Mazmunan boy va teran, shaklan pishiq va go‘zal falsafiy ruboiylari tufayli «Xorazm Xayyomi» nomi bilan shuhrat qozongan bu ulug‘ inson Pahlavon Mahmud, Puryorvaliy (پوریا ی ولی) deb dovrug‘ taratgan hassos shoir, yengilmas pahlavon va mashhur avliyodir. Eron, Hind kabi ko‘plab Sharq mamlakatlaridagi kurash musobaqalarida qatnashib, hamisha zafar quchgan, bir umr kuragi yerga tegmay, mamlakatning birinchi polvoni, pahlavonlar peshvosi bo‘lgan.
Ko‘pgina manbalarda shoirning «Kanz ul-haqoyiq» («Haqiqatlar xazinasi») nomli masnaviysi borligi aytiladi. Ammo Yo. Ishoqovning ma’lumot berishicha, eronlik olim Said Muhammad Ali Safir 1967 yili uni Mahmud Shabustariyga nisbat berib, nashr ettirgan.
Pahlavon Mahmud «din nazariyasi, falsafa va mantiqqa doir bir necha risolalar yozgan» bo‘lsa-da, ular hozirgacha topilgan emas. Pahlavon Mahmudning vasiyatiga ko‘ra shogirdlari uni o‘zining po‘stindo‘zlik do‘koni atrofiga dafn etganlar. Keyinchalik u qabr ustida maqbara tiklanib, avliyo poyiga Qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan Xiva xonlari ko‘milgan. Bu maqbara nodir me’morchilik yodgorligi sifatida mana necha asrdirki, barchaning diqqatini o‘ziga tortib kelmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar bu buyuk insonning qabrini ziyorat qiladilar. Maqbara devorlariga shoir ruboiylari darj etilgan.
Pahlavon Mahmud Xivadagi futuvvatchilar jamoasining boshlig‘i, javonmardlar peshvosi bo‘lgan. Uning o‘zi ham mardlik va saxovatning eng oliy namunalarini ko‘rsatib, boshqalarga ibrat bo‘lgan. Ruboiylarida futuvvatning nazariy qoidalarini bayon qilgan.
Ma’lumki, javonmardlikka ko‘proq pahlavonlar talabgor bo‘lganlar. Shu jihatdan, Pahlavon Mahmud pahlavonlarni tarbiyalovchi ustozgina bo‘lib qolmay, balki javonmardlik odobini o‘rgatuvchi pir ham edi. Javonmardlarning shiori dunyodagi yovuzlikning barcha ko‘rinishlariga qarshi hamisha, hamma yerda ezgulikni himoya qilish, targ‘ib etish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bu g‘oyalar Pahlavon Mahmudning ko‘pgina ruboiylarida o‘z aksini topgan.
Pahlavon Mahmud hayoti va ijodini o‘rganish, ruboiylarini topib, xalqqa yetkazishda taniqli olim va zabardast mutarjim To‘xtasin Jalolovning xizmatlari katta. Shoir ruboiylarini, shuningdek, Muinzoda, Vasfiy, Ulfat, Boqir, M. Abdulhakim kabi tarjimonlar ham tarjima qilganlar. Yo. Ishoqov, H. Homidiy, N. Komilov, S. S. Buxoriy, M. Hasaniy, Y. Jumaboyev kabi olimlar bu buyuk vatandoshimiz adabiy merosi va tarjimai holini ma’lum darajada tadqiq etganlar.
Pahlavon Mahmud ruboiylari badiiy tasvir vositalariga boy, xalqona sodda va yengil uslubda, ifoda tarzi aniq va lo‘nda, o‘ynoqi, sershiddat tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan. Barcha Sharq shoirlari kabi Pahlavon Mahmud ham ikki ulug‘ manba — Qur’oni karim va Hadisi sharifdan ta’sirlangani, ulardan ilhomlanib qalam tebratgani qudsiy nafas ufurib turgan ruboiylaridan shundoqqina sezilib turadi. Ayniqsa, ilohiy ishq tarannum etilgan va vahdati vujud falsafasini tushuntirishga bag‘ishlangan she’rlarida bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Lekin shoir faqat ilohiy mavzular bilangina chegaralanmay, zaminiy dardni ham qalamga olgan. Pahlavon Mahmud ruboiylarida ilohiy va dunyoviy dard ko‘pincha birga, o‘zaro qo‘shilib zuhur etadi.
N. Komilov: «Pahlavon Mahmud ruboiylarini to‘rt guruhga bo‘lish mumkin: birinchisi — zamona ahlidan nolish, ijtimoiy tengsizlikni ifodalovchi ruboiylar; ikkinchisi — tariqat suluki haqida yozilgan ruboiylar; uchinchisi — vahdati vujud falsafasi asoslarini tushuntiruvchi ruboiylar va to‘rtinchisi — ilohiy ishqni tarannum etgan ruboiylar», — deb yozgan edi. Kezi kelganda, biz shu paytgacha shoirning axloqiy qarashlariga nisbat berib tadqiq etgan pand-nasihat ruhidagi ruboiylari aslida futuvvat ruknlarining she’riy ifodasidan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim. Ha, bunday she’rlarida u javonmardlar axloqini targ‘ib etgan, ulardan ibrat olishga chaqirgan.
RUBOIYLAR
1
Ey dil, yana dilbarga asir tushdingmi?
Dildori sitamgarga asir tushdingmi?
Alhol, qutulolmay qo‘lidan bittasining,
Boz bir pari paykarga asir tushdingmi?
2
Gul qo‘lda, qadah bongi quloqda bo‘lsin!
Dunyo g‘amidan kech — u uzoqda bo‘lsin!
Suv nag‘masi ostida, bulut soyasida
Jom qo‘lda mudom, qo‘za quchoqda bo‘lsin!
3
Dildor so‘radi: «So‘yla, nechun qayg‘uda dil?
Yo bir pari tal’atmi kulib oldi ko‘ngil?»
Tutdim qo‘liga ko‘zgu-yu, qildimki javob:
«Oyinada ko‘rganing g‘amim boisi bil!»
4
Harchandki, ishqdan gahi begona esam,
Oshnoyu halovat bila hamxona esam,
Bo‘lmang sira hayron yana bir hur uchrab,
Ahdim unutib, ko‘yida devona esam.
5
Voqif ekanimda kelishingdan, dilbar,
Sochgan bo‘lar erdim qadamishta gullar.
Sochib, yana tergay edi kiprik muztar,
Xoki qadaming ko‘zimga aylab gavhar…
6
Sen deb bu ko‘ngil tiyg‘i malomatga ko‘nar,
Bitmas yarasi garchi qiyomatga qadar.
Hech kimsa omonlik tilamas, sen tug‘ilib —
Hajringda faromush etdi sog‘likni bashar.
7
Kimni qarama, katta gapirgay so‘zni,
Tortishni tilar guldek o‘ziga ko‘zni.
O‘z soyam ila so‘zlashaman men tunu kun,
Ko‘rgan kabi oyinada go‘dak o‘zni.
8
Noz bobida yor ko‘ziga kim kelgay teng?
Soz bo‘lsa karashma, g‘amzalar — mizrob* deng!
Ovlaydi baliq kabi ko‘ngillar qushini,
Boq: ham ipu ham qarmoqdir zulfi uning!
__________
* Mizrob — tanbur, rubob chalinadigan tirnoq, noxunak.
9
Qoldirma meni yo‘limdan, ey olifta,
Qo‘y, qilma meni shamol kabi oshufta.
Yo‘limga muattar gul isini sochma,
Bunda bari tuproq hidiga og‘ushta.
10
Orif kishilarni sen bashar gavhari bil,
Har mahdudlik — ko‘tohnazarlikka3 dalil.
Ishqsiz kamol bo‘lmas bu olamda,
Asli ko‘zadan murod kuloldir butkul.
__________
* Ko‘tohnazar— kaltabin, fikri mahdud, aqli qisqa.
11
Sof oltinman el ichida ardoqli,
Mis yo jez emasman yaltiroq, aldoqli.
Oftob nuridek o‘zimni sof qilganman,
Bas, oydek emasman: ham sovuq, ham dog‘li.
12
Tolib, menga qilma shikoyat aflokdan,
Xok bo‘lgach o‘zim, men nega qo‘rqay xoqdan?
Bir xasni bu daryodan ololmas hech kim,
Gavxar senga, qo‘ymasin meni xoshoqdan.
13
Bu charx mudom fitna o‘tini qo‘zg‘ar,
Bu charx osoyishing balo birla buzar,
Bu charx vafo-la bog‘lamas mehr ipini,
Bu charx adovat qilichini tezlar.
14
Hamma meni bir og‘izda qilgay g‘iybat,
Tinchimni buzar bu hol, bo‘lar toq toqat.
Bu toifa goh yaxshi deyar, gohi yomon,
Chunki bir-ikki fanda topibman shuhrat.
15
Savdo guli yuz ochdi dimog‘imda, mana,
Qarshimda junun pardasi ochildi yana.
Dog‘ bor edi ko‘ksimda bu oshiqlikdan,
Ul gulladi-yu, gul ila chulg‘andi tana.
16
Hal qilsa edi dunyo ishini kuchu jang,
Nomard boshidan mard chiqarar erdi chang.
Dunyo ishi ammo misoli nard o‘yin:
Nomard firibidan mard holi bo‘lgay tang.
17
Bir dardki ajal — unga sira yo‘q darmon,
Sultonu gadoga o‘tkazar u farmon.
Kirmon shoxi Kirmonni yegandi ul kun,
Bu kun uning o‘zini yemoqda kirmon…*
___________
* Bu yerda shoir Kirmon — shahar va kirmon — qurtlar so‘zlari vositasida so‘z o‘yini qilgan.
18
Bir kun u sanamgakim, misoli g‘uncha,
Dedim: «Nega siniqdir ovozing muncha?»
Ul qildi javob: «Kichkina bo‘lgach og‘zim,
Ovozim, axir, sinadi-da chiqquncha!»
19
Oshiq bo‘laman gohi yuzi gulgunga,
Oshiq bo‘laman gohi sochi mushkinga.
Topsam nimada rangu bo‘yingni, xullas,
Oshiq bo‘laman men shu zahoti unga.
20
Oftob yig‘lab, shafaqni qonga beladi,
Oy tirnadi yuz, Zuhra-chi, sochin yuladi.
Tong motamida qora kiyim kiygayu tun,
Sovuq oh urib, yoqasini chok qiladi.
21
Kim ko‘rnamagu Haq bexabar bo‘lsa — yomon,
Orif kishi unga barobar bo‘lsa — yomon.
Eski ekani libosni hech aybi emas,
Libosning o‘zida ayb agar bo‘lsa — yomon.
22
Bo‘lmaydigan ish borki, hayit bo‘ldirgay,
Soqiy ko‘zasiga toza may to‘ldirgay.
Tark aylayu ro‘zani, namozni qo‘ygil,
Ko‘nglingdagi g‘amlarni hayit o‘ldirgay.
23
Biz qayg‘u-alam tashvishidan ozodmiz,
G‘am qismatimiz bo‘lsa-da, doim shodmiz.
Bilmay nima rangu bo‘yi hushyorlikning,
Yor ko‘zi misoli masti modarzodmiz*.
___________
* Modarzod — tug‘ma, tabiiy.
24
Tolib, qabuling battar erur inkordan,
Yomon har ishing — foydasi yo‘q takrordan:
Kofirsan-u, el ichinda mo‘min noming,
Kofir yaxshi sen kabi dilozordan!
25
Tolib, bu fe’lingdan xijil bo‘l, xijil,
Chunki bir emasdir senda til ila dil.
Yarming tovus-u, yarming kaklik, bunga:
Bir oyoq — loy, birida hino — shu dalil.
26
Ilmu ma’rifat tili qalamdir har dam,
So‘z gavhariyu tafakkur shampshri ham.
Ul mulk sohiblari bilishsin yaxshi:
So‘z maydoni mulkimdir mening mustahkam.
27
Nomingkim, undan topdi ayyom sharaf,
Bu nomdan topar hattoki nom sharaf.
May ichsang agar ushbu sharafli kunda,
May fayz olib, topgusidir jom sharaf!
28
Dil daftarini hamisha guldek ochay,
Dil kulini lola kabi yellarga sochay,
Qumsoatdek har kecha hijron gardin
Dil menga to‘kar, men bo‘lsam dilga necha…
29
Sindirgali tavbamni sharob keltirgil,
Ko‘nglim to‘la qayg‘u-iztirob, keltirgil.
Bag‘rim o‘tini bir oz pasaytirmoqqa
Bir-ikki qadah mayni shitob keltirgil!
30
Aytib edi menga bir kuni sohibi dard:
Kim qilmasa mard xizmatini — bo‘lmadi mard!
Hech xizmatini qilma o‘shal kimsanikim,
Gar qilgan emas yoshligida xizmati mard.
31
Badfe’l kishi hamisha dilxasta bo‘lar,
Unga talab eshigi mudom basta bo‘lar.
Gar yaxshi-yomon bilan chiqishsa har kim,
G‘amdan qutulib, quvonchga payvasta bo‘lar.
32
Daftardagi har nukta bu — quygan ko‘nglim,
Har harf misoli tun qarodir — ma’lum.
Har kecha bu sham’ minnatini chekmasman,
Sham’dan ko‘ra nurliroq mening har fikrim!
33
Umring mayi goh shirin bo‘lar, gohi taxir,
Goh atlas-u, goh bo‘z bo‘lar egningda, axir.
