Doroti Parker (1893-1967)

Doroti Parker (Dorothy Parker) – amerikalik shoira, yozuvchi va stsenariynavis. Inson haq-huquqlarini himoyalash harakatlarida ishtirok etgan. Farzandsiz o‘tgan, qora tanlilar assotsiatsiyasi a’zolari tomonidan dafn etilgan. Istagiga ko‘ra, qabriga: “Mening xokimni ham kechiringlar” deb yozilgan.

UMR ADOG‘IDA…

Bir kuni qariyman, sokinlashaman,
Ado bo‘lar shunda hirsu hayajon –
To‘shakda yotarman xotiram bilan,
Xotirjamlik ichra sovub borar jon.

Rangpar ro‘molimning ohori ketar,
Rangsiz sochlarimga tang‘ib taroqni,
Taftsiz kaftlarimni tizzamga qo‘yib,
Sekin yashirarman titroq barmoqni.

tanni berkitarman qalin ko‘ylakda –
Yoqani yoparman, ko‘rinmas tomoq.
Darpardani yopib, eshikni bog‘lab,
Shahardan o‘zimni tutarman yiroq.

Kech tushganda quyib piyolaga choy,
Unuta boshlarman g‘amni, armonni…
Hozircha umidim tangridan shudir –
Kechroq kelsin o‘sha… qarilik oni.

HAMMASI TUGADI

Sevgilim, hammasi tugadi, abas…
Nega hammayoqda tinchlik hamisha?
Quyosh har kungiday nur sochar besas,
Ko‘kda miltiragan yulduz ham o‘sha?
Nahotki sezmadi ular hech nima?
Hammasi tugadi – sevgimiz o‘ldi,
Sevgimiz jon taslim qildi jimgina!

Ishiga shoshilgan xalqqa yo‘l to‘lar,
Har kungi tashvishlar ezar, qarasam –
Odamlar ming‘irlar, kular va o‘lar,
Sadoqatdan, axddan icharlar qasam,
Bahslashar: xo‘sh, bugun nimani yesak,
Kimni chuv tushirsak, kimni aldasak –
Nahot ular bilmas, bilmaydi avom:
Ishqimiz tugadi, axir, batamom!

O‘tar mashinalar, tramvaylar ham,
Yangi sevishganlar o‘pishar, ana.
Qiyqirib kuladi bolakaylar ham,
Odamlar g‘imirlar, chopishar yana…
Nahotki bo‘lmaydi hech kimsa ogoh:
Sevgimiz bizlarni tark etdi nogoh!

Hech kim to‘xtamaydi, tutmaydi motam,
Ko‘ngil so‘ramaydi, bo‘lmas yoshga g‘arq…
Ishqimiz tugadi, axir, batamom!
Ishq tamom! Lekin –
Shundoq yonimizdan o‘tib borar xalq.

Hammasi o‘tadi, hammasi o‘tar,
Yig‘layman, titrayman, umidlanaman –
Sevgimiz rahm etar,
Ishqimiz qaytar…

ASPIRANTURA

Meni avval tinmay Orzu o‘qitgan,
Undan kuchli yana Ishq bergan saboq.
Bugun endi, mana, G‘am bermoqda dars –
Mening esa mudom bilganim-bilgan,
Sira tinmay xato qilganim-qilgan…
Sho‘rlik boshim singan, dilparchin, ana –
Yangi saboqlarga tayyorman yana.

***

Bu dunyoda boshqa bo‘lmasa kerak
Oq olcha guliday go‘zalroq tasvir.
Ammo dil azaliy g‘amga to‘lmoqda,
Azizim, shu oppoq daraxt shoxida
Osilib,
Jimgina o‘lgim kelmoqda…

Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimasi

BEKAMU KO‘ST BITTA ATIRGUL

Faqat yolg‘iz gul yubormish ul
Muloyimdir chopar ham butkul.
Ko‘p diltortar, toza, shabnam-la –
Bekamu ko‘st bitta atirgul.

Gulning tili yot emas zinhor,
«Ko‘ngli bargim saqlar» der nuqul
Sevgi bo‘ldi unga zo‘r tumor –
Bekamu ko‘st bitta atirgul.

Hali eng zo‘r deya bir odam,
Ulov jo‘natmagan har tugul,
Yo‘q-yo‘q, asli olmoq baxt mudom –
Bekamu ko‘st bitta atirgul.

A’zam Obidov tarjimasi