Emil Verxarn (Emile Verhaeren, 1855.21.5, Sent Aman — 1916.27.11, Ruan) — belgiyalik shoir, dramaturg, tanqidchi. Frantsuz tilida ijod qilgan. Luven universiteti yuridik fakultetini tugatgan.
«Rohiblar» (1886) to‘plamida o‘rta asrlardagi rohiblarning yorqin yig‘ma obrazi berilgan. «Oqshomlar» (1887), «Halokat» (1888), «Qora mash’allar» (1890) asarlari dekadentlik she’riyati ruhiga yaqin, bularda turmushni fojiaviy tasavvur etish kuchli.
«Telba qishloqlar» (1893), «G‘ala-g‘ovur shaharlar» (1895) to‘plamlarida ijtimoiy ziddiyatlarning (shu jumladan, shahar va qishloq o‘rtasidagi ziddiyatlarning ham) halokatli ekanligini anglash ifodalangan.
«Turmush qirralari» (1899), «Bebosh kuchlar» (1902), «Rang-barang yog‘du» (1906) va boshqa to‘plamlaridagi she’rlarida Verxarn insonning yaratuvchilik faoliyatini, ijodni, sevgi va qat’iyatni tarannum etadi.
Verxarnning ishchilar hayotidan yozilgan «Shafaqlar» pesasi (1898), atoqli rassomlar (X. Rembrandt, 1904; P. Rubens, 1910) va yozuvchilar (U. Shekspir, J. Rasin, V. Gyugo) haqida ilmiy tadqiqotlari bor.
* * *
Havo ipaklariga
Oltin bilan to‘qilgan,
Ey nash’amiz porlamasi!
Mana nozik uy ham yengil shiypon.
Mana bog‘cha va mevazorlar.
Olma bog‘chalarining ko‘lankasida
Ana supacha…
Erkalovchi va erinchak gul yaproqlari
Oq bahordek to‘kiladi
Olma nurli kaptarlarning javloni
Porloq ko‘kda sirpangan
Bir belgi kabi…
Toza moviy shisha havo labidan
Erga tushgan bo‘salardek
Ana ikki sof va sodda
Zangori kulcha.
Atrofga ma’sum, erksiz gullardan
Uqa tutilgan…
Ey nash’amiz porlamasi, bizlar ham
Bu bog‘chada yashaymiz
O‘z xotiramiz bilan…
Oybek tarjimasi