Iskandar Al-Huriy (Misr)

ZAYTUN DARAXTI

Zaytun daraxtidan munis
nima bor?
Zaytun daraxtidan to‘kis
nima bor?
Qara shoxlariga,
mevasiga boq,
Ellarda shildirar
minglarcha yaproq.

O zaytun daraxti,
sendan tushmaymiz:
Hosilingni yig‘ib
ko‘ngil xushlaymiz.
Zumrad mevalaring
quyoshda pishar.
Eb ko‘rsak, hovlimiz
jannatga o‘xshar.

Zaytunjon, sen bilan
do‘stmiz qadrdon,
Qaynoq kun ostida
gullayver omon.
So‘ngra ber quyoshday
zarrin toza moy,
Moy uchun pul olib
tez bo‘laylik boy.

Zaytunjon, shamolda
shovulla, yashna
Sen bilan abadiy
oshnamiz, oshna.
Qish o‘tar, o‘zgarar
bir-bir fasllar –
Yoningga qo‘sharmiz
yangi nasllar.

QISh

Olti oy yoz bo‘lar, olti oy qish deb,
Bekorga aytmagan ekanlar dadam.
Yomg‘irli ko‘ylakda, chaqmoq toj kiyib,
Qish ham kirib keldi qadam-baqadam.

Yoz ketib bormoqda charchagan ko‘yi,
Qo‘lida bir savat oq gul, qizil gul.
O‘ynab bo‘lmas ekan, afsus, yil bo‘yi,
Maktab ham ochildi, do‘stlar siqar qo‘l.

Teran dengizlarga savlatin to‘kib,
Toblangan kemamiz sho‘ng‘idi olg‘a.
Ta’lim kemasining g‘avvoslari ko‘p,
Yo‘llarni to‘solmas hech qanday dolg‘a.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi