Gaussu Diavara – malilik shoir
NIGER DARYoSIGA
Obihayot daryosi, Niger,
ko‘hna tarix avvalidursan!
Asrlarning qa’riga singdi
saltanatlar benomu nishon.
Ammo to‘xtam bilmaysan hanuz
bamisoli boqiy umrsan,
Qoralarga rizq berguvchisan,
qoralarning joniga darmon.
Tnnch, osuda oqarding, Niger,
dorilamon kunlar kechganda.
Sening moviy kengliging, bag‘ring
elga ona sutiday halol.
Jangchilarday otlanding doim
Vatanga yov bosib kelganda,
To‘lqinlaring ko‘krak kerdilar
safda turgan askarlar misol.
Ming yillarki, mavjlaring uzra
tin bilmagan qo‘shiqlardan ayt,
Saxiy bo‘lgil, bir ona bo‘lgil,
qo‘lla, shoir yurtdoshlarini!
Qurg‘oqchilik, ofat yo‘lin kes,
salqin ufur olam yongan payt,
Yuvib ketgil Malining achchiq,
obi otash ko‘z yoshlarini!
Ana, moviy mavjli to‘lqinlar
ko‘pik sochib oqar basma-bas…
Mayli, ayqir, suronlar ayla,
oshiqaver cheksiz ummonga.
Hali yoshman, yosh shoir xolos.
She’rlarim ham hali zo‘r emas.
Ammo barin senga atadim,
barin qo‘shib jonu imonga!
ERK SADOSI
Ey, Afrika,
Jazirama oftob o‘lkasi,
Jonajon yurt,
Nur va soya senda barqaror.
Sen ko‘plarning nazarida:
Zulmatga g‘arqsan,
Boshginangda esar faqat
Tunning shamoli,
Faqatgina umidsizlik
Qo‘llamish seni,
Taqdiringda faqatgina
Isnod bor,
G‘am bor…
Ko‘plar seni shundoq derlar,
Shundoq, Afrika!
Ammoki, men undoq xayol
Qilmasman zinhor!
Quchogingda tug‘ildim men,
Voyaga yetdim,
Sen, ey mushfiq,
Mening qora olmosim, onam,
Sen hilolsan,
Yulduzlarni qoldirgan dog‘da!
Xotirjam bo‘l,
Opalarim bari sher o‘mrov,
Toshdan qattiq,
Baquvvatdir cho‘ng yelkalari!
Qalbim mening
Muhabbat deb tug‘ilgan misol,
Sen erk uchun yaralgansan,
Ey, ona diyor!-
Bo‘ron,
Kenglik, kenglik deya tug‘ilgan misol,
Sen erk uchun yaralgansan,
Ey, ona diyor!
Xo‘rlasinlar,
Haq-huquqing etsinlar poymol,
Toptasinlar, mayli,
G‘olib kelursan ammo:
Chunki qoqib boluparin,
Shiddati baland
Zafar deya oshiqmoqda
Yosh burgutlaring!
Ertangi kun sen barini haydab solursan,
Guvillagan bo‘ron turib,
Kattiq darg‘azab
To‘zg‘itgandek
Likillagan qarg‘a uyasin,
O‘sha sobiq «sohib»laring,—
Shafqat bilmay hech,—
Sen manguga,
Mangulikka quvib solursan!
Ey, Afrika!
Agarda sen bo‘lmasang ozod,
Bilib qo‘yki,
Tabiatni qamrar intiqom,
Oftob so‘nar,
Oy yo‘qolur,
Tinar bo‘ronlar,
Suvi qurib
Barbod bo‘lur moviy ummonlar,
Tog‘lar esa samolarga
Portlab otilur!
Ey, Afrika,
Jazirama oftob o‘lkasi,
Jonim yurtim,
Nur va soya senda barqaror.
qalbim mening
Muhabbat deb tug‘ilgan axir,
Sen erk uchun yaralgansan,
Ey, ona diyor!
Muhammad Ali tarjimalari
ONAJONIM AFRIKA
Onajonim mening — Afrikam,
jazirama quyosh imperiyasi,
yog‘dularga yo‘g‘rilgan tuproq —
qit’alarning azal oftobro‘yasi.
Men bilaman, o‘zgalar uchun
sen — zulmatlar saltanatisan.
Yot nazarda; sen mangu yupun,
mangu ochsan; sal «g‘alatisan».
Ammo bilki, men uchun jondan
mo‘tabarsan — bebaho maskan.
Yuragimda gupurgan qonsan,
padarimsan, singlim, onamsan!..
Yulduzlardan ming karra porloq
Men uchun baobab ko‘lkasi.
Sen — matonat atalmish zamin —
do‘stlarimning metin yelkasi…
Inson qalbi tug‘ilar mushtoq
ham muhabbat, ham shodlik uchun!
Sen kelgansan ozodlik uchun!
Bo‘ronlar ham tug‘ilar o‘ynoq.
ham sayhonlik, ham kenglik uchun —
sen kelgansan erk, tenglik uchun!
Bu bedodlik, zulm ustidan
sen g‘alaba qilursan — bu chin.
Zafaringni kutmoqda minglab,
millionlab navqiron lochin.
Ertaga, ha, aniq ertaga
quvajaksan oldingga solib
ozodlikning bo‘rilarini!
Quvajaksan! Quvsang — sen g‘olib!
Bo‘ron ko‘tar! To to‘zg‘ib uchsin
quzg‘unlarning nochor inlari!
To qolmasin Afrikamizning
bizdan o‘zga xo‘jayinlari!
Eh, sen ozod bo‘lmasang agar
quyosh so‘nar, sarg‘ayar bog‘lar;
oy yo‘qolar, quriydi ummon,
cho‘kib ketar tubiga tog‘lar!
Onajonim mening — Afrikam,
jazirama quyosh imperiyasi.
Yog‘dularga yo‘g‘rilgan tuproq —
qit’alarnpng oftobro‘yasn!
Mening qalbim tug‘ilgan mushtoq
ham muhabbat, ham shodlik uchun!
Sen kelgansan ozodlik uchun!
Sulaymon Rahmon tarjimasi
BOLALIGIM O‘TGAN UY
Daryoning qirg‘og‘ida
yoshligim kechgan maskan.
Yuragim qo‘nog‘ida
men seni asragayman.
Tomirimda jo‘shar qon,
er menga so‘ylar doston.
Ona yerim o‘giti,
men seni asragayman.
Qadrdon o‘chog‘im bor,
tutuniga dil xumor.
Ona uyim xush bo‘yi,
men seni asragayman.
O‘tlog‘im bor seryog‘du,
unda yayraydi ohu.
Ey quyoshning yog‘dusi,
men seni asragayman.
Otamning tanbehlari
yodimdan ketmas nari,
Ey ostonam chang-gardi,
men seni asragayman.
Jon baxsh etar tunga raqs…
tamtam yangrab, boshlar bahs..
Ishonganim — tumorim,
men seni asragayman.
Shamollar bukdi tag‘in
nozik xurmoning qaddin.
Sirli sahroning sasi,
men seni asragayman.
Daryoning qirg‘og‘ida
yoshligim kechgan maskan,
Yuragim qo‘nog‘ida
men seni asragayman.
Tursun Ibrohimov tarjimasi