Margar Margaryan

ER DARDI

Er dardin suv dengizga eltar,
Eltib ado etolmas hargiz:
Cho‘kkan darddan tug‘ilar gavhar,
Sho‘rlab yotar shu darddan dengiz.

Er dardin suv dengizga eltar,
Ammo dardin sezdirmas zamin.
Erni har kun odamlar tepar,
Zamin-chi, yer odamlar g‘amin.

Suv bulutga berar yer dardin,
Bizlar uchun bulut bir ertak.
Lekin u ham yerning farzandi,
Ko‘z yosh bo‘lib qaytadir beshak.

Er dardin suv qaytarar yerga,
Er qalbiga sizar so‘ng qayg‘u.
Qolajak dard yer bilan birga,
Buloq bo‘lib qaytar ammo suv.

Zamin dardi — odamlar dardi,
Biz yuvamiz yerni ter bilan.
O‘rtada ishq ko‘prikdir garchi,
Ko‘proq undan g‘am o‘tar ekan.

Er dardin suv dengizga eltar,
Sho‘rtang erur shu vajdan dengiz.

* * *

Mening quvonchimda qayg‘u bor oz-moz,
Javob beray desam g‘am bosar nogoh:
Bu oz-moz qayg‘umga o‘tmishim mumtoz,
O‘tgan kunlarimga men o‘zim guvoh.

Mening sevinchimda yarador qushlar,
Yarador umidlar, dardli yosh vujud,
Onam ko‘z yoshlari, qo‘rqinchli tushlar,
Tog‘imning yomg‘irli nigohi mavjud.

Baxtimda mujassam buzilgan uylar,
Kuyindi eshiklar, kullar bo‘roni,
Sevishganlar ko‘zin cho‘qigan o‘ylar,
Dil qirg‘og‘in buzgan ko‘zyosh to‘foni.

Mening quvonchimda qayg‘u bor oz-moz,
Usiz yasholmagay hech qachon yurak.
Qayg‘usiz baxt kulib berolmas ovoz,
Shoir bo‘lmoqqa ham katta dard kerak.
Dardimda ham tag‘in dardlar bor oz-moz…

Ergash Muhammad tarjimasi