Lamin Diakate (1928-1987)

Lamin Diakate (Lamine Diakhaté) – taniqli shoir, jamoat arbobi, jurnalist va adabiy tanqidchi. Dakar va Parij universitetlarida tahsil olgan. Parijdagi “Sorafom” radiosida va shu radioning Senegaldagi bo‘limi direktori vazifalarida xizmat qilgan. Senegalning ilk prezidenti Sengor davrida davlat maslahatchisi va axborot, aloqa va turizm vaziri, shuningdek, Senegalning Nigeriyadagi muxtor elchisi kabi nufuzli lavozimlarda xizmat qilgan. She’riyat va badiiy adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Edgar Po (1971) va boshqa xalqaro adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan.

“MENING ISTAGIM!..”

Mening istagim! Bulutlarga bog‘liq,
nimqorong‘ilik pastga cho‘ksa gar,
yulduzlar balandda qolar osig‘liq,
xalaqit berolmas qat-qat bulutlar.

Mening istagim! Qo‘ng‘iroqlar har on
ajib jaranglasa bayramona – soz!
Er bo‘lsa umidlar uchun tinch maydon,
ko‘zlarda balqisa ishva ila noz.

Mening istagim! Mening Afrikamning
qadimiy qonida yozilgan doston,
shabada ilkida suvrati g‘amning,
kishiga zavq bergan qondan toj qachon?!

Mening istagim! Butun yer kurrasin
qamrab oladigan do‘stona tahsin
shamol haqidagi orzudir.

KETDIK, DUGONAM…

Ketdik, dugonam, men bilan birga,
bu hadsiz dunyoni tark etajakmiz,
agarda tayansak qadim xotirga,
ko‘hna asotirlar qo‘zg‘alar shaksiz.

Nahot eshitmagan bo‘lib chiqasan,
har uchinchi tush xotimasida
cho‘pon sibizg‘asin nozik sasidan
yulduzlar galasi tushar raqsga?

U yoqda – bundayin qadimiy nafas,
serjilva sarobning u chekkasida.
Nurli qanotlarni qoqsak basma-bas,
tinchlik zamoniga bitgum qasida.

KUNU TUN YO‘L BOSGUM…

Kunu tun yo‘l bosgum,
qadimiy qabilam dahosiga xos,
oqilona tan olgum – sarvarman har zum.
Sira dam olmay va to‘xtamay noxos
boraveraman,
sening isming baayni soya,
xuddi tabiiy muattar gulday
mening lablarimga tegsa kifoya
va men bu chalkash yo‘lda yo‘limni bilmay
adashaman
jilg‘alaru yolg‘izoyoq yo‘llardan.

KAMTARIN SOVG‘AMNI…

Kamtarin sovg‘amni kutding intizor,
sarpoychan poyingga qo‘yaman asta.
Unda G‘arbning dabdabasi bor,
maromga tizilgan ruhi shikasta.
Jur’atsiz nutqlar,
chigal qayirmalar,
qing‘ir iboralar –
mana, bari jam,
yuzaki asrimizdan saboq bir qadar.
Lekin sen qayg‘urma, singil farishtam,
ishtiyoqlar unutilar…

O, BU XAYoLIY TABASSUM…

O, bu xayoliy tabassum neni ko‘zlardi.
To‘rt devor ichinda yolg‘izlik ohi.
Men to‘qib o‘rgandim nekbaxt so‘zlarni,
qizlar nurli shahar so‘rashar gohi,
yulduzli kechalar bo‘sag‘asida
momolar ertagi madh etgan shaharni,
sarg‘ish sochlar yanglig‘ nur yog‘ilsa har ko‘chasida,
favvoralar sochsa tilla sochalalarni,
o‘tirg‘ichlar halovatdan etsa hikoyat,
odamlar ko‘zida balqisa ishonch,
bolalar beg‘alva kutsa nihoyat,
ertaga qay tarzda kelishin quvonch.
Nurli shahar, hayotga shudir qasida –
bolalar bolalikdan rohat olsinlar.
Yulduzli kechalar bo‘sag‘asida
momolar ertagi madh etgan shahar.

MENING KO‘ZIM QADALGAN…

Mening ko‘zim qadalgan o‘rmon changalzoriga,
mana, men Ajdodim to‘yxonasida,
yashil Gvineyaning yuragining to‘rida.
Mayli, menga o‘n ikki kauri
sovg‘a qilsin qadimgilar siri,
mayli, menga boqsin marhumlarning sohir sharpasi,
hayot hasratin shivirlab,
aytsin aqida
Qabr ortidagi abadiy orom haqida.

SEN BUGUN AJOYIBSAN…

Sen bugun ajoyibsan, hammasi tuzuk:
kumush marjon,
tilla bilaguzuk,
sudancha kiyimlar,
Gvineya atiri,
lo‘ppi yuzing yurakni qiynar –
bo‘ldim husning asiri…
Bu vatandosh jononalar yana topdilar
ismsiz uzoq vaqt olomon ichinda
yo‘qolgan munis singillarini.
Lekin u seni qachon bilar?
Men bilaman, alhol, barini,
bu quyoshsiz kun edi –
iborat mungdan,
yorishgan birgina tabassumingdan.

BU QURUQ QO‘LLAR…

Bu quruq qo‘llar,
bu barmoqlarim mening yo‘laklararo
soching oralab chiqdi.
Sen menga bahorsan, bilsang, dilrabo,
bu yil bahor kechikdi,
Monmartrdagi tungi chiroqlar garchi son-mingta
va ko‘hna Parij jilmayarkan to,
g‘arq bo‘ladi dilbar ko‘zingga.
Ko‘rdingmi,
sayoq rassom ham hatto
tushdagi orzularing to‘riga ilindi.
Uning orzulari esa o‘zini o‘yga o‘radi,
tizilib oqar ular,
to‘lqinli soyabonning barlarida bilindi.
Sening yolqining ko‘ksida tortinchoq atirgullar.
Gulchi ayol kelajakni gulbarglarda ko‘radi.

Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi