Abul-a’lo al-Maarriy (أبو العلاء المعري) – o‘rta asrlarda yashab ijod etgan ulug‘ arab shoiri va mutafakkiridir.
Shoir 973 yilda Suriyaning shimolidagi Maratanno‘mon yoki Maara degan kichik bir shaharchada, qozi oilasida tug‘ilgan. Uch yasharlik vaqtida chechak kasali bilan og‘riganidan keyin, Abulaloning bir ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi. Olti yoshga kirganida ikkinchi ko‘zidan ham mahrum bo‘lib, umrining oxirigacha ko‘r bo‘lib o‘tdi. Dastlabki tahsilni otasidan oldi. Otasi unga savod o‘rgatdi, arab adabiyotidan boshlang‘ich ma’lumotlarni berdi. Abulaloning bilimga ishtiyoqi, tahsilni davom ettirish orzusi juda kuchli edi. Bu ishtiyoq va orzu bo‘lajak shoirni o‘sha davrning katta madaniy markazlaridan bo‘lmish Halab shahriga olib keldi.
Bu yerda Abu Tammom, Buxturiy, Mutanabbiy kabi eng katta arab shoirlarining ijodiyoti bilan yaqindan tanishadi. Ular ijodiyoti Abulalo fikru ongiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi. Ularga taqlid etib she’rlar bitdi va Mutanabbiy she’rlariga sharhlar yozdi. U o‘sha paytdagi ayrim maddoh shoirlarni fosh etib, haqiqat yo‘lini tutdi. Yana bir necha shaharlardagi mashhur kutubxonalarni “o‘zlashtirib”, bilimini muttasil chuqurlashtirdi. Uning yonida kerakli kitoblarni o‘qib beruvchi shogirdi bor edi, shu shogirdining yordami bilan yunon faylasuflarining asarlarini o‘rgandi. Bag‘doddagi adabiy doiralarda maarlik ko‘r shoirning nomi mashhur bo‘ldi. Natijada Abulalo zamonasining buyuk shoirlari Abut Tayib al-Mutanabbiy, Xannal Faxuriy, Abu Nuvos, Abu al-Attaxiya, Umar ibn Abi Robia kabi zabardast shoirlar safida o‘ziga xos o‘rin tutdi va katta maktab yaratdi. Abulalo Maarriy qalamiga mansub “Risolatalmaloika” (“Farishtalar to‘g‘risida risola”), “Risolatang‘ufron” (“Avf to‘g‘risida risola”) kabi falsafiy asarlar va ayniqsa uning “Alluzumiyot” (“Lozim bo‘lmagan narsalarning lozimligi”) nomli she’riy to‘plami juda shuhrat topdi.
Taqdir taqozosi shunday bo‘ldiki, ko‘zi ojizligi jihatidan Homeru Ro‘dakiyga taqdirdosh bo‘lgan bu ulug‘ shoir qalb ko‘zi – basorat ko‘zi bilan o‘zi yashab turgan olamni, jamiyatni, davrning moddiy va ma’naviy qirralarini chuqur his etdi, odamlar orasidagi ziddiyatni, adolatsizlikka asoslangan turmush tarzini, oddiy inson fojeasini, razolat va tengsizlikni ruhan g‘oyat teran angladi. Shu boisdan uning asarlari o‘zidan keyingi barcha davru diyorlarning ijtimoiy fikrlariga katta ta’sir ko‘rsatdi. “Beruniyning zamondoshi bo‘lgan Abulalo, — deb yozgan edi akademik I.Yu.Krachkovskiy, — tafakkurining erkinligi, fikrining mustaqilligi, hayotda ko‘rsatgan jonbozligi jihatidan xivalik ulug‘ astranomdan qolishmasa kerak. Albatta uning dunyoni ko‘rish doirasi birmuncha torroq edi… U azob-uqubat bilan o‘tgan uzun umrini inson hayotining oliy masalalari ustida jiddiy mulohaza va tafakkur bilan o‘tkazdi”.
Shoir haqida “Abulalo Maarriy” nomli doston yozgan buyuk arman shoiri Avetik Isaakyan bu haqiqatlarni yuksak she’riy misralarda tarannum etgani ham bejiz emas.
Shoir o‘zining 84 yillik umri davomida oltmishdan ziyod asar yozdi. Ayniqsa, uning she’riyati arab adabiyotining oliy va porloq namunalari hisoblanadi hamda jahon she’riyati durdonasi sirasiga kiradi. Uning asarlari mazmun o‘tkirligi, obrazli ifodalarining boyligi, tilining burroligi va haqqoniyligi bilan o‘quvchiga zavq bag‘ishlaydi. Uning asarlari dunyoning ko‘p tillariga tarjima qilingan.
* * *
Kunduzlari g‘am-alam ichida qotsa boshim,
Kechalari ko‘zimdan oqardi achchiq yoshim.
Sochim qorasi… menga eslatsa qora tunni,
Tishim oqi… ko‘rsatar kelajak nurli kunni.
Biz hayotni sevamiz, garchi achchiq bo‘lsa ham,
Garchi har lahzasida ko‘zimizda bordir nam.
Odam nola qiladi: “Umrimni cho‘zgil, Hayot!”,
Hayot der: “Fursat yetdi, yo‘q endi zarra najot!”,
Qachon bu ayriliqlar nihoya topar, alhol,
Qachon o‘z maqomini topajak vaslu visol?
Seni o‘qdan saqladi necha bor sodiq qalqon,
Endi voz kechgil undan, bitdi eng so‘nggi imkon.
Ba’zilardek o‘limdan qo‘rqmagan zot emasman,
O‘limu Hayot menga befarq narsa demasman.
Jasadimni g‘assolga topshirgan chog‘da hatto,
Chin ko‘ngildan nomozim etajakdurman ado.
Garchandki vujudingni quchsa-da qora zulmat,
Duoyi xayring bo‘lur yoningda sodiq ulfat.
Do‘stlar, orzum o‘shal payt yoningizda men tursam,
O‘zimning janozamni o‘z ko‘zim bilan ko‘rsam.
Oh, bunday mo‘jizaga o‘rin bo‘lmagay mutlaq,
Hayot — achchiq haqiqat, o‘lim bu dunyoda haq!
* * *
Olim zoti qolmadi. Har yon zulmat, qorong‘u,
Oddiy odam farzandin nasibasidir og‘u.
Ko‘zga ko‘ringan bir payt biror kimsaki bordir,
Qonunsizlik ilgida barchasi xor-zordir.
Ayolu erkaklaru barcha-barcha — hammamiz
Qullik iskanjasida kecha-kunduz g‘amdamiz.
Ollohning mulki erur Oyu Quyoshu samo,
Eru dengizu ummon tog‘laru gulxan, havo.
Ollohga tegishlidir yulduz to‘la qahqashon,
Ya’niki bizni o‘rab turgan ushbu keng jahon –
Misoli qalin to‘rdek tashlangan boshimizga,
Shular hukmida bo‘lmoq abadiy taqdir bizga.
Buyuk rahnamo erur olamga Parvardigor,
Sen ushbu haqiqatni har lahza ayla takror.
Hayot demak – tunu kun aylanajak charxpalak,
Ikki rang ilon bo‘lib odamni etur halok.
Biz ajal huzurinda qarzdor erurmiz har gal,
Lozim topgan paytida bizga urajak changal.
Suvdan teng bahra olur bog‘laru dashtu angor,
Chorvalar podasiyu barcha vuhushu jonvor.
Umrimiz oqibatin o‘ylasak edi agar,
Qonni suvdek oqizib yashamasdik, alhazar.
Hayot aslin olganda o‘tguvchi tezkor lahza,
Uni daf etar zumda bir qilich yoki nayza.
Baham ko‘rgil boringni muhtoj bilan, ey do‘stim,
Bu dunyo omonatdir, shu senga aytar so‘zim.
* * *
Ollohga hamdu sano! Undandir rizq-ro‘zimiz,
Mardligu sharm qochdi. Gunohkormiz o‘zimiz.
Saxovatli bo‘lsa qalb, hatto o‘lim chog‘i ham
Go‘rning azobi bo‘lgay barcha malhamdan malham.
Eng oxirgi lahza ham – nafas bo‘lsa tanga yor,
Homiylarga homiylik qilishga ham men tayyor.
Duogo‘ylar ichida yurib kunduzu kecha
E’tiqodli bir odam topmadim izlab necha.
Bilganim shul bo‘ldiki, bu izg‘igan galalar
Ko‘zi ochiq ko‘rlaru aqlu hushi chalalar.
Birovi olg‘ir biroz, o‘zin sanar avliyo,
Takabburlik bobida anglaydi o‘zin tanho.
Asliga nazar solsang, borib turgan laqma, go‘l,
Boshqalarin qusuri unikidan ancha mo‘l.
Ya’ni har bir lahzada bitta shumlikka tayyor,
Biri g‘irt yolg‘onchiyu biri o‘lgudek ayyor.
Dunyoda bor marazning hammasidan bor, beshak,
Ularning qilig‘idan xijolat tortar eshak.
Biz-ku kambag‘al inson, kiygani janda, yamoq,
Lekin anov zotlardan necha bora biz boyroq.
Biz o‘limdan qo‘rqmaymiz, biz hayotni sevamiz,
Lekin ishq-muhabbatdan mahrum bo‘ldik nega biz?!
Tiriklikda topmadik sodiq do‘stlarni aslo,
Balki o‘lgan chog‘imiz bo‘lar bu ish mustasno.
Quyosh ham balqib boqar, nurlari yayrab oqar,
Hayot quvonchi balki o‘shanda bizga yoqar.
* * *
Jafokashlarni erkka yo‘llash kelar qo‘limdan,
Qarshilik qilsalar ham, qaytmasdim bu yo‘limdan.
Asrim-ku jonga tegdi. Men ham tegdim joniga,
Aqlim yetdi nihoyat shu hikmat poyoniga.
Bilurmanki, ajalim yetgan o‘shal soatda,
Hindiy shamshir-la boshim kesajaklar albatta.
Hayot — bir yo‘rg‘a nordir, toshdan to‘qim-egari,
Faqat o‘lim seni bu dahshatdan etar nari.
Ikki eshik orasi erur bizning bu olam,
O‘z-o‘zing bilan yolg‘iz qolgan chog‘ing, ey odam,
Aloqani uzgilu darhol bu dunyodan ket,
Befoyda bu hayotning bahridan o‘tu tark et!
Xoh kurash, xoh kurashma – ikki yo‘ling ham tengdir,
Qay birini tanlamoq, do‘stginam, o‘z ishingdir.
* * *
Kimki og‘ir paytda ham og‘zini tutsa mahkam,
O‘shal odam hayotda bo‘lgay aziz, muhtaram.
Sergaplik odam zotin duchor etar baloga,
Sukut odamni asrar, ko‘targaydir samoga.
Kamtarlik bilan odam yuksalur tog‘dek baland,
Mag‘rur kimsa bo‘lgaydir iztirob bilan payvand.
Balolardan qutulmoq istagan, aziz inson,
Qayergaki bormagil, ko‘rmassan beg‘am bir jon.
Har xonadonda uchrar nomusi poymol ayol,
Odam Ato farzandi sharob ichib mastu lol.
Bunday yurtning podshosi yelkaga janda ilib,
Yoaznayu saroyi yo‘q manzilga ketsin… bilib.
* * *
O‘z foydangni o‘ylamay, odamga yaxshilik qil,
Undan bir naf topishni o‘ylama bo‘lsang oqil.
Er yuzini axtarib chiqqil qadamba-qadam,
Kamdan-kam uchragaydir oliyjanob bir odam.
Odamlarga qo‘rqinchni singdirar shohlar butun,
Changalida zahrini jam etgan kabi quzg‘un,
Balandu pastliklari bilinar ko‘z qiridan,
Ular jabru zulmda qolishmas bir-biridan.
Bizning shoh esa… xalqni talab chiqdi-ku obdon,
Odam ko‘z yoshida suzib yuribdi obdon.
Toshbag‘ir amaldorlar to‘ldirishib saroyni,
Tinch qo‘yishmas bechora bir jonniyu bir joyni.
Masjidu rabotlarni talashdir muddaosi,
Aslin olsang, shoh o‘zi bu ishning rahnamosi,
Qizlarni o‘rgatingiz tikish, to‘qish ishiga,
O‘qish, yozish degani foyda bermas kishiga.
Yaxshilikka undaydi ayol duosin o‘zi,
Ularga shart emasdir ulug‘ kitoblar so‘zi.
Bu gaplarni eshitib va ko‘rib turgan inson,
Duo o‘liklarga jon berur, desalar ishon.
* * *
Misrda o‘lat kezar, lekin ayting, qayda bor,
Odami o‘lmaydigan jahonda biron diyor?
Aqlimiz chora istar undan bo‘lmoqqa xoli,
Ammo bundoq yumushning ko‘rinmas ehtimoli.
Qaysi arab, qaysi fors yo qaysi bitta yunon
Hayot gulshani ichra yurar mangu quchib shon.
Xohi payg‘ambar bo‘lsin, xohi bo‘lsin shahanshoh —
Ajalning nigohidan qochib qololgay nogoh?
“Qochib qolish” niyatin hech qanday iloji yo‘q,
Nishonga shartta tekkay ajal otgan o‘tkir o‘q.
Har lahzada qalbimiz aniq sezib turadi,
Ortimizdan ajalning o‘zi poylab yuradi.
* * *
Ey, qalamkash maddohlar, ayting bugun qalaysiz,
Har balolarni maqtab, pashshaday g‘o‘ng‘illaysiz.
Shoirlaringiz izg‘ir, bo‘riday qidirib ov,
Ular sevgan yemishi — albatta shirin maqtov.
Ular xuddi kalamush, yovdan battar ming bora,
Muttasil o‘g‘irlashar biror she’riy ibora.
Qabul qilingiz, do‘stlar, mening maqtovimni ham,
Har bir so‘zim aslida so‘kinishdan emas kam.
Eng gullagan vaqtlarim davrangizda o‘tdi xayf,
Endi keksalik chog‘i sizdan nima topgum kayf.
Xayriyatki, sizlardan ancha endi olisman,
Aytadigan gapim shu istasangiz… xolisman.
* * *
Berkingil o‘z-o‘zingga. Chunki tanhodir Olloh,
Shohlar inoqlashur deb marhamat kutma nogoh.
Kambag‘al do‘st qidirar, agar bermasa tole,
Bu ham bir narsa, u balodan bo‘lar xoli.
Agar kechayu kunduz zulmatda o‘tsa ro‘zg‘or,
Demak eru ayolning o‘zlaridir gunohkor.
Agar shu xilda bo‘lsa insonga taqdir naqshi,
Insonning go‘daklikda o‘lib ketgani yaxshi!
Mana u, yashayotir, taqdirni qarg‘ab-qarg‘ab;
“Onaginam dardiga bo‘ldim deb tanho sabab!”
* * *
Dunyoda yashaysanki, o‘chdirsan maishatga,
Shu intilish boshlagay seni ofat, illatga.
Nom qo‘yib chiqadirsan quruqlikka, suvga ham,
Oyu yulduzlarni ham o‘lchaysan qadamqadam.
Hattoki oftobga ham tashlaysan ochko‘z nazar,
Bu qilmishing o‘zingga qaytajak bo‘lib xanjar.
* * *
Yolg‘izdirman, bo‘m-bo‘shdir endi butkul hayotim,
Na farishta, na shayton bo‘la olgay najotim.
Ko‘nglim dashtidan ketdi o‘ynab yurgan ming jayron,
Huvillagan cho‘l qoldi, hammayoq bo‘m-bo‘sh, hayron.
Faqat jismi shishasi sindi deb etmang xayol,
Balki ruh bo‘ldi majruh — oyoq ostida poymol.
Kimki yoshlik paytida topmadi diloromin,
Umr bo‘yi topmagay endi u dil oromin.
Men taslimman… hayotning ushbu yo‘lidan bordim,
Hech kim madad etmadi, har nechaki yolbordim.
* * *
Oldingi mardliklardan qolmadi deya urvoq,
Yoam chekib, oh urmog‘ing behuda erur, o‘rtoq.
Iroq bilan Suriya ochko‘zlarga yem agar,
Demak boshlarida yo‘q salohiyatli rahbar.
Ajdaholar o‘tirar bosh bo‘lib saltanatga,
Ular xizmat qilur hamisha shaytanatga.
O‘shal podshoh degani sharob ichib aysh etar,
Bunday paytda och yurti azob chekmasdan netar?
Boshqa tilga qo‘shilib, bulg‘andi-ku tilimiz,
Bobolarning tilidan mahrum bo‘ldi elimiz.
Qachon dunyoga kelur endi bir oqil imom,
Bizga haqiqat yo‘lin ko‘rsatsa edi tamom.
Ollohga ibodat qil, najosatga yurt to‘ldi,
Bu ifloslik qoshida — tappi ham holva bo‘ldi!
Ruschadan Jumaniyoz Jabborov tarjimalari