David Diop (1927-1960)

David Diop (David Diop) – shoir, publitsist va jamoat arbobi. Frantsuz tilida ijod qilgan. U Frantsiyaning Bordo shahrida tug‘ilgan. Otasi senegallik, onasi kamerunlik edi. David Senegal maktabiga o‘qishga boradi, keyin Ikkinchi jahon urushi yillarida Parijning Bertlo litseyida o‘qiydi. Uning she’rlarida qit’adoshlarining zabun va miskin hayotidan iztirob chekish, mustamlakachilarga qarshi kurash ohanglari ustuvor. Ilk va yagona she’riy to‘plami 1956 yili bosilib chiqqan. 1960 yilda Diop rafiqasi bilan Atlantika okeani osha sayohatga otlanganida, ular chiqqan samolyot halokatga uchraydi. Undan atigi yigirma ikkita she’r meros qolgan bo‘lsa-da, David Diop Senegal adabiyoti tarixidagi nurli siymolardan biri sanaladi.

UQUBAT VAQTI

Oq mening otamni benom qildi –
Mening mag‘rur otamni.
Oq mening onamni badnom qildi –
Mening malika onamni.
Oq mening akamni tamom qildi –
Mening pahlavon akamni,
Elkasi quyoshda qovrilgan.
Biroq oq tushmadi hovuridan,
Oq qora qondan qizargan
Qo‘llarini menga cho‘zdi-ku
Va mudhish baqirdi daf’atan:
“Urush! Poklanish! Suv!”

BORIDAN AYRILGAN KIMSA

Bizning kulbada ham quyosh porlardi,
Ayollar ham epchil va xushqad,
Go‘yo palma shabada chorlardi,
Bolalar sirpanar so‘nmasdan ahdi
Daryoning beparvo chuqurligiga
Va mardona kurashar pishiriq ahli
Yovvoyi timsohlar ishtahasiga.
Tunda esa moh volida qadar
Kulib qarar edi ushbu o‘yinga,
Bizning raqslarda sho‘x-sho‘x tamtamlar
Musiqiy maromni solar bo‘yinga,
Erkinlik gulxani atrofidagi
Sevinchli,
Qayg‘uli,
Baxtli hol kabi.

So‘ng esa sukunat tashrifi…
Bizning osmonda ham shams qolmadi sobit,
Kulbalar unutdi hatto mashriqni,
Va po‘latrang ko‘zli zobit
Yupqalab og‘zi bilan cho‘zildi
Bizning qizil labli qora ayolga.
Ishtonsiz bolalar ham or qildi,
Va lekin hech bir dam bildirmay sirin,
Kimsasiz joylarda kiydirdi molga
Temir va qon rangli askar mundirin.
Qalbimni ezardi qullik zanjiri,
Sen esa jim eding, mening tamtamim,
Kunu tun bo‘ldim men qo‘rquv asiri,
Otamlar chalgan soz, ko‘paydi g‘amim.

MAJBURIY DA’VAT

Sen yig‘laysan, yelkangni ezasan,
Sen halok bo‘lasan, mavhum sababi,
Tunlari uxlamay bedor kezasan,
Boshqalar dam olsin, deysan do‘st kabi,
Sen kulishni o‘rganib olding,
O, mening og‘aynim, ko‘zlaringda o‘q –
Qo‘rqinch va og‘riqdan sen nega tolding,
Ko‘ksingni ko‘tar va baralla ayt:
“Yo‘q!”

AFRIKA
Onamga bag‘ishlov

Afrika,
Afrika,
Mening Afrikam,
Savanna bag‘rida sarkash harbiylar.
Afrika, daryolar olis bo‘lsa ham,
Momomning qo‘shig‘i ularni kuylar.
Men seni hech bir dam bila olmadim,
Lekin ko‘zing to‘lar mening qonimdan,
Qora qon to‘kilgan keng maydonlar jim,
Bu ajib dunyoda men kamman kimdan?
Sening qora tering
Va har zahmating,
Qulona mehnating yerga to‘kilgan.
Men ham o‘lamanmi ko‘rmay rohating,
Bolalar qutulgay qachon qullikdan?!
Afrika, menga ayt, jonim Afrika,
Elkalar egilgan uqubatlardan,
“Ha” deya yo‘l aro dard yeb tushlikka –
Senmi, ayt, jonini nisor aylagan?!
Menga javob yo‘llar bir mag‘rur ovoz:
“Sabrsiz o‘g‘lim!
Sen yosh zo‘r daraxt ko‘rsang,
Bu yonda – oq gullar ichra bepardoz
Yolg‘iz gul o‘sar, bu sening Afrikang!

U esa sabrli,
O‘smoqda tekis,
Kundan kunga meva bermoqda, zotan,
Sizlarga nasiba ulashar serhis
Ozodlikning xushta’m sharbatlaridan”.

Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi

IZTIROB VAQTI

Otamni o‘ldirdi oqtanli odam —
otam o‘ldi mag‘rur bir nigoh bilan.
Onamni o‘ldirdi oqtanli odam —
onam jon topshirdi go‘zal oh bilan.
Oqtanli o‘ldirdi,
jasur ukamning
baquvvat ko‘kragi zumda ezildi,
quyoshi qirmizi shomga yaqin payt
ingranib-ingranib joni uzildi.
Oqtanli qon qo‘lin tutarkan menga,
kaftiga ko‘zyoshim to‘kildi duv-duv.
So‘ngra ko‘zlarimga boqib o‘shqirdi:
poklanmog‘i uchun suv so‘radi, suv…

* * *

Yig‘larsan ko‘rmasdan yig‘lashingni hech,
o‘larsan bilmasdan o‘lganing nega?
So‘ngra burdalaysan har tun o‘zingni
o‘zgalarning shirin oromi uchun.

Axir
sen kulishni unutmagansan,
ko‘zing ichmasidan
qo‘rquv va azob,
orqangga qaytgin va
aytgin birodar:
«Yo‘q!»

AFRIKA

Afrika, ey mening Afrikam,
qadim savannalarda jang qilgan jangchilarning shonli Afrikasi…
Afrika, buvimning olis sohillarda aytgan qo‘shig‘i…
Seni tanimasdim balki hech qachon,
Oqqan qonim ila tomirlarimda
sahrolarga yo‘naltirilgan
qora va tahqirlangan qonim ila,
ont ichamanki,
barchasi ham senikidir, bil:
qulning burda noni emas
qulligi merosdir avlodlariga,
xuddi men kabi…
Afrika, ayt axir, Afrika,
bu yanchilgan kuragim,
azob va uqubatlarga duchor bo‘lgan
har narsaga «yo‘q» deyolmagan —
bu kuragim
o‘zingmisan, ayt?

Bir tomondan shivir keladi:
«Ey, sen besabr bolam,
olislarda bir daraxt bor,
ko‘rayapsanmi?
G‘unchalari qul qilingan gullar orasida —
u chayqalib turar
ko‘zni qamashtirar darajada yolg‘iz…
O‘sha Afrikadir, ha o‘shadir u —
unda ulg‘aymoqda matonat bilan
sarxil mevalar
va ularda Ozodlikning ulug‘vor ta’mi…»

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi