Ashot Grashi (1910-1973)

Grashi Ashot Bagdasarovich (haqiqiy ismi Grigoryan Ashot Bagdasarovich) 1910 yili Artsaxda tug‘ilgan. Yerevan davlat universitetining tarix fakultetini tamomlagan. Ilk kitobi “Kirish” nomi bilan 1934 yili chop etilgan. She’r va dostondan iborat qirqqa yaqin kitob muallifi.

* * *

Daryo vodiy uzra oqadi sokin,
Shishaday tinig‘-u fikrday chuqur.
Bog‘lar to‘lishadi undan tunu kun!
Inson bahr oladi, oladi huzur.

Yashil boshoqlarga tarmashadi u,
Sharbat to‘ldiradi uzumga asta.
Xonangga kiradi yog‘dirib yog‘du,
U shunday ajoyib, u shunday usta!

O, she’rim, o‘zingni otib to‘lqunga,
Koshkiydi ozgina o‘xshasang unga!

Turob To‘la tarjimasi

* * *

Ishqim qissasini tinglang bir lahza.
Qushlar oqshom chog‘i unga jo‘rnavoz,
Jilg‘alar shildirab ash’orlar bitgay,
Ko‘klam qo‘shig‘iday mayin, xushovoz.

Kavkaz tog‘larining bag‘rida ungan,
Moviy ko‘llar uzra suzgan tarona.
Aragvadek shoshar sukunat tomon,
Oyning shu’lasida tovlanar yana.

Ishqim qissasini tinglang bir lahza
Uni cho‘g‘dek kaftda tutmish dalalar.
Araks sohiliga keldim, olisda
Atrofga olovlar sochmish lolalar.

Ishqim qissasini tinglang bir lahza,
Ko‘ngil so‘rab qo‘ying “Verter”dan alhol.
Sabr ila ko‘z tuting, yoz ham kelajak,
Biatriche bo‘lar sizdan minnatdor.

Ishqim qissasini tinglang bir lahza.
Bu cheksiz ummondir, bu – ayni choshgoh.
Bu – yulduz parvozi, boychechak sasi,
Tongda shabnamlarga chayilgan bir bog‘!

Ishqim qissasini tinglang bir lahza,
Bulbul navosidan ungay chamanlar.
Qaydadir fazoda, ummonda balki
Zamin ishqin kuylab yashar odamlar.

Ishq chegara bilmas, ko‘hna, navqiron,
Ishqni kuylaganning yo‘qdir sanog‘i.
Shimolmi, janubmi, har yerda, har on
Unga hamroh oqshom, shamol – o‘rtog‘i.

* * *

Sevgim madhin men kuylamasam –
Kim kuylaydi ishqimni yonib?
Yurtim chiroyidan zavq olib.
Kim kuylaydi, men kuylamasam?

Har zarra tuprog‘in ko‘zga surmasam,
Har bir novdasini erkalab, suyib,
Har bir ohangini yurakdan tuyib,
Kim kuylaydi, men kuylamasam?
Kim kuylaydi, men kuylamasam?

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi