (1951), «Yomg‘ir va chelak» (1955) kabi to‘plamlar |muallifi. Frantsiyada, ayniqsa, Preverning ishqiy, falsafiy, hazil-mutoyibali lirikasi mashhurdir. Shoir asosan verlibr-sarbastda ijod qilgan. U frantsuz kinosidagi «she’riy realizm» yo‘nalishining vakillaridan biri. She’riyati bolalarcha soddalikni, so‘limlik va go‘zal tarovatni o‘ziga singdirganligi bilan ajralib turadi.
Jak Prever 1977 yil Frantsiyaning Nyoyi-syur-Sen shaxrida vafot etgan.
PIKASSO SAYRI
Toza chinnidan yasalgan
yumaloq likopchada
turar bir olma.
Uning qarshisida
Musavvir
o‘sha asl olmaning
aksini chizmoq uchun
urinar edi.
Lekin olmaga bu
yoqmasdi,
chunki uning aytar so‘zi bor edi
xaltadagi barcha Olmalar nomidan ham!
SENGA, SEVGILIM!
Qush sotiladigan bozorga bordim,
qush sotib oldim
senga, sevgilim!
Gul sotadigan bozorga bordim,
gul sotib oldim
senga, sevgilim!
Zanjir sotadigan bozorga bordim,
zil-zambil og‘ir
undan ham oldim
senga, sevgilim!
Qul sotadigan bozorga bordim,
seni qidirdim
ammo topmadim
seni, sevgilim!
KUZ
Xiyobon o‘rtasida bir ot bormoqda
Uning ustiga barglar to‘kilar
Ot uni orqalab ketib bormoqda
Sevgimiz sovqotib eti junjikar
Quyoshning ham.
* * *
Soxtalik maydonida
tabassumning alvon oti
yo‘rg‘alaydi
Men ham maydon komida
haqiqatning o‘kinch qamchisi
qo‘llarimda sirg‘aladi
O‘rni yo‘q bunda so‘zning
ko‘rib turibman
to‘rt muchalimday haq
tabassuming.
ERKIN MAVZU
Men kepkamni qush iniga aylantirib
qushni esa boshimga qo‘yib
ko‘chaga chiqdim
Shahar hokimi buni ko‘rib so‘radi:
— Biror kimsa salom berdimi?
— Hech kim, janob, — qush qildi javob
— Uzr, men o‘ylabman kimdir
salom berganmi, — dedi
— Uzringiz qabul qildim
hayotda har kimdan ham
xato o‘tadi, —
Qo‘shib qo‘ydi qush.
* * *
Qush tasvirini chizmoq uchun
in rasmin chizmoq darkor —
tuyniklari lang ochiq
Keyin unga qo‘shimcha
chizmoq darkor shuningdek
nimadir go‘zallikdan
nimadir soddalikdan
nimadir ezgulikdan
tasvirga singib ketsin
qush uchun darkor indek
So‘ng tasvirni osmoq darkor
bog‘lar bag‘riga
o‘rmon qo‘yniga
changalzorlarga
daraxtlar ortiga bekinib
biror so‘z aytmay…
Ba’zida qush juda tez qaytar
ba’zan yillab etar muntazir
Noumid bo‘lmasdan
kutmoq darkor
yillar oqimida oqib
sog‘inchdan toliqib bo‘lsa ham
kutmoq darkor.
Qaytib kelsa agar qush
kuzatmoq darkor
jimgina beparvo
inga kirgunga qadar
Kirib olgandan keyin
bekitmoq darkor inin,
juda-juda ohista
so‘ng birma-bir asta
yo‘ldagi to‘siqlarni
ham ikir-chikirlarni
beozor olmoq darkor
hatto birorta pati
chekmasin ozor
Endi chizmoq uchun
daraxt rasmini
eng go‘zal shoxidan berini tanlab
o‘sha qush uchun
shuningdek, chizmoq darkor
yashil barg zumradligin
shaboda salqinligin
quyosh changlarini ham
Shuningdek,
yozning issiq haroratidan
burqigan maysalarni
jonivorlari bilan
chizmoq darkor
o‘sha qush uchun
So‘ng kutmoq darkor
qush sayrashga etsin jazm
Shuncha tasvirni ko‘rib
kuylamasa agar qush
demak chizgan bu surat
mavhumlikdan iborat.
Lekin birdan
sayrab yuborsa u qush
ezgulikdan nishon bu
sarxushlikdan nishon bu
O‘sha payt astagina
patidan birin olib
yozib qo‘ying chetiga
otingizni
ishingizdan qoniqib.
* * *
Men latif bevalikni kutaman,
ham kutib yashayman baxtli sog‘inchni,
Orzumdagi yoniq
Olovuddin chirog‘idan jazmanim
o‘ziga tungi shu’la yaratdi.
Meni u haqsizlikda ayblaganda ham
bir so‘z demadim.
Motam libosini orzu qilaman,
Azaning ko‘ylagi buncha tillorang?
Ishratxonaga kirar ekan u,
nikoh uzugini yechdi qo‘lidan.
Ham u yerdan tanlab oldi
menga o‘xshash bitta ayolni.
So‘ngra butun vujudi bilan
barcha ismi-jismi
ham menga qo‘ygan laqabi qadar
bosirinqi bir kayfiyatda
U ayolni so‘ka ketdi qamchilay ketdi…
Motam libosini orzu qilaman
Azaning ko‘ylagi buncha tillorang
Menga ravo ko‘rmas edi bunday ko‘rgulikni!
Itday vafodor bo‘l!
O‘zimniki bo‘lgil yolg‘iz sen!
Vafo qizi bo‘lsin noming,
bor go‘zallik chiroy manim bo‘lsin, —
deyardi ul ayolga tinmay.
So‘ng birdan menga tashlandi
eng ashaddiy dushmaniga tashlanganidek!
So‘ng meni erkalay ketdi
so‘ng
hayotida ochilgan guli
yolg‘iz ishqi ekanligimni aytib
yig‘lay ketdi u!
Kutaman latif bevalikni men,
ham kutib yashayman baxtli sog‘inchni!
Meni o‘limga mahkum etganim
ham suyganim
ham qotilim
qo‘llarining qonini
ko‘zlarimdan oqqan yoshga
yuvardi.
Frantsuzchadan Sharofat Botirova tarjimasi
NAYZALAR YeRGA SANChILSIN
Narsalarni o‘z nomi bilan ataylik
It bu — it,
Kungaboqar bu — kungaboqar,
Lyuksemburg bog‘ida o‘ynayotgan qizcha
Lyuksemburg bog‘ida o‘ynayotgan qizchadir.
Gul — guldan boshqa hech narsa emas,
Lekin papa…
Kim bu, nima degani bu ko‘rimsiz chol?
Shu bois, o‘z diniga sodiq katolik
Ko‘rmoq-chun kinoga tushdi bir kuni
Vatikanning haqiqiy basharasini
va o‘zini juda g‘alati sezdi.
Uning tasavvurida zahil yuzli
Oddiy ruhoniy emas,
Haqiqiy papa… osmon bandasi,
Muqaddas ostona oldida
Farishtalar bilan qurshalgan
Xudo sarkotibi yashardi.
Bu bo‘lsa… bu yapasqi tasvir,
Faqat lotin iboralarin
aytmoqqa erinmaydigan bu og‘iz.
Tugayotgan nasl belgisi-la muhrlangan
bu bosh, bu kalla,
bu salobat, yopishqoq mulozamat,
bu yovuzlik, ayyorlik,
badbin masxarabozlik, bu qiyshanglashlar.
Qimmatga tushuvchi bu firibgarlik —
qisqasi, butun bir vatikanchilik…
Tumorlar… Sanamlar… boyliklar…
Gilamlar… va barcha qulayligi-la
Salon-vagonlar… kumush tish kovlagichu
tilla poyezdlar —
olmos hojatxonalar…
Bularning hammasi sodiq katolikni ezadi.
U o‘n olti frank to‘lab olgan kreslosida
O‘zini g‘oyatda noqulay sezadi:
Arzon o‘rinlarda o‘tirgan odamlarning
Kulgisini eshitib, gapini tinglab,
Ko‘proq cho‘kib ketar o‘rindig‘iga:
«Avliyo otamizga bir qara…
Rosa yasanibdi o‘zi ham…
Burnida burundiq yetishmas, xolos…»
Bu pichinglar sodiq katolikni qiynaydi,
Dahshatli savollar urila boshlar
Uning miyasiga daf’atan.
Lekin shu payt papa
Uzining oq ridosini yig‘ishtirib,
Jo‘nab qolar ekrandan.
Film tugar avliyo ota haqda,
Endi paydo bo‘lar boshqa manzara:
Italiya uchuvchilari habash qishlog‘ini
Bombardimon qila boshlaydi birdan
Va haqiqiy katolikning ko‘z yoshlari ham
Birdan quriy boshlar,
Ko‘ksiga uyatning o‘rniga endi
Quvonch to‘la boshlar, qo‘llari esa,
Beixtiyor mushtga aylanar,
Harbiylarni g‘oyat hurmat qiladi,
Harbiylarni hamisha sevgan u,
Mozoristonlarni, qabrtoshlarni…
dafn udumlarin… Kalla suyagining uyumin
Hamisha sevgan bu katolik…
Ekranda yorilgan habashni qiruvchi har bir bombadan
Quvonchiga so‘z topa olmay,
Chiyillab yuborar, qiyqirib yuborar.
Qirg‘in manzarasin tomosha qilib,
Quvonadi o‘zining tirikligidan:
O‘zlarini Iso va Mussoliniga baxsh etgan
dindosh o‘rtoqlarin osmonda ko‘rib,
Muqaddas qushxona farishtalarin,
Uchuvchi,
pulemyotlarni ko‘rib,
Shodligidan mast bo‘lar katolik,
Kresloga oyoqlari bilan chiqib ketadi…
Vahshiy katolik — savdogarlarni
Vahshiy qiyqiriqlar olqishlaydi,
Yuragi tepgan sari to‘lib ketaverar shodlikka,
Jazavaga qattiqroq kiraverar u:
Payt kelib, bir kuni albatta u ham
Ekrandagi kabi qon to‘kajak.
Yo‘qsillaru qora tanlilar qonin.
Ammo o‘z g‘ayratidan o‘zi charchab qolar
bu jikkak, kichkina, kichkinagina,
Sho‘rlik, nihoyatda ayanchli, ko‘rimsiz katolik!
Seans davom etar,
Ekranda ajoyib hayvonlar ko‘rinar,
ammo bu ajoyib hayvonlar
yana g‘oyib bo‘lar bir zumda.
Chunki Vatikanning asl basharasini
yana bir bor ko‘rsatishmokchi…
Manzara Rim kvartallarin tasvirlar,
So‘ng ikki odam paydo bo‘lar ko‘chada,
Lekin hech kim ko‘rmas ularni,
Tomosha qilmaydi tomoshabinlar,
Ulardan biri — Parijda qorovul bo‘lgan
Ikkinchisi — italyon, ishsiz,
cho‘ntagida chaqa yo‘q italyon.
U rimlik va Rimda ochdan o‘lmoqda.
Ular ekrandan G‘oyib bo‘lganda,
Zaldagilar sezmas buni ham,
ammo sayr etadi ikkovi
Rim bo‘ylab yana,
Italyon imo qilar yo‘ldoshiga,
Parijlik qorovul tushunar darrov,
So‘zsiz,
Tarjimonsiz tushunar.
Birinchi ishora — belni kattiqroq tut, degani,
Ikkinchisi — vitrinalarga taallukli,
tosh yo‘l uzra egilib,
Kaft bilan ko‘rsatilgan imo esa,
Oiladagi bolalarning bo‘yini,
Ularning juda-juda kichkinaligin tasvirlar
Barmoqlar — bolalar sonin aytadi,
Rimlikning uch bolasi bor,
U ishsiz yuribdi ko‘chada,
Shu taxlit suhbatlashib ketadi ular.
Yaxshi tushunadi parijlik
Imolar orqali rimlikni.
DUNYoDAN UZILGAN UMID
Xiyobonda,
Skameykada
Bir odam o‘tirgan bo‘ladi:
Siz o‘tib qolsangiz yo‘lakdan
Albatta, yoniga chaqirar sizni —
Egnida g‘ijimlangan kamzul,
Ko‘zida ko‘zoynak bo‘ladi uning
Va siz o‘tib qolgan zahoti,
Yoniga chaqiradi sizni
yoki horg‘in imlaydi.
O‘shanda qaramang siz unga,
O‘shanda tinglay ko‘rmang so‘zini,
Go‘yo eshitmaganday,
Go‘yo ko‘rmaganday o‘tib keting tez,
Basharti siz bilmay, qarab qo‘ysangiz
Sizni chaqirganda, quloq solsangiz,
U sizga shu zahot joy ko‘rsatadi
Qo‘li bilan yoki nigohi bilan,
Keyin sizda uning yoniga
O‘tirmoqdan boshqa iloj qolmaydi,
Iltimos kutmas u, surilib darhol
Joy berar, iljayar sizga tikilib,
Siz birdan iztirob cheka boshlaysiz,
Tabassum qilar u,
Sizning ham labingiz
Sizga bo‘ysunmasdan
iljaya boshlar.
Iljayib turib siz
Azoblanasiz,
Azoblanar ekan,
Unga iljayasiz, betinim,
Skameykada qotib o‘tiraverasiz
Uning sevgilisi singari.
Yoningizda esa bolalar o‘ynar,
O‘tkinchilar o‘tib-ketib turadi
Va qushlar uchadi,
O‘z parvozini
Yuksak-yuksaklarga sanchadi.
Lekin siz yonida o‘tiraverasiz
Uning sevgilisi o‘tirgan kabi;
Birdan o‘zingizni bebaxt sezasiz,
Go‘yo o‘ynayotgan bolalarga o‘xshab
Siz o‘ynab yurmaysiz endi hech qachon,
Go‘yo o‘tayotgan shu yo‘lovchilarday
Xotirjam yurmaysiz endi, xotirjam,
Go‘yo siz qushlarday, shu uchayotgan,
hech qachon uchmaysiz endi,
Hech qachon.
M.Solih tarjimalari
TUNGI PARIJ
Birin-ketin
Yondiraman
Uchta gugurt cho‘pini:
Yuzlaringni ko‘rmoq uchun
Yondiraman birinchisini,
Ko‘zlaringni ko‘rmoq uchun
Yondiraman ikkinchisini,
Lablaringni topmoq uchun
Yondiraman uchinchisini.
So‘ng ko‘rganim unutmay deya
Seni quchoqlayman
Zim-ziyo tunda.
Xurshid Davron tarjimasi
BOLALARNING QISh QO‘ShIG‘I
Izg‘iriqda sovuq bir kecha
Yugurardi oppoq bir odam,
Yugurardi oppoq alp odam.
Shu qip-qizil sabzi burunli,
Qor, izg‘irin quvayotgan bir
Salobatli qor odam edi.
Chopib kirdi yupun qishloqqa,
Ko‘rdi bir uy tomida tutun,
Miltillagan chiroq – oynada.
Tiqirlatmay, ruxsat so‘ramay
Ichkariga kirdi otilib.
Tiqirlatmay, ruxsat so‘ramay
Uyga kirib oldi yugurib.
Isingisi kelgandi biroz.
G‘ing demasdan o‘tdi to‘r tomon.
Issiq pechka yoniga borib
G‘ing demasdan yotdi, cho‘zildi.
Va bir zumda sho‘rlik qor odam
G‘oyib bo‘ldi ko‘zdan abadiy
Ko‘zyoshdan bir ko‘lmak qoldirib.
Qizil sabzi burun va eski
Qalpog‘i ham qoldi ko‘lmakda.
YoShLIKNING ENG YaXShI PAYTLARI
Suvlar billur edi,
Daryo ko‘zgu edi,
Tuproq saxovatli,
Bahor xushbo‘y edi.
Urush vaqtinchalik,
Mehr mangu edi.
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi
O‘ZGA FIKR
Ishchi kuchi majburan yollangan fikrlarning fabrikasida
bosh tortganman mehnat qilishdan.
Askarlar zo‘rlik-la safarbar etilgan fikrlarning armiyasida
xizmat qilishlikdan tovladim bo‘yin.
Anglamoq istamayman ular o‘y-xayollarin,
mushohada-mulohazachalarin.
Menda o‘zga fikr.
Butunlay o‘zga:
sevaman o‘z saylaganim, tanlaganimni,
qilaman o‘z o‘ylaganim, anglaganimni.
KATTAKON BAHORIY BAL
Kelmasin qanaqa yil,
yo yilning qanday fasli,
yangi-yangi bayramlar-la siylar shaharni ular.
Hammasi o‘z vaqtida, navbatida berar ro‘y;
qish kelar kuz ortidan,
keladi kuz izidan yozning.
Kirib kelsa, inchunun, shaharga bahor,
boshlanadi tug‘ilgan kuni Parijning.
Nishonlanar har qanday kishandan xoli
yoshlik bayrami.
Suyagi yo‘q Parijning, to‘g‘ri,
muhim, rasmiy tomoshalarga,
serhasham marosimlar
va xotira kechalariga,
shuningdek, cho‘ziluvchi oh-nolalarga,
barchasiga bildirar munosabat hotamtoylik-la.
Chunonchi Triumfal ark
ostidagi qo‘shin chekkanda azob,
sovuqqonlik ila boqadi shahar.
Yarqiratib qizdirar quyosh
nihoyat mis fanfaralarni.
Bahor kirib kelganda Parij
shodligidan og‘adi esdan.
Arzanda bir bolasiday u —
telbavor sevgisidan tanho yodgor
va Parij yozib chiqar ismini uning
devorlardan tomlarga qadar,
o‘yar yurak shaklida har bir daraxtga
va har toshda o‘qir har bitta mavze ahli:
“Kattakon Bahoriy Bal!” — degan yozuvni.
O‘quvchi bir bolakay — bahor:
vaysab xursand beto‘xtov ta’tillar haqda
va darsdan so‘ng sannab u mamnun,
bir umrga do‘stlashar hamma bilan shod
va hech kim bilan po‘m chiqmas nogoh.
Kattakon Bahriy Bal!
Bu so‘zlar musiqasi
lablarida hammaning:
xuddi istirohat bog‘i u — bir paytlar unutilgan
va qaytadan ochilgan,
bog‘ — shox-shabba, gullarga to‘la.
Kattakon Bahoriy Bal!
Irmoqlar va ko‘cha-ko‘y qo‘shiqlari shan,
ariyasi olomonlar — qaynoq qon kabi oqqan
shahar arteriyalarin.
Bahor —
mana, uning qilgan va’dalari, bas:
bayramlar bu, tun va tunda porlagan yulduz —
qanchalar go‘zal,
hatto boshpana sizga ko‘rinar ko‘kdan!
Bu endi ayon! —
Narxi oshganiga hayotning,
omonat ekaniga baxt-saodatning
aybdor emas Bahor.
Va’da qilgan narsalari bahorning
shu bayramlardir.
O‘lat uchun javobgar emas
Bahor mutlaqo.
OLIYMAQOM ShAJARA
Lyudovik I
Lyudovik II
Lyudovik III
Lyudovik IV
Lyudovik V
Lyudovik VI
Lyudovik VII
Lyudovik VIII
Lyudovik IX
Lyudovik X
Lyudovik XI
Lyudovik XII
Lyudovik XIII
Lyudovik XIV
Lyudovik XV
Lyudovik XVI
Lyudovik XVII
Tamom-vassalom,
Shuning bilan tugaydi ro‘yxat…
Bu qanday odamlarki, deyman gohida,
Bo‘shroqmikan hisob-kitobda,
Etkazisha olmabdi sanoqni, axir,
Hech bo‘lmasa yigirmagacha.
* * *
Chizilmishdir kaftlarimizga —
Sening va mening
Baxtli yillar — qanchadan-qancha!
Quvalashib o‘tdilar
Qanchadan-qancha — sho‘x,
Quvnoq oqshomlar
Kelayotgan qashshoqliklar ostonasida!
Shuncha soflik,
go‘zallik — shuncha,
shod-xurramlik, saodat, mehr
o‘ldirildi kuppa-kunduzi
pastkashlarcha
rasman
va aynan
qashshoqlikning qo‘llari bilan.
Yotar, ana, ular, boq —
qorong‘u bir burchakda,
chorrahada yo,
latta-putta ichinda yoxud
axlatlarning uyumi aro!..
QUShChI QO‘ShIG‘I
Bir qush — ko‘kni ko‘zlayotgan, intilayotgan,
bir qush — qonday qizil, xuddi qonday qaynoq qush,
bir qush — jajji, qitmir kulgili bir qush,
bir qush — hurkak, dunyoda bor narsadan qo‘rqqan
bir qush — tayyor — oynaga urilib halok bo‘lishga,
bir qush — tirqish izlagan, kirib yashirinishga,
bir qush — bittayu bitta olamda, tentak qushim,
bir qush — istar umr ko‘rmoqni uzoq,
bir qush — kuylashni-da xohlagan ortiq,
bir qush — qichqirishni yoqtirar hatto,
bir qush, bir alvon qush, xuddi qonday qaynoq qush,
Bir qush, ko‘kni ko‘zlayotgan —
yuraging sening — sarkash,
qanotlarin ko‘ksingga urguvchi mahzun-mahzun,
muzdek sovuq yuraging sening.
GULChI QIZ DO‘KONIDA
Gulchi qiz do‘koniga kirar bir kishi
Va saralar gul.
Gulchi qiz guldasta yasar ulardan.
To‘lash kerak haqini.
Pul olish uchun
cho‘ntagiga qo‘l suqar kishi
va nogahon changallar ko‘ksin,
va gulchi qiz oyoqlari ostiga qular.
To‘kiladi polga tangalar keyin,
tushar, keyin, guldasta polga.
Qotib qolar gulchi qiz karaxt —
g‘ildiraydi polda tangalar,
aylana yasab,
sochiladi guldasta titrab,
qila boshlar kishi g‘arg‘ara.
Tushunarli, fojeali — bular barchasi,
qilish kerak nimadir, lekin
nima qilish lozimligini
bilmas gulchi qiz,
bilmas nimadan boshlash zarurligini ham,
Hayhot! Axir, kerak unga nimadir qilmoq:
odamzod jon bermoqda,
guldasta sochilmoqda
va tangalar pol uzra
hech to‘xtamasdan
hamon g‘ildiramoqda,
g‘ildiramoqda…
SEVIShGANLAR
Sevishgan — bolakay hamda qizaloq.
O‘pishdilar devor ostida tunda,
O‘tkinchilar mazax qildi ularni.
Barmoqlari bilan ko‘rsatib oshkor.
Biroq sevishganlar yo‘q erur bunda.
Bu — ularning soyalari, qitmirlik ila
Zulmatliklar aro kezishar atay,
Qo‘zg‘ab o‘tkinchilar ko‘nglida g‘azab,
Hayrat, afsus-nadomat, g‘iybat va hasad.
Sevishganlar esa, bunda yo‘q,
Bo‘lishmagan bunda umuman.
Sevishganlar, xo‘sh, unda qanday?
Ular uzoq — tundan-da,
Ular yuksak — kundan-da,
Ular ilk sevgilari
Ko‘zni olguvchi —
Nurlarin taratib porlagan joyda.
GULDASTA
Sen uchun atalgan,
atalgan men uchun ham,
mendan nari, senga yovuq
sen-la yaxshi, menga qarshi
yuragimning har zarbasi — gul,
qonlaringni ichib to‘ygan ul,
Har zarb — guling sening,
Har zarb — gulim mening.
O‘tar kunlar,
o‘tar yillar,
hayot — gulchi kular va kuylar.
Bog‘bon — o‘lim
xo‘rsinar va payt poylar.
Bo‘zaradi guldasta,
ko‘ksimda qon — jo‘sh urgan daryo,
qirg‘og‘idan toshadi bot-bot.
Gulchi kular va kuylar hamon,
silkitadi xolos qo‘llarin bog‘bon.
Deydi: “Hayotingiz oldinda hali!..”
Har urishi yuragimizning —
bir gul — to‘ygan qonlarimizga —
sening va mening,
to‘ygan nafasiga kunlarimizning.
EZGU NAVQIRON ChOG‘LAR
Suvlar billuriy edi,
ko‘zguday tiniq daryo,
tuproq serhosil edi,
sarxush aylardi bahor,
kechagi gap edi urush ham,
eskirmasdi faqat muhabbat.
SINF IShI
Ikki qo‘shuv ikki — to‘rt,
To‘rt qo‘shuv to‘rt — sakkiz,
sakkiz qo‘shuv sakkiz — o‘n olti…
— Takrorlanglar, — so‘rar muallim.
