Sharl Van Lerberg (1861-1907)

Sharl Van Lerberg (Charles van Lerberghe) — belgiyalik shoir, novellist va dramaturg. Frantsuz tilida ijod qilgan shoirning ilk she’rlari 1886 yilda Parijda chop etilgan “Pleyada” jurnalida e’lon qilinadi. U “Yosh Belgiya”, “Valloniya” jurnallari bilan hamkorlik qilgan. Uning “Itoatkorlar” pesasi (1889) M.Meterlinkning simvolizm yo‘nalishidagi dramasi yaratilishiga turtki bo‘lgan. 1898 yilda Parijda chop etilib, shoirga shuhrat keltirgan “Xira xayollar” to‘plami simvolizm estetikasining yorqin namunasi hisoblanadi.

“YoPIQ BOG‘” poemasidan

5

Men bosh qo‘yaman bunda qalbingga sening,
Daryoda chayqalgan bahordek,
Daryo kengliklari aro,
Gul unmas u ma’voda,
Suv sathi uzra
Va shamolda erkin,
Nurli gullardan boshqa,
Ushbu entikishlarda jonli.
Men bosh qo‘yaman bunda qalbingga sening,
Dengiz qushidek,
Tolib go‘yo g‘ayratdan,
Qanotlarin yiqqan,
Daryoga uzanmoq o‘zni bo‘sh qo‘yib,
Parqut nozik libosda,
Suvning allalashida
Va daryo uni tebratar
Uchqur ohang qanotida abadiy to‘lqin va kengliklarning.

6

Uzat qo‘llaringni mavjimga mening,
Bu harir pardam mening tovlanadigan,
Bu harir pardam mening iforli,
Nard, benzoy:
Butun tanim mening bo‘yalgan,
Nafas olar u,
Oyoqlarim mening
Bo‘yinsunar xushbo‘y to‘lqinlarga.
Tag‘in ne qoldi menga bisotdan,
Bu to‘lqinlar mening tolim kokillarim,
Bu to‘lqinlar mening tilla sochlarim,
Bu quyoshdir meni chorlagan,
Bu quyoshdir oshkor aylagan.

QURBONLIK

Soyangdadir bu gullar, bu gullarning olqishi nurli,
Chunki nurdir aslida gullar.
Qalbdadir neki mudroq, ko‘zlardadir neki do‘nsa kechaga,
Chunki gullar – Sukut.
Tovushiga, minba’d cheksiz daryo bo‘lagi nafasning,
Chunki gullar – Jimlik.

Rus tilidan Shermurod Subhon tarjimasi