Abulvafo Xorazmiy (?-1432)

Muqaddas Xorazm zaminidan ko‘plab dunyoga mashhur aziz-avliyolar, olimu adiblar yetishib chiqqani ma’lum. Bu buyuk zotlar silsilasida Xoja Abulvafo Xorazmiyning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Alisher Navoiy bir qator asarlarida uni alohida hurmat va ehtirom bilan tilga oladi. Chunonchi, «Majolis un-nafois»da o‘qiymiz: «Xoja Abulvafo Xorazmiy… kibori avliyodindur. Xorazm xalqi g‘oyat malakiy sifotlig‘idin Xojani «Er farishtasi» derlar erdi va Xoja ulumi zohiriy va botiniyni takmil qilib erdi. Va tasavvufda yaxshi musannofoti bor va mashhurdurkim, ulumi g‘ariba ham bilur erdi, ammo andin zohir bo‘lmas erdi, balki g‘oyati tavajjuh va istig‘roqdin parvo ham qilmas edi. Advor va musiqiy ilmida dag‘i mahorati bor erdikim, risolasidin ma’lum bo‘lur. Xoja avsofini har kishi bitur bo‘lsa, alohida bir kitob bitmak kerak, ma’lum emaskim, bir kitobda ham siqg‘aymu yo yo‘q… Xoja ham Xorazmda olamdin o‘tti va muborak marqadi ham Xorazmdadur».
«Nasoyim ul-muhabbat»da yozadi: «Xoja Abulvafo xizmatlarig‘a tavhid arbobi va mavojid va azvoq ashobi so‘fiya mashoribidin shurbi tamom bor ermish. Andoqki, alarning rasoil va ash’oridan, bataxsis ruboiyotidin bu ma’ni zohirdur… Va alarning vafoti sakkiz yuz o‘ttiz beshda ermish…».
O‘zbek adabiyotshunosligida Xoja Abulvafo hayoti va ijodiga keyingi yillardagina e’tibor qarata boshladilar. Lekin hozircha bizda faqat Navoiy asarlaridagi ma’lumotlargagina tayanib, bu ulug‘ vatandoshimiz haqida fikr yuritish mumkin. Uning tarjimai holi bilan bog‘liq ma’lumotlarga ega emasmiz. Ilmiy-adabiy manbalarda Abulvafo Xorazmiyning «Lavoyihi asror» («Ravshanlik sirlari») va «Nasr ul-javohir» («Nasr durdonalari») nomli ilmiy-tasavvufiy ruhdagi risolalar yozganligi to‘g‘risida ma’lumot beriladi. Lekin u ko‘proq ruboiylari orqali mashhur bo‘lgan. Taniqli afg‘on adabiyotshunos olimi Najib Moyil Hiraviy Tehronda nashr etilgan «Dar shabistoni irfon» («Irfon xilvatxonasida») asarida Xoja Abulvafo haqida ham muxtasar gapirib, uning 146 ta ruboiysini ilova tariqasida keltiradi. Bu ruboiylar Tehron Milliy kutubxonasida 306 raqami ostida saqlanayottan «Jungi asrori irfon» («Irfon sirlari daftari») to‘plamidan olingan. Tehronda chop etilgan «Ruboiynoma» to‘plamida esa shayx-shoirning 98 ta ruboiysi berilgan.
Abulvafo Xorazmiy ruboiylari vahdat ul-vujud ta’limotining she’riy ifodasi hisoblanadi. U tasavvuf nazariyasi talab-qoidalarini nazm yo‘li bilan bayon qilib bergan. Bu dunyoning o‘tkinchiligi, nafs va jismning Haq yo‘lida to‘siqligi, haqiqiy hayot Olloh huzurida ekanligi, buning uchun kamolot kasb etib, xulqini poklab, komillik martabasiga erishish zarurligi, Olloh haqiqatlar haqiqati ekanligi, uni aql bilan anglab bo‘lmasligi, faqat yuksak maqomga ko‘tarilgan ko‘ngil holi bilan uni tanish mumkinligi, Olloh ehtiyojsiz zot ekanligi, bu dunyoni oshkor qilib, o‘zini pinhon tutganligi, banda ko‘ngliga ilohiy ishq Ollohning o‘zi tomonidan solinishi, o‘zini bilgan hoyu havasga qul bo‘lmasligi, darveshlik, zavqu talab, dardmandlik, faqru fano, Haq yo‘lida o‘zni unutish, nomu nishonsizlik va boshqalar Abulvafo Xorazmiy ruboiylarining asosiy mavzulari hisoblanadi. Xos so‘fiylardan bo‘lgan shayx-shoirning ruboiylarida ilohiy ishq tarannumi yetakchi, majoziy muhabbat tasvirini deyarli uchratmaymiz.

1

Ish avvalida kechish keraqdir jondan,
Ko‘ngildagi barcha orzuyu armondan.
Har ikki jahonni(ng) maqsudi bo‘lgaysan,
Pok bo‘lsang-u, ko‘ngil uzmasang jonondan.

2

O‘z hoyu havaslaringni bilma ma’bud,
Ey dil, bu tiriklikdan emas chin maqsud.
Behbud* nimadir sening uchun? Bilgilki,
Behbudni etish tark haqiqiy behbud.
________
* Behbud — ezgulik, salomatlik, xushahvollik.

3

Har kimsa asiri nangu nomdir* hanuz,
Ishq yo‘lida, bilki, notamomdir* hanuz.
Bir dil bu faqirda borki, ishq otashida
Yillar osha o‘rtansa-da, xomdir hanuz.
_________
* Nangu nom — sharaf va nomus.
* Notamom — qusurli, komil emas.

4

Ul kimsa tiriklikka ekan to bandi,
Sevgi mayi zavqining emas payvandi.
Raqs ayla qutulgan esang o‘z nuqsingdan,
Qarsak chal agar qolmasa o‘zlik bandi.

5

Dedim: «Malako, men — osiyu nomasiyoh*,
Sen balki gunohimni kechirmaysan, oh!»
Dediki: «Hayotsan — shu o‘zi katta gunoh,
Aybing shu tirikligingdadir, ey gumroh!»
________
* Nomasiyoh — yomon amallar qilgan, gunohkor.

6

To o‘gmas ekan jonu jaxrndan, ey dil,
Bu joni jaxrn yuzini ko‘rsatmas, bil:
To boxabar o‘zdan-u, gumondan xorij —
Turli-tuman olamdan erursan g‘ofil.

7

O‘z xohishicha hech kipga darvesh bo‘lmas,
Ul ko‘ngli qattiq yor ishqiga esh bo‘lmas.
O‘z-o‘ziga qul — kimki havasga banda,
Ozod kishi o‘z-o‘ziga qul hech bo‘lmas.

8

G‘am dastida har kimki giriftoru zabun,
Bilsangiz agar bois unga himmati dun.
Bas, mehnatu dard ilan bo‘lur har dil shod,
Har aql jununga yo‘llamas, inchunin.

9

Xomush bo‘l-u, har turfa muloqotdan kech,
So‘z yo‘li bilan begonaga to‘lgay ich.
Dil — Haq uyi, doim eshigin yopgil zich,
Haqdan bo‘lak unda tutmasin manzil hech.

10

Darveshlik uchun zavqu talab lozimdir,
Ilmi vara’u* holu adab lozimdir.
Ming ranju riyozatga tutinib ulfat,
Tarki hama rohatu tarab lozimdir.
__________
* Ilmi vara’ — taqvodorlik va parheyakorlikka oid talab-qoidalar majmui.

11

Har mahrami roz ko‘nglida sirring pinhon,
Noil seni(ng) rahmatishta har bir inson.
Har kimki eshigishta kelarkan nolon,
Mahrum eshigingdan qoladirmi hech jon?

12

Ul mard etar orzu go‘yini* maydondan,
O‘ynar go‘ydek yetsa-da zaxm har yondan.
Bo‘lgay yana shod u zaxmning lazzatidan
Ham shukriga bu zaxmni(ng) kechgay jondan.
___________
* Go‘y — chavgon o‘yinida o‘ynaladigan to‘p. Go‘y etmoq — biror soqada ilgarilash, golib bo‘lish, afzallik qilish.

13

Jahd ayla hamisha to diling dil bo‘lsin!
Qirq yorguchi qilni komiling dil bo‘lsin!
Gar homili* daftar bo‘lmasang ishq ichra,
Yuk bo‘lgil-u, ammo homiling dil bo‘lsin!
____________
* Homil — yukli, yuk ko‘garuvchi, olib boruvchi.

14

Sen o‘z vujudingdan kech-u, mavjud bo‘lma,
Shodlikni-da qo‘y, moyili behbud bo‘lma.
Har kimki ziyon qilmasa, sud ham ko‘rmas,
Qilmay to ziyon xomtama’i sud bo‘lma.

15

Ozod bo‘l-u, ey dil, u-yu bundan kechgil,
Qul bo‘lma vujudga sira, jondan kechgil.
Kam bo‘lsang agar fazlu hunar sohibisan,
Yo‘q bo‘lgil-u, har belgi-nishondan kechgil.

16

Jon tolibi bo‘lsang, hama jonsan, ey dil,
Gar tan tilasang, tan shu zamonsan, ey dil,
Aksing nimada bo‘lsa, shu yonsan, ey dil,
Bu xush yuz ila ikki jahonsan, ey dil!

17

To mehnatu dard ichra ishing sabr ermas,
Bor, faqru fano nomasini tay et, bas.
So‘z ochma suluku tarku tadrijdan kech,
Aylanma bu so‘zlar atrofida, xullas.

18

Tun yarmida yor xayoli bo‘ldi mehmon,
Dedim: «Dilu jon senga fidodir, jonon!»
Dedi: «Dilu jon, axir, sening mulkingmas,
Himmat qilish o‘zgalar molidan oson».

19

Yor fikri hamisha rohati ruhu badan,
Yor zikri hamisha lazzati komu dahan.
Vaslishta vasila* bo‘lsa bu umrim agar,
Umrimni hisoblamang sira vaslai* tan.
__________
* Vasila — vosita, sabab, bahrna.
* Vasla — yamoq.

20

Ey, sen mudom sevgili jononimsan,
Jonimsan-u, dilda sirri pinhonimsan.
Sog‘ bo‘lsam agar mudom tanimga quvvat,
Dard yetsa agar dardima darmonimsan.

21

Nodonlik erur tilda qilish ishqni bayon,
Ko‘z o‘rnini so‘z chunki bosolmas, bu — ayon.
Bo‘lmas bilib ishq haqiqatin aql ilan,
Ko‘rinmas, axir, sham’ ila xurshidi jahon.

22

Ishqing menga junun sari yo‘l ko‘rguzdi,
Dildan jami bog‘liqlik ipini uzdi.
Ishq davlati deb hasadga bo‘ldi nishon,
Rohat edi qismat menga ne g‘am yozdi.

23

Har kimga maqom o‘lsa agar ko‘yi junun,
Ozod u «Nimaga?»dan-u, demas «Ne uchun?»
Ma’lumdir uning bor aqlu idroki butun,
Chun aybu qusurdan xolidir ishqu junun.

24

Biz ming ishqu ishrat qonini sochgaymiz,
Ranju balo, faqru dardga dil ochgaymiz.
Kuyganmiz-ey andoqki, kuyish lazzatidan
Jannat to‘ridan do‘zax sari qochgaymiz.

25

Ul kimsaga bandaman — balodan qochmas,
Ishq masti bo‘lib, aysh qonini to‘kkay, bas.
Qo‘zg‘olsa zamin-u, cho‘ksa-da charxu falak,
Buzmas pinapshi sira, parvo qilmas.

26

Darmon tilama, dard qidir, ey miskin,
Dard bo‘lmasa, darmonni topilmog‘i qiyin.
Miskinligu nomuroddigu dard izla,
Miskinlaru dardmandlar ila bo‘l yaqin.

27

Darmonni netarsan, avvalo dard so‘ra,
Bedardlik azal bedavo darddan ko‘ra.
Dil olguchiga dilingni izmini bera,
Ishq atrofida kezipshi bas qilma sira.

28

Umringni ibodatga qurib, ey jo‘mard,
Olloh yo‘lida bo‘lsang agar komilu fard.
So‘zimni eshit, bilsang o‘zing mard aro mard:
Bo‘lsin kecha-kunduz rafiqing dard, yana dard!

29

Bermam bu g‘amu g‘ussani darmonga sira,
Bu faqrni-da mulki Sulaymonga sira.
Bu faqru fanoni olmadim arzon, bas,
Qimmatni alishmagayman arzonga sira.

30

Tutmoq kerak ul haqiqiy olamda vatan,
Bundan-da yaqin bo‘lamiz unda sanu man.
Qat aylagamiz ming yillik yo‘lni har on,
Bevositai zamonu bezahmati tan.

31

Tor olamidan tiqildi bo‘g‘zimga bu jon,
Xalq suhbatidan oshdi figon, oshdi fiyun.
To‘ydim o‘zim-u, nomu nishondan, zero,
Men kelgan o‘shal jahrnda yo‘q nomu nishon.

32

Bechorayu noumidu ko‘ngli reshman,
Nodonligu hayronligu za’fga eshman.
Darvesh atayin o‘zimni qay xislat ila?
Darveshmas-u, xoki poyi har darveshman.

33

O‘z orzularimni qay kuni tark etdim,
Erdan uzilib, yetti falakka yetdim.
Sen maslahatim yaxshi qabul qilgaysan,
Ol maslahatim — men uni senga tutdim.

34

Bo‘lganda ishimning izmi qo‘limda agar,
Yorim sochidan-da chuvalar erdi batar.
Mening o‘z ishimga nazarim bo‘lsa edi,
Qilmasmidi u ishimga bir zarra nazar.

35

Ko‘z yoshing agar kumush, yuzing zar bo‘lsa,
Jam mulki bilan taxti Sikandar bo‘lsa,
Sendan-da xotirjam kishi yo‘q olamda,
Haq hukmi bilan amnu rizo gar bo‘lsa.

36

Bor ushbu jahondan o‘zga chin, asl jahon,
Bo‘lmas uni til birla qilib sharhu bayon.
Bas, barcha sabablar sababi ul yerda,
Lekin uning o‘zi besababdir begumon.

37

Etgay bekaron u zotdan haddu karon
Qam olamu benishondan nomu nishon.
Ul yerda agarchi na zamon bor, na makon,
Ul yerdan yetar bizga makon birla zamon.

38

Shodlansam-u, misli charx charx ursam man —
Qasdiga raqiblarimning arzir, zotan,
Bu zoti sifatlarki, faqirda mavjud,
Pok zoti sifotidan Xudoning ravshan.

39

Dunyodagi hech narsa adamdan bunyod —
Bo‘lmaydi irodat aylamay sohibi dod.
Chunki u muridu boshqa bor narsa murod,
Mavjudligimizdan necha masrurmiz-u shod.

40

Bu dunyo aloyiqlaridan* ozodman,
Chunki Ruhi mutlaqdan azal bunyodman.
Mavjudligi bois Uni men mavjudman,
Har lahza o‘zimni(ng) borligimdan shodman.
___________
* Aloyiq — bog‘liqlik, aloqa, munosabat.

41

El rasmu rusumidan bo‘libman ozod,
Shundan murod vaqfida ko‘nglim obod.
Zohirda ko‘rinsam-da agarchi g‘amgin,
Botinda erurman ammo mamnunu shod.

42

Ey shohi jahon, sendan xushholman-u shod,
Har lahza Rasul ruhi meni aylar yod.
Aytar: yana ikki-uch kun hibs ichra yasha,
To jonu jahondan ruhing topg‘usi najot.

43

Ey sen jami ummatta maqsudu kamol,
Borliqtsan ulug‘, yo‘qlikdan pok, alhol.
Yo‘lingda sening aql erur diydai ko‘r,
Vasfingda sening nafs erur notiqi lol.

44

Majnunman, emas telba qalamga loyiq,
Bilmam hudusi qidam* ma’nosin ortiq.
Derlar yo‘qlik ziddi erur borliqning,
Yo‘qlik meni(ng) mazhabimda ayni borliq.
___________
* Hudusu qidam — koinotning azaliyu qadimiy ekanligi yoki keyin yaratilganligidan bahs etuvchi ikki nazariya.

45

Ushshoq joni zotingda sening mustag‘raq*,
Umring ikki harfidan bu dunyo mushtaq.
Ozodligu qaydingni* ayon etsang-da,
Ne holki, muqayyadsan-u* hamda mutlaq.
______________
* Mustag‘raq — g‘arq bo‘lgan, o‘zligini yo‘qotgan.
* Qayd — bog‘lanish.
* Muqayyad — bog‘liq, giriftor, vobasta.

46

Kim vodiyi hayrat ichra tushdi mendek?
Aqlu dilu dini yelga uchdi mendek?
Kufr o‘ldi butun dini-yu, kufri esa din,
Har ikki jahonidan-da kechdi mendek?

47

Zamonu makondan u munazzah* turgay,
Er-ko‘k Uni(ng) husni shavqidan charx urgay.
Asmoyu* sifoti o‘y-xayoldan yuksak,
Af’olu fazilati gumonni surgay.
__________
* Munazzah — pok.
* Asmo — ismlar.

48

Ham yor O‘zing menga, ham ag‘yor O‘zing,
Begona O‘zing, mahrami asror O‘zing,
Dard berguchi zor dilga dilafgor O‘zing,
Ham sihhati jonu dili bemor O‘zing.

49

Har ko‘zguda husning jilvagardir, yohu,
Ey Sen o‘zining husniga o‘zi ko‘zgu.
Har ko‘zda jamolingni o‘zing ko‘rgaysan,
Har tilda kaloming-da jaranglar ezgu.

50

U bo‘lmasa, bo‘lmas edi har ikki jahon,
Yuksak U xayol bilan gumondan begumon.
Har zarrada bo‘lsa-da ayon U harchand,
Ammo nishoni shuki, yo‘q Unga nishon.

51

Zoting seni, ey Tangrim, har zotda nihon,
Zoting tufayli poydor ikki jahon.
Biz — bitta yuzing, sening yuzingdir ikki —
Bu yuzni buyon burasan, u yuzni uyon.

52

Qilganmidi pashsha hech zamon filni shikor?
Ummonni simirganmi va yokim butimor?*
Yo‘l ochmasa o‘ziga qilib jonni nisor,
Olam shohining zarra bilan ne ishi bor?
_________
* Butimor — baliqchi qush.

53

Yo‘ldan yetishdik necha masrurlar,
To‘y bizga mudom ranju baloyu sho‘rlar.
Diydor agar naqd esa, bizga ne ziyon,
Diydori agar qilsa-da bizni ko‘rlar…

54

Po‘choq kabi bir boqsa jahon — maqbul emas,
Bir boqsa mag‘iz kabi u yaxshidir, abas.
Biz balki yomon dunyo tomonidan, lek,
Haq nurini idrok etsa, kim yaxshi demas?

55

Qalb qo‘zi-la boqsang ezgudir bor olam,
Chunki yo‘q O‘zidan o‘zga yotu hamdam.
Biz deb qarasak jahonni — hammayoq g‘am,
U deb qarasak jahonni — barcha xurram.

56

Harchand vujud quyopshi(ng) soyasidir,
Shaxs bo‘lmasa ul soya topolmaydi zuhur.
G‘ayb olamida shaxs — Xudoning ismi,
Zoti Uning oftobu jahon soya erur.

57

O‘zlik sari boshlangusidir o‘zdan yo‘l,
Haq qo‘llamasa, bu yo‘lni o‘tmak mushkul.
Oydan bexabar esak-da biz, ammo ular
Avvalgisidan keyingisi ogoh, bil.

58

Sendan senga borar yo‘l bepoyondir,
Joning sening tandir, yana unda jondir.
Bas, arshi majid ul lomakon bahri aro
Go‘yoki sadafu gavhari insondir.

59

Er tegrasida falakni ko‘r sargardon,
Raqs aylamagay jism agar yo‘qdir jon.
Bu charxu zaminga kuch berar joni jahon,
Ul joni jahon madad olar Haqdan ayon.

60

Ul jonu jahon nechun ko‘zdan nihon?
Dil ichra vale misoli oftob ayon.
Yo‘q, yo‘q, g‘alat aytdim, har nima qo‘rsam — Ul,
Chun mazhari zoti Uni(ng) zarroti jahon.

61

Oh-zori bedillar dilining bo‘lsa-da ming,
Dil pardasidan hech ko‘rsatarmi yuz, deng.
Tavhid sirin qalam bilan yozmoqlik —
Jon ko‘zini tirnamoq tikan birlan teng.

62

Bir lahza eshit oshufta oshiq qalbin,
Bu nuktani hal qilgan emas Aflotun.
Olam jamu senda, sen bu olamda vale
Tinglab meni na nega deyarsan, na chun?

63

Qo‘lingda agarchi mulki Iskandaru Jam,
Qul aylamasin seni sira siymu diram.
Olam jamu senda, sen jaholat ichra,
Olamda deb o‘zni qilasan his chinakam.

64

El suhbatidan chekkaga olgil o‘zni,
O‘ltirma qayergaki tikar el ko‘zni.
Azbaski, kishi bilmasa o‘z sohibini,
Mashhurligi hech — unutmagil bu so‘zni.

65

Bosh og‘rig‘i ko‘p avomni, mo‘l ranji xavos*,
Bul ikkisidan topmadi aql ahli xalos.
Majnun bo‘l-u, aql istama-yu, ayla qabul
Ixlos ila bu so‘zniki, ermas beasos.
________
* Xavos — xos kishilar, ulug‘ zotlar.

66

Hal bo‘lmagay el birla ishing hech berayb*,
Xoh ahli hunar bo‘lsin-u, xoh sohibi ayb.
Yoqangga tikib boshni huzur birla o‘gir,
Ne tuhfa hozirlashini kut olami g‘ayb.
_________
*Berayb — beshubxa, beshak.

67

Lof ursam agarki, men bilan ul shahzod,
Ul asl murod kullu bu kulli murod.
Hajri g‘amidan cheksam agar oh-faryod,
Xirmoni visolini berurman barbod.

68

Sen bir yashirin g‘amga makonsan, ey dil,
Kim tal’atidan oyu quyosh ham xijil.
Umring-ku ado bo‘ldi butun yor izlab,
Undan vale bebahrasan-u ham g‘ofil.

69

Yor noxunidan* qo‘yinda go‘yoki rubob —
Yangrar vale undan bexabarman, ne azob?
Go‘yo turib ot ustida oti yitgan,
Yo suvda turib suv qidirar bag‘ri kabob.
__________
* Noxun — tirnoq; mizrob.

70

Komil kishilar suhbatini ista mudom,
Muqbil* kipshlar birla o‘tir, tingla kalom.
Qop-qora o‘tin nur o‘ldi yor suhbatidan,
Insonga yaqin bo‘ldi-yu, jonlandi taom.
___________
* Muqbil — baxtli, saodatmand.

71

Sen soyaga boq: shu’ladan izlaydi visol,
To soyaligicha qolsa u — vasl mahol.
Gar soya vujud zulmatidan topsa xalos,
Nur bo‘lg‘usi, qolmay nuqsi topg‘usi kamol.

72

Majnunman, adab bo‘lmasa gar ma’zurman,
Devonayu rasvolik ila mashhurman.
Uzimdamas ixtiyorimu majburman,
Maqbulu shu holatim, o‘zim masrurman.

73

Ishq so‘zidan o‘zga so‘zni so‘zlama — qo‘y,
Bizdan adabu axloqni izlama — qo‘y.
Biz go‘ymiz-u, qudrati Uning chavgondir,
Gar tegmasa chavgon, harakat qilmas go‘y.

74

Markab senga tan, maqsadi tanni angla,
Bas, rokibu markabi badanni angla.
O‘zingcha Xudo qoshiga eltolmassan,
O‘zni unut-u, o‘zlik, ya’ni «manshi angla!

75

Borgan sari o‘z-o‘zimga hayrondirman,
Chunki o‘zim o‘z ko‘zimga pinhondirman.
Bas, hammasi — Sen, shu jumladan, men ham, lek,
Hech narsani bilmaguvchi nodondirman.

76

Ey, Sen men emas-u, men-da Sen ermasman,
Ham jonsan-u tanda, ham na jonsan, na-da tan.
Mushrik bo‘lar ul — ko‘rsa bo‘lakni Sendan,
Kofir bo‘lar ochsa o‘zga mavzuda suxan.

77

Sen jonu jahonsan-u, na jonsan, na jahon,
Paydo-yu nihonsan-u, na paydo, na nihrn.
Gar olmasa qamrab nimani aqlu bayon,
So‘z mavzui hech qachon bo‘lolmas u — ayon.

78

Bor garchi qulog‘imiz — baliqdek karmiz,
Ko‘zimiz ochig‘-u, ko‘rdan battarmiz.
Bas, uyqu-yu bedorligimiz bir xildir,
Suvratni sevib, mohiyat istarmiz.

79

So‘z dengizi ko‘nglimda mening ursa-da jo‘sh,
Tun-kun yuraman baliq kabi jim, xomush.
Ul mahrami roz tinglar ekan rozimni,
Na til unga zahmat, na quloqdir tashvish.

80

Ishq — menga imom bo‘lsa, sukut saklash — din,
Topdim shu sukut orqasidan nuri yaqin.
Og‘zimni qaro tuproqqa to‘ldiring-ey,
So‘z ayttali ochsam og‘iz shundan-da keyin.

81

Sen aqli kullu xoliqi har bir jonsan,
Yo‘q so‘zga o‘rin, sababki, yuz chandonsan.
Yuzing seni ham nur-u, hijob ham o‘zi,
Shundan O‘zing paydo-yu, O‘zing pinhonsan.

