Sayat-Nova (Սայաթ-Նովա; asl ismi – Arutin Sayadyan) Tbilisida, kambag‘al arman oilasida tug‘ilgan. U yashagan paytda Tbilisida turli millat vakillari istiqomat qilishgan. Shu bois Sayat-Nova arman, gruzin, ozarbayjon tillarini puxta o‘zlashtirgan. Sayat-Nova otashin muhabbatni, ijtimoiy adolatni, xalqning asriy orzu-umidlarini bir yo‘la uch tilda yuksak mahorat bilan kuylagan betakror iste’dod sohiblaridan biri hisoblanadi.
* * *
Sira ham jonim demasman, jonona, jonimsan mening,
Obi hayot to‘lib-toshgan oltin finjonimsan mening,
Boshim uzra soya solmas yaydoq shiyponimsan mening,
Sevdim seni, o‘ldir meni, zolim sultonimsan mening!
Qaddi-basting sarvi ravon, gul yuzing mastona a’lo,
So‘zlaring qand, lablaring bol, tishlaring durdona a’lo,
Nigohingda aqlu hushim olar ming bir ma’no a’lo,
Bebaho duru javohir, la’li raxshonimsan mening!
Dardi hajring ichra ming bir dardga duchor boshim, ey yor,
Ko‘zlarimdan oqar, yo Rab, mudom qonli yoshim, ey yor,
Qolmadi hech tanda ortiq zarra ham bardoshim, ey yor,
Ko‘ying ichra yayray, jannat kabi bo‘stonimsan mening!
Xushtoringman, bedoringman, bormi menday gado bo‘lgan,
Nainki men, jumla jahon oy yuzingga shaydo bo‘lgan,
Nelarga, ayt, qiyos aylay, bor tashbehlar ado bo‘lgan,
Shamolday hech tutqich bermas go‘zal jayronimsan mening!
Darig‘ tutmay shirin so‘zing Sayat-Nova yori bo‘lgin,
Yori neki, bor davlati, nomusi va ori bo‘lgin,
Qalbi ichra otash ishqi, alangayu nori bo‘lgin,
Chinnigul ham atirgul ham toza rayhonimsan mening!
* * *
Men – bulbulni oltin qafas ichra tutar bo‘lding o‘zing,
Yuragimni shafqat qilmay toptab ketar bo‘lding o‘zing,
Garchi qalbim jannat kabi obod etar bo‘lding o‘zing,
Yolvorsam ham shohday sukut saqlab o‘tar bo‘lding o‘zing!
Gulzor aro gullarni ham ko‘zga ilmay yondirasan,
Otash-olov nigoh bilan parvo qilmay yondirasan,
Meni ham, oh, muruvvat neligin bilmay yondirasan,
Barchani kul qilib boshi uzra yetar bo‘lding o‘zing!
Oshiqlaring ichra, ey yor, men ham sening bir qulingman,
Hajring zindonida mudom qon yutar bir maqtulingman.
Otimdan ham, zotimdan ham kechdim, shaydo bulbulingman,
Daryo kabi to‘lg‘onarman, bag‘rim o‘rtar bo‘lding o‘zing!
Durdona bir xoling bilan elni asir qilarsan, yor,
Menga ham ming jodu bilan, evoh, ta’sir qilarsan, yor,
Jondan butkul umid uzgan ko‘ru basir qilarsan, yor,
Ey malikam, sodiq quling nogoh netar bo‘lding o‘zing?!
Sayat-Nova ko‘zida yosh: “Yig‘larman der to imkon bor,
Dardlarimni doston qilmam misli mard er to imkon bor,
Va lekin na’ra tortarman bamisli sher to imkon bor,
Himmat qilib oltin sozim, ne baxt, tutar bo‘lding o‘zing!”
Rus tilidan Abduhamid Pardayev tarjimasi