G‘am chekkali arzimas bular oqil uchun,
Bu dunyoda xoru zor yashash unga og‘ir.
34
Miskin bu dilim o‘z hayotidan bezor,
Ko‘zim o‘ngida bu aziz umrimdir xor,
Boshimdagi toj oldida yengil afsor*,
Elkamdagi bosh salladan og‘ir ko‘p bor.
________
* Afsor — no‘xta.
35
Shohdan ko‘ra darvesh chekadi el g‘amini,
Darvesh dili anglar uni ko‘pu kamshga.
Vayrona devor xavfli, unutma ammo,
Vayrona ko‘ngillar xavfi — o‘tli damini…
36
Umrim o‘q-u, ma’rifat hadafdir menga,
Tig‘im dur-u, telbalik sadafdir menga.
Men olami qudsiy quli, hurlar nafasi
Zanjir oyog‘imga — bu sharafdir menga!
37
Dil tangligidan ko‘zimga bog‘ misli go‘r,
Gul qonli yara kabi tuyulgaydir — ko‘r.
Tuzsizlik agar sho‘rlikning ziddi ekan,
Baxtim meni ham tuzsiz-u, nega ham sho‘r?!.
38
Xalq oldida meni xor, bechora qilma,
Shoxlar eshigida zor, ovora qilma.
Oq bo‘ldi karaming sababidan boshim,
Oq sochim haqqi, yuzi qora qilma!*
_________
* Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.
39
Tosh bo‘lsa qora, unda tiniqlik bo‘lmas,
Murch birla qalampirda sovuqlik bo‘lmas.
Tingla so‘zini Mahmudi Puryorvalining:
Kim mard emas, ul kasda yorug‘lik bo‘lmas!
40
Gul chehrasida bulut niqobdir to hanuz,
Ko‘nglim tilagi ayshu sharobdir to hanuz,
Qo‘y uyquni, umr oti shitobdir to hanuz,
May ich, jono, may oftobdir to hanuz.
41
Bosh bo‘lsa tiniq, xush yoqadi toza sharob,
Kayf oshsa agar oqqusi ko‘z yoshi shitob.
Chunki bu tuban dunyo vafoni bilmas,
Bas, dard mayidan bo‘lish kerak mastu xarob…
42
Bu hoji bo‘lib, endi quturmish battar,
Avval-ku ilon edi, bo‘libdi ajdar.
Zinhor harami makriga aldanmang, u —
Na bandasidan-u, na Xudodan qo‘rqar!
43
To bor esa g‘ayrating, yana bo‘lsang mard,
Uy ichra ayoling asra yuqtirmay gard.
Gar mevali shox devordan oshsa, ne dard,
Tama’ qilar undan hama — mard ham, nomard…
44
Hayhotki, hazin dilim sira bo‘lmadi shod,
Ey voh, xotirim emas g‘amingdan ozod.
Afsuski, hayot daraxti bermay hosil,
Faryodki, shamolga uchdi umrim, ming dod!..
45
Shodmiz, bu ko‘ngilda g‘ami ayyom yo‘qdir,
Nonushta yetar gar nasibi shom yo‘qdir.
G‘ayb olamidan bizga kelar pishgani to,
Hech bitta kishidan tama’i xom yo‘qdir*.
__________
* Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.
46
Ey sarvqadu sumanbaru gul’uzor,
Do‘sting sira bo‘lmasin sening xas ila xor.
Har qancha chamanda to‘kmasin qo‘r u chinor,
Gul novdasiga chinorni ne nisbati bor?
47
Men dard eruram, dard — tamoman jismim,
Sham’ ersa yuzing, parvona — mening ismim.
Gar davlati vasling muyassar o‘lsa,
Surtay za’faron yuzimni poyingga jim…
48
Dil ko‘yida kecha men ibodat qildim,
Har pokni-da nopok ziyorat qildim
Ham yeb ramazon ro‘za, kaforat qildim,
Iyd oni namozni betahorat qildim.
49
Bul kunda bahoyi o‘tinu ud birdir,
Ham martabada Xalilu Namrud birdir,
Kim nazdida o‘z davlatiga mastlarning
Ovvozi eshak, nag‘mayi Dovud birdir.
50
Kimman o‘zi — mendan-da savob istarlar,
Eb-ichganim uchunmi javob istarlar.
Yo‘q yerda farishtalar hisobda hatto,
Ayting, o‘zi kimmanki, hisob istarlar?!
51
Bor menda na hushu, ey falak, na idrok,
Oyinai tiynatim ham ermasdir pok.
Bas, tarbiyatim uchun urinma bekor,
Xokni necha yuvsa, baribir, xokdir, xok…
52
Ey do‘st, senga barcha-da oshno bo‘lmas,
Orif kishidan o‘zgasi shaydo bo‘lmas.
Har qancha o‘zi bo‘lsa-da rasvo, lekin
Dardingni u pok tutadi — rasvo bo‘lmas.
53
Ketdik ketidan, kel, endi jononani, dil,
Qoqqil eshigini, izla har xonani, dil.
Xayyom kabi bizlar-da mudom may ila mast,
Do‘zax kutadi biz kabi mastonani, dil.
54
Zulfi necha ta’nayi buti Chin aylar,
Ko‘z ishva o‘tinda gorati din aylar.
Ruxsorini ko‘rsaydi arosatda Xudo,
Uz qudratiga o‘zi ming tahsin aylar!
55
Sofdir dilimiz — unda na keku kina bor,
El bizga erur dushman-u, biz barchaga yor.
Tavxid mevasiga kon daraxt novdasimiz,
Har o‘tgan uloqtirsa-da tosh — qilmadik or.
56
So‘z oshig‘iman, nurli nafas istayman,
Bir nuktaga menda yuz havas, istayman.
Yondirmadi bul mustame’larni nutqim,
Tinglashga so‘zim o‘zgani, bas, istayman.
57
Ey ishq, ne o‘tsan o‘zi — duding yo‘qdir?
Ey g‘am, ne navosanki, suruding* yo‘qdir?
Ey kom, nechuksan-ey, vujuding yo‘qdir?
Ey aysh, qiyosing ne, namuding* yo‘qdir?
____________
* Surud — kuy, qo‘shiq, ashula, ohang.
* Namud — ko‘rinish; manzara; siymo.
58
Ul toza qizil sharob erur gavharimiz,
Biz birla kuyib, qildi fig‘on sog‘arimiz.
May boshida biz, may esa bizning boshda,
May boshida may iching — may toji sarimiz.
59
Tildek, e ko‘ngil, dushmani joningmasmiz,
Nechun urasan tig‘ni — zaboningmasmiz.
Tokaygacha sen uyquda-yu, biz — uyg‘oq,
Ey uyquchi baxt, posboningmasmiz!..
60
So‘rdim: «Bu hayot ma’nisi ne, jonona?»
«Yo sham’, — dedi, — yo bulut va yo parvona».
So‘rdim yana: «Dunyoga ko‘ngil qo‘ygan kim?»
«Yo go‘l, — dedi, — yo mast o‘sha, yo devona».
61
Tuymoq necha Qof tog‘ini hovon birlan,
Ko‘kni bo‘yamoq yurakdagi qon birlan,
Zindonda yotish bir asr afyun birlan
Soz hamdam o‘lishdan dame nodon birlan!
62
Chehrang uza, yor, tong kabi gul yog‘iladi,
Ko‘klamga ibong mengzabe gul yog‘iladi.
Dilbar o‘sha tong xush to jahon chehrasidan
Porlab necha baxt kavkabi gul yog‘iladi!
63
Ey Tangri, xayot daraxtini past etma!
Ey Tangri, tiriklik mayidan mast etma!
Ey Tangri, karam ayla, javonmardlarni
Muxtoju faqir etma — bu xil qasd etma!
64
G‘am-g‘ussa bilan hayotni tark aylash hayf!
Qayg‘u tig‘iga-da chap berib uxlash hayf!
Oftob gulidek bo‘lma bu dunyo bog‘ida,
Surmay g‘unchalik lazzatini gullash hayf!
65
Yotganni bu tuproq qatida ko‘p ko‘rdim,
Qotganni zamin zulmatida ko‘p ko‘rdim.
Kelganni visol mayin ichib ko‘rmadim-u,
Ketganni diydor hasratida ko‘p ko‘rdim.
66
Kim bizni siniq dilga muruvvat qilgay?
Kim aybu gunohimiz kaforat qilgay?
Biz qancha mazorlarni ziyorat qildik,
Kim bizni mazorimiz ziyorat qilgay?..
67
Ey do‘ct, agar jon tilasang, bergum jon,
Qar neki aziz, ayt, uni aylay qurbon.
Ey kofiri berahm, esang men birlan,
Zunnor taqib belga, berarman iymon.
68
Otashki, alanga uradi — siynam o‘sha,
Daryo necha to‘lqinlanadi — diydam o‘sha.
Ko‘z tashla: kulol qo‘lidagi loy kecha
Inson edi — biz bilan edi mahram o‘sha.
69
Me’mori azal qasr ila ayvon aylar,
Bo‘lgay-da yasab, so‘ng uni vayron aylar.
Har toqiki, yetgan edi bul kun ko‘kka,
Ertan yana tuproq ila yakson aylar…
70
Davron g‘amidan ko‘zimni giryon ko‘rdim,
Har ranju balo borki, bearmon ko‘rdim,
Nuh mingga kirib, ko‘rgan edi bir to‘fon,
Men Nuh emasam-da, mingta to‘fon ko‘rdim.
71
Filning kuchi senda bo‘lsa ham mo‘rdek bo‘l!
Har ikki jahon mulki bilan o‘rdek* bo‘l!
Ko‘rsang-da hayotda aybini har kishining,
Hech narsani sezmaguvchi bir ko‘rdek bo‘l!
_____________
* O‘r — yalang‘och.
72
Yoding ila har zamon ko‘ngil toza bo‘lur,
Tong yelida chunki gulsiton toza bo‘lur.
Diydoring hayit erur — uni ko‘rganda
Xotir xushu dil xurramu jon toza bo‘lur!
73
Ey xoja, jahon ma’nisidan yo‘q xabaring,
Kunduz-kecha tortar o‘ziga siymu zaring.
Dunyoda kafan erur faqat dastmoyang,
Malum emas, ammo o‘shani ham etaring…
74
Qurboni muhabbat bo‘lamiz, ishq — kafan,
Dard ilkida o‘sdik, malomat — vatan.
Firdavs ila jannatda sen o‘ltir, zohid,
Biz — bulbuli mast, bizga jahannam — chaman.
75
Tun — homilador, har neki tug‘sa — ko‘ramiz,
Charx aylanadi, har ne yo‘liqsa — ko‘ramiz.
Umr avvalida har neki keldi — ko‘rdik,
Umr oxirida ham nima boqsa — ko‘ramiz.
76
Aytmay sira olma kishining uyiga yo‘l,
Qadringni tushirma uzatib noniga qo‘l,
Minnatli kabobidan birovning doim
Qoq non ila suvingni baland qo‘yguchi bo‘l!
77
Olam fili qaytarolmagay shiddatimiz,
Dunyoni qilar sarosima shavkatimiz.
Joy olsa chumoli safimizdan nogoh,
Bir lahzada sher aylar uni davlatimiz!
78
Yomonning sira hatlama ostonasidan,
Eb tushma tuzog‘iga tag‘in donasidan.
Uq rostligidan bilib kamonni egri,
Ko‘r qochishini shitob uning xonasidan!
79
Oqil sira his-tuyg‘uga bo‘lmaydi asir,
Zar qadri pasaymaydi hasad birla, axir.
Nomard — it esa, mardning qiyosi — daryo,
Bulg‘anmadi it tegsa-da, daryo baribir!
80
Bir yori vafodor kishi yo‘q olamda,
Dil mahrami mehribon topolmay g‘amda.
Inson zotidan kutma vafo — asli azal
Bo‘lmaydi vafo rasmi bani odamda.
81
Ko‘rdim uzoqdan u labi purxandang,
Ozod edim, tag‘in bo‘libman bandang.
Har bandaki, ozod erur — shod erur,
Men shodman angakim, bo‘libman bandang.
82
O‘ldim ko‘milib ming g‘amu hasratga, netay?
Loyiq emasam mehru muhabbatga, netay?
Keltirdi yuzing hajri nadomat, afsus,
Diydoring esa qoldi qiyomatga, netay?
83
Sho‘x dilbarimiz shirinmaqollik qilgay,
Yuz ishva bilan qoshi hilollik qilgay.
Nim jilmayib ul og‘zining bir burchi bilan
O‘p deb, meni joy go‘yoki xoli qilgay…
84
Davronki, hunar g‘ayri jafo yo‘q unda
Ham ahli vafodan oshno yo‘q unda.
Men it bo‘layin vafosi bor kimsaga, bas,
It yaxshi kishidanki, vafo yo‘q unda.
85
O‘z nafsiga kim bo‘lsa amir, uldir — mard,
Hech kimsaga bo‘lmasa asir, uldir — mard.
O‘tmak sira mag‘lubni tepib mardlik emas,
Tutsa qo‘lidan zabunni er, uldir — mard.
86
Ul ishq biyobonida yurmoq mushkul,
Oyoqni yig‘ib ham yana turmoq mushkul.
Eng mushkuli ulki, hamma yerda, har dam
Yoring-ku ayon, lek uni ko‘rmoq mushkul.
87
Ey charxi falak, zamonai dunparvar*,
Egri yurishing to‘g‘ri uchun xavfu xatar.
Nodon ulug‘, oqil-chi, oyoq ostida gar,
Bo‘lsin bu kabi charxi falak zeru zabar!
___________
* Dunparvar — yomon, razil kishilarni tarbiya qiluvchi.
88
Gul ko‘rkda seni toq, deb o‘zin o‘ldiradi,
Ul lola qaro dog‘, deb o‘zin o‘ldiradi.
Ko‘rganda jamoling nurini hatto sham’
Mendan o‘sha porloq, deb o‘zin o‘ldiradi.
89
Sevgi g‘amini, dilim, tamanno qilding,
Xalq ichra o‘zingni necha rasvo qilding,
Ko‘ngil, deya mayli guli ra’no qilding,
Har kunda bo‘lak gul labini vo qilding*.
____________
* Vo qilmoq — ochmoq.
90
Ey, dil, sira atlas to‘pini qilma havas,
Tark aylama eski-tuski kiymakni-da, bas,
Gar istasang yengil kechishin ushbu hayot
Hech bo‘lma qaram o‘zgani qoshida, abas!
91
Tutdik necha yil ilm ila daftar payini,
Etdik necha yil ziynatu zevar sa’yini,
Qay kunki, tushundik dahri dunning ra’yini,
Kechdik baridan ichib bu rindlik mayini!
92
Bul charxi falak ichinda biz bechora,
Fonus bilibon uni — qilib nazzora,
Oftob charog‘ bo‘lsa, jahondir fonus,
Qoshida qo‘g‘irchoq kabi biz ovvora.
93
Ko‘z ochdi sahar chog‘ida nargis, lola
Ham tong qushi aytar edi aylab nola:
May ichki, hayotni tark etursan bir kun,
Uyg‘on, hali tuproqda yotursan vola…
94
Hech berma jahonning do‘stligiga xotir,
Kindan bo‘lagi bo‘lmagay undan zohir.
Yuz yil yashasang-da, oxiri kelgay marg*,
Yuz mulkni egallasang-da, hechdir oxir…
_________
* Marg — o‘lim.
95
Dunyoda mudom topgil-u bir dono, o‘tir,
Yo izlayu bir nozli sanam, zebo, o‘tir.
Gar senga muyassar o‘lmasa ikkisi ham,
Vaqtingnni sovurma yelga-yu, tanho o‘tir.
96
Ko‘z tegmasin ul nargisi shahlosiga!
Ko‘z tegmasin ul la’li maypaymosiga!*
Yolg‘iz tilagim bor — qabul etsin Xudo:
Ko‘z tegmasin ul qomati zebosiga!
____________
* Maypaymo — soqiy.
97
Biz tangrini yod etib, biyobon ketdik,
Tan olamidan kechib, jon tomon ketdik.
Naq yetmish ikki yil tunu kun fikr etdik,
Sargashta bo‘lib keldig-u, sarson ketdik.
98
Shohlik tilasang, gadosi bo‘l xalqingning!
O‘zni unut-u, fidosi bo‘l xalqingning!
Boshiga ko‘tarsin, desang, el toj yanglig‘,
Qo‘lin o‘p-u, xokiposi bo‘l xalqingning!
99
Pok etgali tiynatimni bo‘ldim mashg‘ul,
Boqdim, unga qay damki tiniq tortdi ul.
Tog‘-tog‘ gunohimni ko‘rib oyinada,
Aybini birovlarning unutdim butkul.
100
Kelganda ajal yor jonini olmoqqa,
Bir yig‘ladim-ey… tushdi bulut titroqqa.
Qabr ustiga kim kelsa, dedi bosh chayqab:
«Shundoq nozanin hayf bu qaro tuproqqa!»
101
Erta g‘amini chekma, azizim, bir dam,
Har lahza g‘animat — uni o‘tkaz xurram.
Jon chiqsa yotarmiz-da necha ming yillik
Ajdodlarimiz bilan baqamti biz ham…
102
Topsang-da o‘lim parvosi yo‘q dunyoning,
Qadri shumi sen kabi malaksiymoning?
Hayron qoldim ko‘rib Azroil ishini:
Qilt etmadi bir tuki olarkan joning…
103
Nomai a’molda bormi mazmun, so‘ray?
Bul narsani qandoq so‘ray, chun so‘ray?
Yaxshisi ko‘kragimdan bir darcha ochib,
Qonli yuragimdan bu hol sharhin so‘ray…
104
Tuz qolmadi taqvoda, maza parhezda,
Yo‘q ta’mi gunohning-da, base, shul kezda.
