Keshav Mahanta

MININING BARGLARI

Mohir qo‘llar chaqqondan-chaqqon
Yaproqlarni uzib tashladi.
Qaddi shamshod Mini ko‘zlari
Eng afsungar tunga o‘xshaydi.

Qalbi nozik bargday titraydi,
Bu tuyg‘uni necha-necha bor
Ko‘rinmas qo‘l uzib yulqidi,
O, shafqatsiz, berahm, beor!

Go‘zal Mini boylikni emas,
Suydi yellar shivirlashini.
Faqat bir kun yo‘qotib qo‘ydi
Yaproqlarning shitirlashini.

Dedi: «Chizmang, mayli, qomatim.
Chizmang sochim, gavhar tishlarim.
Faqat menga qaytarib bering,
Barglarimni, aziz tushlarim!..»

Atrofiga qaradi ma’yus,
Vujudini yondirdi sog‘inch.
Ruhi otash, ko‘zlarida nam.
Barg misoli to‘kilar o‘tinch…

Ingliz tilidan Oygul Suyundiqova va Zuhra Asqarova tarjimaci