82

Ko‘zingga agarchi shakl bisyor keldi,
Qilsang e’tibor: bittasi takror keldi.
Bor bo‘lsa amal qudrati bizda — U sabab:
Haq bizda etib o‘zin namudor* keldi.
___________
* Namudor — namoyon.

83

Ey, men Seni jondan-da yaqin bilgayman,
Vasfingga zaifligim tayin bilgayman.
Binoligi ko‘zimni-da sen — ko‘rgayman,
Donoligi aqlimni-da sen — bilgayman.

84

Sendan sira bo‘lmagum judo to borman,
So‘zimga dalil shukim: tole’ga yorman.
Zotingda ko‘rinmasa, ne tong, bu zarra,
Nuringda agar zohirman, bas, borman.

85

Ul o‘zi nihondir-u, jahondir oshkor,
Irfon ahli shohiddigi balki bekor.
Oshkoru nihon — barchasi O‘zi balki,
Haq ahliga Haqdan o‘zgasi ne darkor?!

86

Ishqdan ishq umid qil, o‘zga maqsud tilama,
Kech jonu jahondan-u, behbud tilama.
Har kimki ziyon qilmasa, sud ham qilmas,
Qilmay turibon ziyon, abas, sud tilama.

87

Jonimdasan-u, sendan uzoqman, jono,
Ko‘z nuri o‘zing, yuzing qilar ko‘r, ammo.
Bundan og‘ir ahvolga tusharmi kimsa:
Sen menda-yu, men senda emasman aslo.

88

Kimning dilida bir g‘ami pinhon bo‘lmas,
U misli tirik murdadir — inson bo‘lmas.
Bor, dard so‘ra — bedardlik illatdir,
Bir dardki, unga sira darmon bo‘lmas.

89

Aql ahlini so‘ziga quloq tutsa mudom,
Borliq faqat adamda mavjud — tamom.
Yo‘q bo‘lmas ekansan, bor ham bo‘lmaysan,
Borliq deganiga aslida yo‘qlik nom.

90

Majnunman-u, Layli hididan mast o‘ldim,
Sochi kabi oshufta, parishon bo‘ldim.
Hamxonaman unga-yu, ko‘zimdir bog‘liq,
Diydorini bir marta ko‘rolmay so‘ldim.

91

Bir kuni dedimki: «Ey Xudovandi jahon,
Bu ranju azob tugarmi — qiynaldi-ku jon?
«Bu ranju azob qadrini to bilmas ekan,
Shu ranju azob dastidan o‘lgungdir ayon».

92

Qildim gunoh — uzri o‘zidan battar, oh,
Noto‘g‘ri bu uch da’vo sabab men — gumroh:
Da’voi vujudu talabi quvvatu fe’l,
Lo havlu va lo quvvatu illo-billoh.

93

Oyot O‘zing, sohibi oyot O‘zing,
Asrori nihonni bilguchi zot O‘zing.
Tolib seni xoh bilsa-yu, xoh bylmasa-da,
Matlub O‘zing, maqsudi nihoyot O‘zing!

94

Ko‘rgil, nima topdi ishqdan aqli salim,
Men — Xizri zamon, sen esa — Musoi kalim.
Olmoq esa orzu suhbatimdan bahra,
Bildirma-yu e’tiroz, ko‘rsat taslim.

95

Sendan ham umidvorlig-u, ham komi murod,
G‘am g‘amzadadir sendan-u, shodlik esa shod.
Har qayda eshik bo‘lsa ochiq yo yopiq,
Amringsiz u na basta bo‘lar-u, na kushod*.
_________
* Kushod — ochiq.

96

Kashf aylamak aql uchun siri g‘aybni mahol,
Aql parda ortida etdi ishqdan savol.
Mavjudligi darveshni hijobdir o‘ziga,
Mavjudligi mahv o‘lsa, nasib vaslu visol.

97

Bu nuktani anglash biz uchun noimkon,
Bu sirni yecholmay notavon dillar qon.
Bu turli-tumanlik bari bir ildizdan,
Bu turli-tumanlikka sababdir Rahmon.

98

Begonayu xeshga so‘zlama ishq dardin,
Eltar u ziyod ta’na-malomat gardin.
Yo‘q sabrdan o‘zga chorasi dil dardin,
Taslimu rizo deb angla najot shartin.

Ergash Ochilov tarjimalari