Suv yuvgan esa gar tuzini hammasining,
El oldi mazasini ularning tezda.
105
Dil ichra qaro tugun misoli lola,
Og‘zi kabi g‘unchaning ko‘zim liq jola.
Ko‘nglimga to‘kildi barchasi, doiraning
Zango‘lasidek quloqqa to‘lmish nola.
106
Tuz yo‘q bu jahonda shu kecha-kunduzda,
Na yer tubi, na ko‘k toqida — yulduzda.
Tuz konlari tuzga konligidan tuzsiz,
Oh, bu ne zamonki, tuz yo‘q hatto tuzda?!
107
Har gulniki, orzu qo‘lida ko‘rgayman,
Yor bog‘ining ul hosili-da, ko‘rgayman.
Hijron qadahidan ichganim har tomchi —
Qon rangini qirmiz la’lida ko‘rgayman.
108
Oh cheksang agarda, yo‘lga tikkil ko‘zni,
Choh yonidan o‘tsang, ehtiyot qil o‘zni.
Do‘stlar uyida qachonki mahram bo‘lsang,
Odobini buzma dilu qo‘lu ko‘zni.
109
Ko‘z tashla bu yo‘lga: rahnamolar ketdi,
G‘aflatga qo‘yib seni oshnolar ketdi.
Ul qavm muvofiqu yaqin erdi senga,
Ul qavm o‘tib, senga fidolar ketdi.
110
Har uzvi zaminning dilidir dononing,
Lab yo tish erur zarralari dunyoning.
Har sunbulu gulki, bosh ko‘targay yerdan
Zulfiyu yuzidir u guli ra’noning.
111
Yuz bo‘lsa jahon — rangini sendan olgan,
Aql ersa ariq — suvini o‘zing solgan.
Shabnam kabi o‘tkazma kulib umringni,
Chun bog‘chani rangu bo‘yi sendan qolgan.
112
O‘t o‘rnini qishda bosmagay gul nafasi,
Bir parcha kigizga yetmagay Rum atlasi.
Tingla so‘zini Mahmudi Puryorvalining
Bexayr kishi lo‘li xotincha emas-e!
113
Zargarbacha ko‘rsatdi yo‘lin Miltonning,
Qoidasidan berdi xabar sultonning.
Qo‘shdi el igaonchi kuchga-kuch — ko‘rmasman
Bir arpaga teng Cho‘nai Hindistonni!*
_____________
* Cho‘na — Hindiston podshohi Ray Ropoy Cho‘na.
114
Bo‘ldi bo‘larim g‘am zahri — hajr og‘usida,
Ko‘z ochsam agar qovrilaman qayg‘usida.
Ming andishada qo‘ysam oyoq ustiga bosh,
Ruxsorini ko‘rgum tizzaning ko‘zgusida.
115
Xush umring ayol og‘ushida gar o‘tadi,
Ellar cho‘l etagiga urib bar o‘tadi.
Har oni bahorning g‘animat, zavqin sur,
Bizdan-da keyin qancha bahorlar o‘tadi!
116
Ko‘z yoshi bilan ko‘nshlni yuvdim butkul,
Bor gardi ketib, ko‘zgu kabi porladi ul.
Ashkim kudurat gardini ham ketdi yuvib,
To yig‘ladim aylangunicha ko‘zguga dil.
Ergash Ochilov tarjimalari
* * *
Haq do‘st deya kim tortsa fig‘on do‘st – chin do‘st,
Qilguvchi ibodatni nihon do‘st – chin do‘st.
Ko‘z-ko‘zlama hech berganu olg‘on noning,
Non do‘sti emas, aslida, jon do‘st – chin do‘st.
* * *
Deyman meni asra har nafas zor, ey dil,
Yo‘q meni bor et, to o‘zing bor, ey dil.
Bilmasa gar Haqni, axiyr, olg‘ay tan,
Haq taniganga bo‘lsa kim yor, ey dil.
* * *
Nafsingni yengib, sen unga shoh bo‘l – mardsan,
Kimsasi yo‘qlarga panoh bo‘l – mardsan.
Nomard tepibon o‘tar yiqilg‘onlarni,
Miskin va g‘aribga poyigoh bo‘l – mardsan.
* * *
Umrning ma’nisi ne, menga de, – dedim,
Yo sha’m, yo chaqmoq yoki parvona, – dedi.
Dunyoga umid bog‘lasa kimki, ne, – dedim,
Yo mast, yo ahmoq yoki devona, – dedi.
Matnazar Abdulhakim tarjimasi