Fadva Tuqon (1917-2003)

Fadva Tuqon (فدوى طوقان‎; 1917, Nablus, Falastin – 2003) – falastinlik shoira. Ilk kitobi 1946 yili “Mening akam Ibrohim” nomi bilan chop etilgan.

MENING MOTAMSARO ShAHRIM

Razil nobudgarlik ruhi uyg‘onib,
Osmon chehrasini quyun tutgan kun.
Urushni, kulfatni qarg‘ab, o‘rtanib,
Shaharliklar tinmay qayg‘u yutgan kun.

Anhor suvi qochdi o‘zanni buzib,
Qochdi har yurakdan g‘amgusor umid.
Faryodga izma-iz faryodlar tizib,
Shahar ingrar, ana, purkab tutun, hid.

Qani o‘ynab yurgan bolalar bunda,
Qani qo‘shiq, qani kulgular sasi.
Barchasi, barchasi endi tutqunda,
Shaharning sukutda chiqmas nafasi.

Mening motamsaro shahrim, ne bo‘ldi?
Nelar bo‘ldi senga, ey mahzun ona?!
Nahotki bag‘ringga tutunlar to‘ldi,
Nahotki, portlashlar boshlandi yana?!

Nahotki dalalar kuysa, to‘lg‘onsa,
Hosillar portlasa, mevalar yonsa?!

Muzaffar Ahmad tarjimasi