Ikki qo‘shuv ikki — to‘rt,
To‘rt qo‘shuv to‘rt — sakkiz,
sakkiz qo‘shuv sakkiz — o‘n olti…
Nogahonda maktab tomlari uzra
ucharda musiqiy, sehrli bir qush,
bola ko‘radi uni,
bola tinglaydi uni,
bola chorlaydi uni:
— Tush pastga, hey! Qutqar meni, qush,
o‘yna men bilan!..
Va qush tushar, qo‘nar partaga
o‘ynash uchun bolakay bilan.
Ikki qo‘shuv ikki — to‘rt…
— Takrorlaymiz, — so‘rar muallim,
Qush-chi? O‘ynar bolakay bilan,
bolakay-chi? Xursand, shod…
To‘rt qo‘shuv to‘rt — sakkiz,
sakkiz qo‘shuv sakkiz — o‘n olti,
o‘n oltini qo‘shamiz o‘n oltiga —
qancha bo‘lar, xo‘sh?
Hech qancha bo‘lmaydi, bas,
javob o‘ttiz ikkimas
va ular ko‘zdan yitar
sal bo‘lmasa yelkalariga
qo‘ndiradi bolakay qushni.
Bolalarga endi bari bir,
bolalar kuy eshitar, olam —
uzra quyulguvchi kuyni eshitar.
Sakkiz qo‘shuv sakkiz yo‘qolar,
yo‘qoladi to‘rt qo‘shuv to‘rt ham,
ikki qo‘shuv ikki qo‘shilmas
va hisobda arzimagan son —
bir qo‘shuv bir ham
o‘chadi izsiz.
Sinfda bu choq
musiqor bu qush — lira kuylaydi,
jo‘r bo‘ladi bolalar unga.
Qichqiradi muallim: — “Bu nimasi?
Maynavozchilikni bas qiling, qani!..”
Quloq solmas bolalar biroq,
tinglashadi kuy-qo‘shiq
va devorlar qulaydi asta,
oyna — qumga, siyoh — suvga aylanar,
ildiz chiqaradi partalar yana,
aylanadi tuproqqa bo‘rlar,
ruchka esa, pero — tumshuqchasi-la
uchib yurar qushga evrilib,
bolakaylar boshlari uzra.
SOYaLAR
Bu — sen,
mening yonimda,
ishq nurida porlagan.
Bu — men,
sening yoningla,
qalbidan baxt musiqasi o‘rlagan.
Biroq soyang
devor yuzida
ertayu kech boqib izimdan,
har bir onim qorovullaydi.
Va mening soyam ham
devordan beruh
mo‘ralaydi —
sen tomon jim, lol.
Sevasan meni,
men ham, albatta,
sevganidek bir-birin kunlar,
hayot va bosh uzra yoyilgan osmon.
Binobarin, o‘xshaymiz soatlarga biz:
o‘tayotgan daqiqalarni
qodir emas quvib yetishga ular.
Chopar ikki soya —
soyalarimiz —
itlarga o‘xshab,
quvalashar itlarga o‘xshab —
shundoqqina ko‘z o‘ngimizda,
yurishar birga,
bog‘lanishgan bitta zanjirga;
Bu soyalar — vafodor itlar,
Ko‘zlari yo‘q ko‘rishga bizni.
Kundan-kunga sabrliroq,
kundan-kun och, qoq,
kutishadi muhabbatimiz —
halokatga uchrashin bir kun,
kutishadi: go‘yo
bir kuni kimdir
qichqiradi: “Ma, ol!” — deb nogoh
va tashlaydi ular oldiga
suyaklarin go‘zal tuyg‘uning,
ilib olib ularni, g‘ajilashsa xo‘p;
so‘ng ko‘tarib qochsalar yiroq
va zamona zayliga ko‘ra,
tashlashsa ko‘mib
xohishlarning kuli ostiga.
QAYTISh
Foydalanib bo‘lingan,
toliqib, holdan toygan,
talxlangan, sho‘rlangan,
ifloslangan — kirlangan,
zaharlangan,
xor va betadbir —
suvlar yakun yasashib
erdagi yo‘llariga,
kalla tashlar nihoyat
dengizga bir-bir.
Rus tilidan Shukur Qurbon tarjimasi.